2.4. Shishaprofilitlar Shishaprofilitlar – uzluksiz prokatlash orqali tayyorlangan shaffof yoki rangli profilli shishalardir. Ular yuzasi tekis, taram-taram botiq yoki bo‘rtma chiziqli, absolyut shaffof yoki xira bo‘lishi mumkin. Yana konstruksiyaga yuqori mustahkamlik berish maqsadida metall to‘r bilan armaturalangan shishaprofilitlar ham ishlab chiqarilishi mumkin. Ular qalinligi 6-7 mm, eni 250 yoki 500 mm, uzunligi esa 7000 mmdan oshmagan taxtachalar ko‘rinishida ishlab chiqariladi (23-24 rasmlar).
Bu materialdan binolarda nur o‘tkazuvchi va to‘suvchi ichki konstruksiyalarda va fasadlarni pardozlashda foydalaniladi.
Suvda qorilganda plastik xamir holiga kelib, sekin asta quyuqlashib, pirovardida toshdek qotadigan, mayda qilib tuyilgan materiallar bog‘lovchi mineral moddalar deb ataladi.
Klassifikatsiyalashda quruvchilar uchun bog‘lovchi moddaning xossalari muhim ahamiyatga ega. Bog‘lovchi moddalarning ba’zilari havoda qotadi, ba’zilari esa ham havoda, hatto suvda ham qotadi. Ular shu belgisiga qarab havoi va gidravlik bog‘lovchi moddalarga bo‘linadi.
Havoi bog‘lovchi moddalar faqat havoda qotadi va bu sharoitda mustahkamligini uzoq vaqt saqlaydi. Bu guruhga havoi ohak, gips, magnezial bog‘lovchi moddalar, hamda suyuq shisha kiradi.
Gidravlik bog‘lovchi moddalar nafaqat havoda, balki suvda ham qotadi, uzoq vaqt mustahkamligini saqlaydi yoki oshiradi. Bu guruhga gidravlik ohak, portlandsement va uning turlari, giltuproqli sement, kuydirmasdan olinadigan ishqorli sementlar va boshqalar kiradi.