Rus tili va u orqali Yevropa tillaridan so‘zlarni kalkalab olish. Har bir til lug‘at tarkibini yangi so‘zlar bilan boyitishda kalkalash ham muhim o‘rin tutadi. Kalkalash orqali sodda so‘zlar bilan birga qo‘shma so‘z hamda birikma shaklidagi terminlar ham hosil qilinadi. O‘zbek kitobatchilik terminologiyasi tarkibiga kiruvchi termin (so‘z)larning muayyan qismi kalkalash yo‘li bilan o‘zlashgandir. Chunki terminologiyada kalkalashning o‘ziga xos o‘rni bor. Shu o‘rinda kalka (fran. calque – nusxa, taqlid, ingl.translation loan-word, nem. Abklatsch, Übersetzungslehnwort) so‘zixususida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Tilshunoslikda kalkalashga bo‘lgan qiziqish u qadar uzoq tarixga ega emas. Buni kalka so‘zining termin sifatida keyinroq muomalaga kirganligi ham tasdiqlaydi. Lekin, ba’zi olimlarning fikricha, kalkalashning leksik hodisa sifatida «payqab qolinishi» unga bu nomning berilishidan ancha oldin sodir bo‘lgan. Xorijda kalka so‘zining termin sifatida ilk qo‘llanilishi XIX asr oxiri XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Uni ilmiy termin sifatida frantsuz tilshunos olimi Sh. Balli birinchi bo‘lib muomalaga kiritgan. Unga ko‘ra, horijiy tildan olingan namunaga ko‘ra g‘ayriixtiyoriy (mexanik) ravishda yasalgan so‘z va iboralar kalkalar deb atalgan. Agar Sh. Balli faqat kitobiy kalkalar haqida fikr yuritgan bo‘lsa, B. Unbegaun kalkalashning tillarning o‘zaro munosabat tipiga ko‘ra sodir bo‘lishi (kalka tushunchasi orqali har doim bilingvizmni nazarda tutish) haqida munozara yuritadi. Shuningdek, B. Unbegaun kalka maqomini belgilashda kalkalashning tom ma’noda nemis tilidagi Lehnübersetzung (o‘zlashma-tarjima) yoki Übersetzungsentlehnung (tarjima-o‘zlashma) deb nomlanishlari bilan mos kelishini, bunga ko‘ra, kalkalash jarayoni mohiyatan so‘z o‘zlashtirish va uni tarjima qilish printsiplariga asoslanganini aytadi. Haqiqatan ham, kalkalash, o‘zlashtirish va tarjimalash tushunchalarining mazmunan bir-birlariga yaqinligi shubhasizdir. Chunki ular orqali boshqa tillardan so‘z olishning uch imkoniyatidan unumli foydalanishga yo‘l ochiladi. So‘z olishga imkoniyat yaratuvchi bu uch usulni umumiy holda so‘z oluvchi tilda xorijiy leksemaning lekvivalentlarini vujudga keltirish deb qabul qilishimiz mumkin. Bunda ekvivalent ikki xil xarakterda bo‘ladi: birinchi turida o‘zlashtirayotgan tildagi so‘z ayni shu tilga oid morfemalardan quriladi, ikkinchi turida esa, transliteratsiyalangan, ya’ni boshqa tildagi leksemaning alfavit harflari o‘zlashtirayotgan tildagi alfavit harflar bilan ifodalangan leksik birliklardan iborat bo‘ladi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tili leksikasining boyishida kalkalash yo‘li bilan so‘z hosil qilishning muhim o‘rni bor. Kalkalash yo‘li bilan o‘zga tilga mansub so‘z namunasi (andozasi) asosida o‘z til materiali bilan yangi so‘z hosil qilinadi. Demak, kalkalash yo‘li bilan yangi so‘z hosil qilinar ekan, bu ham tilning ichki imkoniyatlari asosida so‘z yasalishi hisoblanadi. Ba’zi ishlarda «kalkalash yo‘li so‘z yasash usuliga kirmaydi. Chunki kalkalashda so‘zning qismlari boshqa til modeliga mos ravishda tarjima qilinadi, ular sun’iy tarzda birikadi» tarzidagi fikrlar ham mavjud (Tursunov U. va boshq. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. – T.: O‘zbekiston, 1992. – B. 204).