So‘ng "Bo‘g‘in qanday amaliy ahamiyatga ega?" – savoli bilan suhbat davom ettiriladi. Agar o‘quvchilar qiynalsalar, "Bo‘g‘indan biz qaysi o‘rinda va nima maqsadda foydalanamiz?", "So‘zlarni bo‘g‘inga ajratish sizga qanday hollarda qo‘l keladi?", "Siz o‘qishni va yozishni qanday o‘rgangansiz?" kabi javobga yetaklovchi savollar berilishi ham mumkin. O‘qituvchi o‘quvchilarning bu boradagi javoblarini to‘ldirib. quyidagilarni aytadi:
Bo‘g‘in quyidagi amaliy ahamiyatlarga ega:
Bolalarga savod-o‘qish va yozishni o‘rgatish bo‘g‘inga asoslanadi. Masalan, "Alifbe" kitobi fikrimizni tasdiqlaydi.
Yozuvda satrdan satrga so‘zlar bo‘g‘in asosida ko‘chiriladi.
She’riyatda she’r vaznlarini belgilash bo‘g‘inga asoslanadi. Aniqrog‘i, barmoq vazni bo‘g‘inlarning miqdoriga, aruz vazni bo‘g‘inlarning cho‘ziq va qisqaligiga asoslanadi.
Mavzuga oid 21-mashqni ham "Kim chaqqon va zukko?" o‘yini tarzida bajartirishi mumkin. Bunda o‘quvchilar berilgan so‘zlardagi ochiq va yopiq bo‘g‘inlarni aniqlaydilar.