MAVZU: BUYUK GEOGRAFIK KASHFIYOTLAR.
Reja:
Buyuk geografik kashfiyotlarga olib kelgan sabablar.
Buyuk geografik kashfiyotlar.
Buyuk geografik kashfiyotlardan so’ng savdo yo’llaridagi o’zgarishlar.
Buyuk geografik kashfiyotlarning natijalari.
Tayanch so’z va iboralar:kashfiyot, Genrix Dengizchi, Ispaniya va Portugaliya, yangi qit'aning ochilishi, X.Kolumb, Dunyo bo’ylab birinchi sayohat, Vaska da Gamma, Hindiston yo’li, dengizda hukmronlik uchun kurash.
Buyuk geografik kashfiyotlar tarixiga doir manbalar.
Buyuk geografik kashfiyotlar tarixiga doir manbalarga birinchi navbatda o’sha davrdagi sayohatchilarning yo’l safarlari va ko’rganlari to’g’risidagi xotiralari kiradi. Rus sayohatchilari Vizantiya va boshqa mamlakatlarga borib, bu mamlakatlarni qiziqarli qilib tasvirlab bergan asarlar yozib qoldirganlar. Konstantinopolda bo’lgan novgorodlik Stefanning (XVI asrning o’rtalari) va smolensklik Ignatiyning (XVI asrning oxiri – XV asrning boshlari) asarlari ana shunday asarlar edi. Florensiyadagi cherkov soborida (1439) rus elchixonasining kundaligi saqlanib qolgan bo’lib, unda bir qator Yevropa shaharlarining tasviri va ichki hayoti to’g’risida ma’lumotlar berilgan.
Rus sayohlaridan biri tverlik savdogar Afanasiy Nikitin o’zining 1466-1472 yillardagi sayohatlarini «Xojdeniye za tri morya» («Uch dengiz osha sayohat») deb nomlagan. Sayohat davomida yozilgan bu qo’lyozma o’z davrida keng ommaga ma’lum bo’lmagan. Faqat 1816 yilda, oradan 300 yildan ko’proq vaqt o’tgandan so’ng «Uch dengiz osha sayohat» Tarixchi N.I.Karamzin tomonidan birinchi marta bosib chiqarildi va jahon faniga ma’lum bo’ldi.
Buyuk geografik kashfiyotlarni o’rganish tarixida Bartolome de Las – Kasas (1474 - 1566) asarlarining ahamiyati alohidadir. U «Amerika uchun kurash tarixidan» va «Hindiston tarixi» kabi asarlar muallifidir. Bartolome de Las – Kasas Andalusiyaning poytaxti Sevilya shahrida dvoryan oilasida tug’ilgan. U Kastiliyadagi Salomanka universitetida ta’lim olgan. Las – Kasas asarlarida yevropaliklar tomonidan Amerikaning ochilishi, kolonizasiya qilinishi va bu yerdagi mahalliy aholi haqida ko’plab qiziqarli ma’lumotlar bor.
Buyuk geografik kashfiyotlar tarixiga doir eng qimmatli manbalardan biri Antonio Pifagettaning «Magellan sayohatlari» asari hisoblanadi. Asli italiyalik bo’lgan Antonio Pifagetta Magellan ekspedisiyasida bevosita ishtirok etgan. U kemadagi norasmiy kishilardan bo’lib, uning asli ismi Antonio Lombardo bo’lgan. Ismining o’zi muallifning lombardiyalik ekanligini bildirib turibdi. Pifagetta Magellan kapitanligidagi «Trinidad» kemasida xizmat qilib «Magellan sayohatlari» asarini o’z kundaliklari asosida yozgan. Asarda muallifning Magellanga bo’lgan munosabati to’g’risida hyech narsa deyilmagan.
Amerikaning tub aholisining yevropalik kolonizatorlar kelgunga qadar bo’lgan davrini o’rganishda avvalambor arxeologik, etnografik va shuningdek lingvistik materiallar bilan birga konkistadorlar, ruhoniy – missionerlar, sayohatchilar tomonidan yozib qoldirilgan yozma manbalar juda muhimdir.
Arxeologik yodgorliklar Amerika tub aholisining mehnat va ov qurollari, ularning nimadan yasalganliklari, uy ro’zg’or buyumlari haqida atroflicha ma’lumot beradi. Etnografik materiallar esa amerika hindularining madaniyati va ijtimoiy tuzumini o’rganishda yordam beradi. Bu borada bizga Morgan («Qadimgi jamiyat»), Bernal Dias del Kastilo («Yangi Ispaniyaning bosib olinishining haqqoniy tarixi»), Avgustin Sarate («Peruning kashf etilishi va bosib olinish tarixi») asarlari muhim ma’lumotlar beradi.
Buyuk geografik kashfiyotlar tarixshunosligi. Eng qadimgi davrlardan boshlab svilizasiyalashgan xalqlarning vakillari tomonidan tarixiy davrlarning hammasida geografik kashfiyotlar qilib kelingan. Lekin qadimgi davrda qilingan geografik kashfiyotlarning aniq xronologik jadvalini tuzish qiyin. U yoki bu geografik kashfiyotlarning tarixida ba’zida ularning eramizdan avvalgi qaysi ming yillikka tegishli ekanligini belgilash qiyin.
Buyuk geografik kashfiyotlar davrini o’rganishga rus olimlari ham salmoqli hissa qo’shishgan. Ularning tadqiqotlari geografik kashfiyotlar va mustamlakachilik tizimini yoritishga bag’ishlangan. Bunday izlanishlar jumlasiga birinchi navbatda I.P. Magidovich va V.I. Magidovichlarning «Geografik kashfiyotlar tarixidan lavhalar» («Ocherki po istorii geograficheskix otkrыtiy». T.2. M., 1983) asari kiradi. Bu asar I.P. Magidovichning 1957 yilda nashr qilingan «Geografik kashfiyotlar tarixidan lavhalar» («Ocherki po istorii geograficheskix otkrыtiy» M., 1957) asarining muallifdoshlashtirilgan, qayta ishlangan va to’ldirilgan nashri ham deyishimiz mumkin. I.P. Magidovich va V.I. Magidovichlar tomonidan 5 tomdan iborat bo’lgan «Geografik kashfiyotlar tarixidan lavhalar» asarida eng qadimgi davrdan to eng yangi davrgacha bo’lgan geografik kashfiyotlar tarixi batafsil yoritilinadi.
Ota – bola Magidovichlar geografik kashfiyotlar tarixini bir necha davrga bo’lib o’rganadilar. Ular o’z asarlarida geografik kashfiyotlar tarixiga doir barcha materiallarni quyidagi asosiy davrlarga bo’ladilar:
Qadimgi davr. Bu davr qadimgi rivojlangan davlatlarning paydo bo’lishidan xalqlarning Buyuk ko’chishigacha, ya’ni g’arbda Rim imperiyasining qulashigacha, Sharqda esa Xitoy imperiyasining vaqtincha qulashigacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi.
O’rta asrlar davri. Bu davr uchga bo’linadi: 1) Xalqlarning Buyuk ko’chishidan to Buyuk kashfiyotlar davrigacha bo’lgan davr. Bu davrga normandlarning okeanlardagi sayohatlari bilan aloqador bo’lgan kashfiyotlar, arablarning X–XIV asrlardagi sayohatlari, yevropaliklarning XIII – XV asrlardagi sayohatlari, ruslarning Yevropaning shimolidagi va Osiyoning shimoliy – g’arbida qilgan XVI asrgacha bo’lgan kashfiyotlarini o’z ichiga oladi; 2) U Buyuk geografik kashfiyotlar davri XV asrning oxiridan XVII asrning o’rtalarigacha bo’lgan yillarni o’z ichiga oladi. Bu davrning o’zi ikki bosqichga bo’linadi, ya’ni; 1) XV asrning oxiri va XVI asrni butunlay o’z ichiga olgan ispan – portugal bosqichi. Bu bosqich 1492 yilgi Xristofor Kolumbning birinchi ekspedisiyasi bilan boshlanadi va unga Amerikaning kashf etilishi, Hindiston va Sharqiy Osiyo qirg’oqlariga portugallar sayohatlari, Magellanning birinchi dunyo sayohati va Torresning ekspedisiyasi bilan tugagan ispanlarning Tinch okeandagi sayohatlari kiradi: 2) Ikkinchi bosqich rus va gollandiya kashfiyotlari bosqichi: XVI asr oxiridan XVII asrning o’rtalarigacha bo’lgan davr. Bu bosqichga ruslarning butun Shimoliy Osiyodagi kashfiyotlari, gollandiyaliklarning Tinch okeandagi ekspedisiyalari va Avstraliyaning kashf etilishi, Shimoliy Amerikadagi ingliz va fransuz kashfiyotlari kiradi.
Yangi zamon davri. Bu davrdagi geografik kashfiyotlarning yangi bosqichi kapitalizm va imperializmning uzoq rivojlanishi bilan bog’liq. Bu bosqich XVII asr o’rtalaridan to 1917 yilgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Bunga ruslarning Tinch okeaning shimoliy oblastlaridagi, Shimoliy Muz okeanidagi va Shimoliy Osiyodagi ekspedisiyalari; inglizlarning XVIII asrning ikkinchi yarmida Tinch okeandagi ekspedisiyalari va boshqalar kiradi.
Eng yangi davri. 1917 yildan to bizning kunlarimizgacha bo’lgan davr kiradi.
I.P. va V.I.Magidovichlar bu kitoblarida Xristofor Kolumb kashfiyotlarining Ispaniya uchun ahamiyati XVI asrda faqatgina Meksika, Peru va shimoliy And mamlakatlari kashf qilinganidan so’nggina ma’lum bo’ldi, deb ta’kidlaydilar.
L.I. Vasyuninaning «Xristofor Kolumb va uning sayohatlari» (Toshkent., 1954) va I.P. Magidovichning «Xristofor Kolumb» (Toshkent., 1956) kitoblarida Kolumbning shaxsi, uning izlanuvchanlik xususiyati to’g’risida ancha keng ma’lumotlar beriladi. Bu kitoblarda Kolumbning o’z maqsadini amalga oshirishda to’g’onoqlik qilgan kuchlar ko’rsatiladi.
Vasyunina va Magidovichlarning asarlarida Xristofor Kolumb ekspedisiyasining amalga oshishi juda qiziqarli va jonli hikoya qilingan. Unda tasodifiy kashfiyotlar natijasida ochilgan o’zga orollarning kishini sehrlab qo’yish kuchiga egaligi, o’zga qit’a odamlari va ular bilan tanishishning g’oyat hayratli bo’lishi aniq misollar bilan ko’rsatilgan. Yuqoridagi mualliflar asarlarida Buyuk geografik kashfiyotlar faqat Yevropa va yevropaliklar yutug’i bo’lib qolmasdan, mohiyat jihatidan butun insoniyat qo’lga kiritgan yutuq ekanligi alohida ta’kidlanadi.
L.I. Vasyuninaning «Xristofor Kolumb va uning sayohatlari» va I.P. Magidovichning «Xristofor Kolumb» asarlarida ko’rsatilishicha, Buyuk geografik kashfiyotlar boshlanishining obyektiv va subyektiv sabablari quyidagilardan iborat: 1) Kemasozlik sanoatining
rivojlanishi; 2) xalqning istak va hohishlarining ortishi; 3) turli geografik jamiyatlarning tashkil bo’lishi; 4) davlatning hayrihohligi.
Umuman, bu kashfiyotlar Kolumbdan ko’ra ko’proq kemasozlikning kashfiyotidir. Chunki ikki qit’a orasidagi okeanni bosib o’tish uchun juda katta texnik salohiyat lozim edi. Bu o’sha davr ilm – fanining kashfiyoti edi.
Ushbu mavzuni maxsus tadqiqot obyekti sifatida o’rgangan olimlardan yana biri M.M. Yabrova bo’lib, u o’zining 1966 yilda Saratov universiteti nashriyotida chop etilgan «Ocherki istorii kolonialnoy ekspansii Anglii v epoxu pervonachalnogo nakopleniya» asarida Angliyaning o’z mustamlakalari ustidan yuritgan siyosati va mustamlakalar o’rtasidagi kurashlar haqida ma’lumot beradi. Shuningdek M.M. Yabrova tomonidan 1987 yilda «Velikiye geograficheskiye otkrыtiya i nachalo kolonialnыx zaxvatov» asari ham chop etildi. Unda G’arbiy Yevropa davlatlarning mustamlaka mamlakatlari uchun o’zaro kurashlari haqida keng ma’lumot beriladi.
M.M. Yabrova o’z tadqiqotida geografik kashfiyotlar natijasida yangi yo’llarning ochilishi tufayli dengiz yo’llari va savdo yo’nalishlari o’zgaradi, bu esa o’z navbatida ayrim shaharlar va hatto davlatlarning tushkunlikka yuz tutishiga, boshqalarining yuksalishiga, koloniyalarning tashkil topishiga, kolonial eksplutasiyaning kuchayishi va butun - butun xalqlarning qirg’iniga olib keladi, deb hisoblaydi. Shuningdek bu muallif G’arbiy Yevropadagi «narxlar inqilobi» deb atalmish jarayon ustida to’xtalib, u Yevropada chuqur iqtisodiy va ijtimoiy o’zgarishlarga olib keldi, deb ta’kidlaydi.
Buyuk geografik kashfiyotlar tarixini o’rganishda tarixchi Ya.M.Svet ham barakali ijod qilgan. Bu tarixchining asarlari asosan dunyoning eng yirik sayohatlarini va bu qilingan kashfiyotlarning ahamiyatini yoritishga bag’ishlangan.
Ya.M. Svet Yevropaning yirik geografik kashfiyotchilaridan Xristofor Kolumb, Fernando Magellan, Jems Kuk va boshqalarga bag’ishlab asarlar yozgan. Shuningdek uning Avstraliya va Okeaniyaning kashf qilinishiga doir maxsus tadqiqoti chop etilgan.
Ya.M.Svet asarlarida dengiz sayohatlari kundaliklari, kema hujjatlari va ular to’g’risidagi zamondoshlarining xotiralariga asoslanib hamda geografik kashfiyotlar tarixiga doir adabiyotlar chuqur va qiyoslanib o’rganilgan holda, kashf qilingan yerlarning odamlari, tabiati, iqlimi va o’simlik dunyosi to’g’risida qimmatli ma’lumotlar beriladi.
Buyuk geografik kashfiyotlari boshlanishining sabablari va omillari.
Buyuk geografik kashfiyotlari boshlanishining sabablari. XV asrning ikkinchi yarmiga kelib butun Yevropada (ayniqsa Portugaliyada) Xitoy va Hindiston dengiz yo’lini kashf qilishga intilish kuchayib ketdi. Sababi, XIV va XV asrlarda Hindiston va Xitoy yerlari yevropaliklar tasavvurida «oltin olinadigan quduq» hisoblanardi. Yevropaliklar tasavvur qilgan Hindiston yerlariga hozirgi Janubiy va Janubiy – Sharqiy Osiyo, Xitoy, keyinchalik butun Osiyo qit’asining eng chekka sharqiy chegaralari kirardi. Bu hududga yevropalik savdogarlar va missionerlar XIII asrdan boshlab suqulib kira boshlaganlar.
Buyuk geografik kashfiyotlar boshlanishining asosiy omillaridan biri bu G’arbiy Yevropada XV asrga kelib feodalizmning umumiy taraqqiyoti va unga bog’liq ravishda shaharlar rivojlanishi va boshqa mamlakatlar bilan savdo – sotiqning o’sishi edi. Bu bilan bog’liq ravishda rivojlanayotgan manufakturaga yangi xom-ashyo manbai izlash va bozorlarda o’z mahsulotlarini sotish ehtiyoji tabora avj ola boshladi.
XIII asr oxiri XIV asr boshlariga qadar, ya’ni butun Osiyo mug’ullar ta’siri ostida bo’lganda quruqlikdagi savdo yo’llari Osiyo va Yevropani bir – birlari bilan bog’lab turardi. Biroq, XIV asrning ikkinchi yarmida Osiyo hududida ro’y bergan katta o’zgarishlar, ya’ni Qrim, Kichik Osiyo, Suriya, Misr va Falastin portlarining Usmoniy turklar tomonidan bosib olinishi yoki chegaralab qo’yilishi quruqlikdagi Osiyo va Yevropa savdo yo’llarining uzulishiga olib keldi. 1453 yilda Turklarning Konstantinopolni bosib olishi bilan Osiyo tovarlarining narxi Yevropada misli ko’rilmagan darajada ko’tarilib ketdi.
Ma’lumki, XV asrga qadar Sharq bilan g’arb o’rtasidagi asosiy savdo yo’li O’rta Yer dengizi edi. Levant savdosi o’rta asrlar oxiriga kelib doimiy savdo aloqalari tusini oldi. Sharqdan keladigan har xil mollar (zargarlik, attorlik va h.k) va nafis gazlamalar G’arbiy Yevropadagi yuqori va o’rta tabaqalarning iste’moliga tabora ko’proq kira bordi.
XV asrga qadar Yevropa va Osiyo o’rtasidagi savdo aloqalarini arablar o’z qo’llariga olgan edilar. Arablar tomonidan Hindiston va janubiy – sharqiy Osiyodagi boshqa orollardan keltirilgan tovarlar asosan Vizantiya va Venesiya savdogarlari tomonidan xarid qilinib, ular o’z navbatida Yevropaga olib kelib sotilardi. Janubiy Italiya, Janubiy Fransiya, Sharqiy Ispaniya shaharlarida savdogarlar Sharq mollari bilan savdo qilish natijasda juda katta boylik to’playdilar.
Bir qancha sabablar, turklar Konstantinopolni bosib olmasdan oldin ham Levant savdosining rivojlanishiga to’sqinlik qilib kelgan, ya’ni, Sharq mollari Yevropa bozoriga sotilganga qadar oldin arablar, vizantiyaliklar, venesiyaliklar va boshqa xalqlar savdogarlari qo’lidan o’tardi. Natijada, qo’lma – qo’l o’tgan bu tovarlar narxi juda ham ko’tarilib ketardi. Bundan tashqari ular yetarli miqdorda keltirilmas edi. Osiyodan olib kelinayotgan tovarlar asosan ziravorlar, nafis san’at buyumlari, ipak matolar va turli xil ekzotik mevalar edi. Sharq tovarlari G’arbiy Yevropadagi yuqori va o’rta toifalarning kundalik hayotidagi iste’mol mollari sifatida tabora ko’proq kirib boradi.
Hindistonga olib boradigan, hali turklar bosib olmagan birdan – bir yo’l Misr orqali va Qizil Dengiz orqali boradigan yo’l qolgan edi, xolos. G’arbiy Yevropadagi turli mamlakatlarning savdogarlari va dengizchilari arablar bilan turklarga duch kelmasdan Hindistonga boradigan boshqa yo’l topish ustida tabora ko’proq bosh qotira boshladilar.
Yuqorida aytib o’tilgan sabablar dengiz savdo yo’llarining ochilishiga sabab bo’ldi.
Buyuk geografik kashfiyotlari boshlanishining omillari. Yangi dengiz yo’llarining ochilishiga jiddiy turtki bergan omillarning eng asosiylaridan qilib texnika va kemasozlikdagi yutuqlarni ko’rsatish o’rinlidir. XV asrga qadar Yevropaliklarda juda olis yurtlarga safar qilish uchun kemalar yo’q edi. Shuningdek ularda aniq xaritalar va dengizda suzish uchun kerakli asboblar yo’q edi. XV asrga kelib Yevropada uzoq yo’llarga safar qilishga qodir bo’lgan yangi turdagi kemalar qurila boshladi. Kemasozlikka oid yangidan – yangi ixtirolar qilindi.
XV – XVI asrlarga kelib dengizchilar uchun kompas va kemaning yo’nalishini belgilovchi – astrolyabiya (usturlab) ixtiro qilindi. Kema boshqarilishida xaritadan foydalanib ish ko’ruvchi kapitanlar, losmanlar tayyorlovchi maktablar yaratildi. (Potugaliyadagi Sogash shahridagi Genrix (Enriko) Dengizchi maktabi bunga misoldir).
Shunday qilib, quruqlikdagi savdoning yevropaliklar uchun befoyda bo’lib qolishi, texnikaning rivojlanishi va kemasozlikdagi yangiliklar Yevropa uchun yangi dengiz savdo yo’llarining ochilishiga umumiy sabab bo’lib hisoblanadi. Yuqoridagi sabablarni barcha Yevropa davlatlari uchun umumiy bo’lgan tashqi sabablar ham deb atash mumkin.
Shu narsani alohida ta’kidlash o’rinlikim, yangi yo’llarni ochishga intilishning har bir davlat uchun ichki sabablari ham mavjud edi. Masalan: bu borada Portugaliya davlatini olib qaraydigan bo’lsak, bu davlat XV asrga qadar Yevropaning eng past darajada rivojlangan chekka hududlaridan biri edi. Portugaliyada XIII asr o’rtalariga kelib yagona davlatning rivojlanishi ro’y bergan bo’lsada, u harbiy, iqtisodiy va siyosiy qudratga XV asr oxirlariga kelib erishdi. Ungacha, dengiz bo’yida joylashgan Portugaliya dengiz savdosidan chekkada edi. Shu bilan birga davlat ichidagi dvoryanlar va risarlarning ko’p qismi mamlakat janubi mavrlardan (arablardan) qaytarib olingandan so’ng bekor qolgan edi. Endi ular Portugaliyadan tashqari hududlarda istilochilar faoliyatlarini olib borib boylik to’plashlari mumkin edi.
Buyuk geografik kashfiyotlarda Ispaniya ishtiroki masalasiga kelsak quydagilarni ta’kidlash lozim: 1479 yilda Pireney yarim orolidagi ikkita yirik davlat Kastiliya va Aragoniyaning birlashishi yagona Ispaniya davlatiga asos soldi.
1492 yilda ispanlar Granada amirligini bosib olgach, rekonkista harakati tugadi. Endi ispan risarlarining ko’pchiligi (idalgo yoki gidalgolar) ishsiz qolib, absolyut hokimiyat o’rnatishga harakat qilayotgan hukmron tabaqa uchun xavfli bo’lib qoldilar. Buning qanchalik xavfli ekanligini mamlakatda dvoryan - qaroqchilar toifalarining mavjudligidan ham bilib olamiz. Bu xavfdan qutilish uchun qirol hokimiyati ishsiz qolgan dvoryan – qaroqchilarni «oltin va kumush» lar bilan boy mamlakatlar bilan savdo qilishga undaydi. Xuddi shu vaqtlari Xristofor Kolumb Ispaniyaga o’z loyihasi bilan tashrif buyurgan edi.
Ispaniyaning dengiz ortiga safar qilishga izchillik bilan intilishiga yana bir sabab, bu yerdagi diniy fanatizmining yuqoriligi edi. Ko’p asrlar davomida xristianlar va musulmonlar o’rtasida bo’lib kelgan jang har doim diniy jamoalar, ruhoniylar va dindor zodogonlar tomonidan kuchaytirib kelingan. 1480 – 1485 yillarda qirollik hokimiyati inkvizisiyani o’z qo’liga qurol qilib olgach, u cherkov yordamida dengiz ortiga qilinadigan safarlarni qonunlashtirib, ispan idalgolarini muqaddas ishlarga da’vat qila boshladi.
Ammo Ispanlarning okean ortidagi ekspansiyasida diniy fanatizmning roli va ahamiyati o’ta katta deb o’ylash noto’g’ridir. Xristianlashtirish bilan faqat ruhoniylarning bir qismi va ayrim ikkinchi darajali konkistadorlar (bosqinchilar) shug’ullanar edi.
«Hindistonning («Indiy»1 ning) yemirilishining eng qisqa tarixi» kitobining muallifi Las Kasas konkistadorlarni shunday tasvirlab beradi: «ular qo’llarida but, ammo yuraklarida ko’plab oltin va javohirlarga bo’lgan hirs bilan bormoqda edilar».
Buyuk geografik kashfiyotlar boshlanishining asosiy omillaridan biri, so’zsiz, bu XV – XVII asrlarda butun Yevropada tarqalgan oltin vasvasasi edi. Savdoning rivojlanishi bilan umumiy almashinuv sifatida pul muhim rol o’ynaydi va unga ehtiyoj keskin oshadi. Ko’plab kishilar o’z yurtlarini tashlab, oltin topish maqsadida boshqa yurtlarga bosh olib keta boshlagan edilar. Ular hayollarida Osiyo mamlakatlarida oltinlar keraksiz buyumdek ko’chalarda yotardi. Shu sababli «Indiy» ga – Hindistonga intilish oshadi.
Xullas, yangidan – yangi dengiz savdo yo’llarining ochilishiga asosiy sabablar quyidagilar edi, birinchi; turklarning Konstantinopolni bosib olishi va buning natijasida Yevropa uchun Osiyo bilan bo’ladigan savdoning foydasiz bo’lib qolishi; ikkinchidan; dengiz sayohatlari va kemasozlikning rivojlanishi, ya’ni tez suzar yengil yelkanli kemalar – karavellalarning ixtiro qilinishi bo’lib, ular dengiz va okeanlarda faqat shamol yurgan tomonga emas, balki kelayotgan tomonga ham yura olardi; uchunchidan; kompas, o’q dorining va jahon xaritasining yaratilinishi; to’rtinchidan; Yevropada ishlab chiqarishning rivojlanishi va katta korxonalarning paydo bo’lishi bilan savdo – sotiqning kengayishi; beshinchidan; yevropaliklar tomonidan anchadan buyon Sharq bilan savdoni o’z qo’liga olgan, Sharq tovarlarini 10 – 15 barobariga qimmat qilib, Yevropaga sotayotgan arablarni savdodan siqib chiqarib, Sharq bilan savdoni o’z qo’llariga olish uchun harakat edi.
Mavzu-3: Yevropaliklarning dastlabki dengiz sayohatlari. Xristofor Kolumb va uning safarlari. Amerikaning ochilishi
Genrix dengizchi. O’rta yer dengizda monopol vaziyatga (huquqga) ega bo’lganligi tufayli Levant savdosidan har holda katta foyda olayotgan italiyalik savdogarlar emas, balki G’arbiy Yevropaning Atlantika okeaniga yaqin turgan Portugaliya va Ispaniya davlatlari Hindistonga boradigan yo’lni qidirib topishdan ko’proq manfaatdor bo’lib chiqdilar. Yevropaliklar, aniqrog’i portugaliyaliklar XIV asrdan boshlab savdo yo’llarini ochishni boshladilar. XIV asrning birinchi yarmiga kelib Portugaliya va Flandriya o’rtasida dengiz savdo aloqalari o’rnatildi. XIV asrning ikkinchi yarmiga kelib portugaliyaliklar Afrikaning Shimoliy – G’arbiy sohillarigacha (Marokko sohillari) yetib bordilar.
Genrix 1394 yilda qirol Juan I va Juna Guntalarning to’rtinchi farzandi bo’lib tug’ildi. U yoshligidan arablar va portugallar o’rtasidagi urushlar to’g’risidagi ma’lumotlar bilan tanib va Afrika haqidagi ajoyib hikoyalarni tinglab katta bo’lgan edi.
XV asr boshiga kelib portugaliyaliklar 20 yoshli shahzoda Genrix boshchiligida ommaviy ekspedisiyalarni boshlab yuborishdi. Keyinchalik «Dengizchi» laqabini olgan shahzoda Genrix o’zining kashfiyotlari bilan portugaliyalik dengizchilarning yangi dengiz yo’llarini ochishlariga katta ta’sir ko’rsatdi.
1415 yilda Portugaliya qo’shinlari O’rta Yer dengizining Gibraltar bug’ozidan chiqish joyidagi mavritanlarning Seuti portini ishg’ol qildi. Ekspedisiyada 20 yoshli Portugaliya shahzodasi, Genrix Enrike ham bor edi. 1415 yilda Marokka qal’asini ishg’ol qilishda qatnashgan Genrix risarlik unvonini oldi. Seutida u g’arbiy Afrika to’g’risida bir qancha qimmatli ma’lumotlarni bilib oldi. Bu ma’lumotlar uning hayoliga «Bibliya» afsonasidagi Ofir mamlakati, undagi Quddus (Iyerusalim) ibodatxonasini, oltindan qurgan podsho Solomonni olib keldi. U oltinga to’la daryolarga dengiz yo’li orqali borish maqsadida g’arbiy Afrika bo’ylab safarga chiqdi.
Genrix Seutidan vataniga qaytgandan keyin, yarim harbiy va yarim monaxlar jamiyati bo’lgan portugaliyaliklarning «Xristo Ordeni»ga bosh bo’lib qoldi. U Portugaliyaning janubiy – g’arbidagi Sogrish shahriga ko’chib keldi va bu yerda orden mablag’i hisobiga observatoriya va dengizchilar maktabini tashkil qildi. Bu davrda portugal dengizchilari hali dengiz harakatlari bilan ishlashni bilmaganlar. Shu sababli Genrix bu maktabga u katoloniyalik mashhur kartograf Fereruni taklif qildi. Keyinchalik bu maktabdan o’qimishli dengizchilar yetishib chiqa boshladilar.
Qirq yillar davomida Genrix ketma-ket Afrikaning Atlantika qirg’oqlariga oltin va qullar keltirish uchun ekspedisiyalar jo’natadi. Hindiston juda ham uzoq edi, lekin afrikalik qullar va Afrika oltinlari nisbatan yaqin edi. XV asrning 40-yillarida shahzoda Marko Polo kitobi bilan tanishib chiqadi va Hindistonga boradigan dengiz yo’li haqidagi ma’lumotlarni oladi.
Portugaliyaliklar tezda Nan va Boyador bug’ozlarini kashf qildilar. 1419 yilda Genrix Dengizchi tomonidan Boyadorga yuborilgan ikki portugaliyalik dvoryanlar adashib qolishib yangi, odam yashamaydigan ajoyib orolchaga kelib qoldilar. Bu orolni shahzoda «Madeyra» (Madeyra-o’rmon) deb nomladi.
Shundan keyingi qator yillar davomida portugaliyalik dengizchilar katta tajribaga ega bo’ldilar. 1432 yilda Portugaliya qirg’oqlaridan 1400 km. g’arbdagi Azor orollarining birinchisi topildi. 1434 yilda portugaliyalik bir dengizchi Kanar orollaridan 200 km janubda joylashgan Boyador burniga tushishga muyassar bo’ldi va Genrixga bu yerda o’sgan gullardan namunalar keltirdi. Keyingi 7 yil davomida portugaliyaliklar, yana janubiy – g’arbga siljib, Brakku burnigacha yetib bordilar.
1443 yili Nunyu – Triston boshliq portugaliyaliklar ekspedisiyasi Blokko burnidan o’tdi va Argin orollarini kashf etdi. Negrlarni ovlash g’arbiy Afrika qirg’oqlaridagi kashfiyotlarni tezlashtirdi. Portugaliyaliklar Arginda birinchi qullar sotadigan faktoriyalarni qurish bilan birga, 1445 (1446) yili Yashil burun orollarini ochdi. Yashil burun Argindan janubga 800 km.ga cho’zilgan. Keyinchalik bu burunni Diash ham kashf etgan edi.
Kashf qilingan yerlarda portugallar Yevropa tovarlariga oltin parchalari, fil suyagi, ziravolar almashtirib olishardi. Lekin ularni qiziqtirgan asosiy narsa negrlarni ovlash edi. Qirq yil davomida Genrix Dengizchi ekspedisiya orqasidan ekspedisiyalarni Afrikaning Atlantika qirg’oqlariga oltin va qullar keltirish uchun to’xtovsiz yuborib turdi. Genrix tomonidan yuborilgan ekspedisiya Portugaliyaga Atlantika okeanining sharqiy qismidagi deyarli barcha arxipelaglarni qo’shib oldi, faqatgina Kanor orollari uzoq tortishuvlardan so’ng Ispaniya qo’liga o’tdi.
Kashf qilingan orollar Genrix hayot vaqtidayoq metropoliyaga katta foyda keltirdi. Madeyrada shakar qamish o’stirish boshlandi. Azor va Yashil burun orollarida bo’yoq tayyorlaydigan o’simliklar topildi.
Genrix Dengizchi sayohatlari geografik bilimlarni kengaytirish nuqtai nazaridan ham juda ahamiyatli edi. Uning davrida Afrikaning janubiy qirg’oqlari tekshirildi va 3500 km. dan iborat Gibraltar qo’ltig’idan hozirgi Gvineya hududigacha bo’lgan hududlar kartaga kiritildi. Shu paytdan boshlab Afrika maydonlaridan qora tanlilarni ovlash boshlandi. Ularni sotish esa foydali kasb edi.
«Xrista ordeni»ning boshlig’i sifatida shahzoda Genrix Rim papasi Yevgeniy IV dan qul savdosi uchun sanksiya (ruxsat, rozilik) olishga intildi. Portugaliya qiroli papadan «Hindiston va Efiopiya savdosining hukmdori» degan yorliq olishga muaffaq bo’ldi.
Keyingi yillardagi izlanishlar natijasida portugaliyaliklar tomonidan Fil suyagi qirg’oqlari, Oltin Qirg’oq kashf etildi.
1460 yilda Genrix Dengizchi vafot etdi. U Portugaliya tarixida katta iz qoldirdi. 45 yillik faoliyatida, u ko’plab ajoyib dengiz safarlarini uyushtirdi va ko’plab tajribali dengizchilarni yetishtirib chiqardi. U tufayli Portugaliya savdo floti dunyoda birinchi o’ringa chiqib oldi.
Genrix Dengizchi ekpedisiyalarining natijalari va ahamiyati.
Shahzoda Genrix tomonidan jo’natilgan ekspedisiyalar Atlantika okeanining sharqiy qismida joylashgan barcha yirik arxipelaglarni Portugaliya hududiga qo’shib oladilar. Faqatgina Kanar orollari uzoq yillar tortishuvlardan so’ng Ispaniya hududiga o’tadi.
Portugaliya orollari hali Genrix hayot davridayoq Metropoliyaga ko’plab daromadlar keltiradi.
Genrix dengizchi harakatlari Afrikaning g’arbiy qismini o’rganishga juda katta yordam berdi. Uning davrida Afrikaning g’arbiy qirg’oqlari qo’lga kiritilgan va xaritadan joy olgan. Genrix Dengizchi Afrikadan minglab qullarning olib kelinishiga sababchi bo’ldi. Uning bu harakatlari ishchi kuchiga bo’lgan talabni bir qadar qondirdi. Va nihoyat «Xristos ordeni» homiyligi ostida shahzoda Genrix Rim papasi Yevgeniy IV dan qul savdosini olib borishga ruxsat so’radi va undan rozilik oldi.
XV asrning 80 – yillariga kelib Portugaliya hukumati o’z diqqatini yana Afrikaga qarata boshladi. 1482 yilda Oltin Qirg’oqda birinchi Portugaliya koloniyasi bo’lgan Li Mina barpo etildi.
Keyinchalik Xristofor Kolumb G’arbiy Hindistonni kashf qilib, Ispaniyaga u yerlarni kolonizasiya qilish huquqi tegkach, Portugaliya hukumati Sharqiy Hindistonga hukmronlik qilish huquqini qo’lga kiritishga shoshildi. 1497 yili Portugaliya tomonidan dengiz yo’llari bo’ylab Afrikani aylanib o’tib, Hindistonni tekshirib kelish uchun eskadra yuborilgan.
Bartalomeu Diash (1450-1500). Bartolomeu Diashning to’liq ismi Bartalomeu Diasha di Navalit bo’lib, uning tug’ilgan sanasi to’g’risida aniq ma’lumot saqlanib qolmagan. Uning XV asrning ikkinchi yarmida yashaganligini isbot etuvchi ma’lumotlar ko’p. Bartalomeu Diash Afrikani o’rganishga juda katta hissa qo’shgan yirik dengiz sayohatchilaridan biri hisoblanadi.
Bartalomeu Diash 1487 yilda Hindistonga borish uchun Gvineya qo’ltig’i, yaxshi Umid burniga (ikkalasi ham Afrikada) sayohat uyushtirdi. Uning bu qilgan sayohati Yevropaga Afrikaning eng janubiy qismi haqida deyarli to’liq ma’lumot berdi. Uning sayohati kelgusida yangi dunyoning ochilishida zamin bo’lib xizmat qildi.
Diashning «Yaxshi Umid» burnida mahalliy aholi bilan birinchi uchrashishi sal bo’lmasa kema ekipajining holokati bilan tugayyozdi. Mahalliy aholi ularni tosh otib kutib oladi.
Diash ekspedisiyasi Janubiy Afrikani aylanib o’tib Hind okeaniga chiqdi. Lekin uzoq davom etgan og’ir yo’l mashaqqatlaridan toliqqan dengizchilar safarni davom ettirishdan bosh tortdilar. Portugallarning keyingi Braziliyani ochishga bo’lgan urunishlari davrida 1500 yil 24 mart kuni kuchli dengiz to’foniga duch kelgan kema halokatida Diash ham halok bo’ldi.
XVI asrda yashagan mashhur ingliz dengiz sayohatchisi Frensis Dreyk Bartolomeu Diash tomonidan tadqiq etilgan «Yaxshi Umid» burni haqida shunday degan edi.
«Ushbu burun dunyoda biz ko’rgan burunlar ichida eng buyuk, eng chiroyli va eng ajoyibidir».
Kovilyan ekspedisiyasi. Portugaliya qiroli Juan II tomonidan 1487 yilda Misrga Kovilyan boshchiligida ekspedisiya yuborildi. Ekspedisiyaning asosiy maqsadi Hindistonga boradigan qisqa quruqlik yo’lini topish edi.
Kovilyan Qohiradan tuyalarda Qizil Dengizga yetib boradi. U quruqlikdagi qisqa yo’lni ko’p izlab o’tirmasdan, arab kemasiga o’tirib Hindistonning janubiy-g’arbiy qismiga yetib keladi. Hindistonda Janubiy-Sharqiy Afrikaga suzuvchi arab dengizchilari bilan tanishadi va o’zi ham shu yerga borishni hohlaydi. Arab kapitanlaridan biri uni o’z kemasiga olishga rozilik beradi. Bu sayohat davrida Kovilyan va uning sheriklari Modagaskar orolida ham bo’ladilar.
Misrga qaytgach Kovlyan Portugaliya hukumatiga xat yozib o’z sayohatini to’liq bayon qiladi. Uning yozgan xatidagi ma’lumotlar Bartalomeu Diashning Janubiy Afrikada Dengiz yo’li orqali Hindistonga borish mumkin, degan fikrini tasdiqlar edi.
Kovilyan xatidagi ma’lumotdan so’ng 1490 yilda Bartalameu Diash tomonidan ochilgan hududlar xaritada belgilandi va shu narsa aniq bo’ldiki, Lissabondan Afrikaning eng chekka nuqtasiga faqatgina Atlantika okeani orqali borish mumkin ekan.
Xristofor Kolumb dengizda yaxshi suzish malakasini O’rta Yer dengizida o’rganadi. Shuningdek, u xarita chizish va tuzishni, geografiya, matematika va astronomiyani qunt bilan o’rgandi. Xuddi shu davrda Xristofor uzoq dengiz safarining rejalarini tayyorladi. U o’z safarini amalga oshirish maqsadida Yevropada birinchi bo’lib jahon xaritasini tuzgan florensiyalik Paolo Toskanello bilan aloqa o’rnatdi. Toskanello unga xat orqali o’zi tuzgan xaritaning bir nus’hasini yuboradi. Kolumb bu xaritani o’rganib chiqdi va 1481 yil oxiri – 1482 yil boshlarida Toskanelloga katta hayajon bilan xat yozib, yana ham ko’proq ma’lumotlar yuborishni so’raydi.
Xristofor Kolumbning istaklari o’sha davrdagi Ispaniya va Portugaliya qirollari manfaatiga mos tushgan edi. Bu davlatlar xukmdorlari ham geografik kashfiyotlar natijasida yangi yerlarga ega bo’lish va xazinani oltinga to’ldirishni orzu qilardilar. Shu maqsadda ispan va portugal kemalari Afrika qirg’oqlarini kezib yurardilar.
1484 yil Portugaliyada «matematiklar kengashi» tuzilib, unga rejalashtirilgan dengiz sayohatlarining loyihalarini muhokama qilish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi. Xristofor Kolumb ham afsonaviy Sipanga (Yaponiya) va Hindiston orollariga G’arbiy Okean orqali sayohat qilish loyihasini tuzdi va o’z loyihasini Portugaliya qiroli Juan II ga taqdim etdi. Juan II bu loyihani «matematiklar kengashi» ga yubordi. Kengash Kolumbni hayolparst deb loyihasini qaytardi. Bundan tashqari Portugaliya qiroli Juan II ga Kolumbning o’zi uchun katta mukofot talab qilishi ham yoqmagan edi. Bundan ranjigan Xristofor Kolumb o’z rejalarini Ispaniya qiroli yordamida amalga oshirish maqsadida 1485 yilda Ispaniyaga ko’chib ketdi. Bundan tashqari u yerni dumaloq degani uchun din ahllari tomonidan ham ayblanishi Kolumbning ko’chishini tezlashtirgan omillardan biri bo’ldi.
1486 yilda Kordovada yashagan yillari Kolumb boy dehqonning qizi-Anna Nunyes Arama bilan tanishib, undan Fernando ismli o’g’il ko’radi. Fernando keyinchalik yirik kosmograf va «Admiral Xristofor Kolumbning hayoti va ishlari tarixi»ning muallifi bo’ldi.
Ispaniyaga kelgan Kolumb 1492 yilda o’z loyihasini Ferdinand va Izabellaga taklif qildi. Loyiha Ispan hukmdorlariga ma’qul keldi. Ispan hukmdorlari tomonidan 1492 yil aprel oyida Kolumbga dvoryanlik unvoni berildi va shu paytdan e’tiboran «don Kristoval Kolon» degan ism oldi. Ispan qirollari «Dengiz va okeanlarning xo’jayinlari sifatida Kolumbni» «o’zi kashf etgan barcha orol va materiklarning admirali»2, vise – qirol deb e’lon qiladilar va bu unvonni abadiy uning vorislariga berishga ham rozilik bildirdilar. Buning evaziga Kolumb kashf qilgan joylaridan topilgan oltin va qimmatbaho buyumlarning o’ndan to’qqiz qismini qirol xazinasiga topshirishi kerak edi. Kolumb ixtiyoriga ikkita kema berildi. Kolumb uchinchi kemani ham safarga tayyorladi. Bu ish uchun mablag’ to’plashda unga paloslik mohir dengizchilar, aka – uka Pinsonlar yordam berdilar. Natijada, 1492 yilda (3 avgust) Ispaniyaning Palos gavanidan Xristofor Kolumbning birinchi dunyo sayohati boshlandi. Eng katta kema «Santa Mariya»da admirallik bayrog’i ko’tarildi va unga Kolumbning o’zi boshchilik qildi. Ikkinchi kemaning nomi «Pinto» bo’lib unga Martin Pinson kapitan etib tayinlandi. Uchinchisiniki «Ninya» - («Go’dak») bo’lib, unga Martin Pinsonning ukasi Visente Pinson kapitan qilib tayinlandi. Butun uchta kema ekipaji 90 kishidan iborat edi.
Kemalar ekipaji Palos aholisi orasidan majburan tanlanadi. Shuningdek ekipajning bir qismi oliy zotlarni haqorat qilganliklari uchun bir yillik surgun ishlariga mahkum qilinganlar va jinoyatchilardan tarkib topgan edi.
Kolumbning birinchi ekspedisiyasi qanday maqsadni ko’zlagan edi, degan savolga turli manba va ma’lumotlarda turlicha javoblar mavjud. Ayrim ma’lumotlarda Kolumbning asosiy maqsadi Osiyoga borish va u yerdagi xalqlar bilan savdo aloqalarining yo’lga qo’yish edi, deyiladi. Ayrimlarida esa, bu safardan maqsad Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan o’lja undirish edi, deb ko’rsatiladi.
Kolumbning birinchi ekspedisiyasi ekipaji tarkibi xristian bo’lmagan mamlakat bilan savdo aloqalarini yo’lga qo’yish uchun tanlab olingan edi, deyishda ham qisman jon borligini ko’rsatadi. Yirik bosqinchilik tadbirlar uchun ushbu floteliya ko’zlanmagan edi: u zaif qurollangan, ekipaj soni esa ozchilikni tashkil etardi. Bundan tashqari ular orasida professional harbiylar ham yo’q edi.
Shuningdek bu ekspedisiya o’z oldiga xristian dinini targ’ib qilishni ham maqsad qilib qo’ymagan edi, ekspedisiya ishtirokchilari orasida birorta ham ruhoniy va monax yo’q edi. Bu holatni ushbu mavzuni o’rgangan barcha tarixchilar e’tirof etishadi. Aksincha, Kolumb odamlari ichida cho’qintirilgan yahudiy bo’lib, u arab tilini yaxshi bilar edi. Undan tilmoch sifatida foydalanmoqchi bo’lishganlar.
Shunday qilib, qirollar ham Kolumb ham «Indiy»lar bilan savdo sohasidagi aloqalarni yo’lga qo’yish maqsadini ko’zlagan edi, degan fikrga ham kelish mumkin. Ammo bu fikr faqat Xristofor Kolumbning birinchi ekspedisiyasi tarixiga tegishlidir.
Birinchi uch kun davomidayoq kuchli dengiz bo’roni kemalarni ochiq okeanga olib chiqib ketdi va Xristofor Kolumb boshqarishni qo’ldan yo’qotdi. Keyingi kunlardagi kemalar tezligining nihoyat darajada tezlashishi ekipaj a’zolarini xavotirga tushirdi. Kolumb esa o’z kundaligida bosib o’tilgan masofaning ko’p qismini yashira boshladi. Masalan: 1492 yil 10 sentyabrda yozilgan ma’lumotda 60 mil masofa bosib o’tilganligi ma’lum qilindi. Bu ayrim adabiyotlarda «odamlarda qo’rquv xissini uyg’otmaslik» uchun qilingan tadbir edi, deb qaraladi.
Shunisi kishining diqqatini o’ziga tortadikim, Xristofor Kolumb aniq yo’nalishni yo’qotgan vaqtda, ko’pincha kema ustidan uchib o’tadigan qushlar galasi ketidan suzishni buyuradi. Kolumb kundaligidagi yozuvlardan ma’lum bo’lishicha (masalan; 7oktyabrda yozuvlardan-P.Sh) portugaliyaliklar qator orollarni aynan qushlar parvozini kuzatish oqibatida ochganlar.
Dengizda aniq yo’nalishni yo’qotgan Xristofor Kolumb ekspedisiyasi 1492 yilning 12 oktyabr kuni Karib dengizida Bagam orollaridan birini topdi. Xristofor Kolumb orol (bu orol mahalliy xalq tomonidan Guanaxani deb atalgan) qirg’og’iga to’qnashishi bilan uni San – Salvador, ya’ni «Xaloskor avliyo» deb ataydi (bu orol hozirgacha shu nom bilan atalib kelmoqda). Kolumb va uning dengizchilari kemalaridan tushishdilar. Bu yerlik aholi ularni iliq kutib olishdi. Bu to’g’rida Kolumb o’zining yon daftarida shunday yozuvlar qoldirgan: «Men ularga arzimas sovg’alar berdim, ular juda mamnun bo’ldilar. Bizlarga to’ti qushlar, o’ram iplar va boshqa narsalar hadya qilishdi. Kishilari chiroyli, kelishgan, o’zlarini qora bo’yoqlar bilan chizib tashlagan, egnida hyech qanday kiyimi yo’q. Qurol – aslaha va temirlar haqida hatto biror bir tushunchaga ega emaslar».
Mahalliy aholining ba’zi birlarining Kolumb burunilariga oltin baldoqlar taqib olganlarini payqadi. Ularning tushintirishlaricha oltin janub tomonda edi. Kolumb odamlari qayiqlarga o’tirib, oltin izlab boshqa orollarni ham topdilar. Ular tomonidan kashf qilingan Bagam orollaridan biriga Izabella (hozir Krukad - Ayland) deb nom berildi. Bu yerdagi aholi bir oz madaniylashgan ko’rinishda edi. Ularda yengil – yelpi kiyimlar, ba’zi ayollarda taqinchoqlar ham bor edi. Bu yerdagi g’aroyib o’simliklar, mevalar Kolumbni hayratda qoldirdi, chunki ilgari u bunaqa narsalarini uchratmagan edi. Shundan so’ng ular Kuba orollarini kashf qildilar. Xristofor Kolumb mahalliy aholining tilida «Kubo oroli» deb atalgan hozirgi Kubaga 1492 yilning 28 oktyabrida yetib keldi. Orol juda katta bo’lib, bu yerdagi katta – katta uylarda yuzlab odamlar birgalikda yashar edilar. Yevropaliklar bu yerda tamaki chekishni, paxtadan qo’pol matolar to’qilishini, madaniy o’simliklardan esa makkajo’xori va kartoshkani ko’rdilar. Ammo bu yerlarning qayer ekanligini bilmagan Kolumb o’zini Xitoyning yarim orollaridan birini ochdim, deb o’yladi. Ammo bu yerda oltin ham, shaharlar ham, podsholiklar ham yo’q edi.
Kuba orollarida yevropaliklar juda ko’p ekin turlarini ko’rdilar, ammo paxtadan boshqa hyech qaysi o’simlikni tanimadilar. Mahalliy aholi ularga chekish uchun barglar olib chiqdilar va yevropaliklar tamaki chekishni birinchi marta ko’rdilar. Undan tashqari sayohatchilar bu yerda makkajo’xori va kartoshka ekinlari bilan ham tanishdilar.
1492 yilning dekabr oyida Gaitida Kolumb katta bir orolni topdi va unga Espanola «Kichik Ispaniya» deb nom qo’ydi. Bu orolda boshqa orollarga qaraganda oltin ko’proq uchradi. Shu sababli ekipajning 39 a’zosi o’z hohishlari bilan shu orolda qoldilar. Bu orolda Kolumb doimiy koloniyaga asos soldi.
Bu yerda holokatga uchragan «Santa - Mariya» ni Espanoloda qoldirib Xristofor Kolumb 1493 yil «Ninya» kemasida Ispaniya tomon yo’l oldi. U bilan birga «Pinto» ham yo’lga chiqdi. (Kolumbdan so’ng Palos portiga yetib kelgan «Pinto» kemasining kapitani bir necha kundan keyin vafot etdi.).
1493 yilning mart oyida Xristofor Kolumb Ispaniyaga bir oz oltin va Yevropada hali hyech kimga ma’lum bo’lmagan orol aholisidan bir necha kishini olib keldi.
Xristofor Kolumb o’zi kashf etgan yerlarni Hindistonning bir burchagi bo’lsa kerak deb o’ylab ularni «Indiy» deb atadi. Ispaniyaga olib kelgan kishilarni «indios» «indeyes» (hindular) deb atay boshladilar. Hozirgacha ham Amerikaning tub joy aholisini «indeyes»lar ya’ni «hindular»deb aytib keladilar. Kolumb tomonidan «g’arbiy Hindiston»ning kashf etilishi to’g’risidagi ma’lumotlar portugaliyaliklarni sarosimaga solib qo’ydi.
Shundan so’ng darhol 17 ta kema, shu jumladan 3 ta katta kemadan iborat yangi floteliya tuzildi. Bu kemalarda 1500 kishi safarga otlandi. Bu ikkinchi dengiz safarining boshlanishi edi. Eng katta kema bo’lgan «Mariya Galante» (Golonte)da Kolumb admiral bayrog’ini ko’tardi. Bu kemalarga o’sha vaqtda Yevropada mavjud bo’lgan barcha chorva mollari, otlar va eshaklar kelgusida yangi orollarda ko’paytirish uchun ortildi. Shuningdek ayrim o’simlik urug’lari ham olindi. Kolumb bilan birga yangi yerlarda baxt topish uchun o’zi qashshoqlashib qolgan bo’lsada hali g’ururdan tushmagan yuzlab dvoryanlar, o’nlab amaldorlar, okeanning nargi tomonida yashovchi «majusiylar» ga xristian dinini qabul qildirish lozimligini maqsad qilib olgan ruhoniylar va monahlar safarga jo’nadilar. Turli manbalarda berilgan ma’lumotlarga ko’ra kemalarda 1,5 mingdan 2,5 minggacha kishi bo’lgan. 1493 yil 25 sentyabrida Kolumbning ikkinchi ekspedisiyasi Kadis shahridan yo’lga chiqdi.
Ikkinchi dengiz ekspedisiyasi harbiy jihatdan ham puxta tayyorlandi. Uning harbiy kuchlariga Las Kasosning amakisi Fransisko de Penyalasa qo’mondonlik qildi. Ikkinchi sayohati vaqtida Kolumb Janubiy Amerikadagi bir qancha orollarni ochib, ularga «Dominiko» (kashfiyot yakshanba kuni qilingan edi. ispancha yakshanba - dominika), «Gvadalupa» (Gvadelupa) (Bu mashhur ispan monastiri sharafiga qo’yilgan), «Virgin» («O’n bir ming qiz oroli» - ispancha qiz - virxen), «Boriken» va «San-Xuan - Bautista» deb nom berdi. Keyinchalik «San-Xuan - Bautista» oroliga «Puerto Riko» (Boy ko’rfaz) deb nom beriladi.
Shundan so’ng u yana Espanologa o’tdi. Bu yerda o’zlari qurdirgan Navidad fortining vayron bo’lgan manzarasini va o’zi qoldirgan odamlarning (39 kishining) murdasini suvdan topdi. Mahalliy aholidan yetarli darajada o’ch olib bo’lgach, Kolumb Espanolo orolida Izabella degan shahar qurdiradi. Ammo tezda bu yerda yuqumli kasallik tarqaldi va Kolumb odamlarining bir qismi ham qirilib ketdi. Kasallik tarqalishining kuchayishi yevropaliklarni orolning janubiy qirg’og’iga ko’chishga majbur qildi va 1496 yilda shu yerda Santo – Damingo (hozirgi Nofid - Truxilo) shahriga asos solindi. Keyinchalik bu shahar orolning poytaxti bo’lib qoldi.
Ammo sharoitning noqulayligi tufayli dengizchilar oziq-ovqatni yaxshi saqlay olmaydilar. Shu sababli ularga ocharchilik xavf sola boshlaydi. Kolumb noilojlikdan Antonio Torres boshchiligida 12 kemani Ispaniyaga qaytarib yuborishga majbur bo’ldi. U Ispaniya hukmdorlariga yozgan xatida bu yerda ko’p miqdorda oltin borligidan xabar beradi va ulardan o’zlariga zarur oziq-ovqat, chorva mollari va mehnat qurollarini yuborishni so’raydi.
Kolumb 500ga yaqin kishini 5 ta kema bilan Espanoloda qoldirishga qaror qildi, qolgan kishilarni 12 kemada 1494 yilning boshlarida Ispaniyaga qaytarib yubordi. Kolumb Ispaniyadan chorva mollari, oziq-ovqat va qishloq xo’jalik asboblari ortilgan kemalar yuborishni so’radi.
Ikkinchi ekspedisiyasi davrida Kolumb Ispaniyaga bir oz oltin, mis, qimmatbaho yog’och va bir necha yuz «hindu» qullarni jo’natdi. Lekin bu yuborilgan narsalar uning ekspedisiyasiga ketgan harajatlardan juda kam edi. Shu sababli qirollar u bilan tuzgan shartnomani buzdilar va oziq – ovqat hamda boshqa kerakli narsalarni yubormay qo’ydilar.
Tavsiya etilgan adabiyotlar:
Mаgidоvich I.P. Mаgidоvich V.I. Оcherki pо istоrii geоgrаficheskiх оtkrыtiy. V 5 tоmах. T. 2. M., 1983.
YAbrоvа M.M. Velikie geоgrаficheskie оtkrыtiya i nаchаlо kоlоniаlьnых zахvаtоv. Sаrаtоv, 1987.
Dostları ilə paylaş: |