3. Biosenozlarning mahsuldorligi Biosenozlarning tuzilishi, tarkibi va hayoti, shuningdek uning dinamikasini o’rganish ularning biologik mahsuldorligi xususiyati bilan chambarchas bog’liqdir. Biosenozning mahsuldorligi deganda, uning inson uchun kerakli bo’lgan o’simlik va hayvon mahsulotlari zahirasi bilan o’lchanadi. Ushbu zahiradan inson foydalanar ekan, o’z-o’zidan ma’lumki, biosenozda kechadigan jarayonlarga yoki uning tarkibidagi biron-bir o’simlik yoki hayvon turiga salbiy ta’sir ko’rsatmaslik lozim bo’ladi. Tabiiy uyushmalar (biosenozlar)ning biologik mahsuldorligi tushunchasi qishloq xo’jaligidagi tuproq unumdorligi tushunchasiga juda yaqin hisoblanadi. Qishloq xo’jaligida tuproqning “charchab qolishi”, unumdorligining pasayib borishi degan ibora ishlatar ekanmiz, ekologiyada ham tabiiy uyushmalarning, antropogen omillar ta’sirida yomonlashuvi, pasayishi degan tushunchalar ham shakllanadi. Masalan, ovchilik xo’jaligining inqirozga uchrashi, baliq mahsulotining kamayishi kabi holatlar ham sodir bo’ladi.
Ma’lum bir biosenozning mahsuldorligi undagi biron-bir turdan foydalanish usullariga bog’liqdir. Odam ma’lum bir turning populyatsiyasidan o’z ehtiyojlari uchun foydalanar ekan, uning zichligiga (miqdoriga) oziqa bilan ta’minlanishiga, boshqa turlar populyatsiyalari bilan bo’lgan munosabatlariga, ularning ko’payishi, ko’chib turishi, yashab qolishi va dinamikasiga o’z ta’sirini o’tkazadi. Umuman, boshqa tabiiy sabablardan ko’ra, biosenozlarning mahsuldorligi birinchi navbatda insonning nisbatan xo’jalik faoliyati tufayli, ko’rsatgan ta’sir shakllariga bog’liq bo’ladi.