www.ziyouz.com kutubxonasi
106
Ramazonovning xayolini yoritgan bu fikr asabini qo‘zg‘adi. Yaqindagina «ko‘p azob
chekkan ekan», deb achingani bu odamga nafrat bilan qaradi. U urushdan qaytganida
do‘stlariga «Stalingraddan Oderga qadar Azroilni opichib yurdim, istagan paytida jonimni
sug‘urib olishi mumkin edi», deb hazillashardi. Har qadamida o‘lim chohiga tortilishi
mumkinligini bilib janglarga kirgan odamning xoinga yoki sotqinga nisbatan nafratini
chetdan turib qoralash noinsoflik hisoblanadi. Boz ustiga Ramazonovning bu damdagi
nafrati o‘tkinchi, Muhammadrizaevni xoinlikda ayblashga asosi yo‘qligini o‘zi ham sezib
turardi. Yashin nuri zaminni bir zumgina yoritgani kabi, gumondan uyg‘ongan nafratning
kuchi ham uzoqqa bormaydi.
— Tolibjon To‘xtasinov siz bilan partizan otryadida birga bo‘lgan. Germaniyaga
qanday borib qolgan? — deb so‘radi Ramazonov, ko‘zini yumib yotgan Jahongirdan.
Jahongir ko‘zini yarim ochib, unga qaradi. «Bilmaydimi, yo meni laqillatmoqchimi?»
deb o‘yladi.
— Hamma gaplarni qirq to‘rtinchi yilda aytganman. Hujjatlarga tirkalgan.
Jahongir shunday deb yana ko‘zini yumdi. «Tolibjondan xavfsirayaptimi? Tolibjonning
qaysi ishi ularning tinchini oldi?» Jahongir xayolan yaqin o‘tmishga qaytishga majburiyat
sezdi.
Ular bahorda issiqroq o‘lkalardagi qamoqxonaga jo‘natilayotgan Islomxon bilan
xayrlashishdi. Bahorning yomg‘irli kunlari ado bo‘lgach, daraxta kesishni ham bas
qildilar. So‘ngsiz o‘rmonzorning qoq o‘rtasida nima uchun daraxt kesganlari shunda
ma’lum bo‘ldi: bu yerda zavod qurilarkan. Ularning qilmagan ishlari qolmadi: yer
kavlashdi, g‘isht tashishdi, qorishma qorishdi... Tolibjon o‘tgan kunlarni erinmay sanardi.
Ozodlikka chiqquniga qadar qolgan yillarni, oylarni, haftalarni, kunlarni, hatto soatlarni
hisoblardi. Yorug‘ olamda bo‘layotgan voqealar haqidagi sarosimali xabarlar o‘rmonlar
oshib, tikonli sim to‘siqlar oshib mahbuslar qulog‘iga yetib kelardi. Tebranib turgana
notinch dunyoning erta-indin portlab, alanga olishiga barchaning aqli yetardi. Dunyoning
qachon portlashi haqida turlicha taxminlar qilishardi. Zavod qurilishining
susaymayotganiga qaraganda portlashga picha vaqt bor edi. Lekin qiyomat
kutilmaganda barvaqt boshlandi. Uni mahbuslar soqchilarning xavotirli qarashlaridan,
boshliqlarning behalovat yurishlaridan sezishdi. Zavodda qurilish ishlari to‘xtatilib,
o‘rnatilgan jihozlar qayta ko‘chirila boshlangach, xavotirlar bejiz emasligi bilindi. Ko‘p
o‘tmay portlash ovozlari quloqqa chalindi. «Urush boshlanibdi», degan xabar bir zumda
barchaga ayon bo‘ldi. «Endi nima qilarkinmiz?» degan savolga javob topishga
ulgurishmay osmonni bir to‘p chigirtkamisol samolyotlar bosdiyu qiyomat boshlandi.
Yarim soat ichida qariyb uch yil davomida qad rostlagan zavod binolari ham, ular
yashagan yog‘och uylar ham, tikonli sim to‘siqlar ham yakson bo‘ldi. Boshi majaqlangan,
qo‘li yoki oyog‘i uzilib ketgan odam jasadlari, yonayotgan uy xarobalari bu yarim soatlik
qiyomatdan xotira bo‘lib qoldi.
Joni foydaga qolgan mahbuslar «samolyotlar hozir yana qaytadi», deb o‘rmondan
panoh izlab qochdilar. Bir mo‘’jiza bilan qiyomat olovidan omon chiqqan soqchilar ularga
e’tibor ham bermadilar. Jahongir Tolibjonning bilagidan ushlab, boshqalar kabi o‘rmon
sari yugurdi. Qiyshayib yonayotgan minora yonidan o‘tishayotganda chap qo‘liga tiralib
turishga urinayotgan keksa mahbus «Birodarlar, meni tashlab ketmang», deb iltijo qildi.
— Professor-ku? — Tolibjon shunday deb uni qo‘ltig‘iga kirib ko‘tardi.
Qo‘shni barakdagi bu qariyani Tolibjon hurmat qilar, ish chog‘ida ham og‘irini yengil
qilishga intilardi. Jahongir uning olim bo‘lganini, bu yerga o‘zi ham bilmagan sabab bilan
kelib qolganini Tolibjonning gaplaridan bilardi.