www.ziyouz.com kutubxonasi
65
berilayotir».
Virjiniya Kleri bir oz jim turdi-da, keyin dedi:
— Birlashmaga nisbatan qaysi so‘z keskin jaranglaydi? «Olomon»mi? Yo‘q... «Beqiyofa gazanda».
Mana! Bizga aynan mana shu kerak. Juda zo‘r.
— «Gazanda» bilan «Xavfli maraz» bitta jumlada-ya? — shubhalanib so‘radi qiz.
— Nima qilibdi?
— Bilmadim, — javob berdi qiz, matnga tuzatish kirita turib. — Menimcha, juda qo‘polga o‘xshaydi.
— Sen haqsan, — rozi bo‘ldi Virjiniya Kleri. — Jamg‘arma banklari millionlab pul qo‘yuvchi
mijozlarga ega, ularning jahllari chiqishi mumkin, agar... — U gapini to‘xtatib, o‘ylanib qoldi. — Ammo
buning nimasi yomon? — so‘radi u — Qolaversa, ularning jahllari chiqdi ham deylik. Xo‘sh, nima
qilibdi? Ular kimdan g‘azablanadilar? Palmerdanmi? Ular uchun Palmer kim o‘zi? Ular kim bilan bog‘liq
bo‘lsalar, o‘shalardan — jamg‘arma banklaridan jahllari chiqadi. Keyingi safar, ular joriy hisobdan pul
olishayotganida yoki qo‘yayotganda, albatta, yoqimsiz savollar bera boshlaydilar. Bularning hammasi
mantiqan to‘g‘ri.
— Sen o‘zing bilan gaplashayapsan, — dedi qiz va o‘rnidan turib kerishdi. — Men uchun bularning
hammasi quruq gap.
— Ha-a, — dedi cho‘zib Virjiniya Kleri, qo‘li bilan sochini silab qo‘yarkan. — banklar o‘rtasida avj
olib ketgan kurash bilan kimnidir qiziqtirish unchalik oson ish emas. Ko‘pchilik uchun bu juda zerikarli
ermak. Ular hatto bir toifadagi bankni boshqasidan ajrata olmaydilar. To‘g‘ri, ularga sotsializm
to‘g‘risidagi ba’zi narsalar ma’lum. Ular buning nima ekanligini bilmaydilar. Lekin ularning
tasavvurlarida sotsializm qandaydir maxluqqa o‘xshaydi.
Qiz kulib yubordi va sumkasini oldi.
— E, sening raqibing bo‘lishni istamasdim, tutgan joyingni uzib olasan, — deganicha eshikka qarab
yurdi. Palmer yashirinishga ulgurmasligini tushundi. U dadil eshikni ochib ichkari kirdi.
— Bir yarim maoshga ishlayapsizlarmi? — dedi u jilmayib.
Qizlardan biri (Frouli, Roulins yoki ismi boshqachamidi) kutilmagan bu holdan chinqirib yubordi,
qo‘llari bilan ko‘ksini changalladi, ammo Palmerni tanib, yengil nafas oldi.
— Shunaqayam qo‘rqitasizmi, mister Palmer, — dedi shikoyatomuz va jilmayishga urindi. — Xayr,
— deb qo‘shib qo‘ydi liftga qarab yurarkan.
Palmer Virjiniya Klerini kuzatib turdi. U boshlig‘i kirib kelganidan beri qimir etmay o‘tirardi.
Tashqarida liftning ochilib, yopilgani eshitildi.
Virjiniya tili bilan lablarini yalab qo‘ydi. Lablari ancha qalin ekan, o‘yladi Palmer.
— Kechki amaliyotlarimizda sizni juda kam ko‘ramiz, — dedi nihoyat Virjiniya.
— Men yo‘laklar bo‘ylab, oyoq uchida yurib xodimlarni kuzatishni yaxshi ko‘raman.
— Menga jamg‘arma banklari yuborgan josusga o‘xshab ko‘rindingiz. Hatto tsianli kaliy ichmoqchi
ham bo‘ldim.
— Iy-e, qiziq tomosha bo‘larkan-da.
— Keyin mundoq qarasam, sizda uzun va patak soqol yo‘q ekan. Shuning uchun ham
o‘zimiznikilardan bo‘lsa kerak deb o‘yladim.
— Keyingi paytlarda men buni tekshirib ko‘rganim yo‘q, lekin shu yerda ishlayotgan bo‘lsam kerak
deb o‘ylayman. — U miss Kleri ushlab turgan mumqog‘ozni o‘z qo‘liga oldi, so‘ng stol ustiga, joyiga
qo‘ydi-da, Virjiniyaga tikilib qaradi. Unga yaqin turgani uchun uski qovog‘iga yupqa qilib zangori
surma surilganini, ko‘zlarining chekka burchagiga qora chiziq tortilganini ko‘rdi. Palmer unga hech
qachon bunchalik yaqin turmagan edi. Xonasining kattaligi bunga imkon bermasdi.
— Nutqlarni siz yozasizmi? — so‘radi Palmer. — Men bu ishlar Mak Bernsga topshiriladi deb
o‘ylardim.
— Ma’ruzalar loyihasini hamisha men tayyorlayman, — deb javob berdi Virjiniya.
— Qiziq, bu haqda u hech narsa demagandi, — jilmaydi Palmer. — Menimcha, sizning va uning
bank haqidagi bilimlaringiz zig‘ircha ham kelmaydi.