Pedagogik psixologiyaning metodlari. Pedagogik psixologiya o‘z predmetining mazmuniga qarab umumiy psixologiyada amal qiladigan ko‘pgina metodlardan foydalanadi. CHunki zarur bo‘lgan dalillarni qidirish, ularni sodir bo‘lish sabablarini aniqlash va isbotlash turli hil metodlar vositasida bajariladi.
Qaysi metoddan foydalanishdan qa’tiy nazar bu metodlar faqat xususiy ilmiy tadqiqot ishlari uchungina emas, balki amaliy ta’lim-tarbiya maqsadlarida bolani chuqurroq o‘rganishni tashkil qilish uchun muhimdir. Ta’lim –tarbiya ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish uchun pedagogik psixologiyada qo‘llaniladigan tadqiqot metodlari o‘quvchilarning individual psixologik xususiyatlarini, tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishda eng maqsadga muvofiq va eng samarali metodlarni tanlashga asos bo‘ladigan o‘quvchilar shaxsining o‘ziga xosligini yaxshi bilish lozim Pedagogik psixologiyada qo‘llaniladigan metodlar ham psixologiya fanining tamoyillari va usullariga qo‘yilgan talablarga rioya qilishi maqsadga muvofiqdir.
1.O‘rganish lozim bo‘lgan har bir jarayon, holat va xususiyatlarni bir-biriga bog‘lab tekshirish lozim. Har bir o‘rganiladigan psihik hodisalarni nerv-fiziologik asoslardan, yoki xotirani diqqatdan, idrokni tafakkurdan ajratib o‘rganish yaramaydi.
2. Tekshirilayotgan psixik hodisalarni rivojlanish qonuniyatlarini bilmasdan turib uni har tomonlama o‘rganish mumkin emas. SHuningdek, turli yoshdagi bolalarning psixik rivojlanish xususiyatlarini bilmasdan turib o‘rganilayotgan yosh davrning o‘ziga xos xususiyatlarini tushintirib berish ham, tavsifnoma berish ham mumkin emas.
3. Tekshirish jarayonida kishining butun psixikasida, ongida aks etadigan jamiyatning moddiy negzi undagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar bilan birgalikda o‘rganiladi.
4. Pedagogik psixologiya murakkab psixik taraqqiyot qonuniyatlarini o‘rganishda narsa va hodisalarning sababiy bog‘lanish tamoyiliga asoslanadi.
5.Ta’lim-tarbiya jarayonida psixik hodisalarning miqdor o‘zgarishlarni sifat o‘zgarishlarga o‘tishi va bir sifat holatining ikkinchi sifat holatiga o‘tishini kuzatib borish lozim. Masalan: o‘quvchi psixikasining taraqqiy etishini o‘rgana turib, bilim olish, tajribalar to‘plash jarayonida o‘quvchining bilish qobilyatini bilish ya’ni: xotira, tafakkur, fikr yuritishdagi sifat jihatidan o‘zgarishini bilib olsa bo‘ladi.
6. Pedagogik psixologiya o‘rganishi lozim bo‘lgan jarayonni ob’ektni tajribadan, psixik hayot faktlarini aniqlash va tahlil qilishdan boshlashi lozim. CHunki bu psixik hayot qonuniyatlarini ochish va tegishli nazariy va amaliy xulosalar chiqarish imkoniyatini beradi.
7. Ta’lim-tarbiya jarayonida qaysi psixik hodisani o‘rgansak ham bola o‘zini kuzatilayotganini, tekshirilayotganini sezmasligi kerak. Aks holda bola o‘zini noqulay sezadi, yo o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatishga, yoki qo‘rqib, uyalib, tortinib o‘zini erkin tuta olmaydi. Bu esa kuzatish, tajriba natijalarini buzilishiga olib keladi.
8. O‘quvchilarni jamoada va jamoa a’zosi sifatida o‘rganish lozim, ya’ni ayrim o‘quvchini o‘rganish jamoa xususiyatlarini o‘rganish bilan birga olib borilishi kerak.
