O‘zbekistonning eng yangi tarixi



Yüklə 347,34 Kb.
səhifə32/97
tarix08.12.2022
ölçüsü347,34 Kb.
#120656
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   97
1. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, m

Sud hokimiyati.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan "Sudlar to’g’risida" gi qonun asosida sud islohotlari o’tkazildi. Sudlarning mustaqilligi qonunlashtirildi, ularning odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashishga yo’l qo’yilmaydi. Ayblanuvchining himoyalanish huquqi, advokatura tizimining mustaqilligi huquqiy jihatdan ta’minlandi. O’zbekistonda sud hokimiyati qonunning ustunligi, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini ta’minlash yo’lida faoliyat ko’rsatmoqda.
Sud hokimiyati islohotlari. O`zbеkistonda sud hokimiyati tizimi, uning takomillashtirilishi. Sud tizimining libеrallashtirilishi (Fuqarolik ishlari, jismoniy ishlar, xo`jalik sudlari).


24.Iqtisodiy islohotlar, xususiy mulkchilikning shakllanishi. O’zbekistonda bozor munosabatlarining rivojlanishi
Iqtisodiy munosabatlar va tashkiliy-boshqaruv tuzilmalarining bir turidan butunlay boshqa yangi turiga o‘tish, iqtisodiy islohotlar strategiyasini ishlab chiqish va uning asosiy yo‘nalishlarini aniqlab olishni taqozo qiladi. Iqtisodiy islohotlar – iqtisodiyotda tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan iqtisodiy chora-tadbirlar majmui.
Iqtisodiy islohotlardan ko‘zda tutilgan maqsad mamlakat aholisi uchun yashash va faoliyat qilishning eng yaxshi sharoitlarini yaratish, ularning ma’naviy-axloqiy etukligiga erishish, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlashdan iborat.
Islohotlarni amalga oshirishdan oldin bozor iqtisodiyotiga o‘tishning nazariy modeli yaratildi (bu boradagi ma’lumotlar mazkur bobning 2-bandida bayon etildi).
Bu modelda yangi iqtisodiyotga o‘tishning umumiy tomonlari va milliy xususiyatlari nazarda tutiladi, islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi.
Respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- mulkiy munosabatlarni isloh qilish;
- agrar islohotlar;
- moliya-kredit va narx-navo islohoti;
- boshqarish tizimini isloh qilish va bozor infratuzilmasini yaratish;
- tashqi iqtisodiy aloqalar islohoti;
- ijtimoiy islohotlar.
Iqtisodiy islohotlarning bosh bo‘g‘ini mulkchilik munosabatlarini tubdan o‘zgartirishdir, chunki shu orqali ko‘p ukladli iqtisodiyot va raqobatlashish muhiti shakllantiriladi hamda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning shart-sharoitlari vujudga keltiriladi. SHu sababli Respublikada mulkiy munosabatlarni isloh qilishdan ko‘zda tutilgan maqsad davlat mulki monopolizmini tugatish va bu mulkni xususiylashtirish hisobiga ko‘p ukladli iqtisodiyotni real shakllantirishdan iborat.
Respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning dastlabki bosqichidayoq qishloq xo‘jaligini isloh qilishga ustunlik berildi. Bunga quyidagilar sabab bo‘ldi:
- Respublikamiz iqtisodiyotida agrar soha ustunlikka egaligi, aholining ko‘pchiligi qishloq xo‘jaligida bandligi, iqtisodiy o‘sishning ko‘p jihatdan shu tarmoq ahvoliga bog‘liqligi;
- Respublika butun sanoat potensialining yarmiga yaqinini tashkil qiladigan sanoatning ko‘pgina tarmoqlarini (paxta tozalash, to‘qimachilik, engil, oziq-ovqat, kimyo sanoati, qishloq xo‘jalik mashinasozligi va boshqalar) rivojlantirish istiqbollari bevosita qishloq xo‘jaligiga bog‘liqligi;
- qishloq xo‘jalik mahsulotlari (asosan paxta) hozirgi vaqtda valyuta resurslari, respublika uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, texnika va texnologiya uskunalarini chetdan sotib olishni ta’minlayotgan asosiy manba ekanligi;
- mustaqillik sharoitida qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat muammosini hal etishdagi rolining ortib borishi.
Mavjud iqtisodiy tizimning izchillik bilan bozor munosabatlariga o‘sib o‘tishida moliya-kredit sohasini isloh qilish alohida o‘rin tutadi. Moliyaviy munosabatlarda davlat byudjeti taqchilligini kamaytirib borish, byudjetdan beriladigan dotatsiyalar va subsidiyalarni bosqichma-bosqich qisqartirish, birinchi darajali, eng zarur umumdavlat ehtiyojlari uchungina byudjetdan mablag‘ ajratish, iqtisodiyotni rivojlantirishda investitsiya kreditlaridan keng foydalanish islohotlarning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Iqtisodiyotni isloh qilishning eng asosiy muammolaridan biri narxlarni erkinlashtirishdir. Narxlarning erkin shakllanishi uchun narxlar tizimini isloh qilish ham zarurdir. Dastlab davlat xarid narxlarining amal qilish doirasi qisqartiriladi va keyin ichki narxlar jahon narxlariga muvofiqlashtirib boriladi. SHuningdek, narxlarni erkinlashtirishda ayrim turdagi xomashyo va mahsulot narxlari bilan aholi va korxonalar daromadlari o‘rtasidagi tenglikka erishishga harakat qilinadi.
25.Aholi turmush tarzining og‘irlashuvi. Orol fojiasi. Farg‘ona voqealari. 1989 yil o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar. Milliy manfaatlar ustuvorligining o‘sib borishi
Sovet hukumati xalqning real daromadlarini oshirish, yashash sharoitlarini yaxshilash, tibbiy xizmat va sog‘likni saqlash sohasidagi imkoniyatlarini yarata olmadi. Xolbuki bu davrda AQSHda bir yilda bitta maktab o‘quvchisiga 3386 dollar, Angliyada 2285 dollar sarflangani holda SSSRda 257 rubl sarflangan, bog‘cha tarbiyalanuvchisiga AQSHda 3000 dollar, YAponiyada 11 000 dollar saflangani holda SSSRda 533 rubl mablag‘ ajratilgan. Bu ko‘rsatkich ittifoq bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlar bo‘lib, O‘zbekistondagi ahvol o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham past edi.
O‘zbekistonda oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi texnikasi va hatto to‘qimachilik maxsulotlari import qilina boshladi. Natijada, import eksportdan ikki barobarga oshib, sut, go‘sht, tuxum va baliq va boshqa iste’mol mahsulotlari aholi jon boshiga ittifoqdagi o‘rtacha me’yorning yarmini tashkil qildi. Markaz tomonidan aholini asosiy iste’mol mollariga bo‘lgan ehtiyojini qondirolmaganligi oqibatida qora bozor O‘zbekiston umumiy savdo aylanmasining 20 foizini tashkil qildi. Vaholanki, qora bozorda mahsulotlar ancha baland narxda sotilgan, ushbu hol aholi turmush darajasining pasayishiga olib kelgan omillardan biri edi. O‘zbekistonda 1975 yilda kishi boshiga go‘sht va go‘sht maxsulotlari iste’moli 31 kg, sut va sut mahsulotlari 165 kg, tuxum iste’moli 93 dona, baliq iste’moli 4,0 kg ni tashkil qilgan bo‘lsa, 1990 yilga kelib bu ko‘rsatkich mos ravishda go‘sht va go‘sht mahsulotlari bo‘yicha 32 kg, sut va sut mahsulotlari bo‘yicha 210 kg, tuxum 120 dona, baliq 4,9 kg ni tashkil etdi.
