www.ziyouz.com kutubxonasi
108
merganligi, dovyurakligi ayon bo‘lgach, komandir qarashlaridagi xavotir, ishonchsizlik
yo‘qoldi.
Bir kuni kichkina guruh bilan ketishayotganda Jahongir Tolibjonga:
— Bular bizga endi ishonishdi, sezdingizmi? — dedi.
— Buni-ku, sezdim, — dedi Tolibjon. — Lekin boshqa narsani ham sezib yuribman.
— Nimani?
— Ikkimizni boshqalarga qaraganda ko‘proq yuborishyapti bunaqa janglarga.
Nimagaligini bilasizmi?
— Nimaga?
— Biz bularga begonamiz. O‘lsa ham shular o‘lsin, deyishadi.
— Undaymasdir, — dedi Jahongir. — Ko‘pga kelgan to‘y...
— Bilasiz-ku, men hamma narsani hisob-kitob qilib yuraman.
— Xudoning o‘zi asrasin bizni, urushdan keyin bir parcha qog‘oz yozib bersa,
yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytsak bas.
Tolibjon «buncha soddasiz», deganday kulimsirab qo‘ydi. Bir nafaslik bu kulimsirash
Jahongirning xotirasiga mixlanib qolgan ekan. Keyinroq pistirmaga duch kelishganda
ham, nemis qamoqxonasiga tushganida ham, so‘ng «Turkiston legioni» deb atalmish
qo‘shinga borganida ham bu istehzoli kulimsirashni tez-tez esladi.
Bir kuni kutilmaganda Sottini uchratib lol qolganida ham Tolibjon xuddi shunday
kulimsiradi.
— Bolsheviklarga ham, fashistga ham xizmat qiladigan toifa ko‘p. Bu raisingiz bitta
bo‘lsa ekan, ajablansangiz. Bizning boshimizga kimlar balo yog‘dirdi. Shunaqalar-da.
Eslaysizmi, Islomxon bir bayt aytgan edi: «Qaerda gul bo‘lsa — unda asalari bor,
qaerdaki foyda cho‘g‘i bo‘lsa — unda yovuzlik alangasi bor». Kimning bayti edi?
— Yodimda yo‘q, Bedilniki bo‘lsa kerak.
— Kim bo‘lsa ham to‘g‘ri aytgan. Biz ana shu yovuzlik alangasida qovrilyapmiz.
Turkiston qo‘shiniga tushgan Sotti Jahongirni ko‘riboq «Meni Xudo urdi», deb o‘takasi
yorildi. Lekin birato‘la qo‘rquv chodiriga burkanib olmadi. Uning hiylasini ko‘rganda hatto
shayton ham hayratdan yoqa ushlardi. Sottining birinchi hiylasi — Jahongirni ko‘rishi
bilan qo‘rquvni yengib, orada hech nima bo‘lmaganday uni quchoqlab oldi. Jahongir
uning qo‘llarini qayirib, itarib tashlab, so‘ng kalla qo‘yib og‘zi-burnini qonatganda ham
«Tavba qildim, Jahongirjon», deb elanib turaverdi. Unga qarab Jahongir Daminning
gapini eslagan edi: «Bu haromini tug‘ilganda cho‘miltirishgan ekan, o‘shanda tog‘oradagi
mag‘zavani ilon ichib o‘lgan ekan...» Bu — Damin to‘qigan gap.
Kunlar, haftalar, oylar o‘taverdi. Tolibjon «qachon jangga tashlashar ekan bizni», deb
betoqatlanardi. Jahongir uning maqsadini bilib turardi. Jang bahonasida o‘tib ketish,
yurtga tig‘ ko‘targan degan la’nat tamg‘asidan qutulish — uning ham niyati edi.
«Hatto poda ham kech kirganda uyiga qaytadi. Biz-chi, biz podadan ham
battarmizmi?» Tolibjon shunday degan kunning ertasiga Sotti bilan yoqa bo‘g‘ishib qoldi.
Shunchaki mushtlashish bo‘lib tuyulgan to‘qnashuv to‘pponchalarni g‘ilofdan chiqarish,
bir ma’sum va bir mal’un jonning so‘nishi bilan tugadi...
Jahongir Tolibjonning qonini shimib olgan tuproqni qirib, ro‘molchasiga tugdi.
Nemislar bergan yolg‘on hujjatga ko‘ra «Og‘ir yaralanib, iste’foga chiqqan askar»
qiyofasida yurtiga josus sifatida qaytgach, Tolibjonning qishlog‘iga bordi. Onasi hayot
ekan, shu tuproqni ko‘zlariga surtib, aza ochdi. Tuproqni o‘z kafani — o‘sha ro‘molchaga
o‘rog‘liq holda qabristonga eltdilar, janoza o‘qidilar. «Partizanlikda shahid ketdi», degan
shum xabar ona yuragidagi umidni o‘ldirgani holda, og‘ir toshni ham ko‘chirdi. Jahongir
yetkazgan xabar uni «Dushman onasi», degan la’nat toshidan qutqargan edi.