Tarix kafedrasi


“Berlin maktublari” – 1920-1923 yillar ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni o‘rganishda muhim manba



Yüklə 177,33 Kb.
səhifə9/11
tarix02.02.2022
ölçüsü177,33 Kb.
#114015
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
2.2. “Berlin maktublari” – 1920-1923 yillar ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni o‘rganishda muhim manba

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) hukumatining rahbari Fayzulla Xo‘jaev 1922 yilda noyabr oyining birinchi dekadasida Germaniya poytaxti Berlin shahriga etib borgan. Berlinda istiqomat qila boshlagan hukumat rahbari o‘z safarining beshinchi kuni xorijiy mamlakat poytaxtidan turib, Buxoro Respublikasi Markaziy firqa qo‘mitasiga “Berlin maktublari” nomi bilan maxsus xat yo‘llagan. Ushbu xat BXSR hukumatining rasmiy matbuot organi “Buxoro axbori” gazetasining (1922 yil 19 noyabr, 111-son) to‘liq bir sahifasida bosilgan80. Berlin maktublari F.Xo‘jaevning Germaniya safari davomida kuzatilgan va shaxsan guvoh bo‘lingan Evropadagi Birinchi jahon urushidan keyin yuz bergan siyosiy-ijtimoiy voqeliklarga tayanilgan holda yozilgan. Mazkur maktub «Umumiy ahvol», «Baynalminal ahvol», «Uch masala», «Ijtimoiy inqilob» kabilar bilan nomlangan to‘rt qismdan iboratdir.

BXSR hukumat rahbarining Germaniya poytaxtiga kelishi, albatta, hukumat rahbarlari va nemis matbuotiini e’tiborsiz qoldirmagan. Buxoro Respublikasi bilan Germaniyadagi Veymar burjua-demokratik Respublikasi o‘rtasida siyosiy-diplomatik aloqalar o‘rnatilmagan edi. Buxoro-Germaniya o‘zaro hamkorlik aloqalari Buxoro Respublikasining Moskva (RSFSR) shahridagi vakolatxonasi orqali amalga oshirilardi. SHuning uchun F.Xo‘jaev maktubda ta’kidlanganidek, davolanish va talabalar ahvolidan xabardor bo‘lish uchun bu mamlakatga kelganligini alohida qayd qiladi. “Men ma’lumki, Olmoniyaga tijorat ishlari bilan kelmadim. Faqat Moskvadan savdo hay’atimiz kelib etsa, bu masalada bir qadar ishlar qilar edim” - deb yozadi F.Xo‘jaev.

Germaniya davriy matbuoti esa: «Fayzulla Xo‘ja Olmoniyaga siyosiy hamda tijoriy ishlar bilan kelgan. Berlindan Angliyaga, Italiyaga, Fransiyaga, Belgiyaga, CHexoslovakiyaga va Turkiyaga boradur emish» - kabi xabarlarni bosib chiqargan.

F. Xo‘jaev salomatligini tiklash maqsadida germaniyalik malakali vrachlarga murojaat qilgan va davolanish bilan birga o‘sha davr Germaniyadagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatni chuqur tahlil qilishga ham uringan.

Birinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchragan Germaniya o‘z mustamlakalaridan mahrum bo‘lgan va Evropa bozorlaridan chetlatilgan edi. 1919 yil 31 iyul qabul qilingan, 11 avgustda kuchga kirgan Veymar81 konstitutsiyasi Germaniyada Veymar burjua-demokratik Respublikasi hukumati tuzilganligini e’lon qildi. Xalqqa demokratik erkinliklar berilib, 20 yoshga to‘lgan erkak va ayollarga umumiy saylov huquqi, referendum (umumxalq so‘rovi), xususiy mulk muqaddasligi va daxlsizligi, ko‘ppartiyaviylik asosida saylov yo‘li bilan parlament va hukumatni shakllantirish kabi tamoyillar joriy qilingandi. F. Xo‘jaev Germaniyada yuz berayotgan siyosiy, iqtisodiy va moliyaviy inqiroz tufayli monarxiyachilar va respublikachilar o‘rtasida kurashlar haqida ham mulohaza yuritgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyada 1919-1923 yillar davomida to‘rt marta hukumat o‘zgarishlari ro‘y bergandi. Filip SHeydeman (1919-1920 yillar), K. Ferenbax (1920-1921 yillar); I. Virt (1921-1922 yillar); V. Kuno (1922-1923 yillar) kabilar qisqa muddatlarda Veymar Respublikasi hukumati boshiga kelib ketdilar. Ushbu kanslerlar mamlakatdagi vaziyatni o‘nglay olmadilar. Prezident Fridrix Ebert (1871-1925; 1919-1925) hukumat rahbarlari va ularning tarkibini ketma-ket o‘zgartirishga majbur bo‘lgandi.

F.Xo‘jaev safardaligida Germaniyadagi iqtisodiy va siyosiy ahvol qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, Buxoro Respublikasida sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, kanallar chiqarishda nemis sarmoyasidan foydalanish imkoni borligini anglab etdi. “Ovro‘pa bozorlaridan quvilib, mustamlakalaridan mahrum qolg‘on olmon sarmoyasidan foydalanib... mushtarak tijorat va sanoat shirkatlari tashkil etmoq, shubha yo‘q, zarar qilmas edi”82, -deb fikr bildiradi nozir.