Sovet imperiyasining mustamlakachilik siyosati tufayli yillar osha mustahkamlanib borgan paxta yakkahokimligi Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham tabiat muvozanatining buzilishiga, suv manbalari - daryolar o‘zanlarining kamayib ketishiga sabab bo‘ldi. Tabiat muvozanati buzilib, er, suv, havoning zaharlanishi inson naslu nasabiga, ruhiyatiga salbiy ta’sir etib, jismoniy va hatto ma’naviy barkamol kishilar paydo bo‘lishiga to‘siq bo‘ldi. Bu sohadagi salbiy illatlar, turg‘unlik hodisalari va buzilishlar 70-80-yillarning o‘rtalarigacha bo‘lgan davrda yanada kuchaydi.
Ittifoqning bir guruh taniqli olimlari L.I. Brejnevga yo‘llagan xatida O‘rta Osiyoda yangi o‘zlashtirilayotgan erlarni sug‘orishda suv taqchilligining oldini olish uchun Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga burish taklifini bildirganlar. Xatda keltirilishicha, agar mintaqadagi suv resurslaridan foydalanish shu darajada davom ettirilsa, 1980 yilda Sirdaryoning, 1985 yilga borib esa Amudaryoning suvlari to‘la sug‘orish uchun olinishi haqida ogohlantirilgan. Lekin, bu o‘rinli taklif ham Ittifoq rahbarlari tomonidan e’tiborga olinmagan.
XX asr oxiriga kelib Quyi Amudaryo hududidagi ekologik fojianing salbiy oqibatlari ma’muriy-buyruqbozlik tizimining nuqsonlari bilan uyg‘unlashgan holda yuzaga keltirgan “nosog‘lom muhit” katta ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar tug‘dirdi:
Birinchidan, dengiz sathining pasayishi va u bilan bog‘liq holda 3 mln. gektardan ortiq erlarning sahrolarga aylanishi bu hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy, sanitariya-gigiena va tibbiy-biologik holatlarning yomonlashuviga bilan birga, ekologik nuqtai nazardan atrof-muhitning ifloslanishi va iqlimning o‘zgarishiga ham sabab bo‘ldi. Jumladan, hudud iqlimining kontinentalligi yanada keskinlashdi. YOz faslida issiqlik 2 darajaga ko‘tarilgan bo‘lsa, qishdagi harorat 2 darajaga pasaydi. CHunki shimoldan va boshqa tomonlardan keladigan har xil oqimlarni to‘sib turish uchun dengiz suvi endi ma’lum ma’noda yo‘qolgan edi. Natijada, sovuq kunlar erta tushib, kuzdagi hosillar, xususan paxta va boshqa ekinlar ayrim hollarda pishmay qoladigan bo‘ldi. Buning natijasida Qoraqalpog‘iston va xorazmlik dehqonlar kuzni bexavotir kuta olmaydigan bo‘lishdi. Hatto, ayrim sho‘ro olimlari bu hududning ob-havosi kelajakda CHelyabinskdagidek bo‘ladi, deb ta’kidlay boshlashdi. Lekin, bu holat markazdagi rahbariyatni qiziqtirmadi. Paxta etishtirish muttasil oshib bordi.
Ikkinchidan, suvning ko‘p miqdorda sarflanishi, suvdan foydalanishning va erlarni o‘zlashtirishning ilmiy jihatdan asoslanmaganligi, qishloq xo‘jaligining ekstensiv rivojlanishi kabi omillar uyg‘unlashgan holda ekin maydonlarining sho‘rlanishiga, juda katta ekin maydonlarining yaroqsiz holga kelishiga olib keldi va xalq xo‘jaligiga katta iqtisodiy talafot etkazdi.
