7.3. So‘roq qilishning umumiy shartlari (Mualliflar – yuridik fanlar nomzodi N.M.Qo‘shaev, o‘qituvchi A.R.Matmurotov)
So‘roq qilish –dalil to‘plashning jinoyat ishini yuritishda eng keng tarqalgan tergov harakati bo‘lib, bir shaxsdan (guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi va ayblanuvchidan (sudlanuvchidan)) og‘zaki ma’lumotlar olish va mustahkamlash maqsadida amalga oshiriladi.
So‘roq qilish jinoyatni ochishda ham asosiy usullar bo‘lib xizmat qiladi. Tergov amaliyotida biror-bir ochilgan jinoyat ishi yo‘qki, unda so‘roq qilish tergov harakati o‘tkazilmagan bo‘lsa.
So‘roq qilish tergov harakatining ahamiyati shundaki, jinoyat izlari sifatida qolgan va moddiy dunyoning inson ongidagi in’ikosidan isbot qilishda foydalaniladi. So‘roq qilish orqali tergov harakatini o‘tkazuvchi shaxs so‘roq qilinuvchidan muayyan holat yuzasidan ma’lumotni olishi va fikrini bilishi mumkin bo‘ladi. Qolaversa, ushbu tergov harakati so‘roq qilinuvchiga jinoyat ishi yoki uning muayyan holati yuzasidan bilganlarini boshqalarga ma’lum qilish va munosabatini bayon qilish imkonini beradi.
So‘roq qilish o‘zining tashqi ko‘rinishidan o‘xshash bo‘lgan harakatlar: tushuntirish talab qilish yoki olish, og‘zaki arizani qabul qilish (ya’ni dalil to‘plash usuli hisoblanmagan boshqa protsessual harakatlar) va fuqarolar o‘rtasida so‘rov o‘tkazish, ma’lumotlar to‘plash (tezkor-qidiruv choralari)dan mazmuniga ko‘ra farq qiladi.
Dalillar to‘plashning mazkur usuli jinoyat protsessining turli ishtirokchilariga nisbatan o‘tkazilishi va uni o‘tkazishda jinoyat protsessual qoidalar, shu bilan birga turli milliy va xalqaro normalarni bevosita qo‘llash zarurligi uchun uni amalga oshirishning umumiy qoidalari belgilangan (Jinoyat-protsessual kodeksi 96–108-moddalar).