9. Kuzatishlardan yaxshi natija olish uchun, shaxsning hislatlari turli xilda nomoyon bo‘lishini nazarda tutib, ularni doimiy ravishda, reja asosida kuzatish lozim.
Pedagogik psixologiyada ham umumiy psixologiyaning asosiy va yordamchi metodlardan foydalaniladi. Asosiy metodlarga kuzatish va eksperiment metodi kirsa, yordamchi metodlarga suhbat, faoliyat mahsulini o‘rgatish, anketa, test va boshqa metodlar kiradi.
Kuzatish metodi – obektiv voqelikdagi narsa va hodisalarni rejali, davomli, tizimli idrok qilish, hissiy bilishning dalillar to‘plamiga, voqelik haqida dastlabki tasavvurlar hosil qilishga qaratilgan faol shakli, psixologiyaning ilmiy tekshirilish usullaridan biridir.
Bu metod orqali psixik hodisalar tabiiy sharoitda kishining turli-tuman faoliyatlari davomida o‘rganiladi. Bunda tadqiqotchi mutaxassis o‘quvchilaring xatti-harakatlari, hulq-atvorini, psixikasning tashqi ko‘rinishini tizimli ravishda kuzatadi va shu asosida o‘quvchining psixik jarayonlari, holati va psixik xususiyatlari haqida xulosa qiladi.
Kuzatish jarayonini muvoffaqiyatli uyushtirish uni maqsadga muvofiq reja asosida tashkil qilishga bog‘liq.
Bunda: a) kuzatishdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar aniqlab olinishi lozim;
b) kuzatishni qachon, qaerda o‘tkazish joyi belgilanishi;
v) tadqiqot o‘tkazish vaqti belgilanishi va uni muntazam kuzatib borish;
g) unda qanday faoliyatdan foydalanishni aniq rejalashtirish;
d) kuzatishni yakka tartibdami, guruhlar yoki jamoa bilan o‘tkazilishini aniqlanishi;
e) kuzatishdan olingan natijalar qanday bo‘lsa uni shundayligicha tahlil qilish va tegishli ob’ektiv xulosalar chiqarilishi lozim. Kuzatishni ilmiy xarakterga ega bo‘lishi ahamiyatlidir.
Ilmiy kuzatish kundalik kuzatishlardan farq qiladi. CHunki kundalik kuzatishlar ko‘p hollarda tasodifiy, tartibsiz, rejasiz xarakterga ega bo‘ladi.
Ilmiy kuzatishda tadqiqotchi kuzatadigan ob’ektni nihoyatda diqqat e’tibor bilan aniq o‘rganishi, pala-partishlikka yo‘l qo‘ymasligi lozim.Kuzatish jarayonida o‘quvchining xatti-harakatini ham to‘g‘ri talqin qilishi kerak. Ba’zi hollarda o‘quvchi aftidan garchi diqqat bilan tinglayotgandek ko‘rinsa ham, aslida u o‘qituvchi tomonidan tushuntirilayotgan narsa haqida emas, ba’lki tomomila boshqa narsalar haqida o‘ylab o‘tirgan bo‘ladi.
Kuzatish metodi bilan psixik hayotning sezgi a’zolarisiz bevosita seza oladigan, o‘zimiz bevosita idrok qila oladigan faktlari aniqlanadi. Kuzatish orqali o‘quvchini mimikasi, nutqi, xatti-harakatlari va faoliyatini kuzatish mumkin.
Kuzatish metodi o‘z-o‘zini kuzatish va sirtda kuzatishga bo‘linadi. Pedagogik psixologiyada ko‘proq sirtdan kuzatish metodidan foydalaniladi.
Sirtdan kuzatish hamisha oldindan belgilangan qat’iy maqsad asosida olib boriladi. O‘qituvchi va tarbiyachilar nimani kuzatishi kerakligini va ta’lim-tarbiya buning uchun asosiy material berishi mumkin ekanligini aniq bilganlaridagina bu metod vositasida durustgina natijalarga erishish mumkin.
Bu tekshirish metodini asosiy xususiyati shundaki, bunda biror psixologik hodisa qanday yuz berayotgan bo‘lsa, shu holicha olib tekshirilaveradi. Bunda tekshirilishi lozim bo‘lgan psixik jarayonning yuz berishini kutishga to‘g‘ri keladi yoki boshqa tekshirish usullaridan ham foydalanish mumkin,
Darsda va boshqa faoliyat jarayonlarida o‘quvchilarni muntazam kuzatish yo‘li bilan o‘qituvchi, o‘z-o‘ziga va atrofdagi kishilarga bo‘lgan munosabatlarini bilib oladi va uning shaxsiy fazilatlari haqida xulosa chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi,
Eksperiment metodi psixologiyada eng ko‘p ishlatiladigan metodlardan biridir. Bu metod eksperiment o‘tkazuvchi kishining maqsadi uchun kerak bo‘lgan biror psixik jarayonni tekshiriluvchi psixikasiga ta’sir qilishi va faoliyati sharoitlarini o‘zgartirish orqali amalga oshiriladi.
Eksperiment metodi uch turli bo‘ladi: a) laboratoriya eksperimenti; b) tabiiy eksperiment; v) pedagogik – psixologik eksperiment.
Laboratoriya eksperiment metodining xususiyati shundan iboratki, eksperiment qilinganda o‘rganishi lozim bo‘lgan psixik jarayonlarning tasodifan yuz berishini kutib o‘tirmasdan, tekshiruvchi kishi sinalayotgan o‘quvchida, shaxsda shu jarayonni yuzaga keltiradigan sharoitni o‘zi vujudga keltiradi.O‘quvchi shaxsning xususiyatlarini, jarayonlarini qancha tekshirish kerak bo‘lsa uni shuncha marta tekshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. SHuningdek eksperiment o‘rkazuvchi eksperiment sharoitni turlicha o‘zgartirib, buning qanday natija berishini sinab ko‘rishi mumkin. Laboratoriya eksperimentining qulay sharoiti shunday, bunda eksperimentator tekshirish lozim bo‘lgan jarayon uchun kerak sharoitni hohlagan vaqtda sun’iy ravishda paydo qiladi va uning natijalari qayta-qayta tekshirishi imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tabiiy eksperiment – bolalar o‘zlari ko‘nikib qolgan sharoitda muayyan bir ish bilan shug‘ullanayotgan paytlarda ularda yuz beradigan psixik jarayonlarni ularga sezdirmasdan tekshirish metodidir. Uni laboratoriya eksperimentidan farqi shundaki, bunda tekshirilayotgan bolalarning psixikalariga ta’sir ko‘rsatish ehtimoli bo‘lgan sun’iylik bo‘lmaydi. SHuningdek u sirtdan kuzatish metodidan ham farq qiladi. Sirtdan kuzatish metodida biror psixik jarayonni kuzatayotgan kishi o‘sha jarayon qanday yuz bersa, shu holicha tekshirilaveradi, lekin bu jarayonning nomoyon bo‘lishiga aralashmaydi, ya’ni psixik jarayonni yuzaga keltiruvchi sharoitni o‘zgartirmaydi. Tabiiy eksperiment metodidan foydalanilganda o‘rganish uchun kerak bo‘lgan tabiiy sharoit kutib turiladi va u paydo bo‘lishi bilan tajriba boshlanadi. Tajriba tekshirilayotgan bola uchun tabiiy bir sharoitda unga sezdirmasdan o‘tkazadi.
YOsh va pedagogik psixologiya sohasida ish olib borayotgan psixologlar tadqiqot ishlarida tabiiy eksperiment metodini ikki turi ya’ni aniqlovchi va o‘zgartiruvchi turlarini aniqladilar. Aniqlovchi eksperiment psixika nomoyon bo‘lishining u yoki bu holatini, hislatlari va jarayonlarini aniqlashni maqsad qilib qo‘yadi. O‘zgartiruvchi eksperiment esa u yoki bu holatlar va sifatlarni tarkib toptiradi va o‘zgartiradi.
Pedagogik psixologiyada tabiiy eksperimentlarining mahsus turli hisoblanuvchi psixologik – pedagogik eksperimentdan keng foydalaniladi. Bu metodda psixik hodisalarini o‘rganish maktabda beriladigan ta’lim – tarbiya jarayonida olib boriladi. Bunda tekshirish psixolog rahbarligida o‘qituvchining o‘zi olib boradi. Buni ahamiyatli tomoni shundaki tajriba bolalar uchun tanish o‘qituvchisi tomonidan o‘tkaziladi va o‘quvchilar o‘zlarini erkin, odatdagidek his qiladilar. SHuningdek, o‘qituvchi ham ilmiy tadqiqot ishlariga jalb qilinadi.
Tajribalar ham eksperimental ham nazorat sinflarida o‘tkaziladi. Eksperimental sinflarda psixolog yordamida mahsus metodlar asosida eksperement tashkil qilinsa, nazorat sinflarda esa bu odatdagidek tashkil etilaveriladi. Eksperiment natijalari nazorat sinfida odatdagi sinflarda olib borilgan shu natijalari bilan solishtirib xulosa chiqariladi. Bu metodning avzalligi shundaki, bunda birinchidan, ilmiy tekshirish ishlari normal ta’lim-tarbiyaviy jarayonda olib boriladi ikkinchidan, o‘qituvchilar ilmiy tadqiqot ishlarida faol ishtirok etadilar.
Pedagogik psixologiyada asosiy metodlardan tashqari yordamchi metodlardan ham foydalaniladi. Bu metodlardan biri turli yoshdagi bolalar faoliyatining mahsulini tahlil qilish metodidir. Faoliyat mahsulini o‘rganish metodida o‘quvchilarning yozgan insholari, xatlari, yasagan buyumlari, chizgan chizmalari, rasmlari, yozib qoldirgan kundaliklari, estaliklaridan foydalanib ularning qobiliyati, xarakter va tempiramenti, xayol va tafakkuri diqqat va kuzatuvchanligi haqida bilib olinadi. Bu metodning mohiyati shundaki, turli yoshdagi o‘quvchilarning psixologik xususiyatlari ular moyil bo‘lgan faoliyat hamda ularning mehnat mahsullarini tahlil qilish yo‘li bilan o‘rganiladi.
Pedagogik psixologiyada suhbat metodidan ham keng foydalaniladi. Suhbat metodi ham reja asosida o‘tkaziladi. Ayniqsa tafakkur, xayol, iroda kabi murakkab jarayonlarni tekshirishda suhbat metodidan foydalanilishi katta ahamiyatga ega. CHunki bunday psixik jarayonlarni tajriba qilib yoki sirtdan kuzatish vositasida bilish juda qiyin. Tahlil va sirtdan kuzatish natijasida to‘plangan materiallarni odatda suhbat vositasida olingan ma’lumotlar bilan to‘lidiriladi. Lekin suhbat metodidan to‘g‘ri foydalanish va undan kutilgan natijaga erishish suhbat uchun puxta tayyorlanishga bog‘liq. Suhbat o‘tkazishga tayyorlanishda:
a) o‘tkaziladigan suhbatning mavzusi va mazmuni bolalarning yoshlik va individual xususiyatlariga mos bo‘lishi;
b) suhbat vaqtida o‘quvchilarga beriladigan savollarning mazmuni yaxshilab o‘ylab olinishi;
v) savollar bolalarni o‘ylamasdan “ ha” yoki “yo‘q” deb qisqa javob berishiga emas, balki uni fikr yuritishiga undaydigan bo‘lishi;
g) suhbat haddan tashqari cho‘zilib ketmasligi;
d) u samimiy, do‘stona munosabatda bo‘lishi, o‘quvchini qo‘rqitib yubormaslik, hayajonlantirmasligi ruhida tashkil qilinishi maqsadga muvofiqdir.
Anketa metodi ham yordamchi metodlardan biri bo‘lib, u bilan bolalarning ayrim shaxsiy xususiyatlari ( ehtiyojlari, qiziqishlari, layoqatlari, atrofdagilarga munosabatlarini, intilishlari va shu kabilar ) o‘rganiladi. Ammo murakkab psixik jarayonlarni ( tafakkur, xayol, tasavvur) bu metod vositasida tekshirib bo‘lmaydi. Anketa metodidan foydalanilganda ham o‘quvchilarga beriladigan savollarni juda puxta o‘ylab tuzish talab qilinadi. Bu metod anketa to‘ldiruvchi kishiga o‘zining shaxsiy xususiyatlarini to‘g‘ri va to‘laroq aks ettirish imkonini beradi.
