SHAYBONIY ABDULLAXON VA BOBO SULTON MUNOSABATLARIDA JIZZAX VOHASINING TUGAN O‘RNI
Jumaniyoz Sangirov
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi,
Tarix instituti
tayanch doktaranti
Annotatasiya: Ushbu maqolada shayboniy Abdullaxon (1556 – 1598) davrida Jizzax vohasida sodir bo‘lgan voqealar haqida so‘z boradi. Chunonchi, 1557 yilda Jizzax yaqinidagi Ilono‘tdi darasida, 1578 yilda bugungi Zomin tumani Quduqcha qishlog‘ida Abdullaxon va Bobo sulton o‘rtasida sodir bo‘lgan janglar, Boburiylar elchisining Jizzaxda qabul qilinishi, Jizzaxda o‘tkazilgan harbiy paradlar sulola davriga doir manbalar tahlili asosida yoritiladi.
Аннотация: В данной статье рассказывается о событиях, произошедших в Джизакском оазисе в период правления Шайбани Абдулла-хана (1556-1598). Например, в 1557 г. в ущелье Илонатди близ Джизака, в 1578 г. в селении Кудукча, нынешний Зоминский район, бои между Абдулла-ханом и Баба-султаном, прием посла Бабури в Джизаке, военные парады, проходившие в Джизаке, анализ источников, относящихся к периоду династии на основе
Abstract: This article talks about the events that happened in the Jizzakh oasis during the reign of Shaibani Abdullah Khan (1556-1598).
For example, in 1557 in the Ilonatdi gorge near Jizzakh, in 1578 in the village of Kuduqcha, today's Zomin district, the battles between Abdullah Khan and Baba Sultan, the reception of the Baburi ambassador in Jizzakh, the military parades held in Jizzakh, analysis of sources related to the dynasty period based on
Kalit so‘zlar: Jizzax vohasi, Zomin, Pishag‘or, Achi-zarnuq, Yom, O‘ratepa, Abdullaxon, Bobo sulton, Darvishxon, Ilono‘tdi janggi.
Ключевые слова: Джизакский оазис, Зомин, Пишагор, Ачи-зарнук, Йом, Оратепа, Абдулла-хан, Баба-султан, Дарвиш-хан, битва при Илонатди.
Key words: Jizzakh oasis, Zomin, Pishagor, Achi-zarnuq, Yom, Oratepa, Abdullah Khan, Baba Sultan, Darvish Khan, Battle of Ilonatdi.
O‘zbek davlatchiligi tarixida bir asr hukmronlik qilgan shayboniylar sulolasi davrida Jizzax vohasida joylashgan ma’muriy-hududiy birliklar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ayniqsa, sulolaning ko‘zga ko‘ringan vakili Abdullaxon davrida strategik ahamiyati yanada ortgan. Chunonchi, “Abdullanoma”da yozilishicha, 1555-yilda Buxoro hokimi Burhon sultondan norozi amirlar birlashib, Qorako‘l qal’asini bosib oladilar va Abdullaxonga odam yuborib, uni qal’aga kelishga undaydilar. Ularning iltimosini qondirib, Abdullaxon o‘z qo‘shini bilan yetib keladi. Burhon Sulton bunday vaziyatda Navro‘z Ahmadxondan yordam so‘raydi. Bunga javoban Navro‘z Ahmadxon Samarqanddan Toshkentgacha bo‘lgan qaramag‘idagi hududlardan 200 minglik qo‘shin va ularga yetarli ozuqa to‘platadi. Bu qo‘shin ichida Jizzax vohasi manzillaridagi aholidan olingan askarlar ham bor edi. Jang Abdullaxoning mag‘lubiyati bilan tugaydi1.
