Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari va dolzarb muammolari Ishdan maqsad



Yüklə 21,29 Kb.
səhifə1/2
tarix16.01.2023
ölçüsü21,29 Kb.
#122269
  1   2
Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari va dolzarb muammolari I


Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari va dolzarb muammolari
Ishdan maqsad: Metafizikadan farqli o‘laroq, dialektikaning borliq va ongning rangba-rang xususiyatlarini har doim o‘zaro aloqadorlik, bog‘liqlikda olib o‘rganilmog‘i lozimligini ko‘rsatishi hamda turli fanlarning tadqiqotchilariga narsa va hodisalarning mohiyatini ochib berishga xizmat qila oladigan umumiy gnoseologik qonun va kategoriyalarni tavsiya etishi; buning, o‘z navbatida, turli fanlarda bo‘lgani kabi, tilshunoslikda ham inqilobiy burilishni yuzaga keltirganligi. O‘zbek tilshunosligida ilk empirizm va uning metodologiyasi. Bilim. Bilish a'zolari. Irsiy bilim. Hissiy bilim. Aqliy bilim. Ruhiy bilim. Empirizmning yutuqlari. Namoyandalari. Muammolari. Istiqbollari. Dialektik mantiq – nazariy bilimlar metodologiyasi. Dialektika tamoyillari va ularning mazmun mohiyati haqida mustaqil ilmiy xulosa chiqara olish.
Masalaning qo‘yilishi: Tinglovchi berilgan savollarga javob berishi va natija olishi lozim.
Ushbu amaliy ish davomida quyidagilarni bajarish lozim:

  1. Insoniy faoliyat strukturasi masalasi bo‘yicha savol-javob.

  2. Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari va dolzarb muammolariga bag‘ishlangan matnni keys stadi metodi asosida tahlil qilish.

  3. Dialektik metodologiya masalasi yuzasidan debat.

  4. Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari va dolzarb muammolarini tavsiflash.


