Saylanma.
Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
1
Buyuk o'zbek shoiri.O'zbekiston Qahramoni va O'zbekiston xalq shoiri. Shoir o'z hayot
yo'lini shunday tasvirlaydi: Mening tug'ililib o'sgan, bolaligim o'tgan joylar Qarshi
(qadimgi Nasaf) shahridan besh-o'n chaqirim shimolroq tomondagi Qo'ng'irtov
etaklaridir: Bobolarimizning aytishicha, qaysi bir
zamonlarda Navoiy bobomiz
Samarqanddan Buxoroga ana shu Qo'ng'irtovni oshib o'tgan emishlar. Albatta, bu gaplar
xalqning xotirasida o'qtin-o'qtin chaqnab turadigan xayol uchqunlari bo'lishi mumkin.
O'sha Qo'ng'irtovda bizning bolalik yillarimiz o'tgan. Bahor kelganda havoni o't-o'lanning
yoqimli xushbo'y hidi qoplar, sharros yomg'ir quyganda biz tog' cho'qqisi unguridagi
kichik-kichik g'orlarga bekinib olardik. O'sha yuksaklikdan
shimol tarafdagi yam-yashil
bepoyon kengliklarni tomosha qilar edim, to'yib-to'yib nafas olar edim. Ayniqsa, bu
joylarda janub kechalari, yulduzli osmon nihoyatda go'zal bo'lar edi. Tim qora osmonda
qo'l cho'zsang yetgudek ulkan-ulkan novvotrang yulduzlar charaqlab turadi. Hayotimda
bunday go'zal manzaralarni keyin uchrata olmadim.
Biz oilada to'rt o'g'il, to'rt qiz o'sganmiz. Akalarim Buxoro, Toshkent oliy o'quv
yurtlarida
til-adabiyot fakultetlarida o'qishardi. Tabiiyki, ular ko'tarib yurgan kitoblarning aksariyati
badiiy adabiyot namunalari edi. Mening allaqachon savodim chiqqan,
kitoblarni
sharillatib o'qiy olardim. Men bugungi kunda g'oyatda ajablanib shularni eslayman.
Negadir bolaligimda hotiram nihoyatda kuchli edi. Bir o'qiganim esimda qolaverar edi.
Radio, televidenie yoxud boshqa tomoshalar bolmaganidan keyin ermagim kitob edi-da.
Duch kelgan narsalarni o'qib, duch kelgan narsani yodlab olardim. Bu kitoblar orasida
halq dostonlari ham, Navoiy bobomizu Pushkindan tarjimalar ham, G'afur G'ulom,
Hamid
Olimjon she'riyati va yana boshqa ko'p ro'monu qissalar bo'lardi. Darvoqe, qish
kunlarida to'ylarga qo'shni tumanlardan nomdor baxshilar kelib, tong otguncha doston
aytishardi. Biz bolalar baxshini tinglay-tinglay bir-birimizga biqinishib uxlab ham qolar
edik. Yanglishmasam, o'shanda Umur shoir degan baxshining dostonlarini ko'p
eshitganman.
Endi birinchi she'rlar yoza boshlaganimga nima turtki bo'lganini aniq bilmayman. Har
holda so'zlarni qofiyalashga ishqiboz bo'lib qolganim esimda.
Balki zerikkanimdan, balki
zavqim toshib, nimanidir yozgim kelaverardi. Fikr esa yo'q. Yozmaslikning ham iloji yo'q.
Shuning uchun ona, ota, maktab, brigadir Nodir kabi gaplarni o'zimcha she'rga solib
aylantirib yurardim.
Maktabni oltin medal bilan bitirdim va 1958 yil Toshkent Davlat
universiteti filologiya
fakultetining jurnalistika bo'limiga kelib qoldim.