I bob bo‘yicha xulosalar
Zamonaviy axborot texnologiyalarining ommalashganligi, ilmiy tadqiqotlarning iqtisodiy samaradorligini oshirish dolzarblashganligi tufayli tilshunoslik ham amaliy vazifalariga – nutq samaradorligi tadqiqiga e’tiborni kuchaytirdi. Natijada tilshunoslikning jamiyat va inson nutqi bevosita bog‘liq holda o‘rganuvchi ijtimoiy tilshunoslik – sotsiolingvistika, til vakillari nutqini milliy etnik xususiyatlar tadrijida yorituvchi etnolingvistika, til birliklari va muayyan shaxs nutqi munosabatlarini aniqlovchi pragmatika, nutqning maqsadi, uning nutqiy vaziyat va aloqa, anglash va bilish jarayonidagi o‘rnini tavsiflovchi psixolingvistika kabi yangi tarmoqlari vujudga keldi. Bu yo‘nalishlarning mohiyati shundaki, endilikda nutqqa insoniy faoliyat – fikr almashtirish va o‘zgalarga ta’sir ko‘rsatish, bunyod qilishning asosiy turlaridan biri sifatida yondashilib, uning ixchamligi, samaradorligi va ta’sirchanligi, mantiqiyligi tadqiqi birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda. Shu asosda jahon tilshunosligida nutqning faoliyat sifatidagi qiymati hamda uning to‘g‘ri va ko‘chma ma’nolarini ajratish, ochiq ifodalanmagan, lekin ifodalanishi so‘zlovchining maqsadi bo‘lgan ma’lumot – axborotni aniqlash usullari ishlab chiqildi va u tezda ommalashib ulgurdi. Bu yangi fanlarning ayrimlari respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida o‘qitilayotganligi quvonarli, albatta.
Ma’lumki, nutqiy muloqot o‘nlab – milliy, etnografik, ijtimoiy, falsafiy-madaniy, axloqiy-estetik, tarixiy, maishiy va ruhiy omillarning lisoniy birliklar voqelanishi bilan qorishuvidan iborat harakatli tizimdir. Inson nutqida bu omillar u yoki bu tarzda mujassamlashadi, bir butun va yaxlit hodisa sifatida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham nutqda subyektivlik va obyektivlikni bir-biridan ajratgan holda tadqiq qilish mumkin emas. Demak, nutqiy faoliyat unga yondosh va insonga xos ruhiy, fiziologik, ijtimoiy, ma’naviy, madaniy holatlar bilan bog‘liqlikda tadqiq etilgandagina nutqiy muloqotning mohiyati ochiladi va individual hodisa sifatidagi nutqqa obyektiv baho beriladi. Bu esa, lisonning nutqiy voqelanishini unga hamrohlik qiluvchi nutqiy paradigmalar (fiziologik, ruhiy, professional, axloqiy, estetik, madaniy, nutq vaziyati – nutq sharoiti, nutq uslubi) qurshovida tekshirish natijasida lisonni modifikatsiya qiluvchi vositalarning ta’siri va rolini baholash, nutqning ijtimoiy qiymatiga va ta’sirchanlik – bunyodkorlik qudratiga ilmiy tavsif berilishning nechog‘lik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.
Dostları ilə paylaş: |