Versal shartnomasiga ko‘ra, Germaniya 1921 yildan boshlab g‘olib mamlakatlarga reparatsiya (tovon) to‘lay boshlaydi. Tovonning katta qismi Fransiyaga tegardi. Safar taassurotlarida G‘arbiy Evropadagi Germaniya, Avstriya, Fransiya, Angliya kabi mamlakatlarning iqtisodiy ahvoli va o‘zaro raqobati tahlil qilinadi. «Antantaning kuchli raqibi sanalg‘on Avstriya davlati poytaxt «Vena» shahridan iborat qolg‘on. Avstriyadagi pulsizlik, Olmoniyadagi ishsizlik (Olmoniyada 1,5 mln ishsiz bor) barchani sarosimaga solg‘on83»- deb yozgandi F. Xo‘jaev. Angliyada 5 milliondan ortiq ishsizlar mavjudligi, jahon bozorlarini egallashda AQSH, Angliya, Fransiya o‘rtasidagi raqobat kuchliligi haqidagi xabarning berilishi ham hukumat boshlig‘ining o‘ta sinchkovlik bilan masalaga yondashganidan dalolat berib turibdi. 120 millionli Rusiya bilan Angliya va Fransiya munosabatlarining yomonlashuvi ularga qimmatga tushdi. Bu ikki mamlakat muhim xom ashyo bazasi va sanoat mahsulotlari sotadigan bozorlaridan ajralib qolganligi ham e’tibordan chetda qolmagan. F. Xo‘jaev Evropa siyosatida uch masala: Rusiya masalasi, Turkiya masalasi, Angliyaning Turkiyaga qarshi kurashda YUnoniston orqali SHarq siyosatini yuritish masalasi kabilar muhimligini ta’kidlaydi. Angliya-Fransiya ziddiyatlari haqida fikr yuritar ekan u : «Fransiya olmon puli bilan (tovon bilan) quvvatlanib ketmog‘idan qo‘rqqan Angliya va Italiya davlatlari har vaqt Fransiyaning Olmoniyani talamog‘iga mone bo‘lishga tirishadurlar... Fransiya Olmoniyani talamoqqa tirishsa, 2-tarafdan Angliya ham yuqoridan siyosat bilan Ovro‘pa va Olmoniyani Fransiyaga raqib qilib yasatmoqqa tilaydur»- deb hisoblaydi F.Xo‘jaev

Birinchi jahon urushidan so‘ng sobiq ittifoqchi davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar sababi, ularning maqsadlari zukko siyosatdon tomonidan aniq ochib berilgan. Berlinda yozilgan maktubdagi Turkiya Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlari ustidan xalqaro nazoratni o‘z qo‘liga olgan taqdirda, taraqqiyoti tez rivojlanishi va iqtisodiyoti tiklanishi bilan bog‘liq fikr-mulohazalar ham qimmatlidir. Bu huquqni esa Turkiya Respublikasi keyinchalik, 1936 yilda SHveysariyadagi Montryo shahrida bo‘lgan Evropa mamlakatlari anjumanida qo‘lga kiritdi.

Evropada hayot tarzi SHarq dunyosidan balandligi, aholiga moddiy va maishiy jihatdan shart-sharoit yaratib berilganligi kabi masalalar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Evropada «Mardikorlarning ahvollari yuqori darajada, ya’ni o‘zining ishida mutaxassislari, ul vaqtlarda, bizlarning do‘kondor va chitfurushlardan (savdogarlardan) ham yaxshi bo‘lib, hozirda umumiy iqtisodiy buzg‘unliklar (iqtisodiy inqirozlar) natijasida bir oz yomon holatg‘a qolg‘on bo‘lsalarda, yanada ishlab o‘z ahvollarini yaxshi qilmoq umididadurlar».

F.Xo‘jaev Evropadagi ishchi va xizmatchilarning iqtisodiy hayoti Buxoro Respublikasidagi baqqol va savdogarlardan ham ustun ekanligiga e’tiborni qaratar ekan, qoloqligimizni tugatishning asosiy omili - sanoat va qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiya bilan qurollantirishdadir, degan haqli xulosaga keladi.

Germaniya safari maktuboti so‘nggida nozir o‘zining shaxsiy ahvoli, sog‘lig‘i haqida ma’lumot beradi. Germaniya tabiblari unga uch hafta davomida muolaja olishni taklif qilganlar. Tibbiyot xodimlarining ba’zilari boshqa shaharlarda bo‘lganligi uchun F. Xo‘jaev Berlin atrofidagi bir qator shaharlarda ham bo‘lgan. Biroq ushbu shaharlarning nomlari safar xotiralarida qayd etilmagan.

«Buxoro axbori» gazetasining xabaricha, 1922 yil noyabr oyi oxirgi kunlarida (29-31 noyabr bo‘lsa kerak) F. Xo‘jaev Moskvada (Rossiya) edi. Demak, Buxoro Respublikasining hukumat boshlig‘i Germaniyada ikki yarim-uch hafta davomida yashagan va davolangan.

Fayzulla Xo‘jaevning Germaniya safari izsiz ketmadi. O‘ta ziyrak va sinchkov bo‘lgan BXSR hukumati rahbari 1920 yilning boshlarida Evropa siyosatidagi eng muhim nuqtalarni o‘tkir siyosatdan sifatida tahlil qildi. Qolaversa, Germaniya safari va taassurotlari asosida yozilgan “Berlin maktublari” xabarnomasi XX asr dastlabki o‘n yilliklaridagi Evropa tarixini atroflicha o‘rganishda muhim manba sifatida ahamiyatga molik ekanligini e’tirof etmoq joizdir.


Yüklə 177,33 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin