Spitamenning Yunon-Makedon istilochilariga qarshi bosh ko‘tarishi.
31 rasm. M.a. 326 yildagi Gidasp daryosi bo‘yidagi jang
Jangni Iskandarning otliqlari boshladi. Hindlarning chap qanoti front tomondan otliq kamonchilarning zarbalaridan katta talofatlar ko‘rdi va ularga qanotdan otliq getayralar hujum qildi. Hindlar uloqtirib tashlandi va fillar joylashgan chiziqqa palapartish chekina boshladi. Jangga Makedoniya falangasi kiritildi.
Makedoniya piyodalari va otliqlari dushmanning jangovar tartibini buzib yuborishga muvaffaq bo‘ldilar.
«Makedoniya falangasi fillarga qarshi harakatni boshladi, fil boshqaruvchilarga drotiklar uloqtira boshladi va hamma tomondan otlar va fillarga kamondan ota boshladilar»-deb yozib qoldirgan edi Arrian.
Hindlarning fillari xurkib vahimaga tushib qoldi va ham makedoniyaliklarni, ham hindlarni bosib, er bilan yakson qilib tashladi, ko‘pgina fillar ortga burilib qocha boshladi. Shu bilan bir vaqtning o‘zida Iskandarning otliqlari butun jangovar chiziqni qurshab oldi, u piyodalarga imkoni boricha qalqonlarni jipslashtirib, hujumni davom ettirish buyrug‘ini berdi. Hindlarning armiyasi mag‘lubiyatga uchradi.
Hind daryosi bo‘ylab kemalarda to‘qqiz oy suzib, uning quyilish joyiga kelgan va safi ozayib ketgan Iskandar armiyasi ikki qismga bo‘lindi: birinchisi dengizdan Dajlaning quyilish joyi tomon suzib ketdi, ikkinchisini esa Iskandarning o‘zi Gedroziya (Janubiy Pokistonning hududi) cho‘li orqali boshlab ketdi, bu yerlarda armiyaning bir qismi qirilib ketdi.
M.a. 325- yilda, Makedoniya armiyasining qolganqutganlari, bosib olingan hududlarning poytaxti hisoblangan Vavilonga qaytib keldi. Bu yerda Iskandar m.a. 323- yilda olamdan o‘tdi.
O‘n yil davom etgan makedoniyalik Iskandarning harbiy yurishlari qadimgi Yunoniston va Makedoniya harbiy san’ati rivojining yuqori cho‘qqiga chiqqan davri bo‘ldi. Iskandar harbiy san’atning ijodchisi bo‘ldi: falanganing taktik zichligini oshirdi, uning zarba berish qudratini kuchaytirdi; kavaleriyani armiyaning hal qiluvchi zarbdor va manyovrchan kuchiga aylantirdi; otda va piyodalar safida jang qila olish qobiliyatiga ega bo‘lgan yangi turdagi otliq otryadlarni joriy qildi; jangovar tartibning tarkibiy qismlarini manyovr qilish va o‘zaro hamkorlik qilish asoslarini o‘rnatdi.
Vaziyatdan kelib chiqib, Iskandar jamlangan kuchlar bilan harakat qildi yoki armiyani bir nechta mustaqil kolonnalarga bo‘ldi.
Iskandar tomonidan urushlarni rejalashtirish asosida dushmanni sinchiklab o‘rganish, o‘z imkoniyatlarini hisobga olish va vaziyatni to‘g‘ri baxolash, armiya va flotning kommunikatsiyalari va ta’minot bazalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish yotadi.
Makedoniyalik Iskandar Epaminondning g‘oyalarini rivojlantirdi. U jangda muvaffaqiyatga, hujum qiluvchi qanotlarning birida (odatda o‘ng qanotda) og‘ir kavaleriya va o‘rtacha piyodalardan iborat zarbdor guruhni tashkil etib erishdi.
Makedoniyalik Iskandar kavaleriya taktikasi asoslarini ishlab chiqdi. Og‘ir otliqlar dushman jangovar tartibining qanotlariga va front ortiga zarba bergan, og‘ir piyodalar falangasi esa frontdan hujum qilib jangni oxiriga yetkazgan.
Makedoniyalik Iskandar birinchi bo‘lib armiyasining jangovar tartibida zaxira yaratdi, u hujum qilayotgan dushman frontni yorib o‘tgan vaqtda yoki qanotlarni qurshab olishga kirishgan hollarda jangga kiritilgan.
O‘rta Osiyo xalqlari chet ellik bosqinchilar tomonidan o‘zlarini qul qilinishlariga qarshi qattiq kurashganlar. M.a 530- yilda Fors podshosi Kir II massagetlarga qarshi yurishida ko‘rsatilgan qattiq qarshilikni to‘lig‘icha bostira olmadi. Gerodotning ta’kidlashicha, Kir II shimol tomonga qancha ko‘p harakatlangan sari, shuncha ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgan.
Qariyib butun Kichik Osiyoni va Vavilonni bosib olgan Kir II, ko‘chmanchimassagetlarni qul qilish va boyliklarini egallash maqsadida o‘z qo‘shinlarini O‘rta Osiyoga boshladi. Massagetlar o‘z hukmdorlari malika To‘maris raxbarligida qudratli dushmanga qarshi chiqishga axd qildilar. Massagetlar qudratli kuchga ega edilar. Ularning qo‘shinlari tezkorlik bilan harakatlanadigan va manyovrlarni mohirlik bilan bajara oladigan jangchilar bo‘lganlar. Ularning asosiy ustunliklari-o‘z vatanlari tuprog‘ida janglarni olib borishlari edi.
Fors qo‘shini m.a. 529- yilda Oksni (Amudaryo) kechib o‘tdi va massagetlarning ilg‘or otryadlaridan birini tormor etdi. To‘maris o‘z qo‘shiniga, dushmanni o‘z hududining ichkarisiga boshlab kirish va qirib tashlash uchun chekinishga buyruq berdi. Bu muvaffaqiyatdan ruxlangan forslar massagetlarni ta’qib qila boshladilar va avvaldan tog‘lar orasidagi darada tayyorlangan tuzoqqa tushdilar. Bu darada butun fors qo‘shinlari qirib tashlandi va Kir II ning o‘zi ham halok bo‘ldi.
Gerodotning ma’lumot berishicha, bu jang varvarlar (grek bo‘lmagan aholi) ishtirok etgan eng shiddatli jang bo‘lgan. Dastavval ikkala tomon ham birbirlarini kamon o‘qlari bilan yakson qila boshladilar. Kamon o‘qlari tugaganidan keyin ular otlarda qilichlar bilan jangni davom ettirdilar. Jang uzoq davom etdi, hech kim yon berishni istamas edi. Oxiroqibat massagetlar g‘alaba qozondilar.
Rivoyatlarga qaraganda malika, Kirning kesilgan boshini qonga to‘ldirilgan meshga tashlashga buyruq berdi va uning shafqatsizligini qoralab shunday deydi: «sen hech qachon qonga to‘ymading, mana endi to‘yguningcha ich».
M.a. 519-518- yillarda Doro I O‘rta Osiyoning sak qabilalariga qarshi yurishni amalga oshirdi.
Bu urushda saklar fors qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchradilar va ko‘plab jangchilar halok bo‘ldilar va asir olindilar. Lekin saklar va dushman tomonidan bosib olingan boshqa xalqlar Fors bosqinchilariga qarshi qaxramonona jang qildilar. Bu haqda Shiroq to‘g‘risidagi rivoyat guvohlik beradi.
Kunlarning birida forslarning lageriga sak cho‘poni Shiroq keldi. Uning quloqlari va burni kesilgan, yuzlarida ham yaradorlik izlari ko‘rinib turar edi. Shiroq, uni qabiladoshlari shu ko‘yga solganligi va ulardan qasdini olishi kerakligini aytdi. U Fors qo‘shinlarini, uning yolg‘iz o‘ziga ma’lum bo‘lgan qisqa yo‘ldan saklar qo‘shini ortiga olib chiqishini aytdi. Cho‘lmacho‘l yetti kun yo‘l yurilganidan keyin forslar aldanganliklarini sezdilar. O‘ziga o‘lim tahdid solib turganiga qaramay Shiroq, shunday dedi: «Men g‘alaba qildim, o‘z yurtdoshlarim, saklarni o‘limdan saqlab qoldim, forslarni suvsizlikka va ochlikka duchor qildim».
Forslar bu matonatli cho‘ponni qatl qildilar, Doro I ning qo‘shinlari katta talofat ko‘rdi.
O‘rta Osiyoning erksevar qabilalari va xalqlari doimo Ahmoniylar podsholarining zulmlariga qarshi turib kelganlar. Mustaqillik uchun kurashlar natijasida xorazmliklar m.a. IV asrda Ahmoniylardan mustaqil ravishda o‘z davlatlarini tashkil etdilar. Shu vaqtdan boshlab saklar Ahmoniylarga qaram bo‘lmadilar.
So‘g‘dlar, saklar va massagetlarning yunonmakedon bosqinchilariga qarshi kurashi. Spitamen. Doro III ning o‘limidan keyin makedoniyalik Iskandar, Ahmoniylarning vorisi hisoblangan Baqtriya va So‘g‘diyonaning noibi - satrapi Bessni (Doroning qotili) ta’qib qila boshladi. Iskandar O‘rta Osiyoga yurishining rasmiy sababi Bessni jazolash, deb e’lon qildi. M.a 329 yilda Makedoniya armiyasi Baqtriya va So‘g‘diyonaga bostirib kirdi. Bu armiya besh kun ichida Oksni (Amudaryoni) kechib o‘tdi.
Mahalliy hukmdorlar Makedoniya podshosining niyatini bilib, Bessni qo‘lga olib unga yetkazdilar. Iskandar Bessni jazoladi, lekin yurishni to‘xtatmadi.
Iskandarning qo‘shini Nautaki (hozirgi Kitob hududi) orqali o‘tdi va Maroqandani (Samarqandni) egalladi. Undan keyin Makedoniya armiyasi Yaksart (Sirdaryo) daryosi bo‘ylariga chiqdi, uning qirg‘og‘ida kuchli mudofaalangan Chekka Aleksandriya shahri barpo etildi, lekin So‘g‘diyonada mustahkamlanish maqsadida, o‘z mustaqilligi uchun kurashgan shaharlar va qabilalar bilan uch yil qattiq kurashishiga to‘g‘ri keldi.
So‘g‘diyonada makedoniyalik bosqinchilarga qarshi kurashga, sak qabilalari bilan ittifoqchilikka tayangan iste’dodli sarkarda -Spitamen raxbarlik qildi. Dushmanning kichik otryadlariga va uncha katta bo‘lmagan garnizonlariga hujum qilgan So‘g‘diyona aholisi matonatli qarshilik ko‘rsatdi.
Yaksart daryosi vodiylarida joylashgan, bosqinchilarga qarshi bosh ko‘targan yettita shahar aholisi makedoniyaliklar garnizonlarini tormor etdi. Iskandarning yana boshdan bu shaharlarni qamal qilishiga to‘g‘ri keldi. Spitamen qo‘mondonligi ostidagi otryad Maroqandada makedoniyaliklar garnizonini qamal qildi. Saklar Yaksartning o‘ng qirg‘og‘ida jamlandilar. Makedoniya armiyasi qiyin ahvolda qoldi. Yaksartning o‘ng qirg‘og‘idagi shiddatli janglardan keyin saklar o‘z davlatlarining ichkarisiga chekindilar. Cho‘l bo‘ylab ularni ta’qib qilishga Iskandarning yuragi dov bermadi.