Anketa tuzuvchi kishi ( psixologmi, o‘qituvchimi) uni bir necha xilda tuzishi mumkin. Birinchidan anglanilgan motivlarni aniqlash; 2–dan, har bir savolni 3–4 tadan tayyor javoblarini berish orqali; 3–dan, sinaluvchiga to‘g‘ri javoblar tavsiya qilinadi, ulardan uni ballar bilan baholash talab etiladi. Anketa qanday tuzilishidan qa’tiy nazar undan olingan materiallar tahlil qilinadi va elektiron mashinalarda hisoblanadi va xulosalar chiqariladi.
Anketa metodi o‘quvchilar psixikasini o‘rganish uchun boy ma’lumotlar to‘plam imkonini beradi. Bu imkoniyatdan foydalanish uchun nazorat vazifasini bajaradigan savollarni puxta ishlab chiqish lozim.
Pedagogik psixologiyada test metodidan foydalaniladi. Test ingilizcha test – sinash, tekshirish degan ma’noni anglatadi. Bunda sinaluvchi o‘quvchiga, shaxsga qisqa vaqt ichida bajarilishi lozim bo‘lgan standart topshiriq ( savol yoki masala ) beriladi, buning bajarilishi natijasi shaxsning qobiliyati va boshqa sifatlarini ochib beradi. Ammo ko‘pchilik hollarda testlar shunday tuziladiki.sinaluvchilarning javoblari uning qobiliyatidan emas, balki bilimlaridan dalolat beradi. Bundan tashqari, testlar topshiriqning bajarish yoki o‘rganilayotgan psixik hodisani rivojlanishi jarayonini ochib bera olmaydi, ular faqat sinov ohirida erishilgan natijanigina ko‘rsatib beradi holos. Ammo metodlar to‘g‘ri tuzilgan, etarli darajada asoslangan va tekshirib ko‘rilgan taqdirda psixikani o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Test birorta psixik hodisani aniqlashda murakkab texnik moslamalarni talab qilmaydigan, qo‘lga kiritilgan natijalarni miqdoriy jihatdan ifodalab beriladigan va ularni matematik jihatdan ishlash imkoniyatini beradigan qisqa, standartlashtirilgan sinovdir. Bu esa tajribalar o‘tkazishda uning avzalligini ko‘rsatadi. SHuningdek, tahlil va baholash usullarining ma’lum darajada bir xilligi, ma’lum yosh normalariga ( meyor ) moslashtirilganligi ham uning avzalligidir. Test o‘z-o‘zidan to‘la ilmiy va joriy qilinishi mumkin bo‘lgan tadqiqot usullaridir. Bu metod hozirgi kunda o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga va qobilyatiga xos xususiyatlarni aniqlashda, individiual xususiyatlarni aniq baholashda katta ahamiyatga egadir.
Kuzatish suhbat, pedagogik-psixologik eksperiment, test metodlari yordamida to‘plangan tadqiqot natijalari sotsiometrik metod yordamida to‘ldirilishi mumkin. Sotsiometrik metodni dastavval amerikalik mikrosotsolog Djon Moreno tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib uni yordamida sinflar va ular o‘rtasidagi kichik guruhning bilim darajalarini o‘lchashda, ular orasidagi emotsional munosabatlarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu metod yordamida bir guruhdagi har bir a’zoning o‘zaro munosabatini aniqlash uchun uning qaysi faoliyatida kim bilan qatnashishi, materiallarni qanday qilib o‘zlashtirishi kabi savollariga javob so‘raladi. Tadqiqotning sotsiometrik metodi sharoitga muvofiqlashtirilgan kichik guruhlarda shaxslararo munosabatlarini o‘lchash usuli hisoblanadi. Sinaluvchilarga va ularga ketma – ket javob qaytarish orqali guruh a’zolarining o‘zaro tanlash o‘zlashtirish usullarini tahlil qilish jarayoni vujudga keltiriladi.