Matn
Har qanday fan taraqqiyoti muayyan bosqichlardan iborat bo‘lib, keyingi bosqich oldingi bosqich bag‘rida uning vorisi sifatida dunyoga keladi. Oldingi bosqich yo‘l qo‘ygan kamchiliklarga tanqidiy baho bergan holda, bunday kamchiliklarni bartaraf qilishga yordam beradigan tadqiqot metodologiyasi va metodlarini qidirishga harakat qiladi.
XX asrning oxirgi choragi va XXI asr boshlaridagi o‘zbek tilshunosligi ham ana shunday jarayonni o‘z boshidan kechira boshladi, Ayyub G‘ulom asos solgan o‘zbek ilmiy tilshunosligi yutuqlarini e'tirof etgan va unga tayangan holda, o‘zbek tilining ichki struktur belgilarini yoritishga yordam beradigan yangi tadqiqot metodlarini qo‘llashga intilish kuchaydi. Bunga shu davrda ro‘y bergan sotsiolingvistik jarayon qulay imkoniyat yaratdi. Sobiq sovet imperiyasining kuchsizlanishi va bu imperiya tarkibiga zo‘rlik bilan birlashtirilgan milliy respublikalarda milliy o‘z-o‘zini anglash hissining kuchayishi har bir respublikada davlat tili uchun kurashish harakatining boshlanishiga, ayni paytda, tilshunoslik fanida ham shu kungacha amalda bo‘lgan tadqiqot metodlariga shubha bilan qarash kayfiyatining tug‘ilishiga sababchi bo‘ldi.
Xususan, sho‘rolar davrining 50-60-yillarida dunyo tillarining o‘zaro yaqinlashib, oxir oqibat yagona bir tilga aylanishi haqidagi stalincha til siyosatining hukm surishi, bunday siyosatning Stalindan keyin ham davom ettirilishi, shuning uchun SSSR tarkibidagi barcha tillarda umumiy leksik fondni kengaytirib borish tillarning asosiy taraqqiyot qonuni bo‘lishi kerakligi haqidagi qarashlar hukm surdi. O‘tish davrida milliy o‘zlikni anglagan ziyolilar o‘rtasida ana shunday til siyosatiga katta e'tiroz uyg‘ondi.
Ikkinchi tomondan, yuqoridagi til falsafasi tamoyillariga sig‘magan lingvistik yo‘nalishlarning barchasini 60-yillarga qadar burjua lingvistikasi deb e'lon qilindi va dunyo tilshunosligi qo‘lga kiritgan yutuqlarining, yangi-yangi tekshirish metodlarining kirib kelishiga yo‘l qo‘yilmadi1.
O‘tgan asrning 80-yillarida umumiy va roman tilshunosligi bo‘yicha yirik mutaxassis, Moskva davlat universiteti professori R.A.Budagov yangidan kuch olayotgan «matn lingvistikasi»ni hyech qanday tilshunoslikka aloqasi yo‘q, istiqbolsiz soha ekanligini isbotlashga chinakamiga kirishdi. Uning fikricha, «qattiq mehnat evaziga mustaqil fan sifatida ajralib chiqqan tilshunoslikning» yana qaytadan til tizimiga oid bo‘lmagan hodisalar bilan qiziqishi uni boshqa fanlar bilan qorishib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin ekan (Budagov 1980: 85-86). Bilmadim, o‘z gumonini maqolaning sarlavhasidayoq bayon etgan («Matn tilshunosligi qay darajada tilshunoslik?») Ruben Aleksandrovich pragmalingvistika haqida nima degan bo‘lar edi? Lekin uning matn lingvistikasini chilparchin qilish maqsadida keltirgan izohlari olimning pragmalingvistik g‘oyalarni puchga chiqarishga tayyorligining mantiqiy dalilidir. Bu vazifani R.A.Budagovning «materialistik tilshunoslik» targ‘iboti borasidagi sodiq safdoshi MDUning yana bir professori O.S.Axmanova o‘z shogirdlari bilan bajarishga urinib ko‘rganligini ham fanga ma'lum.
Agarda tilshunoslikning mustaqilligini uning sofligi, ya'ni sof lisoniy hodisalar tadqiqi bilan mashg‘ul bo‘lishi mazmunida tushunsak, unda tilshunoslikni faqatgina til qurilmasi tuzilishining tavsifi bilan shug‘ullanuvchi fan sifatida e'tirof etishga majbur bo‘lamiz. Ammo bunday majburiyatni kim bizga zo‘rlamoqda?! Insonning voqyelikni bilishga ehtiyoji o‘sib boradi. Lison ham voqyelik, u voqyelikdagi mavjud hodisa. Shunday ekan, til qurilmasi ne sababdan u yoki bu tuzilishni olishini yoki ushbu qurilma mexanizmlarini harakatga keltiruvchi energiya – kuchning manbai qaerda ekanligini, umuman lisoniy qurilmaning qanday va nima maqsadda «ishlatilishini» bilishga qiziqmaymizmi?!
So‘zsiz, dunyoni bilish faoliyati tasnif va tavsifsiz kechmaydi. Tasniflash harakati – inson bilish faoliyatining muhim amalidir, zero, voqyelikni idrok etish niyatidagi shaxs dastlab ushbu voqyelikni boshqasiga qiyoslaydi va uning umumiy, xususiy belgilarini topish yo‘li bilan ma'lum turga kiritadi. Lisoniy hodisalarni bilish istagi ham aynan tasniflash harakatidan boshlanadi. Lisoniy birliklarning tuzilishini bilishda murojaat etiladigan dastlabki amallardan biri ham formal-mantiqiy tasniflash amali bo‘ldi. Ammo bu amalga tovush va grammatik tizimlar oson «bo‘ysunishgan» bo‘lsa, lisoniy semantik hodisalarning unga «bosh egishi» o‘ta qiyin kechdi. Natijada, lingvistika «qarama-qarshiliklar» qiyosiga asoslangan struktur uslubli tasnifdan tilni harakatdagi tizim sifatida tasavvur etish g‘oyasini targ‘ib etuvchi tizimlashtirishga o‘tishga majbur bo‘ldi. Biroq har ikkala holda ham tilshunoslik empirik tahlil doirasidan chiqib keta olmadi va uning asosiy tadqiq ob'ekti bevosita idrok etiladigan lisoniy struktura hamda grammatika va lug‘at hududidan joy olgan ma'lumotlar bo‘lib qolaverdi. Bu hudud chegarasidan chetga chiqish hamda empirik kuzatish tajribasidan bir oz bo‘lsa-da chekinish «nolingvistik», hatto «noilmiy» tamg‘alarini olishi ham hyech gap emas edi.
Borliq haqidagi tizimiy, metodologik va tanqidiy bilimni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan faoliyat bo‘lgan fan faqatgina empirik kuzatish bilan cheklanib qolmasligi aniq bo‘ldi. To‘g‘ri-da, bilish faoliyati bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan faoliyatdir, u zohirdagi xususiyat, munosabatlardan botindagi mazmun-mohiyatga qarab yo‘l oladi. «Sharq Arastusi» nomini olgan Abu Nosir al-Forobiy «Kitob – al xuluf» asarida bilish harakati ikki yo‘nalish olishini va ulardan biri «bevosita sezishga yaqin turgan maqsadni, ikkinchisi esa ongli idrokka yaqinligini» oldingi o‘ringa qo‘yishini qayd etgan edi. Undan to‘qqiz asr keyin yashagan Georg Gegel (Hegel) 1807 yilda nashr qildirgan asari «Phanomenologie des Geistes» «Ruh fenomenologiyasi» asarida bilish faoliyatining ko‘p bosqichli ekanligi haqidagi fikrni takrorladi va bu faoliyatni haqiqat yashiringan, botinga qarab tushadigan zinapoyaga o‘xshatdi. Darhaqiqat, bilish faoliyatining ko‘zlagan maqsadi va tutgan yo‘li voqyelik hodisalarini kuzatib tavsiflashdan tashqari, ularning mohiyatini idrok etishdir.
Lison inson mavjudligini, uning ijtimoiy tajriba-faoliyatini ta'minlovchi hodisadir. Demak, lison tadqiqi bilan shug‘ullanayotgani kimsa beixtiyor o‘zini bilish bilan mashg‘uldir, zero, lisoniy faoliyat hodisasining mohiyati – uning ijrochisi – shaxs va ushbu shaxsning ijtimoiy, shaxslararo munosabatga kirishishi bilan belgilanadi.
Fenomenologiya ruhidagi g‘oyalar til haqidagi fanning sistem tilshunoslik, funksional tilshunoslik kabi sohalariga qisman bo‘lsa-da, o‘z ta'sirini o‘tkazib kelayotgan edi. Uning ta'siri, ayniqsa, G.Giyom va A.A. Potebnya ta'limotlarida sezilarlidir. Binobarin, lisoniy faoliyat jarayonida bilish va ijodiy yaratish maqsadlarining qay yo‘sinda «omuxta» bo‘lishi hamda shu asosda insonning voqyelikni qanday o‘zlashtirishi muammolari ustida bosh qotirgan A.A.Potebnya lisoniy belgilarning qo‘llanishidagi shakl va mazmun mutanosibligi inson tafakkur faoliyatining qonuniyatlari bilan bog‘liq ekanligi haqidagi fikrni muhokamaga tashlaydi. Ukrain tilshunosi ko‘pchilik bildirayotgan «so‘z fikrni ifodalash va uni boshqalarga uzatish uchun kerak» qabilidagi g‘oyaning noto‘g‘ri ekanligini quyidagilar bilan izohlamoqchi bo‘lgan edi. Uningcha, so‘zning har bir qo‘llanishi yangi fikrning yaratilishidir va bu yangi fikr tafakkurdagi oldingi zahiralarning yangi tasavvur, yangi savollar asosida qayta guruhlanishi va o‘zgartirilishi natijasidir. «Shunga binoan, - deb yozadi A.A.Potebnya, - so‘z tayyor fikrni ifodalovchi va uzatuvchi vosita sifatida talqin qilinmasligi lozim; u dastlabki o‘rinda fikrlovchining o‘zi uchun kerak, chunki bu o‘zgarishlarni so‘z uning o‘zida hosil qiladi»2. So‘zning fikrni uzatish vositasi bo‘la olishini faqatgina uning tinglovchini oldin so‘zlovchi bajargan mental faoliyatni takrorlash hamda o‘z aqliy zahiralaridagi materialdan foydalangan holda, o‘xshash fikr yaratishga undashida ko‘rish mumkin. «So‘zlash o‘z fikrini o‘zgaga yetkazish bo‘lmasdan, balki unda uning o‘zining fikrini uyg‘otishdir» (O‘sha asar: 15).
Qisqasi, tilshunoslik empirik tahlilni bilishning boshqa g‘oyalari va amallari bilan boyitishga uzoq tayyorgarlik ko‘rdi. Bunday tayyorgarlik, izlanishlar zoe ketmadi, o‘tgan asrning oxiri tilshunoslik taraqqiyotida o‘ziga xos yangi bosqich, yangi rivojlanish davri bo‘ldi. Shu davrda empirizm, fenomenologiya, konstruktivizm kabi falsafiy g‘oyalarni o‘zida jamlagan metodologiyaga asoslangan lisoniy tahlil yo‘nalishlari yuzaga keldi3.



Yüklə 21,29 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin