Uo‘K: 821. 21-3 kbk: 82. 3(5Hin) k-19 Kalila va Dimna


Kalilaning maymun va duradgor haqidagi



Yüklə 1,38 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə9/70
tarix15.10.2022
ölçüsü1,38 Mb.
#118324
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   70
KAMILA VA DIMNA

Kalilaning maymun va duradgor haqidagi 
hikoyati
Naql qilibdurlarki, bir maymun bir duradgor-
ning yog‘och ustida o‘tirib, pona bilan uni yor-
ayotganini ko‘rdi. Duradgor bir ponani qoqqandan 
keyin ikkinchisini chiqarib olar, uni boshqa yerga 
qoqar va shunday qilib yog‘ochni yorib borardi. 
Duradgor zarur ish bilan bir yoqqa ketdi. Buni 
ko‘rgan maymun unga daxli bo‘lmagan ishga 
aralashib, duradgorning ishini davom ettirmoqchi 
bo‘ldi. U orqasini yog‘ochning yorig‘iga qilib, yuzini 
ponaga qaratib, yog‘och ustiga minib oldi. Uning 
dumi yog‘ochning yorig‘iga tushib turgandi, u 
ponani sug‘ura boshladi. Maymun ponani chiqar-
gan ham ediki, dumini yog‘och qisib oldi. Maymun 
hushidan ketdi, to duradgor yetib kelguncha, shu 
ahvolda yotdi. Duradgor esa kelib, maymunni urib 
o‘ldirdi. Shuning uchun debdurlarki: «Duradgorlik 
maymunning ishi emas».
Dimna dedi: 


69
– Men hikoyangni eshitib, nima demoqchi 
bo‘lganligingni tushundim. Lekin bilib qo‘yginki, 
shohga yaqin bo‘lgan har kimsa faqat o‘z qornini 
to‘ydirishni ko‘zlamaydi, chunki qorinni har qa-
yerda to‘ydirsa ham bo‘ladi... Yo‘q, bunday odam 
har narsadan avval ulug‘ martaba va mansabga 
erishib, do‘stlarni quvontirishi, dushmanlarni 
g‘azablantirishi kerak, faqat hayvonlargina qornini 
o‘ylaydi. It quruq suyakdan sevingani kabi, bun-
day odam ham unga berilgan kichik bir in’omdan 
sevinadi va shu bilan qanoatlanadi. Oliyjanob, 
irodali odamlarni esa kichik narsalar qoniqtira 
olmaydi. Qu yonni ovlashga chiqqan sher tog‘ ech-
kisini ko‘rib qolib, quyonni qo‘yib unga otiladi...
Ozgina narsaga qanoat qilmoq ma’naviy yo‘qsil-
lik va xasislik alomatidir. Yuksak mavqega erish-
gan odamning umri gul kabi qisqa bo‘lsa ham, aql-
li odamlar uni uzoq umr ko‘rdi deb hisoblaydilar 
va aksincha, oz narsaga qanoat qilgan odamning 
umri qarag‘ay daraxtidek uzun bo‘lsa-da, himmat 
ahli oldida uning qadr-u qimmati bo‘lmaydi.
Kalila dedi: 
– Men gaplaringga tushundim, lekin esing ni 
yig‘ib ol, bilginki, har odamning o‘z yeri va o‘z 
mavqeyi bo‘ladi. Biz ulug‘ mansab, yuksak dara-
jaga loyiq tabaqadan emasmiz, buni talab ham 
qila olmaymiz. Biz sog‘-salomat kun kechirsak
shuning o‘zi kifoyadir...
Dimna dedi: 
– Odamlarning mavqeyi har xil bo‘ladi. Iste’dod 
va qobiliyatli odamlar past martabadan baland 
martabaga chiqib oladilar. Irodasi zaif, aqli kam 
bo‘lganlar esa yuksak mavqedan pastga tushib 


70
ketadilar. Yuksak darajaga chiqmoq juda qiyin, 
pastga qulash esa juda oson gap. Chunonchi, 
og‘ir toshni yerdan uzishga ko‘p kuch va mehnat 
talab qilinadi, uni yerga tashlash uchun esa kuch 
sarf etilmaydi.
Mard va irodali odamlardan o‘zgalar oliy dara-
jaga ko‘tarila olmaydilar. Biz yuksak mansabga 
loyiqmiz va hozirgi past martabada qolishga rozi 
bo‘lmasligimiz kerak.
Kalila dedi:
– Sen nima qilmoqchisan?
Dimna dedi: 
– Men fursatdan foydalanib, sherning huzuriga 
bormoqchiman. U qo‘rquv va hayajon ichidadir. 
Balki biror maslahat bilan uning ko‘nglini ovlar-
man, shunday qilib, unga yaqinlashib, yuksak 
mansabga erishaman.
Kalila dedi: 
– Sen sherning qo‘rquv va hayajon ichida ekan-
ligini qayerdan bilding?
Dimna dedi: 
– Men buni aql va idrokim bilan bildim. Aqlli 
odam lar odamning ichidagini uning tash qi alo-
matlaridan, qiyofasidan bilib oladilar.
Kalila dedi: 
– Shohlar xizmatida bo‘lmaganing, shoh majlis-
larining tartib-qoidalarini bilmaganing holda sen 
qanday qilib sher bilan do‘stlashasan-u, undan 
qanday qilib mansab ola bilasan?
Dimna dedi: 
– Katta va mas’uliyatli ish, og‘ir yuk kuchli va 
baquvvat odamni charchata olmaydi. G‘ariblik va 
yolg‘izlikdan aqlli odam qo‘rqmaydi... Farosatli va 


71
hushyor odamlar har narsaning yo‘lini tez topa 
oladilar.
Kalila dedi: 
– Shohlar fazilat egalariga emas, balki o‘zla-
riga yaqin, ota-bobolari unga xizmat qilib kelgan 
odamlargagina iltifot ko‘rsatadilar. Shohlar bu 
jihatdan tok novdasiga o‘xshaydilar, o‘zlariga juda 
yaqin turgan yog‘ochlarga chirmashadilar.
Dimna dedi: 
– Sen haqsan, lekin men bilamanki, shohning 
yaqin odamlari va ulardan oldin o‘tganlar hami-
sha bu mansab ga ega bo‘lmaganlar. Ular sekin-as-
ta shohga yaqinlashib, bu darajaga ko‘tarilganlar. 
Men ham ulardek mansabga erishishga imkoni 
boricha harakat qilaman. Deydilarki, shu vaqtga 
qadar shohning g‘azabiga uchramasdan, uning 
tahqirlariga chidamas dan, o‘z jahlini bosib, 
odam lar bilan yumshoq muomala qilmasdan oliy 
mansabga erisha olgan biror odam shoh eshigida 
bo‘lgan emas.
Kalila dedi: 
– Aytaylik, sen sher bilan do‘stlashib olding, 
lekin qanday hiyla ishlatib, undan oliy mansab 
olasan?
Dimna dedi: 
– Agar men unga yaqinlasha olsam, avvalo, 
uning tabiati xususiyatlarini o‘rganaman, unga 
hurmat ko‘rsatib, butun orzularini yeriga yetka-
zaman. U, mening fikrimcha, mamlakat foydasiga 
qaratilgan biror yaxshi ish boshlasa, men uning 
ishini maqtab, bu tadbir keltiradigan foydalarni 
og‘iz ko‘pirtirib gapiraman va shohni xursand qil-
aman. Mabodo, menimcha, natijasi zararli bo‘lishi 


72
mumkin biror ishga qo‘l urishni istasa, men eh-
tiyotlik bilan, muloyim tarzda bu ishning zararli 
tomonlarini izohlab beraman, agar u bu ishdan 
qaytsa, qanday foydali ish qilganini tushuntirib 
beraman. Boshqalardan bunday xizmat ko‘rma-
gan sher bular evaziga menga yanada ko‘proq 
iltifot ko‘rsatadi.
Donishmand odamlar istasalar, yolg‘onni chin-
ga, chinni esa yolg‘onga aylantira oladilar... Mohir 
rassomlar qalam bilan devorga shunday rasmlar 
chiza oladilarki, ular devordan chiqib kelayotgan-
ga o‘xshab ko‘rinadi. Sher mendagi bu qobiliyat va 
iste’dodni ko‘rganidan keyin unga yaqin bo‘lishim-
ni mendan ham ko‘proq istab qoladi.
Kalila dedi: 
– Agar shu niyatda bo‘lsang, ehtiyotlik bilan 
ish tut. Hukmdorlar xizmatida bo‘lish xatar-
lidir. Donishmandlar aytibdurlarki, faqat nodon 
odamlargina quyidagi uch ishga kirishadilar: 
biri – shohlarga yaqin bo‘lmoq, ikkinchisi – totib 
ko‘rish maqsadida zahar ichmoq va uchinchisi 
– xotinga sir aytmoq. Aqlli odamlar podshohni 
shunday tog‘ga o‘xshatadilarki, u dur va gavhar, 
shirin mevalar koni bo‘lishi bilan birga, palang, 
sher, zaharli ilon va boshqa yirtqichlar makoni 
hamdir. Unga chiqmoq mumkin, lekin u yerda 
yashamoq juda xavflidir.
Dimna dedi: 
– Sening aytganlaring to‘g‘ri, lekin xatardan 
qo‘rqqan maqsadga yeta olmaydi...
Kuchli iroda va zo‘r aql egasi bo‘lmaganlar 
quyidagi uch ishning uddasidan chiqa olmay-
dilar: shohga xizmat qilmoq, dengizda safar qilib, 


