19-modda. Sug‘urtalovchilarni tugatishning o‘ziga xos xususiyatlari
Sug‘urtalovchi o‘zining muassislari (ishtirokchilari) yoki sug‘urtalovchining ta’sis hujjatlarida shunday vakolat berilgan boshqaruv organi qaroriga binoan tugatilayotganda maxsus vakolatli davlat organining ruxsatnomasi talab qilinadi.
Muassislar (ishtirokchilar) yoxud sug‘urtalovchining ta’sis hujjatlarida shunday vakolat berilgan boshqaruv organi tomonidan tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan keyin sug‘urtalovchi maxsus vakolatli davlat organiga tugatishga ruxsatnoma olish uchun ariza bilan yozma ravishda murojaat etgan holda quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
sug‘urtalovchini tugatish to‘g‘risidagi qaror; majburiyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
sug‘urtalovchini tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanagacha bo‘lgan, auditorlik xulosasi bilan tasdiqlangan balans hisoboti; sug‘urtalovchini tugatish muddatlari va shartlari ko‘rsatilgan
holdagi tugatish rejasi.
Sug‘urtalovchini tugatishga ruxsatnoma olish uchun berilgan ariza zarur hujjatlar olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
Maxsus vakolatli davlat organi qabul qilingan qaror to‘g‘risida sug‘urtalovchini yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Maxsus vakolatli davlat organi sug‘urtalovchini tugatish uchun ruxsatnoma berish bilan bir vaqtda sug‘urtalovchining taqdim etilgan tugatish rejasiga o‘zgartishlar kiritishga haqli.
Maxsus vakolatli davlat organi quyidagi hollarda sug‘urtalovchini tugatishga ruxsatnoma berishni rad etishga haqli, agar: tugatish natijasida sug‘urta qildiruvchilarning hamda sug‘urtalovchi
kreditorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilsa; sug‘urtalovchini tugatishga ruxsatnoma berilishi uchun taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz ma’lumotlar bo‘lsa yoki bu hujjatlar qonun hujjatlariga nomuvofiq bo‘lsa.
Tugatilayotgan sug‘urtalovchi kreditorlarining talablari tugatishni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, tugatiladigan sug‘urtalovchining asosiy vazifalarini ta’minlash zaruratidan kelib chiqadigan xarajatlar to‘langanidan so‘ng quyidagi tartibda qanoatlantiriladi: birinchi navbatda – hayotni sug‘urta qilish sohasida majburiy
sug‘urta shartnomalari bo‘yicha sug‘urta qildiruvchilarning talablari; ikkinchi navbatda – sug‘urta qildiruvchilarning boshqa majburiy
sug‘urta shartnomalari bo‘yicha talablari; uchinchi navbatda – boshqa sug‘urta qildiruvchilarning (naf oluvchilarning) talablari; to‘rtinchi navbatda – budjetga, budjetdan tashqari fondlarga to‘lovlarni nazarda tutuvchi to‘lov (ijro) hujjatlari bo‘yicha talablar. Ko‘rsatilgan talablar to‘liq qanoatlantirilgandan keyin ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha talablar hamda jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik tufayli fuqarolarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha talablari qanoatlantiriladi;
beshinchi navbatda – sug‘urtalovchining boshqa kreditorlari talablari.