Protsessual harakat – jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning jinoyat protsessi ishtirokchilariga, ko‘p hollarda esa boshqa shaxslar va muassasalarga ham qaratilgan hokimiyat irodasini aks ettiradigan faoliyatidir.
Protsessual harakatning ahamiyati – ularning asosida yuzaga kelgan jinoyat-protsessual munosabatlar sababli ko‘p hollarda mazkur organlar va jinoyat-protsessual faoliyatning boshqa ishtirokchilari huquq normasini bajaradilar, qo‘llaydilar hamda ularga rioya etishida namoyon bo‘ladi.
Jinoyat huquqi va jinoyat-protsessual huquqining alohida normalarini qo‘llash jarayoni jinoyat-protsessual va jinoyat huquqining boshqa normalarini ularga rioya etmasdan bajarish mumkin emas, chunki huquq normalari faqat huquq tizimidagina amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2004-yil
24-sentabrdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 12-son qarorida sudlar har bir jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv, tergovni olib borish, shuningdek, sud muhokamasi davrida jinoyat-protsessual qonunining isbot qilishning umumiy shartlariga oid talablariga rioya qilinganligini sinchiklab tekshirishlari va yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlari hollari yuzasidan munosabat bildirishlari shartligi belgilangan.
Jinoyat-protsessual va moddiy huquq normalarining qo‘llanilishi doimo protsessual qarorlar qabul qilish, protsessual hujjatlarni chiqarish orqali rasmiylashtiriladi. Huquq normalarini bajarish jinoyat-protsessual hujjatlari, yuqorida ko‘rsatib o‘tganimizdek, bir vaqtning o‘zida u yoki bu jinoyat-protsessual harakatning jinoyat-protsessual shaklining ajralmas tarkibiy qismi hamda mustaqil hujjat bo‘lishi mumkin.
Protsessual harakat – jinoyat protsessining vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan va qonunda belgilangan protsessual shaklga rioya etgan holda jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan chiqariladigan protsessual hujjat bilan rasmiylashtiriladigan, muayyan vazifani bajarilishini ta’minlaydigan yoki uni bajarishga qaratilgan faoliyatdir.