6.2. «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta
kompaniyasi va uning faoliyat yo‘nalishlari
Mamlakatimizda olib borilgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish natijasida, hamda sug‘urta xizmatlari sohasini samarali rivojlantirishni ta’minlash, dehqonchilik mahsuloti yetishtiruvchilarni va aholini sug‘urta yuli bilan himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida» 1997-yil 25-fevraldagi № PF-1713-sonli farmoniga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida»gi 1997-yil 6-martdagi 125-sonli qaroriga muvofiq «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi tuzildi.
Mazkur farmonda kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar ko‘rsatib o‘tilgan:
qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari mulki va mahsulotining sug‘urta himoyasini ta’minlash;
qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarning to‘lov layoqatini o‘rganish, qishloq xo‘jaligi korxonalariga ishlab chiqarishni rivojlantirish va qishloq xo‘jaligida loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan kreditlarni qoplashga sug‘urta kafolatlarini berish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish bo‘yicha ishlarni bajarishga bo‘naklanadigan mablag‘larning qaytarilishini sug‘urtalash.
Yuqorida qayd etilgan Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasining barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun 1998-yildan boshlab uning sug‘urta fondini to‘ldirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. To‘g‘ri, dastlabki vaqtlarda hosil sug‘urtasining zararlilik darajasi yuqori bo‘lganligi sababli budjet mablag‘lari jalb etildi. Biroq 2002-yildan boshlab «O‘zagrosug‘urta» kompaniyasi o‘z faoliyatini budjet mablag‘larini jalb etmasdan amalga oshirmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, kompaniyaning ustav fondida davlat ishtirok etsada, davlatning taqsimlanmagan daromad qismi ushbu maqsadlarga yo‘naltirilmoqda. «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga va qishloq aholisiga sug‘urta himoyasini taqdim etuvchi, respublikada asosiy sug‘urta kompaniyasi bo‘lib qolmoqda. 2013-yilning 1-yanvar holatiga kompaniyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda direksiyalari mavjud. Shuningdek, Toshkent shahrida «Poytaxt sug‘urta» sho‘ba korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Butun respublika bo‘ylab kompaniyaning 172 ta bo‘limlari joylarda yuridik va jismoniy shaxslarga keng qamrovli sug‘urta xizmat turlarini taklif etmoqda. Bugungi kunda kompaniya qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun ixtiyoriy sug‘urtalashning 100 dan ziyod turlarini taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 17-apreldagi № PQ-325 va 2007-yil 21-maydagi №PQ-640 qarorlari bilan kompaniyaga qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari va qishloq aholisini sug‘urtalashning quyidagi zamonaviy turlarini joriy etish hisobiga ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari turi va hajmini oshirish vazifasi topshirilgan:
sug‘urta mukofotining bir qismini dotatsiyalash bilan hosilni sug‘urtalash;
qoramolni sug‘urtalash;
qishloq xo‘jaligi texnikasini sug‘urtalash; • sug‘urtalashning shaxsiy turlari.
Bundan tashqari, «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi davlat ehtiyojlari uchun sotib olinadigan paxta xomashyosi va don yetishtirish uchun fermer xo‘jaliklariga imtiyozli kredit ajratadigan tijorat banklarining tadbirkorlik xatarlarini sug‘urta qiladi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun kredit resurslardan foydalanish imkoniga ega bo‘lishning muhim sharti bu – kafolatli sug‘urta himoyasining mavjudligidir. Bundan tashqari sug‘urta fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligiga ko‘maklashadi, binobarin, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarning samaradorligini oshiradi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalash va davlat ehtiyojlari uchun paxta xomashyosi va don yetishtirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlarning qaytarilmasligini kamaytirish, shuningdek, ekinlar holati monitoringini o‘tkazish uchun agronomlarni yollash tartibi ishlab chiqildi va ijro etish uchun hududiy bo‘linmalarga tarqatildi.
Qishloq joylarda sug‘urta madaniyati darajasini oshirish maqsadida «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi tomonidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi, sug‘urta sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarning maqsadlarini targ‘ib etish va tushuntirish, sug‘urta mahsulotlarining sifati va miqdori to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni berish borasida rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda. Kompaniyaning faoliyatini targ‘ibot-tashviqot qilish, ommaviy axborot vositalari, respublika va mahalliy gazeta va jurnallarida maqolalar chop etish, radio va televideniyeda maxsus eshittirishlarda ishtirok etish orqali amalga oshirilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi agrar sektorni davlat tomonidan qo‘llabquvvatlash sohasida maxsus hukumat agenti funksiyasini bajarmoqda. Kompaniya faoliyat sohalaridan biri qishloq xo‘jaligi ekinlarining joriy holatini o‘rganishdir. Bu o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bo‘yicha ishlar, davlat ehtiyojlari uchun sotib olinadigan qishloq xo‘jaligi mahsuloti uchun hisob-kitob qilish bo‘yicha Fond tomonidan ajratiladigan imtiyozli mablag‘lar hisobiga tijorat banklari orqali moliyalashtirish jarayonida, tijorat banklariga ekinlar holatining muntazam monitoringi natijalariga ko‘ra obyektiv vaziyatlar tufayli kam hosil olish xatari yuzaga kelganda fermer xo‘jaliklarini moliyalashtirishni vaqtida to‘xtatish imkonini beradi. Bu imtiyozli resurslarni oqilona ishlatish imkonini beradi, shuningdek, kam hosil olish xatari yuzaga kelgan holda qishloq xo‘jaligi korxonalarining tijorat banklariga ortiqcha qarzdor bo‘lishining oldini oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6martdagi 125-sonli va 2002-yil 383-sonli qarorlarini bajarish maqsadida «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi tomonidan davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun ajratilayotgan maqsadli mablag‘larning ishlatilishi ustidan monitoring o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, barcha hududlarda ekin maydonlarini tayyorlash, ekinlarning unib chiqishi, o‘sish jarayoni, gidrometeorologik ma’lumotlardan tortib to davlatga sotishgacha bo‘lgan sifat va miqdor ma’lumotlari to‘planadi. To‘plangan ma’lumot kelgusi yilda hosil qanday bo‘lishi va hisoblash dasturi asosida qanday daromad olish mumkinligini aniq oldindan aytib berish mumkin.
Mazkur axborot qishloq xo‘jaligida o‘rtacha muddatli loyihalarni baholashda muvaffaqiyatli qo‘llanishi va sug‘urta himoyasi bilan birga investitsiyalarga ma’lum daromadni kafolatlashi mumkin, bu esa qishloq xo‘jaligiga va qayta ishlash jarayoniga xususiy kapitalni jalb etishga asos bo‘ladi.
Agrosug‘urtani amalga oshiruvchi kompaniyalar butun sug‘urta sektori uchun qo‘yida tutilgan soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkin. Xususan, 2008-yilning 1-iyunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sug‘urta bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2008-yil 21-maydagi PQ-872-sonli qaroriga muvofiq sug‘urtalovchilarga, dividendlar va foizlar ko‘rinishida olingan daromaddan olingan foyda solig‘ini to‘lashda soliq imtiyozi berildi. Soliq imtiyozi natijasida bo‘shab qolgan pul mablag‘lari hududiy bo‘linmalarni, birinchi navbatda, qishloq joylarda agentlik tarmoqlarini keng rivojlantirishga, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilgan edi. Mazkur imtiyoz qishloq joylarda sug‘urta infratuzilmasini rivojlantirishga va agrosug‘urtada raqobatning kuchayishiga ko‘maklashdi.
Qonunchilikda sug‘urta xizmatlarining bir qismini davlat budjetidan bevosita moliyalashtirishni amalga oshirish imkonini beruvchi me’yor mavjud: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 17-apreldagi PQ-325-sonli qarori bilan Moliya vazirligi va «O‘zagrosug‘urta» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasiga zamonaviy sug‘urta turlarini, jumladan sug‘urta mukofotining bir qismini dotatsiyalash bilan hosilni sug‘urta qilishni joriy etish hisobiga ko‘rsatilayotgan sug‘urta turlari va hajmini oshirish vazifasi topshirilgan. Biroq amalda mazkur me’yor hali qo‘llanmayapti.
Shuni ta’kidlash lozimki, birorta mamlakatda agrosektorda sug‘urtaning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va xatarlarni boshqarishning samarali tizimi mavjud emas. Davlat tomonidan qo‘llabquvvatlash doim budjetdan mablag‘ ajratilishini talab etadi.