www.ziyouz.com kutubxonasi
97
— Ayting, qaerliksiz, otangiz kim edi, balki tanirman?
— Qirqbel degan qishloqdanman, otamning ismi Muhammadrizo.
— Muhammadrizo? Siz Shayxotadagi To‘xtasin kosibni eshitganmisiz?
— Ha.
— Men o‘sha To‘xtasin kosibning o‘g‘illariman. Dadangiz biznikiga kelganlar. O‘shanda
yosh bola bo‘lsam ham esimda: kalta soqol, baquvvat kishi edilar.
— Sizni nimaga qamashdi?
— E, aka, peshona sho‘r ekan-da. Men Olmoniyada o‘qir edim. Bir guruh yoshlar
«Xorijda ilm olmay turib millatni uyg‘otib bo‘lmaydi», deb Berlin degan shaharga
o‘qishga borib edik. Safimizda qizlar ham bor edi. O‘qib, tahsilni tugatar chog‘imizda
to‘satdan yurtga chaqirdilar. Oliy maktablarga ishga qo‘ydilar. Keyin... bitta-bitta
terdilar. Men beshinchisiman. Bizning ishimiz chatoq, aka. Nemis josusi, deb ayb
qo‘yishgan. Otilmay qolganimga shukr qilib edim. Bu do‘zaxdan qutulishimga ko‘zim
yetmay qolyapti.
— Bu yer do‘zax emas, — dedi Jahongir, — do‘zaxda yonasiz. Bu yerda muzlaysiz.
Tirik qolaman, desangiz qimirlab turing.
— Siz oqsoqollikka ko‘na qoling.
— Nimaga?
— Yaxshi odamga o‘xshaysiz. Otalarimiz do‘st edi, biz ham og‘a-ini bo‘lib ketarmiz.
— Ismingiz nima?
— Tolibjon.
— Tolibjon, inim, oqsoqol bo‘lsam har kuni bu yerdagilarning ming-ming la’natini
eshitib yashayman. Sizlarni ishlashga majburlayman, gaplaringizni ularga yetkazib,
xoinlik qilaman.
— Siz unday qilmang-da, go‘yo ularga jon-dildan xizmatda bo‘laverasiz-u, aslida
bizlarga qayishasiz.
— Yo‘q, Tolibjon inim, bunaqa nomardlik menga to‘g‘ri kelmaydi. Hozirginada
«Yolg‘onga suyanib yashamaylik», deganingizda quvongan edim, bu gaplaringizga qoyil
emasman.
— Aka, aybga buyurmang, sizni xafa qilish niyatim yo‘q edi. Menga emas... aqalli
manaviga o‘xshagan xastalarga ko‘magingiz tegarmidi, deb edim.
Jahongir javob qaytarmadi. Bir qaraganda Tolibjonning gaplarida jon bor. Bir uy
odamdan bitta insofsiz topilib oqsoqol bo‘lib olsa, hammaning sho‘ri quriydi. Jahongir bu
sovuq, bu mehnat azoblaridan qo‘rqmaydi. Agar Xudo bir xastalik yoki bir falokat
yuborib jonini olmasa, sovuq yoki mehnat azobi bilan omonatini ololmaydi. Lekin bu
bechoralarga qiyin. Egilib mehnat qilmagan, kitobdan boshqa narsani bilmaydigan
bo‘lib ko‘ringan bu yigitlar boshiga Zokirxo‘janing kuni tushishi mumkin. «Uxlamay, dam
olmay bularning ishini qilishim mumkin, ammo iymonimni bulg‘ay olmayman», deb
o‘yladi Jahongir.
Tolibjon peshonasida yozuvi bor, yuzi hamisha tund bu odamga tushuna olmadi.
Shuncha kun birga yo‘l yurib, odamga o‘xshab gaplashib o‘tirganini ko‘rmadi. Hatto
birinchi to‘xtashda ofitserni mazax qilishganda ham u kulmadi. Tolibjon ofitserning
dag‘dag‘asidan qo‘rqib, o‘zini ichkari olayotganida shu Jahongirning panasiga o‘tgan,
gavdali bu odamning miq etmay turishidan ajablangan edi. Hozirgi gapidan yana bir
karra taajjublandi. «Qo‘rqyaptimi? Nimadan qo‘rqyapti? Iymonining bulg‘anishidanmi?
Nahot bu zamonda iymonni o‘ylaydigan odamlar qolgan bo‘lsa? Nahot ko‘rinishi
kallakesarni eslatuvchi bu odam iymon, vijdon, nomus degan tushunchalarni qadrlasa?
Bizni tuhmat chodiriga o‘rab berganlarda zig‘ircha nomus, vijdon, iymon bormi edi?
Bizdan-ku, qutuldilar. Shu yigitlar, qizlar juvonmarg ketishdi, deb yuraklari hech