73
savdogarchilik bilan mashg‘ul bo‘lmoq va dush-
manga qarshi jang olib bormoq. Donishmandlar 
debdurlarki, bahodir kishilar faqat ikki joyga 
loyiqdirlar: yo shoh xizmatida bo‘lib, shuhrat 
qozonmoq yoki uzlatga chekinib, zohidlik qilmoq.
Kalila dedi:
– Xudo niyatingga yetkazsin. Lekin men bu 
ishingga qarshiman, hech vaqt senga sherik 
bo‘lolmayman.
Dimna sher yoniga kelib, salom berdi. Sher 
mulozimlaridan: «Bu kim?» – deb so‘radi. Ular 
dedilar: «Falonchining o‘g‘li falonchi». «Otasini 
tanir edim», – dedi sher. So‘ngra Dimnani yoniga 
chaqirib, so‘radi:
– Sen qayerda, nima ishlar qilib yuribsan?
Dimna dedi:
– Men sizdek ulug‘ podshohga biror foydam tegib 
qolar degan umidda eshigingizda xizmat qilib yurib-
man. Agar biror xizmatlari bo‘lsa, uni bajonidil ba-
jarsam. Podshoh ning saroyida shun day ishlar ham 
bo‘ladiki, kichik vazifadagilar ham asqotib qoladi. 
Sizning dargohingizda tovusdan tortib pashshaga 
qadar hammaga ish topiladi. Mavqe yuzasidan eng 
quyi, jussa jihatidan eng zaif xizmatchilar ham 
foyda yoki ziyon keltira oladilar. Yo‘lda xor bo‘lib 
yotgan bir quruq cho‘p ham ba’zan ishga yarab 
qoladi. U bilan ba’zan quloq kovlaydilar, ba’zan tish 
tozalaydilar. Zararli ish bilan foydali ishning farqiga 
boradigan maxluqdan esa yana ham o‘rinli istifoda 
etilsa bo‘ladi.
Sher Dimnaning bu so‘zlarini eshitib, uning 
o‘ziga xayrixoh va aqlli ekanligini ko‘rib, xurram 
bo‘ldi. So‘ngra yaqinlariga qarab dedi: 


74
– Iste’dodli va ishbilarmon odam vazifasi
ki chik, nufuzi oz bo‘lsa ham, xalq orasida shuhrat 
topadi. Bunday odamlar yonib turgan olovga 
o‘xshaydi. E’tibor berganmisiz, uni puflab o‘chir-
moqchi bo‘lsalar, baland ko‘tarilib, lang‘illab yonib 
ketadi.
Dimna bu so‘zlarni eshitgandan so‘ng shohga 
manzur bo‘ldim, deb o‘zida yo‘q xursand bo‘lib 
ketdi va dedi: 
– Shohning barcha odamlari, yaqinlari o‘z fikrla-
rini, ilm va tajribalarini undan yashirmasliklari 
kerak. Chunki shoh o‘z xizmatidagilarni yaxshi 
bilishi kerak, ularning har birining aql-idroki 
va ixlosini bilmasa, ulardan yaxshi foydalanish
vazifaga to‘g‘ri tayin etishda qiyin bo‘ladi. Urug‘ 
yer ostida yotsa, hech kim u bilan qiziqmaydi, u 
qachon tuproqni yorib, yerni zumrad kabi bezasa, 
uning nima ekanligi ma’lum bo‘ladi, so‘ngra uni 
parvarish qilib o‘stiradilar.
Shoh har kimdan o‘z layoqati va aql-idrokiga 
qarab foydalanishi kerak. Xizmatga tayin qi-
lishda shohlar, avvalo, shu xususiyatni nazarda 
tutishlari lozim. Raiyatning podshohlar oldidagi 
haq-huquqlaridan biri shuki, shoh har kimga 
qobiliyatiga qarab mansab berishi, ya’ni, layoqat-
siz odamlarni iste’dodli va qobiliyatli odamlardan 
afzal ko‘rmasligi kerak. Ikki narsa hech kimga, 
jumladan, shohlarga yarashmaydi: sallani oyoqqa, 
paytavani boshga o‘rash. La’l va yoqut qo‘rg‘oshin 
bilan qoplansa ham, bu bilan ularning bahosi 
tushmaydi, lekin bu ishni qilgan odam shu bilan 
o‘z ahmoqligini oshkor qilib qo‘yadi.


75
Ishning muvaffaqiyatli tugashi yordamchilar-
ning ko‘pligida emas, ishbilarmonliklaridadir. 
Baland tog‘ga chiqqan bilan odamning nufuzi 
baland bo‘lmas, balki inson o‘z boshiga bir dun-
yo balo orttiradi. Hunar egalari quyi mansabda 
bo‘lsalar-da, aqlli odamlar ularga mensimaslik 
bilan qaramasliklari kerak. Harom o‘lgan hayvon 
payini olib, undan yoyni bukadigan tanob yasay-
dilar, shohlar minadigan egarlarni bezaydilar. 
Davlatmand va dong‘i ketgan nasldan bo‘lmagan-
lari uchun hunar egalarini quyi mansablarga ta-
yin etmoq, iste’dodsiz odamlarga esa ulug‘larning 
vorisi bo‘lgani uchungina yuksak martaba bermoq 
shohlarga yarashmaydi. Shoh odamlarni mam-
lakatga keltirishlari mumkin bo‘lgan foydalarga 
qarab munosib mansabga tayin etishlari kerak. 
Iste’dodsiz odamlar o‘z ajdodlarining xizmatini 
o‘zlarining baxt-saodatlari vositasiga aylantirsa-
lar, ko‘p zarar yetkazadilar, hunar egalari halok 
bo‘lib ketadilar. Inson uchun o‘z jonidan aziz hech 
narsa yo‘qdir. Lekin badanning biror a’zosi og‘rib 
qolsa, uni uzoq va yot shaharlardan keltirilgan 
dori-darmonlar bilan muolaja qiladilar.
Sichqon hamma bilan hamxona bo‘lsa ham, 
uning ozori borligi uchun odamlar ularni qirib 
yo‘qotishga tirishadilar. Lochin yirtqich qush 
bo‘lsa ham, undan foydalanish umidida odamlar 
yaxshilab parvarish qiladilar. Shohlar esa qo‘lla-
riga qo‘ndiradilar.
Dimna so‘zini tugatdi. Shohning Dimnaga 
bo‘lgan ixlosi yanada ortdi, unga iltifot qilib, bir 
necha shirin so‘z aytdi. Dimna shoh bilan yolg‘iz 
qolgandan keyin shunday dedi: 


76
– Necha muddat bo‘ldiki, shoh bir yerda o‘tirib 
qoldilar, buning sababi nedur?
Sher o‘zining qo‘rqayotganini Dimnadan yashir-
moqchi bo‘ldi, lekin shu chog‘da Shatraba to‘sat-
dan shunday ma’rab yubordiki, uning ovozi sherni 
gangitib qo‘ydi. U o‘zini bosa olmay, sirini Dim-
naga ochdi:
– Hech qayerga chiqmasligimning sababi shu 
sen eshitgan ovozdir, bilmayman, u kim ekan? 
Lekin uning kuchi va jussasi ovoziga yarasha 
bo‘lsa kerak, degan gumon qilaman. Agar shun-
day bo‘lsa, bu yerdan ketish kerak.
Dimna dedi: 
– Bu ovozdan bo‘lak shohni bezovta qiladigan 
narsa yo‘qmi?
– Yo‘q, – dedi shoh.
Dimna dedi: 
– Faqat shu sababga ko‘ra ona yurtni tark etib 
ketmoq nojoizdir. Donishmandlar aytibdurlarki, 
ko‘p gapirish aqlning ozligidan, yolg‘on so‘zlash 
irodaning zaifligidan, ovozning baland ligi ichida 
hech narsa yo‘qligidan dalolat beradi. Tulki bilan 
nog‘ora masalidan ma’lumki, har bir ovozi yo‘g‘on, 
gavdasi katta pahlavon bo‘labermaydi.
Sher so‘radi: 
– U qanday masal?

Yüklə 1,38 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin