Dalillar yig‘indisi deganda, hodisalar va faktlarning haqiqiy bog‘liqligini to‘g‘ri aks ettiradigan, o‘zaro kelishgan va ichki bog‘langan dalillar tizimi tushuniladi.
Xususan, dalillarni baholash quyidagilarni aniqlash uchun amalga oshiriladi:
1) mazkur faktdan ish bo‘yicha sudda dalil sifatida foydalanish mumkinmi, bu protsessual qonunga, isbotlash prinsiplariga zid emasmi;
2) mazkur dalil yoki dalillar yig‘indisi ishga taalluqlimi;
3) mazkur dalil ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan qanday bog‘liqlikda, bu bog‘liqlikning xususiyati va ahamiyati qanday;
4) mazkur dalilning va dalillar yig‘indisining haqiqatni aniqlash uchun ahamiyati qanday, dalillar yig‘indisi ish taqdirini belgilash u yoki bu protsessual qaror qabul qilish uchun yetarli asos hisoblanadimi;
5) mazkur dalildan kelgusi sud jarayonidagi isbotlashda qanday foydalanish mumkin.
Dalillarni baholash – ularning har biri qay darajada aniq belgilanganligini, jinoyat hodisasi va boshqa dalillar bilan qanday o‘zaro bog‘liqlikda ekanligini, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan aynan qaysi faktni aniqlayotganligini yoki rad etayotganligini hamda ish bo‘yicha to‘plangan barcha dalillar nimadan dalolat berayotganini aniqlash demakdir.
Dalillarni baholash jinoyat-protsessual isbotlashning tuzilmaviy elementlaridan biridir. Jinoyat-protsessual isbotlash esa, o‘z navbatida, jinoyat-protsessual faoliyatning o‘ziga xos shakllaridan biridir. Demak, dalillarni baholash jinoyat protsessining barcha prinsiplariga tayanadi. Dalillarni baholash isbot qilish jarayonining boshidan to oxirigacha kuzatiladigan faoliyatdir. Dalillarni to‘plash va tekshirish bosqichida ham dalillarga shartli ravishda baho berib boriladi, yakuniy baholash ish yuzasidan yaxlit xulosaga kelib uni protsessual qarorda aks ettirishda namoyon bo‘ladi.
Qonunga binoan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ishdagi barcha holatlarni sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona ko‘rib chiqishga asoslangan holda qonunga hamda huquqiy ongga amal qilib o‘zlarining ichki ishonchlari bo‘yicha dalillarga baho beradilar.
Ichki ishonch baholash natijasi, yakuni sifatida – kishining shunday holatiki, u mavjud dalillar yig‘indisidan, tizimidan kelib chiqadigan yagona xulosa mavjudligini bildiradi.
Dostları ilə paylaş: |