3. Xorazm ibtidoiy jamoa tuzumi davri tarixining va yodgorliklarining arxeologik jihatdan o’rganilishi. O’rta Osiyoning shimoliy va markaziy hududlarida ovchilik, baliqchilik va termachilik bilan shug’ullangan neolit davri jamoalari istiqomat qilganlar. Bunday yodgorlik XX asrning 30–40 yillarida S.P.Tolstov tomonidan Amudaryoning quyi havzasida topilgan va fanga Kaltaminor madaniyati nomi bilan kiritilgan. Yodgorlik Amudaryoning Oqchadaryo o’zanidan chiqqan qadimgi Kaltaminor kanali etaklaridan topilgani uchun shu nom berilgan.
Kaltaminor madaniyati O’rta Osiyoning g’arbiy va shimoli–g’arbiy tomonidagi yerlarida keng tarqalgan. Uning shimoli–g’arbiy chegarasi Ural daryosining o’rta va quyi oqimlarigacha, g’arbiy chegarasi Kaspiy dengizigacha borib taqalgan. Janubda Qoraqum va Qizilqum etaklarigacha, sharqda esa, Orol dengizining shimoliy, sharqiy va janubiy tomonidagi quyi Sirdaryogacha borib taqaladi. Qizilqum va Ustyurtning katta teritoriyasida ham Kaltaminor madaniyati ancha keng tarqalgan.
Kaltaminor madaniyatini o’rganish jarayonida olimlar uning rivojlanish bosqichlarini aniqladilar – Daryolisoy (mil.avv. YI–IY ming yilliklarga oid), Jonbos (mil.avv. IY–III ming yilliklarga oid) va Saksovul (mil.avv. III ming yillik oxiri –II ming yillik boshlariga oid).
Oqchadaryo havzasidan ko’plab kaltaminor madaniyatiga oid yodgorliklar topilgan. Ularning 3-4 ta manzilgohning madaniy qatlami buzilmasdan saqlanib qolgan. Bular Jonbas-4, Qavat-7, Tolstov manzilgohi, Tumek Kichidjik qabristonidir.
Daryolisoy yodgorliklari qadimgi Zarafshon daryosining eng qadimgi o’zanlardan biri – Daryolisoy bo’ylaridan topilgan makonlar hisoblanadi. Daryolisoy sohillaridan ilk neolit davriga oid qirg’ichlar, tarashlagichlar, paraqalar va trapetsiyalar topilgan. Bu yerdan boshqa joylarga xos bo’lmagan o’ziga xos shoxdor trapetsiyalar topildi. Makondan naqshli sodda sopol idishlarining parchalari ham topilgan. Neolit davri odamlari daryo sohilida makon qilib, baliqchilik, ovchilik bilan shug’ullanganlar.
Neolit davri yodgorliklari Qizilqumning CHinkeldi, Echkiliksoy, Xo’ja Gumbaz, Qoraqat degan joylardan ham topilgan. U joylardan topilgan arxeologik manbalar Daryolisoy topilmalariga o’xshash bo’lganligi sababli uni Daryolisoy tipidagi ilk neolit davri yodgorliklari qatoriga kiritadilar.