Sotsiometrik metoddan turli yoshdagi, qiz va o‘g‘il bolalar orasidagi, bilim darajasi har xil o‘quvchilar guruhlaridagi psixologik qonuniyatlarni tadbiq etishda unumli foydalanish mumkin. SHaxslararo munosabatlar sinflardagi o‘quvchilarning ob’ektiv, o‘zaro jiddiy munosabatlarini aks ettiradi. Maktabdagi jamoatchilik munosabatlari faqat o‘quvchilar guruhi o‘rtasidagi ilk oddiy o‘zaro yordamlashish munosabatlardangina iborat bo‘lmay, balki mazkur o‘quvchilar guruhidan va umuman maktabdan tashqari chiquvchi biror umumiy maqsadlar asosida, birgalashib harakat qilishdan iboratdir.
Psixik funksiyalar taraqqiyotini hozirgi kunda uzunasiga va ko‘rdalangiga kesish usuli bilan o‘rganishga katta e’tibor berilmoqda. Bu usullardan foydalanish pedagogik psixologiya fanida ham samarali natija beradi. CHunki bu metod turli sinflarda, turli psixik funksiyalar rivojlanishi, unga xos xususyat va qonuniyatlarni chuqurroq, aniqroq o‘rganishga yordam beradi.
Ma’lumi, o‘quvchining psixik funksiyalarini rivojlantirishni o‘rganish uch tamoyilga asoslanadi:
bola psixikasiga ob’ektiv yondashish;
rivojlantirishning sabablarini aniqlash;
bola psixikasini maqsadga muvofiqligini, muvofiq tarkibini o‘rganish. Bu tamoyillarga muvofiq bola rivojlanishini o‘rganish ikki shaklda: a) “ uzunasiga tekshirish” ;
b) “ Ko‘ndalang kesish” usuli bilan amalga oshiriladi.
“Uzunasiga tekshirish” usulida o‘quvchi psixik hayotining bir qismini bir bolaning o‘zida muntazam kuzatib boradi. Bundan asosiy maqsad o‘quvchi psixikasining rivojlanishida bir bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tishdagi o‘zgarishlar, ta’lim-tarbiya jarayonida aniqlanadi. U uzoq vaqtni talab qiladi.
“ Ko‘ndalang kesish” da o‘quvchining hamma psixik xususiyatlari emas, balki uning ayrim xususiyati tekshirish ob’ekti qilib olinadi. Bunda alohida yoshdagi yoki turli yoshdagi bolalar bir yo‘la tekshiriladi va olingan ma’lumotlar solishtirilib, bolaning pisixik rivojlanishi haqida tegishli xulosaga kelinadi. Masalan: 3yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ( yoki boshqa yoshdagi) tafakkuriga xos xususiyatlar ma’lum vaqt ichida tekshiriladi va olingan faktlarga asoslanib bolalarni tafakkuriga xos umumiy xususiyatlar aniqlanadi. Bunda ham ko‘p vaqt va mehnat sarif qilinadi.
Bu tekshirish shakli ba’zi kamchiliklardan ham xoli emas. Kamchilikning asosisi bolaning psixik rivojlanishidagi burilish jarayonini bilib olishning qiyinligidir. SHu sababli ishni ratsional bilib borish uchun bola psixik rivojlanishining umumiy tendensiyasi oldin tekshirishning “ko‘ndalang kesish” usuli bilan aniqlanadi. Undan keyin ba’zi muhim xususiyatlarni bilish uchun “ uzunasiga tekshirish “ usulidan foydalaniladi.
Pedagogik psixologiya fanida qaysi ilmiy tekshirish usulidan foydalanmaylik tekshiruvchi shu usulining mohiyati, uni qanday maqsadga yo‘naltirilganligini aniq bilish lozim. SHuningdek shu usuldan kelib chiqadigan natijani chamalab ko‘rmog‘i, agar mo‘ljallangan natija chiqmasa boshqa usullar bilan qayta tajriba qilish lozim.