Shaxsiy sug‘urta – shaxsning hayoti, salomatligi, mehnat qobiliyati va pensiya ta’minoti bilan bog‘liq mulkiy manfaatlari sug‘urta obyektini tashkil etuvchi sug‘urta tarmog‘i. Shaxsiy sug‘urtada sug‘urtalovchi, sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalangan shaxs hamda naf oluvchi ishtirok etadi.
Qayta sug‘urtalash- sug‘urtalashga riskni qabul qilish bilan bog‘liq iqtisodiy munosabatlar tizimi (risklarni birlamchi joylashtirish); sug‘urtalovchi muvozanatlashgan sug‘urta portfelini yaratish va sug‘urta operatsiyalarini moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida qabul qilib olingan riskni bir qismini o‘zaro kelishilgan holda boshqa sug‘urtalovchiga berishi (riskni ikkilamchi joylashtirish). Qayta sug‘urtalash operatsiyalarini sug‘urta kompaniyalar bilan bir qatorda asosan, ixtisoslashgan qayta sug‘urtalash kompaniyalari amalga oshiradi. Qayta sug‘urtalash aktiv (riskni berish) va passiv (riskni qabul qilib olish) ko‘rinishda bo‘ladi. Bundan tashqari, qayta sug‘urtalash proportsional va noproportsional bo‘ladi. Proportsional qayta sug‘urtalashda, qayta sug‘urtalovchining berilgan risk bo‘yicha ulushi tsedentning o‘z javobgarligiga qoladigan qismi aniq bo‘lgandan so‘ng aniqlanadi. Noproportsional qayta sug‘urtalashda riskni berish tegishli limit doirasida amalga oshiriladi. Bu holda qayta sug‘urtalovchi tsedentdan sug‘urta mukofotining bir qismini oladi (proportsional qayta sug‘urtalashdagidek sug‘urta summasiga muvofiq keladigan sug‘urta mukofotini emas).
Qayta sug‘urtalovchi broker - ikkita sug‘urta kompaniyasi o‘rtasiagi professional vositachi.
Qayta sug‘urtalovchi - sug‘urta brokeri yordamida qayta sug‘uralash uchun riskni qabul qilib oladigan jismoniy yoki yuridik shaxs. Qayta sug‘urtalovchi yordamida riskni ikkilamchi taqsimlash amalga oshiriladi. Qayta sug‘urtalovchi sifatida sug‘urta kompaniyasi ham bo‘lishi mumkin. Jahondagi eng yirik qayta sug‘urtalovchilar guruhiga Myunxen qayta sug‘urtalash jamiyati, Shveytsariya qayta sug‘urtalash jamiyati, Kyoln qayta sug‘urtalash jamiyatlari kiradi.