PORPIROQ CHЕHRA Yuragim tongdanoq, negadir, Huvaydo mavzesi sari talpinaverdi. Ustozni ertaga yo‘qlashga borish haqida o‘rtoqlar bilan kelishib qo‘yganimga qaramay, ularga sim qoqib, bugun boraqolaylik, deb tiqilinch qildim. Bordik. Statsionarda yotgan chog‘idagiga nisbatan ancha tetik ko‘rindi ustoz. Ko‘nglimiz yorishdi. Oltiariqdan jo‘natilgan uzum bargidan qiymali o‘rama pishirtirib olgandim, ishtahasiz bemorni tamaddilanishga qiziqtirish umidida, ota yurtingizning taomidan bir tatib ko‘ring, deb qistay ketdim.
Charchatib qo‘yishdan hadiksirab, orada bir-ikki bor qo‘zg‘alishga chog‘lansak-da, hozir ahvolim yaxshi, yana ozgina o‘tiraylik, deb shashtimizdan tushiraverdi. O‘tgan-ketgan voqealarni eslashdik, endigina nashrdan chiqqan, ustozning ijodi va hayoti to‘g‘risidagi maqolalar jamlangan “To quyosh sochgayki nur” nomli kitobni varaqlab, jo‘sha-jo‘sha fikrlashgan bo‘ldik.
Ketishdan oldin Mirzajon Qur’on tilovat qilyapti-yu, ko‘zim o‘z-o‘zidan yoshlanaverdi. Ilgari hech bunday bo‘lmagandi. Yig‘imni ustozdan yashirib, chetga o‘girilib oldim. Xayrlashayotib yuzimni yuziga bosdim. Battardan to‘liqdim. Bu oxirgi marta ko‘rishishimiz ekanini men g‘ofil hali bilmasdim.
O‘sha kunlari o‘zimni notetik sezayotgandim, qishloqqa borib, davolanishni boshladim. Bir kuni Iqbolbek telefon qilib, ustozdan ayrilib qoldik, dedi ovozi titragancha. Osmon boshimga qulayotgandek tuyuldi…
Ta’ziyaga ulgurdim. Ostonasidan ne-ne mo‘’tabar kishilar hatlab o‘tgani g‘urur bag‘ishlayotgandek doim purviqorlanib ko‘ringuchi mehmonnavoz uy bu gal mung‘aygancha cho‘kinib turganga o‘xshardi. Qadrdondan qadrdon egasi poydevordan boshlab uni o‘zi tiklagandi, nahot endi bir chiqib ketgancha, boshqa qaytmasa?
Betoblik surunkali tus olganidan keyingi voqealarning ancha-munchasidan xabardorman. Operatsiya qilingan yurakni shifokor nazoratidan o‘tkazish muddati yaqinlashganida Isroilga borib kelish zarurati tug‘ilgani hisobga olinmasa, uyidagilar falon yurtdagi do‘xtirlargayam bir ko‘rsatsakmikan, deyishsa, jonajon go‘shasidan sira nari siljigisi kelmasdi ustozning, hatto statsionarga borishgayam oyog‘i tortavermasdi. O‘z yurtini, o‘z qavmini yoniqib sevgandek sevardi bu uyni.
Navoiy she’r bitgan tilda so‘ylasang, Qodiriy jon tikkan o‘yni o‘ylasang, Rajabiyga hamroz qo‘shiq kuylasang, Charxda o‘z uyi bor elat bo‘lasan. Qavmingdan narida – o‘gayqon dunyo, Quvonching omonat, boyliging ro‘yo, Hayoting so‘nggida baxt boqib qiyo – O‘z uyingda o‘lsang, yayrab o‘lasan… Ustozni dafn qila boshlashadi. Bolalik paytim tili chiqib-chiqmagan ukam vafot etib, uni ko‘mishayotganda, shunday yupqa kafanda qishni qanday o‘tkazarkin, deb ezginlanganim esimda. O‘shandan beri qabr ustiga borishdan seskanishim bois, beriroqdagi g‘o‘la ustiga o‘tiraman. Karaxt edim. Ko‘zimda nam yo‘q edi.
Ko‘rayotganlarimning hammasi yolg‘on! Erkin Vohidovdek ulkan tog‘ qandaqasiga birdan yo‘q bo‘pqolishi mumkin? Bunga aql bovar qilmaydi! Bularning bari shunchaki tush! Yurak butkul oqib bitmasidan, tezroq uyg‘onsaydim!
Ko‘z o‘ngim shuvalashadi. Tegramda go‘yo hech kim qolmagan. Qabriston o‘rnida – nimqorong‘i sahna. Sahnada – birgina Erkin aka. Turli joydagi turlicha voqealar lip-lip namoyon bo‘la boshlaydi.
Yoshlar nashriyoti. Bosh muharrir Erkin aka miyig‘ida kulimsirab so‘zlamoqda:
– Bolalarga atalgan kitobingizni o‘qib, sizni Toshkentga ishga chaqirgim kepqoldi. Beshta farzandingiz bor ekan, chidab turishga jasorat topsangiz, uy-joy masalasini ham biror yilda hal qilarmiz.
Badavlatlikdagi kabi, mashhurlikda ham odamning ko‘zini yog‘ bosa boshlaydi, o‘zidan boshqani ko‘rmaydigan bo‘lib boraveradi, deyishardi. Shunday dovruqli shoir qaysidir qishloqda ivirsib yurgan havaskor qalamkashni qanday ilg‘ay oldiykin? Eng hayratlanarlisi – ishlari tiqilib yotgan bu odamni shunday sahovatpeshalikka undagan narsa nima? Shu bechoraning ham she’riyatimizga biron-bir nafi tegib qolsa ajabmas, deb o‘ylaganmi? Ertaga bu umidi oqlanmasa-chi?
Qariganingda bersin, degan naql bor o‘zbekda. Ustozning Xudoyimga yoqqan tomoni ko‘pdirki, keksaygani sayin, tobora oilaviy farog‘atini topaverdi. Bittayu bitta o‘g‘li Xurshidbek otaning ko‘zi tirikligidayoq xonadonning pishiq ustuniga aylandi. Qizlari Nozimaxon, Mohiraxon, Fozilaxonlar haqida gap qo‘zg‘alsa, ming qatla shukurki, ularning uyimizga biron martayam kiprigi namlanib kirib kelganini eslolmayman, deya kennoyimiz Gulchehra opaning bahri ochiladi. Erkin aka har bir muloqotda zargarona o‘lchamga amal qila olishi tufayli bo‘lsa kerak, qudalar, kuyovlar o‘rtasidagi issiq munosabatlarga ko‘pchilikning havasi kelgani-kelgan. Uyida tinchi yo‘q odamga na boylik tatiydi, na shuhrat. Shu tomondan qaralsa, ustoz o‘z oilasida behad halovatli hayot kechirib o‘tdi. Bu dunyoning asl jannati shu bo‘lsa, ajab emas…
Qabrga tuproq tortib bo‘lingach, atrofga sukunat cho‘kadi, qur’on tilovati Chig‘atoy mozori bo‘ylab yoyila boshlaydi. Tepada allaqanday sharpani his etgandek bo‘lib, asta boshimni ko‘taraman, ko‘m-ko‘k osmonga tikilaman. Yozning yengil epkiniga ergashgancha imillab suzayotgan siyrak oq bulutlar orasida tanish bir nogoh hiyol chaqnab ko‘ringandek tuyuladi. Vujudim jimirlaydi.