Uchinchidan, Orol dengizining 3 mln.gektardan ortiq qurigan o‘zani tuz ko‘tarilishining o‘chog‘iga aylandi. Tuz changlarini 15 km balandlikka ko‘taruvchi va 200 km kenglikda harakatlantiruvchi kuchli bo‘ronlar vujudga kela boshladi. Har yili atmosferaga 150 mln. tonna tuz changgi ko‘tarilib, 800 km uzoqlikka etib boradigan bo‘ldi. Havodagi tuz miqdori 5-12 % ga etdi. Bu holat qumlik maydonining kengayishiga, to‘qayzorlar, turli o‘simliklar, qushlar va hayvonlar turlarining yo‘qolishiga olib keldi. SHuning ta’sirida yaylovlarning tabiiy potensiali keskin pasayib, taxminan 5 mln. tonnaga yaqin qimmatli ozuqabop o‘simliklar yo‘qotildi.
80-yillar oxirida respublika ijtimoiy hayotida jonlanish boshlandi. Odamlar xilma-xil fikrlar bildirish, dillaridagini oshkora ayta olish imkoniyatiga ega bo‘la boshladilar. Mustaqillik uchun harakatda yangi to‘lqin boshlandi. Ammo yurtimizda hukmron bo‘lgan Markazdan yuborilgan “kadrlar to‘dasi” ularning qosh-qovog‘iga qarab ish yuritadigan ayrim mahalliy ojiz rahbarlar bu g‘oyaga, uni amalga oshirishga to‘sqinlik qildilar. Milliy qadriyatlarimizga nisbatan yana qatag‘onlik uyushtirildi, to‘qib chiqarilgan “paxta ishi” bahonasi bilan o‘n minglab kishilar jinoiy javobgarlikka tortildi va ularning aksariyati qamaldi. Tarix taqozosi bilan elim deb, yurtim deb, yonib yashayotgan Islom Karimovdek fidoiy inson O‘zbekistonning birinchi rahbari lavozimiga saylanishi bu sohadagi adolatsizliklarga barham berilishiga olib keldi, adolat tiklandi.
I.Karimov xalq xohish-irodasini bajarib, o‘zbek tiliga davlat maqomi berish ishga boshchilik qildi. 1989 yil 21 oktyabrda O‘zSSR Oliy Soveti tomonidan “O‘zbekiston SSR davlat tili to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi. Mazkur qonun 30 moddadan iborat bo‘lib, u o‘zbek tilini davlat tili sifatidagi huquqiy asoslarini belgilab berdi. Siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotining barcha sohalarida o‘zbek tiliga to‘la amal qilinishi qonunlashtirildi. Bu qonunning qabul qilinishi mamlakatimizning mustaqillik sari tashlagan birinchi qadami bo‘ldi. Islom Karimovning sa’y-harakatlari natijasida markazdan yuborilgan “kadrlar to‘dasiga” zarba berildi, ular O‘zbekistondan birin-ketin chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. O‘zbekistonda rahbar kadrlarni markazdan yuborish, markazning roziligini olish tajribasiga chek qo‘yildi. Respublika rahbar kadrlarini tanlash, joy-joyiga qo‘yish ishini o‘z tasarrufiga oldi. Bu ham O‘zbekistonning mustaqillik sari borayotganini ko‘rsatuvchi dalillardan biridir.
1989 yilning may-iyun oylarida Farg‘ona vodiysida bo‘lib o‘tgan millatlararo mojarolar siyosiy vaziyatni yanada keskinlashtirdi. 1989 yil 24 may kuni Quvasoy shahrida mahalliy yoshlar bilan yosh mesxeti turklar o‘rtasida bezorilik to‘qnashuvi kelib chiqadi. To‘qnashuvda mesxeti turklardan 150 kishi va mahalliy xalq vakillaridan 250-300 kishi qatnashgan. Bu to‘qnashuv tez orada Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyatlari aholisi orasida ham tarqalib, yoshlarning ommaviy chiqishlariga, yana boshqa millatlararo ziddiyatlarning ro‘y berishiga olib keldi.
Bu kabi chiqishlarni bartaraf etish uchun namoyishchilarga qarshi harbiy qismlar olib kelindi. 1989 yil 8 iyun kuni Qo‘qon shahrida asosan yoshlardan iborat bo‘lgan tinch namoyishchilar harbiy qism askarlari tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida 50 dan ortiq namoyishchi o‘ldirildi, 200 dan ortiqroq namoyishchi esa yarador bo‘ldi.
O‘zbekiston Kompartiyasi MQ tomonidan tuzilgan maxsus komissiya hisobotida ko‘rsatilishicha, iyun voqealarida 103 ta odam nobud bo‘lib, (bu ko‘rsatkich 112 taga etdi) shundan 52 tasi mesxeti turklari, 36 tasi o‘zbeklardan iborat bo‘ldi. 1011 ta odam shikastlandi, 137 ta harbiy ichki qo‘shin askarlari va 110 ta militsiya xodimlari yarador bo‘ldi. 757 ta yashash uylari, 27 davlat ob’ektlari, 275 ta transport vositalari talandi va yoqib yuborildi. SSSR bosh prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra 1989 yil iyul oxirida 2000 dan ortiq shaxsga huquqbuzarlikka oid jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi, shulardan 600 tasi Farg‘ona qirg‘inlarida faol ishtirok etgan shaxslar edi. 1989 yil oktyabr oxiriga kelib 225 ta qirg‘in ishtirokchilari qamoqqa olindi, ulardan 41 tasiga qasddan odam o‘ldirganligi uchun aybnomalar qo‘yildi.
1990 yilning 2-yarmida O‘zbekiston SSR Oliy sudi tomonidan Farg‘ona oblastidagi ommaviy tartibsizliklar bilan bog‘liq jinoiy ishlar o‘rganilib, 277 kishi bo‘yicha ochilgan 107 ta jinoiy ish ko‘rib chiqildi. Ko‘rib chiqilgan 107 ta ishdan 168 kishi bo‘yicha ochilgan 72 ta jinoiy ish yuzasidan hukm chiqarilgan, 94 kishi bo‘yicha ochilgan 35 ta jinoiy ish qayta tergov o‘tkazilishi uchun qaytarilgan.
Ko‘p o‘tmay Farg‘onadagi kabi voqealar Andijon bilan chegaradosh O‘sh shahri o‘zbek aholisining boshiga tushdi. 1990 yilning iyun oyida Qirg‘izistonning O‘sh viloyatining O‘zgan va boshqa shaharlarida o‘zbek-qirg‘iz millatlararo urushi kelib chiqdi. Millatlararo to‘qnashuvlarda 30-35 ming aholi ishtirok etdi. Jinoiy ishga 300 ta odam tortildi.
1990 yil 24 martda XII chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining birinchi sessiyasi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston tarixida birinchi marta Prezidentlik lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Sessiya yakdillik bilan Islom Abdug‘anievich Karimovni O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidenti etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu erda alohida shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda Prezident lavozimining ta’sis etilishi respublikaning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligi uchun kurash borasida qo‘yilgan dadil qadamlardan dastlabkisi edi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Mustaqillik Deklaratsiyasi” mustaqillikka erishishida qo‘yilgan navbatdagi muhim qadamlaridan biri edi. Bu umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan Deklaratsiyani qabul qilishda Respublika Oliy Soveti deputatlari faollik ko‘rsatdilar. Natijada, bu masala respublika Oliy Sovetining (XII chaqiriq) 1990 yil 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan 12 chaqiriq ikkinchi sessiyasi kun tartibiga kiritildi. O‘zbekiston rahbariyati va xalqining O‘zbekistonning mustaqillik sari dadil qadam qo‘yayotganligini 1991 yil 17 martda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi yakunlarida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Referendumda O‘zbekiston xalqining mutlaq ko‘pchiligida O‘zbekistonni mustaqil respublika sifatida ko‘rish xohishi borligining o‘ziyoq respublika rahbariyatining bu boradagi dadil kuch g‘ayratini qo‘llab-quvvatlash ifodasi edi.

Yüklə 347,34 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   97




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin