Javob beruvchi:
Olti qizning ichida otim Anor,
Anor suvin ichganda mehrim qonar,
Mening bilan shu kecha aytsangiz o‘lan,
Ikki betiz anorday gul-gul yonar.
Tuzilishiga ko‘ra o‘lanlar chorlov, tanishuv – hol-ahvol so‘rashish, asosiy bahs, xotima qismlardan tashkil topadi. O‘lanning chorlov, tanishuv, xotimalarini an’anaviy mazmunli to‘rtliklar tashkil etib, cheklangan miqdorda keladi. O‘lan asosini tashkil etuvchi bahs qismida badihago‘ylik muhum o‘rin egallaydi. Ushbu qismda raqibning harfiga munosib javob topib aytishi o‘lan janrining bosh talabi hisoblanadi. Kimki badihago‘y shoir, qumquloq qo‘shiqchi bo‘lib, vaziyaga, harfiga mos savol-javob qila olsa, g‘olib bo‘ladi.
Muhabbat mavzusi o‘lanlarda yetakchilik qiladi. Bu xil o‘lanlar mazmunan aytuvchi va tinglovchi uchun barobar tegishli bo‘lib, inson kechinmalari, o‘y-hayollarining hamma bop qoliplari bo‘lib yangraydi:
Oq olma, qizil olma pishmas ekan,
Ikki yaxshi bir yerga tushmas ekan,
Ikki yaxshi bir yerga tushganida,
Umrining o‘tganini bilmas ekan.
O‘lanlarda aytuvchilarning bir-biriga bo‘lgan munosabati, dil izhorlar ham ifoda etiladi:
Doim mening minganim jiyron qashqa,
Tamog‘imdan o‘tmaydi choydan boshqa,
Tol chiviqday buralib sen turganda
Ko‘zimga ko‘rinmaydi sendan boshqa.
Ba’zan harflardan birining tili toyib, quvligi tutib, odob doirasidan chiqib o‘lan aytsa:
Oting o‘zsin og‘ajon, oting o‘zsin,
Qora qaychi tilingning uchin kessin,
Yana qaytib shundayin o‘lan aytsang,
It yaloqda osh ichib kuning o‘tsin,
deb, tartibga chaqirilgan.Inson hayotida quvanch bilan g‘am egiz yuradi. O‘lanlar orasida g‘amli aytimlar ham uchrab turadi:
Qora tog‘ning boshidan ko‘ch keladi,
Qora yo‘rg‘a selkillab bo‘sh keladi.
Qarindoshdan ayrilgan yomon bo‘lar,
Qaro ko‘zga mo‘ltirab yosh keladi.
O‘lanlarda tabiat hodisalari, tasvirlari bilan kishi kechinmalarini qarshilantirish usuli keng ko‘llaniladi. Bu o‘rinda an’anaviy poetik ramziy obrazlarga tayaniladi, u yoki bu obraz vaziyat talabi bilan ramziy ma’no tashiydi:
Bu dunyoda ne qatti, jiyda qatti,
Boshidagi mevasi boldan totli.
Ota bilan onaning mehri qatti,
Tilab olgan bolasin pulga sotti.
Ushbu to‘rtlikda jiyda daraxti va mevasining tabiiy xususiyatlari lirik qahramonning ota-onasi, taqdiri haqidagi fikr, xulosalarini aniq ifodalash imkonini bermoqda.
O‘lanlarning qofiya tizimi asosan a,a,b,a shakliga ega. O‘lanlarning kuylanish yo‘li “yor-yor”larga yaqin, ayni paytda sokinligi bilan ajralib turadi. Go‘zal, betakror obrazli ifodalari, inson diliga yaqin o‘lanlar so‘z san’atining o‘ziga xos betakror janri hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |