portal.guldu.uz-“O’ZBEK MUMTOZ ADABIYOTI TARIXI” fanidan o’quv-uslubiy majmua
"Shaxzoda Husayn haqida doston".Bu dostondagi voqealar Karbalo cho’lida davom etadi. Hikoya qilinishicha, Muhammadning keyingi nabirasi Husayn o’z oila a’zolari va tarafdorlari bilan Karbalo cho’lidan o’tayotganda raqibi Yazid boshchiligidagi lahskar qurshovida qoladi. Jazirama issiqda charchab, bir qultum suvga ilhaq bo’lgan qurshovdagilar ortiq chidab tura olmy dushman xalqasini yorib chiqish uchun janga tushib ketadilar. Hasanning o’gli Qosim va Aliakbar, inisi Abbos va boshqalar qanchlik jonbozlik ko’rsatmasinlar, baribir dushmanning zarbalari va suvsizlik ularni holdan tuydirib, safdan chiqaradi. Nihoyat, Husayn tashnalikdan chinqirab yig’layotgan o’g’li Aliasqarni ko’tarib, dushmanlari yoniga borib, suv so’rashga majbur bo’ladi. Lekin Yazidning rahmsiz kishilari bolani nayza sanchib o’ldiradilar. Shundan keyin Husayn majolsiz xotini va ayollar bilan vidolashib, dushman lashkariga tashlanadi. Duch kelganini chopadi, o’ldiradi va nihoyat o’zi ham halok bo’ladi.
Shoira Uvaysiy bu dostonda ham behuda nizo va adovatlarnng katta fojealar bilan tugashini ko’rsatadi va ularni qoralaydi. Shoira o’z fikr-mulohazalarining kitobxonga tez anglashilishi uchun soda va qulay ifodalar qo’llaydi. Voqealarning mazmuniga mos keladigan xilma-xil she’riy formalar (masnaviy, g’azal, marsiya, musaddas va b) da yaratilgan bu asar tilida kiyan, chekan, biza, siza kabi so’zlarning qo’llanilishi unda ozorbayjon tili elementlarining ta’siri borligini ko’rsatadi. Chunonchi, Husaynning inisi Abbos jasadi ustida aytgan quyidagi marsiyada bu xususiyat yaqqol ko’zga tashlanadi:
Bukun ichgan oshim, ey do’stlar, qoni jigardandur, Judolig’ otashin birlan chekkan ohim sharardandur. Kiyan to’nim kafandandur, yegan oshim zahardandur, Senga bundoq balolarkim ajal otliq kafandandur. Bu mehnatlar biza, Abbos, charxi kinavardandur, Shahodat sharbatin no’sh aylamoqjomi kafandandur. Ko’rib Abbos holing, charxdin dod aylamay naylay, Korib qo’lsiz tannin, dod ila faryod aylamay naylay. Bu g’am o’zgacha qattiq, nola faryod aylamay naylay, Fano tufrog’ida jismimni barbod aylamay naylay. Bu mehnatlar biza , Abbos, chaxi kinavardandur, Shahodat sharbatin no’sh aylamoqjomi kafandandur. Bu fakt Uvaysiyning ozorbayjon adabiyotiga, ayniqsa, Nasimiy va Fuzuliy , Vidodiy va Voqif kabi shoirlar ijodiga ko’proq murojaat qilganini, ulardan o’rgangani va ta’sirlanganini tasdiqlaydi.
Shuni ham uqtirib o’tish kerakki, Uvaysiyning Hasan va Husayn haqidagi dostonlari, garchi o’sha davrdagi dostonnavislikning rivoji uchun ma’lum darajada yordam brgan bo’lsa ham, lekin ular shoira "Devon"idagi lirik she’rlarga nisbatan ancha zaifdir. Buni yuqoridagi marsiyaning ba’zi masralarida ko’rub, dod, faryod so’zlarining ikki martadan takrorlanishida ham payqab olish mumkin. Bundan tashqari, baytlar qofiyasidagi jigardandur, sharardandur, kinavardandur, jomi kadardandur kabi so’zlar ham Fuzuliy, Ravnaq, Nishotiy va boshqa shoirlar tomonidan takror- takror qo’llangan.
Bu holni ko’p sabablar bilan, jumladan, shoira hayotining og’irligi, uning boshiga tushgan musibatlarning ko’pligi, pessimistic katfiyatlarga berilganligi bilan hayotga ta’sir o’tkazish, odamlarni to’g’rillikka da’vat etish uchun real haqiqaydan uzoq bo’lgan diniy temalarga murojaat etish, payg’ambarzodalar voqeasini o’z davri hodisalariga zo’rma-zo’raki bog’lab, shu voqealardan ibrat olishga da’vat etganligi bilan izohlash mumkin.
Xullas, Uvaysiy o’z ijodidagi qarama-qarshiliklardan, umidsizlik kayfiyatlaridan qat’I nazar, o’z davrining yuksak darajasidagi shoirasidir. Uning xalq hofizlari repertuaridan o’rin olgan g’azallari o’tmishdagi "dard ahli"ning taronalari sifatida yuksak g’oyalar qurboni bo’lgan xotin-qizlarning xasratomuz kuylari sifatida o’z qimmatini sira yo’qotmaydi.
Mehnatu alamlarga mubtalo Uvaysiyman, Qayda dard eli bo’lsa, oshno Uvaysiyman,- deb yozgan shoira butun qalamkashlik umri davomida "dard eli" bilan birga bo’lgan va o’zining ham , elining ham azob-uqubatlardan halos etish orzulari bilan jo’shib qalam tebratgan.