YOMG‘IR YOG‘DIRISH MAROSIMLARI – Bahorda o‘tuvchi mavsumiy marosimlar tizimida yil qurg‘oqchilik kelgan mavsumlarda o‘tuvchi yomg‘ir chaqirish bilan bog‘lik Sust xotin, Sut xotin, So‘z xotin, Sel xotin, Suv xotin, Chala xotin, Ko‘sam-ko‘sam, Chayla qazon deb nomlanuvchi marosimlar yomg‘ir yog‘dirish marosimlarini tashkil etadi. Keltirilgan atamalar mohiyatan bir marosimning turli hududlarda aytiluvchi o‘ziga xos nomlanishidir. Masalan, “Sust xotin” marosimi quyidagi tartibda o‘tgan. Qurg‘oqchilik davri yosh-yalanglar yig‘ilib bir bolani eshakka chappa o‘tqazib, qo‘liga suv to‘la kadi ushlatib, yoniga ikki toshbaqani oyog‘idan bog‘lab osib qo‘yishgan va uyma-uy olib yurishgan. Bola biror uy oldiga kelsa: “Voy, jonim! Kuydim-ey! Kuydim-ey!” – debqichqirgan. Uy egalari uning ustiga suv quyishgan. Yigitlar:
Havo yohmas bo‘larmi,
Tomchi tommas bo‘larmi,
Saksondagi kampirlarni,
Suv oqizmas bo‘larmi,
Sust xotin-o, sust xotin,
Ko‘ylaklari bo‘z xotin...
deb qo‘shiq kuylashgan. Xonadon egalari yigitlarga turli tortiqlar berishgan. “Sut xotin” marosimida bir xodaning teppa qismiga cho‘p bog‘lab, ayol kiyimini kiydirib, “Sut xotin” qo‘shig‘ini kuylab, yetti uyga olib borishgan. Xonadonlardan yig‘ilgan bo‘g‘doy un qilinib maxsus taom tayyorlangan. “Sel xotin” marosimida boshiga g‘alvir kiygan uch xotin qo‘shiq aytib xonadonma-xanodon yurishgan. Chala xotin, Ko‘sam-ko‘sam, Chayla qazon marosimlarida ham xotin obrazi asosiy o‘rin egallaydi. “Sust xotin” marosimlari qadim ajdodlarimizning “osmon suvlari”, yog‘in-sochin egasi sifatida qaralgan Tishtriya yulduzi kulti bilan bog‘liq marosimlarning aks-sadosi sifatida baholanadi.
YOZGI MAROSIMLAR FOLKLORI– Yozda o‘tuvchi marosimlar bevosita dehqonchilik mavsumining yoz davriga to‘g‘ri keladi. Yozda g‘allalar o‘rib bo‘lingach yig‘ilgan hosilni yanchib olish uchun mavsumda kerakli shamolning bo‘lishi yoki aksincha yil qurg‘oq kelib chang-to‘zon quyinning to‘xtashi uchun maxsus marosimlar o‘tkazishgan. “Choymomo”, “Yalli momo” shamolni to‘xtatish uchun uyushirilgan marosimlar bo‘lsa, “Haydar”, “Ajdar bobo”, “Yalang‘och ota” kultlari bilan bog‘liq irim-sirimlar shamol chaqirishga bog‘liq tashkil etilgan. “Oblo baraka”, “Haqullo” marosimlari esa g‘alla o‘rimini tugatish va bug‘doyni yanchib olish davomida tashkil etilgan. Bu marosim va irim sirimlarda kuylanuvchi qo‘shiqlar yozgi marosimlar folklori hisoblanadi. “Choy momo” marosimida besh yoki yetti nafar bo‘y qizlar chorshanba, payshanba, juma kunlari uyma-uy yurib un va bug‘doy yig‘ishadi. Eng orqada yuradigan qiz keli sopini ko‘tarib oladi. Uning etagiga bog‘langan spurgi sudralib boraveradi. Qizlar quyidagi qo‘shiqni kuylashgan:
Choymomo o‘libdi,
O‘g‘li yetim qolibdi,
Bosa-bosa beringlar,
Bosilib qolsin bu shamol.
Uga-uga beringlar,
Ugilib qolsin bu shamol.
Marosimning boshqa bir ko‘rinishida tadbirni boshiga chodir yopingan kampir boshqaradi. Boshqa xududda marosimda uch kampir bosh bo‘lib, uning izidan yettita qiz yuradi. “Yalli momo” marosimida ushbu qo‘shiq kuylanadi:
Yalli momo, yalli-yo,
Yalli momo o‘ldiyo,
Quduq suvi topolmay,
Sirka bilan yuvdik-o,
Bo‘zdan kafan topolmay,
Bo‘yra bilan kshmdik-o!
Yalli momo, yalli-yo,
Yalli momo o‘ldi-yo,
Yalli momo gullari,
Xazon bo‘lmay so‘ldi-yo,
Shum shamolning onasi,
Yalli momo o‘ldi-yo!
“Haydar” shamol piri Haydarni chaqirish uchun aytiladigan aytimlarga ega:
Haydar-o, Haydar,
Shamolingni qaytar,
Bolang quduqqa tushibdi,
Uying qayg‘uga to‘libdi,
Haydar, Haydar, keloqol,
Shamol bo‘lib esaqol,
Bug‘doyi menga foyda,
Samonini olaqol!
Haydarga atab aytiluvchi aytimlarning el orasida turli variantlari mavjud. “Ajdar bobo”, “Yalang‘och ota”ga nisbat berib aytlvchi aytimlar ham el orasida mashhur.
“Oblo baraka”, marosimi bevosita bug‘doy o‘rimi so‘ngida, oxirgi bashoqlarni o‘rish vaqti o‘tkazilsa, “Haqullo” bug‘doyni yanchish payti uyushtirilib ba'zi hududlarda “chosh qurdi”, “chosh oshi”, “xirmon oshi” deb ham yuritilgan.