VII. Yakuniy qism
Milliy iqtisodiyot xususiyatlarini
inobatga olgan holda, pul-kredit siyosati rejimlarining o‘ziga xos jihatlari va ta’sirchanligi tahlili o‘rta muddatli istiqbolda
Markaziy bankning ustuvor maqsadi sifatida narxlar barqarorligiga erishish vazifasiga inflyatsion targetlash rejimi juda mos kelishini ko‘rsatmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, pul-kredit siyosatini amalga oshirishning tamoyil va usullarining inflyatsion targetlashga bosqichma-bosqich yo‘naltirish
uchun zaruriy huquqiy asoslar va tayanch iqtisodiy sharoitlar yaratildi.
Xususan, valyuta siyosatining liberallashtirilishi va bozor sharoitlarida almashuv kursining shakllanishini ta’minlash bo‘yicha
choralar, Markaziy bankning
ustuvor maqsadlari va amaliy mustaqilligini aniq belgilanishi, pul-kredit siyosatini amalga oshirishning faol bosqichiga o‘tilishi, inflyatsiyani
hisoblash va
baholash usullarini takomillashtirilishi, shuningdek shaffoflikning oshirilishi va kommunikatsion siyosatning kuchaytirilishi kabi amaliy choralar inflyatsion
targetlashga o‘tish uchun asosiy sharoitlarni yaratadi.
Shu bilan birga, mavjud xatarlar va to‘siqlar inflyatsion targetlash rejimini joriy etish vazifasining bajarilishini qiyinlashtiradi.
Bunday omillar qatoriga ayrim tovarlar bo‘yicha ma’muriy tartibga solinadigan
narxlarning saqlanib qolishi, mahalliy bozorlarning monopollashganligi,
xomashyo narxlarining yuqoriligi, jahon iqtisodiyotining tiklanayotganligi munosabati bilan inflyatsiyaning
import qilinishi, ishlab chiqarish
samaradorligining pastligi va energiya sarfining yuqoriligi, infratuzilmaning yaxshi rivojlanmaganligi va boshqalar kiradi.
So‘nggi yillarda Davlat byudjeti balanslashgan holda ijro etilishi sharoitida davlat qarz majburiyatlarini chiqarishning ob’ektiv
sabablari mavjud
emasligiga qaramasdan, investitsion,
shu jumladan, hududiy va tarmoqlar rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash va
maqbullashtirishda qarz qimmatli qog‘ozlarining afzalligi ularni yaqin istiqbolda muomalaga chiqarish uchun asos bo‘lishi mumkin.
O‘z
navbatida, Markaziy bank asosiy e’tiborni prognozlash va tahliliy bazani mustahkamlashga, pul-kredit siyosati instrumentlarini
takomillashtirish va
ularning ta’sir kanallarini kuchaytirishga, komunikatsion siyosatni rivojlantirish va aholining ishonchini oshirish kabi vazifalarga qaratadi.