Kelishiklar
Reja: Kirish. I bob. Kelishiklarning o‘rganilish tarixi haqida. I.1. O‘zbek tilida kelishiklar va ularning o‘rganilish tarixi. I.2. Turkiy tillarda kelishiklar tizimi. II bob. Kelishik kategoriyasi. II.1. O‘zbek va ozarbayjon tillarida kelishik kategoriyasi. II.2. Turk tilida kelishiklarning tarixiy variantlari. II.3. Qoraqalpoq tilidagi kelishiklar va ularning o‘rganilishi. Xulosa va takliflar. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
KIRISH Mavzuning dolzarbligi. O‘zbek tilshunosligida mavjud dolzarb muammolarni atroflicha o‘rganish, ayniqsa, mustaqil mamlakatimiz kelajak sari shahdam odimlar bilan borayotgan bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, elning tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan tilimizni mustamlaka davrida erkin o‘rganishga hamma vaqt ham imkon bo‘lavermagan. Zotan, tilimizning davlat maqomiga ega bo‘lganligi, uning xalqaro munosabatlar doirasiga chiqa boshlaganligi Respublikamiz istiqloli bilan uzviy bog‘liqdir. Ayni paytda, Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning quyidagi so‘zlarini keltirish o‘rinlidir: “Istiqlol yillarida o‘zbek tilining qo‘llanishi doirasi amalda nihoyatda kengaygani, uni ilmiy asosda rivojlantirishga qaratilgan tadqiqotlar, tilimizning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan ilmiy va ommabop kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari, yangi-yangi lug‘atlar ko‘plab chop etilayotgani jamiyat tafakkurini yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda” Har qanday fan taraqqiyoti tadqiqot ishlarining ko‘lami va dolzarbligi bilan uzviy bog‘lanadi. Shu bois bu borada qo‘lga kiritilgan har bir ilmiy xulosa muhim ahamiyat kasb etadi. Til taraqqiyotini nainki so‘zdan, balki grammatik birliklardan ham ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi, tilshunoslik fanining rivojini til sistemasining asosiy belgilaridan biri bo‘lgan grammatik birliklarning ishtirokisiz tasavvur qila olmaymiz. Zero, grammatik birliklar birikma va gap konstruktsiyasida asosiy obyektlardan biri sanaladi. Shu nuqtayi nazardan har bir til birligining tub mohiyatini ochib berish va sharhlash zaruriyati mavjudki, uni hech bo‘lmaganda ikki til hodisasi yoki bir lisoniy birligining ikki til (qardosh, noqardosh bo‘lishidan qat’inazar) doirasida o‘rganilishini taqozo etadi. Bu esa o‘z navbatida to‘g‘ri nazariy xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Ushbu ilmiy ishimizning dolzarbligi ana shu bilan belgilanadi.