www.ziyouz.com kutubxonasi
100
qo‘yma», deganlar. Biz olovni o‘chirish kerak, deb va’z aytdig-u, o‘chirishga urinmadik.
Kamonni dushman qo‘lidan olish lozim dedig-u, olib qo‘ymadik. Oqibatda jahon kuydi,
kamondan tinmay o‘qlar otilyapti. Bu yerlardan eson-omon qutulsak ham yonib ado
bo‘lgan jahannamga boramiz.
— Islomxon, siz shoirsiz. Shoirlar falsafaga moyil bo‘ladilar, — dedi Tolibjon jiddiy
ohangda. — Ammo bu falsafangiz menga ma’qul emas. Bizni nishonga aylantirib, o‘z
do‘stlarimiz qo‘liga kamon berdilar. Bu kamon otuvchilar hozir ozodlar, baxtiyorlar. Men
to bu yerdan chiqqunimcha ularga omonlik tilayman. Siz ham tilang. Hammamiz tilaylik.
Chiqib ularni sog‘-omon ko‘raylik. Men ularning makkor ko‘zlariga bir marta qarasam
kifoya. Ularning ko‘zlarida bir martagina iztirob ko‘rsam yetarli.
Jahongir soddadillik bilan aytilgan bu gapni eshitib, kulimsiradi. Tolibjon bundan
ranjidi.
— Nimaga kulyapsiz? Omon chiqishimizga ishonmayapmizmi? — dedi u.
— Rahmatli mudarrisim «Agar olam tig‘i qo‘zg‘olsa, Xudo xohlamasa, biror tomirni
ham qirqa olmaydi», der edilar. Xudo xohlasa, eson-omon bundan qutulib chiqasizlar.
Ammo... kamon otganlar ko‘zida iztirob ko‘raman, deyishingiz xomxayol, inim. Shahar
darvozalarini yopib bo‘lar-u, ular og‘zini yopib bo‘lmas. Islomxon topib aytdilar: ular
bulbul libosida hunar ko‘rsataveradilar.
— Sizning badbin niyatingiz meni hayron qoldirdi. Qachongacha ular gunoh ishlardan
zavq olishadi, tavba ham bemaza emas, bir kunmas bir kun undan ham tatib ko‘rishar-
ku?
— Tolibjon inim, men bilan bahs yuritmang, Xudo xayringizni bersin, — dedi Jahongir
vaziyatni yumshatish uchun kulimsirab, — peshonamdagi yozuvni bilmaysizlar. O‘qishga
harakat qildinglar, sezib turdim, ammo o‘qiy olmadinglar. Oriyatli ekansizlar, so‘rashga
istihola qildinglar. Endi o‘zim aytay: «Alqasosu minal Haq» deyilgan. Siz ham o‘zingizga
yomonlik qiluvchilarni turmush hukmiga havola eting. Turmush sizga o‘ch olib beruvchi
xizmatkordir.
Tolibjon bu gapni eshitib, bir zum jimib qoldi. Keyin bosh chayqab dedi:
— Gapingiz rost, siz bilan bahs yuritib bo‘lmaydi. Taqdirimiz zohiran bir. Yurakdagi
dardimiz boshqaga o‘xshaydi.
Jahongir «na chora», deb yelka qisib qo‘ydi. «Bular hali yosh, hademay hovurlari
bosiladi, ularning jig‘iga tegmay», deb mag‘lub odamday bosh egdi. Islomxon uni
birinchi marta ko‘rayotganday tikilib turdi-da, horg‘in odamning tovushida dedi:
Shabi g‘am gird-bodi oham az jo burd gardunro, Furo‘ burd ajdahoi sayli ashkam rub’i maskunro, — degan ekanlar Shayhim Suhayliy. Ya’ni, g‘amli kechalarda ohimning quyuni osmonni
o‘rnidan qo‘zg‘otadi. Ko‘z yoshim selining ajdahosi yer yuzini yutib yuboradi.
Oqsoqolning «Turinglar!» degan baqirig‘i yangramaganda ularning azaga kelgan
xotinlar hasratini eslatuvchi bir oz mungli, bir oz alamli gaplari davom etaverishi
mumkin edi.
Qishning qahri qirqilib, oftob tez-tez ko‘rinadigan bo‘lib qolgan kunlarda tikanli sim
bilan o‘ralgan hovli etagidagi bo‘sh uy egalari kelishdi: ustlariga kalta paxtali qora to‘n,
oyoqlariga qo‘pol botinka kiygan, sochlari olib tashlangan, qora ro‘mol o‘rab olgan,
kirtaygan ko‘zlari ma’yus boquvchi turli yoshlardagi ayollarni ko‘rib, dastlab barcha
ajablandi. So‘ng kimningdir yuzida kulgi o‘ynadi, kimningdir ko‘zlarida yosh ko‘rinadi.
Eng chetdagi bu uyga kimning borishi oqsoqolning himmatiga bog‘liq edi. Bir kuni
kechki payt u barakka kelib, to‘rt kishini chaqirdi. U mahbuslarning ismini aytib
chaqirmas edi, oltinchi barakdagi o‘ziga tobe odamlarning hisob raqami yod bo‘lib