Agar mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sug‘urtalash shartnomasida sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan kam qilib belgilangan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urta qildiruvchiga (naf oluvchiga) u ko‘rgan zararni sug‘urta pulining sug‘urta qiymatiga bo‘lgan nisbatiga mutanosib ravishda qoplashi shart.
937-modda. Qo‘shimcha mulkiy sug‘urta
Agar mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi faqat sug‘urta qiymatining bir qismi miqdorida sug‘urtalangan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) qo‘shimcha sug‘urta qilishga, shu jumladan, boshqa sug‘urtalovchida sug‘urta qilishga haqli, ammo barcha sug‘urta shartnomalari bo‘yicha umumiy sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan oshib ketmasligi lozim.
Ushbu modda birinchi qismining qoidalariga rioya etmaslik, ushbu kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.
938-modda. Sug‘urta qiymatidan ortiq miqdorda sug‘urta qilish oqibatlari
Agar sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfining sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lsa, shartnoma sug‘urta pulining sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lgan qismida o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.
Bu holda sug‘urta mukofotining ortiqcha to‘langan qismi qaytarib berilmaydi.
Agar sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta mukofoti bo‘lib-bo‘lib to‘lansa va ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar aniqlangan paytgacha uning hammasi to‘lanmagan bo‘lsa, qolgan sug‘urta badallari sug‘urta puli miqdorini kamaytirishga mutanosib tarzda kamaytirilgan miqdorda to‘lanishi lozim.
Agar sug‘urta shartnomasidagi sug‘urta pulini oshirib yuborish sug‘urta qildiruvchi tomonidan aldashning oqibati bo‘lsa, sug‘urtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va o‘ziga yetkazilgan zarar uning sug‘urta qildiruvchidan olgan sug‘urta puli summasidan ortiq miqdorda qoplanishini talab qilishga haqli.
939-modda. Qo‘shaloq sug‘urta
Ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan qoidalar sug‘urta puli ayni bitta mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini ikki yoki bir necha sug‘urtalovchida sug‘urta qilish (qo‘shaloq sug‘urta) natijasida sug‘urta qiymatidan oshib ketgan taqdirda ham tegishincha suratda qo‘llaniladi.
Mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi qo‘shaloq sug‘urta qilinganda har bir sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini o‘zi tuzgan shartnoma doirasida to‘lashga majbur bo‘ladi, biroq barcha sug‘urtalovchilardan olingan sug‘urta tovonlarining umumiy summasi haqiqiy zarardan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Bunda sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta tovonini istalgan sug‘urtalovchidan u bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan sug‘urta puli doirasida olishga haqli. Olingan sug‘urta tovoni haqiqiy zararni qoplamagan taqdirda, sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) etishmayotgan summani boshqa sug‘urtalovchidan olishga haqli.
Yetkazilgan zarar boshqa sug‘urtalovchilar tomonidan qoplangani sababli sug‘urta tovonini to‘lashdan to‘liq yoki qisman ozod qilingan sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta to‘lovlarining tegishli qismini qilingan xarajatlarni chegirgan holda qaytarishi shart.
Ushbu modda qoidalari har bir sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalangan shaxs va naf oluvchi oldidagi o‘z sug‘urta majburiyatlarini, boshqa sug‘urtalovchilar majburiyatlarini bajarganligidan qat’i nazar, mustaqil bajaradigan qo‘shaloq shaxsiy sug‘urtada qo‘llanilmaydi.