1556-yil Navro‘z Ahmad vafot etgach, Samarqandda hokimiyatni katta o‘g‘li Bobo sulton egallaydi. Tarafdorlari va Arkoni davlat maslahati bilan o‘sha viloyatning vorislaridan bo‘lgan Abdullatifxonning o‘g‘li Gadayxonni o‘ziga davlat ishlarini boshqarishda hamroh qilib oladi. Ammo Gadayxon Bobo sulton bilan kelisha olmay, toj-u taxt vorislaridan bo‘lgan Axsi va Andijon hokimi Juvonmardali sultonga odam yuborib, uni Samarqandni egallashga chaqiradi. Bu voqeadan Bobo sulton xabar topgach, oralari buziladi, natijada Gadayxon Samarqandni tark etadi va ota meros yurti Zomin va O‘ratepaga jo‘nashga majbur bo‘ladi. Bu holatni Hofiz Tanish Buxoriy “Abdullanoma” asarida shunday ta’riflaydi: “Shu holat bilan Gadoyxon ul mamlakatdan yuz o‘girib, o‘zining meros yurti O‘ratepaga qarab jo‘nadi. Ittifoqo, kuch qudratli bu ikki sulton (Juvonmardali sulton va Gadayxon) Zomin mavzeyida uchrashdilar»2. ular Zominda kengash uyushtirdilar, kengashda Abdullaxonga odam yuborib, undan yordam so‘rash qarorini qabul qildilar.
Abdullaxon 1557-yilning aprel oyida o‘z qo‘shini bilan yordamga yetib kelgach, ittifoqchilar o‘zaro birlashib, Samarqandga yurish qiladilar va Bobo sulton qo‘lida bo‘lgan bu shaharni bir necha kun davomida qamalda ushlab turadilar. Bu orada Bobo sultoning inisi Darvishxon Toshkent, Xo‘jand, Turkiston sipohi bilan Bobo Sultonga yordamga kelayotganligi xabari yetib keladi. Shunday sharoitda Abdullaxon kengash uyushtiradi. Kengashda Qushchi qabilasidan bo‘lgan, suyagi janglarda qotgan, ulug‘ amirlardan, yoshi 90 dan oshgan, Sarixojabiy og‘a-inilar o‘zaro birlashishiga yo‘l qo‘ymay, Darvishxon oldiga chiqib, jang qilishni tavsiya qiladi.
Yordamga kelayotgan (O‘ratepa va Zomindan Gadayxon va Juvanmardalilar qo‘shini bilan Abdullaxon qo‘shiniga qo‘shilib, Samarqandni qamal qilayotganligi sababli Zomin bu vaziyatda qarovsiz qolgan edi.). Darvishxon qo‘shinlari O‘ratepa va Zominni egallab Jizzaxga yetib keladi va uni ham egallaydi.
Sarixojabiy maslahatiga quloq solgan Abdullaxon qo‘shini shiddat bilan Samarqanddan qaytib Darvishxon oldini to‘sib chiqadi. Jang Ilono‘ti atrofida sodir bo‘ladi. Darvishxon qo‘shinida mashhur sarkardalar Bobojuqbiy Do‘rmon boshchiligida 30 ming hamda Baroqbiy Nayman boshchiligida 20 minglik qo‘shin bor edi3. Shunday bo‘lsa-da jang Abdullaxonning g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu orada Darvishxonga yordam uchun Samarqanddan chiqqan Bobo Sulton qo‘shini ham tor-mor etiladi. ular Toshkentga tomon chekinadilar. Natijada Abdullaxon Samarqandga jangsiz kirib boradi va Samarqandda oliy hokimiyatga Sulton Saidxonni tayin etib, Gadayxon va Juvonmardalini ham shu yerda qoldirib, o‘zi Buxoro tomon ketadi.
Voqealarning bunday rivoji Jizzax vohasining yana Samarqand viloyati tarkibidagi muzofotlardan biri bo‘lib qolishiga sabab bo‘ldi. Tez-tez bo‘lib turadigan o‘zaro urushlar, tabiiyki, Jizzax vohasi aholisining ahvolini og‘irlashtirgan. Shu bilan birga, Toshkent va Turkiston Abdullaxonning dushmanlari Bobo Sulton qo‘l ostida bo‘lib, uning tez-tez isyon ko‘tarishi Jizzax vohasi manzillarining harbiy strategik mavqeining ortishiga olib kelgan. oqibatda to 1582-yilgacha Jizzax vohasida ko‘plab istehkom qal’alar qurilib, bu man- zilgohlar muhim mavzelarga aylangan.
Ilono‘tdi jangidan so‘ng Darvishxon Abdullaxon bilan munosabatlarni yaxshilashga kirishadi. Bir necha bor elchilar yubordi. Hatto Darvishxon 1564-yilning iyun oyida Tohir Sulton, Qosim Sulton kabi birodorlari bilan birga Buxoroga kelib Abdullaxon bilan uchrashib, “Abdullanoma” muallifi yozganidek: “Darvish Nishonli hazrat sohibqiron bilan baxtiyor ishlarni qo‘lga olish va saltanat hamda podshohlikdagi muhim vazifalarni tartibga solish xususida o‘zaro ahd-u paymon tuzdilar va uni omon bilan ta’kidlab ahdni buzishga barham berdilar, shundan so‘ng shunday sadoqat bilan hazrat Darvishxon qaytish jilovini burib, asl vatani Toshkentga jo‘nadi”4. Abdullaxon va Darvishxon o‘rtasidagi shartnoma Jizzax muzofatiga shimoli-sharq tomondan solinadigan tahdidni oldini olib, aholiga bir necha yillik tinchlik olib keladi. oqibatda aholi urush vaqtlarida vayron bo‘lgan xo‘jaligini tiklay boshlaydi.
Biroq bu osoyishtalik uzoqqa cho‘zilmadi. Tinchlikni buzgan bu voqea 1565-yil Sulton Saidxonning Abdullaxonga qarshi isyon ko‘tarishi bo‘ldi. Abdullaxon va Samarqand hokimi Sulton Saidxon o‘rtasida boshlangan nizo tobora chuqurlashib, Sulton Saidxon Abdullaxonga qarshi kurasha olmasligini anglab, Turkiston hokimi Bobo Sultondan yordam so‘raydi. E’tiborli tomoni shundaki, Toshkent hokimi Darvishxon Abdullaxonni qo‘llab chiqadi. Bobo Sultonning yordamga kelgan qo‘shinini ittifoqchi Darvishxon va Addullaxon qo‘shinlari yengadilar va Samarqandni qamal qiladilar. Qish kirgani uchun ikki tomon Samarqandni egallay olmay ortga qaytadilar. Samarqandda yana Sulton Saidxonning hokimligi saqlanib qoladi. U Abdullaxonga qarshilikni davom ettirib, Samarqandni 1572-yilgacha boshqaradi. Abdullaxonga qarshi kurash, katta harbiy xarajatlarni talab qilar edi. Bu esa Samarqand viloyati aholisidan olinadigan soliqlarni ortishiga olib keladi. o‘z navbatida viloyat tarkibidagi Jizzax vohasi manzillari ham bundan chetda qolmadi. Aksiga olib Badriddin Kashmiriyning yozishicha, 1566 – 1567-yillarda qish juda qattiq kelgan natijada barcha meva daraxtlarni va toklarni sovuq urib ketgan. Oqibatda 1567-yilda Toshkent viloyati muzofotlarida vabo tarqalib yuzlab kishilarning yostig‘ini quritdi5. Qo‘shni viloyatda bo‘layotgan bu hodisalar Jizzax vohasi manzillariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Xalq turmushi og‘irlashdi.
1572-yilgi voqealar Jizzax aholisini yanada og‘ir ahvolga soladi. Chunonchi shu yili Samarqand hokimi Sulton Saidxon vafot etdi. Uning o‘rnini o‘g‘li Juvonmardxon egalladi. Bu voqeadan xabar topgan oldingi raqiblar - Darvishxon va Bobo Sulton ittifoq tuzib, Zomin va Jizzaxni egallab, Ilono‘tdi darasi orqali Samarqand tomon yurish boshlaydi. Juvonmardxon esa yordam so‘rab, Abdullaxonga murojaat qiladi. Abdullaxon 1572-yilning iyun oyida Juvonmardxonga yordamga yetib keladi. Bobo Sulton va Abdullaxon boshchiligidagi shayboniy shahzodalar o‘rtasida ikki marta jang bo‘lib o‘tadi. Bu janglarda Shayxim Sulton va Sarbon Sultonlar alohida jasorat ko‘satadilar, Bobo Sulton qo‘shini esa chekinadi. Ittifoqchi (Abdullaxon va Juvonmardxon)lar ularni ta’qib qilib, Kunbaygacha quvib keladi va shu joyda asosiy janglardan biri bo‘lib o‘tadi. Jangda Abdullaxon qo‘shinining o‘ng qanotiga Shayxim Sulton boshchilik qiladi. Jang og‘ir kechadi Bobo Sulton va Darvishxon qo‘shini yordamchi kuchlar olgani va ko‘p bo‘lishi- ga qaramay mag‘lub bo‘ladi.
Abdullaxon dushman qo‘shinini to‘xtovsiz ta’qib qilib, Ilono‘ti orqali Bobo Sulton tomonidan egallangan Jizzax, so‘ngra Zominni qayta egallaydi hamda O‘ratepagacha quvib boradi. Bu vaqtgacha Toshkent viloyati tarkibida bo‘lgan, O‘ratepa hududi Abdullaxon tasarrufiga o‘tadi. Qadrdon do‘sti va eng ulug‘ lashkarboshi Qulbobo ko‘kaldoshning maslahati bilan Abdullaxon aholiga teginmaydi. Kengash uyushtirib, amaldorlarga shu yerdan ortga qaytishga buyruq beradi. Abdulaxonning o‘zi ham ortga, Buxoroga qaytadi. “Abdullanomada” yozilishicha, Abdullaxon O‘ratepadan qaytishda Zomin tog‘larida bir necha kun ov uyushtirib hordiq chiqaradi.
Bobo sulton va Darvishxon qo‘shinining yengilishi va Samarqandning yangi hokimi Juvanmardxonning Abdullaxon hokimiyatini tan olishi Jizzax vohasiga ma’lum muddat tinchlik olib keldi.
Shayboniylar, ayniqsa, Abdullaxon davri uchun xos bo‘lgan xususiyatlardan biri xon ishonchiga kirgan viloyat hokimlarining markaziy hokimiyatga bo‘ysunmasligi va ularning tez-tez isyonlar ko‘tarib turishidir. 1578-yilning erta bahorida Jizzax vohasi manzillari uchun notinch davrlar boshlangan. Bunga Samarqand hokimi Juvonmardxon bilan Abdullaxon o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashgani va Juvonmardxonning Turkiston hokimi Bobo Sultondan yordam so‘raganligi sabab bo‘ldi.
Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, Abdullaxonning Balxda ekanligidan foydalangan Juvanmardxon ikkinchi o‘gli Muzaffar Sultonni Bobo sulton oldiga elchi qilib jo‘natadi. Muzaffar Sulton Bobo Sultonga sodiqlik qasamyodini izhor qiladi va u ayni bir vaqtda akasi Abulxayr Sultonning bu ittiffoqga rozi bo‘lmayotganligini va Abdullaxon tomonda ekanligini aytadi.
Juvonmardxonning o‘g‘li olib kelgan xabaridan so‘ng, Bobo Sulton amaldorlari, arkoni bilan kengash uyushtiradi. Kengashda barcha bir ovozdan Abdullaxonning Balxda ekanligidan foydalanib qolish, Samarqand viloyatini egallash, Miyonkolga hujum qilib aholini talash haqida kelishadilar. Bobo sulton o‘g‘li Latif Sulton boshchiligida 30 minglik qo‘shinini, Muzaffar Sultonga qo‘shib jo‘natadi va Hofiz Tanishning yozishicha, ularga: “Agar Abulxayr otasiga g‘oyatda itoatda bo‘lib, bandalik va farmonbardorlikni joyiga qo‘ysa, u bilan sulh tuzib orqaga qayting. Bordi-yu agar u o‘jarlik va takabburlik yo‘lini hamda kelishmovchilik va dushmanlik shevasini qo‘lidan bermasa, unga qasd qilinglar. Samarqand sipohini o‘z lashkaringizga qo‘shib, Miyonkolga tezlikda ot choptiring va talon-toroj qo‘lini xusumat hamda taroj yengida chiqarib, shavkat boshini baland ko‘taring. Bu ma’nining surati amalga oshganda men ham Turkiston sipohi, 0‘tror hamda Sabron lashkari bilan ketingizdan yetib boraman”6, - deb farmon beradi.
Albatta, Bobo Sulton tomonidan jo‘natilgan ushbu qo‘shin Jizzax vohasi manzillari uchun og‘ir kulfat keltirdi. Chunki bu qo‘shinning asl maqsadi talonchilik bo‘lib, Samarqand tarkibidagi Jizzax vohasi ham bundan chetda qolmadi. Bu fikrlarni keyingi voqealar ham isbotlaydi. Juvanmardxonning o‘g‘li Abulxayr Sulton bu voqealardan xabar topgach, Abdullaxonga xabar yo‘llaydi va xabarida: “agar inim Muzaffar Sulton Bobo Sulton qo‘shini bilan Samarqand viloyatiga kirib kelsa, shahar va qishloqlar xarob bo‘lib, kishilar ahvoli yanada o‘g‘irlashadi” - deydi. Bu orada Muzaffar Sulton boshlab kelayotgan Bobo Sulton askarlari Zomin va Jizzaxni egallab Ilono‘tti orqali Samarqanddan 4 farsax shimolda joylashgan Sheroz qishlog‘iga kelib joylashadi. Juvonmardxon o‘z qo‘shini bilan ularga qo‘shiladi. Abulxayr Sulton ularga qarshi hujum qilib muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Natijada Samarqandni ittifoqchi qo‘shin egallaydi. Bundan xabar topgan Abdullaxon Abulxayr Sultonning yordam so‘rab jo‘natgan elchilarini qabul qilib, qo‘shini bilan yo‘lga tushadi. Abulxayr Sulton bilan birlashgan Abdullaxon Samarqandni qamal qiladilar. Juvonmardxon Bobo Sultonga maktub yo‘llab undan yordam jo‘natishini so‘raydi. Bunga javoban Bobo Sulton o‘z qo‘shini bilan yo‘lga tushadi. Abdullaxon bu orada Samarqandni egallab, Abulxayrni hokim qilib tayinlaydi. Bobo Sulton qo‘shinining Zominda ekanligidan xabar topgan Abdullaxon kengash uyushtiradi. Kengashda bir ovozdan hamma unga qarshi yurish qilish kerakligini maslahat beradilar. Abdullaxon 1578-yil 10-iyulida yo‘lga tushadi va Samarqanddan 35 km shimoli-sharqda, hozirgi Bulung‘ur va Jomboy oralig‘ida joylashgan Bedana qo‘rig‘iga kelib tushadi. o‘sha yerdaligida Hindiston hukmdori Akbarshoh (1556-1605)ning Mirzo Po‘lod boshchiligidagi elchilari kelib, Abdullaxon qabuliga kirishga muyassar bo‘ladi.
Elchilar Abdullaxon tarafidan bundan bir yil (1577) muqaddam Akbarshoh saroyiga yuborilgan Amir Abdurahmon boshliq Buxoro elchilariga javoban yuborilgan bo‘lib, elchilar Akbarshohning Abdullaxon uchun berilgan sovg‘a-salomlarini in’om etadilar. Abdullaxon ham, o‘z navbatida, elchilarni yaxshi kutib olib, ular sharofatiga ziyofat beradi. Lekin ularning ketishiga ruxsatni ortga surib, Bobo Sultonga qarshi yurishda hamroh qilib oladi. Albatta, buning sababi bo‘lib, Abulfayz Alomiyning ko‘rsatishicha, Akbarshox Mirzo Po‘lad orqali Abdullaxonga yuborgan maktubida Buxoro hukmdori tomonidan 1577-yil Eronni aniqrog‘i, Xuroson va Qandahorni taqsimlab olish to‘g‘risidagi qilingan taklifga rozi emasligini ham ma’lum qilgan7. Abdullaxon esa bu vaqtda hali Mоvаrounnahming o‘zida raqiblari ustidan to‘la g‘alaba qila olmagan edi. Elchi kelgan vaqtda ana shunday raqiblaridan Samarqand hukmdori Juvonmardxon Toshkent hokimi Bobo Sulton bilan til biriktirib, isyon ko‘targan edi. Elchi esa bularga bevosita guvoh bo‘lgan. Abdullaxon, shubhasiz, Hindiston elchisining nomaqbul taassurot bilan qaytib ketishini istamagan va o‘zining Bobo Sulton ustidan qozanadigan g‘alabasini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.
Hindiston hukmdori Akbarshoh elchisining Bobo Sulton ustidan to‘laligicha Abdullaxoning g‘alabasi ta’minlamagunicha qolishi va unga hamroh bo‘lishini boburiy hukmdorlar vakilining, Bobur mirzoning bu hududlarni 1512-yilda tashlab ketishga majbur bo‘lganidan keyingi tashrifi desak bo‘ladi. Chunki Bobo Sulton bilan olib borilgan bu jang, asosan, Zomin, Jizzax, Raboti Malik, Pishog‘or, Yom mavze va qal’alarida bo‘ladi. Bu joylar Bobur Mirzoning Samarqandni egallagan va qo‘ldan chiqargan og‘ir kunlarida unga boshpana bo‘lgan bo‘lib, bu haqda “Boburnomada” yozib o‘tgan edi. Elchi ham “Bobumoma”ni o‘qigan, va unda ta’riflangan bu hududlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Albatta, bu hududlar haqda Akbarshohga ham ma’lumot bergan.
Keyingi kuni elchilar Abdullaxon bilan birgalikda yo‘lga tushadi. ayg‘oqchilar ardoxshon darasida dushman sipohi borligini xabar qiladilar. Abdullaxon Abdusamadbiy boshchiligida ularga qarshi qo‘shin jo‘natadi. Ikki tomon qo‘shini Raboti Malikda (hozirgi Ravot qishlog‘i) to‘qnashadilar, Jang og‘ir kechadi, Abdullaxon tomondan muhammad mirzo Nayman halok bo‘ladi. Shunga qaramay ular mardonavor jang qiladilar, oqibatda Bobo Sultonning askarlari chekinadi. Bu Abdullaxon qo‘shinining ilk g‘alabasidan biri edi. Lekin hali asosiy jang oldinda edi. Chunki Bobo Sulton asosiy askarlari bilan Zominda jangga tayyorgarlik ko‘rmoqda edi. Abdullaxon esa bu vaziyatda Ko‘k gumbazga kelib chodir tikadi. Abdullaxonning shu yerdaligida to‘satdan Bobo Sultonning elchilari kelib sulh tuzishni taklif qiladi. Abdullaxon rozi bo‘lmaydi va elchilarni jo‘natmagan holda, ertasiga Jizzaxni o‘ziga qarorgoh aylaydi.
Abdullaxon Jizzaxda 10 kun davomida bo‘ladi. Buning boisi O‘zbek Sultoni kutishi, askarlari bilan yetib kelgach esa, unga va elchilarga atab Jizzaxda berilgan ikki kunlik ziyofat va uch kunlik askarlarning ko‘rikdan o‘tkazilishidir. “Abdullanoma” muallifining yozishicha, Abdullaxon qo‘shini bu vaqtda xizmatkorlaridan tashqari 30 mingdan ortiq bo‘lgan. Abdullaxon 1578-yilning 25-iyulida Jizzaxdan chiqib Raboti Malikga kelib tushadi. ikkinchi kuni u yerdan otlanib Og‘ojonbiy rabotiga (Pishag‘or) tushadi. Shu yilning 30-iyul kuni Abdullaxon amaldorlari, elchi va butun qo‘shini bilan Achiq mavzeyiga (hozirgi Zomin tumani Achchi qishlog‘i) kelib tushadi. Bu vaqtda Bobo Sulton qo‘shini bilan Zominda qulay vaziyatni kutib turardi.
Abdullaxon shu yerda kengash uyushtiradi, kengashda bir guruh amirlar “Dushman Zominni olib suv bo‘yida joy qilgan- mish, agar voqea shunday bo‘lsa, shu manzilda qolganimiz yaxshi bo‘lar edi. Chunki biz cho‘llagan holda cho‘ldan borsak, ular seroblik, shodmonlik bilan oldimizdan chiqsalar. Bu lashkarlari- mizning yengilishiga sabab bo‘ladi”, degan maslahat beradilar. Lekin kengashda Kuchak o‘g‘lon boshchiligidagi boshqa amaldorlar: “teskarichilarning baxt va tolei aylanib suv bilan bog‘lanmagan bo‘lishlari mumkin. E’tiborli kishilardan bir to‘dasi borib suvdan aniq xabar olib kelsalar va ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rsalar, munosibroq bo‘lar edi”, degan fikr bildirib, 10 kishini Zominga suv bo‘yiga jo‘natadilar. ular Bobo Sultonning askarlari suv bo‘yini egallamaganligi, qo‘yilgan soqchilar kam ekanligini xabarini yetkazadilar. Shundan so‘ng Abdullaxon kengash qilib, maxsus guruhni Zominsuv atroflarini egallash uchun jo‘natadi. Jonkeldibiy va ustod Ruhiyga barcha to‘plarni olib jang uchun munosib joy tanlab, o‘rnatsinlar, qolganlar yurish odat bo‘lmagan vol darasi yo‘lidan yo‘lga tushsinlar, deb farmon beradi.
Suvbo‘yi Abdullaxon askarlari tomonidan egallanadi. Bundan xabar topgan Bobo Sulton Zomindagi qo‘shinini to‘plab jangga tayyorlana boshlaydi. Jang Zomin yaqinidagi Quduqcha qishlog‘ida bo‘lib o‘tadi. Buni Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma”dagi yozma ma’lumotlardan kelib chiqib bugungi qishloqning ikki o‘rtada geografik jihatdan jang uchun qulay joylashganligi bilan isbotlash mumkin.
Har ikki tomon qo‘shini jang oldidan Quduqcha qishlog‘i tepaliklari va tekisliklarida o‘z joylarini egallaydilar. Abdullaxon qoshiniga Abdullatif Sulton, Muhammad Boqibiy Do‘rmon, Muhammad O‘g‘lon, Abdulmo‘min Sulton, Abu Nasr Ibadulla Sultonlar boshchilik qiladilar.
Bobo Sulton qo‘shinining o‘ng tomoniga Do‘stim Sulton, Tohir Sulton, chap tomoniga Abdal Sulton, Poyonda Muhammad va Mahdiy Sultonlar boshchilik qiladilar.
Jang boshlanishidayoq Bobo Sulton qo‘lida bo‘lgan tepalik, Abdullaxon askarlari tomonidan ishg‘ol qilinadi va u yerga ustod Ruhiy boshchiligida to‘plar o‘rnatiladi. Atrofiga aravalarni olib kelib, bir-biriga zanjirlab qo‘yilgan holda arava ortiga piyoda va kamonchilar joylashadilar. Har ikki tomon ham hal qiluvchi jang uchun pistirmaga askarlar jamg‘arib qo‘ygan edilar.
Jangni dastlab otliqlar boshlab beradi. Bobo Sultonning pistirmadagi qo‘shini otlar oldidan chiqib, otliqlarga nayza hamda qilichlar bilan hujum qiladilar. Abdullaxon lashkaridagi Do‘stim Sulton, Mir Asad, Tanishbiy Jaloir, Mardonlar boshliq ushbu otliqlar, mardonavor jang qilib yordam kuchlari yetib kelgach, Dushmanning old qismini yanchib tashlaydilar. Shundan so‘ng Abdullaxon asosiy qo‘shinini jangga tashlaydi. Ular ham zafar qozonadilar. Ustod Ruhiy tomonidan egallangan tepalikdan otilgan to‘plarning o‘qlari Bobo Sulton askarlarini parokanda qilib, hatto Bobo Sulton oldigacha yetib boradi va uning nomdor sarkardasi Do‘stika Bahodirni nobud qiladi. “Abdullanoma” muallifining yozishicha, bu holat Bobo Sultonni ham sarosimaga solib qo‘ygan ekan.
Bobo Sulton qancha urinmasin jang maydonidan askarlari chekina boshlaydi. Natijada uning ikki tepalikdagi chodirlari barcha qurol-aslaha bilan Abdullaxon qo‘shinlari tomonidan o‘lja olinadi. oxir-oqibat Bobo Sulton omon qolgan qo‘shini bilan chekinadi.
Bobo Sultonning Zomindagi o‘zi bilan olib kelgan, qal’a muzofotlardan tortib olingan boyliklari Abdullaxonga qoladi. “Abdullanoma” muallifi Zomindagi bu boyliklarni shunday ta’riflaydi: “Nusratli sipoh cheksiz g‘animat va mo‘l-ko‘l mollardan momuz bo‘ldi, nafs asbob, nozik chinnilar, kumush va oltin idish-tovoqlar hamda bezaklarga boyidilar”.
Bu g‘alabadan so‘ng Abdullaxon zominni o‘ziga qarorgoh qilib, g‘alaba nishonasi sifatida atrofdagi viloyatlar (Haydar Muhammad munshiy)ga fathnomalar yozdiradi. Ertasi kuni askarlarni Bobo Sulton ketidan ta’qibga jo‘natadi va o‘zi ham harakatlanib zomindan 16 km shimoli-sharq tomondagi Jom mavzeyiga kelib tushadi. Keyingi kuni u yerdan harakatlanib, Sirdaryo sohiliga chodir tikadi8. Abdullaxon Bobo Sulton ortidan ta’qibni to‘xtovsiz davom ettirib, Toshkent va Turkistonni egallaydi. Toshkentga Abdullaxonga xayrixoh va sodiqlik ko‘rsatgan Bobo Sultonning akasi Darvishxonni hokim qilib tayinlaydi. Bobo Sulton Qozoq cho‘liga qochadi. Shundan so‘ng Abdullaxon Zomin, Jizzax orqali Buxoroga qaytadi. U yerda elchilar sharafiga ziyofat berib, ularni o‘z di- yori (Hind)ga qaytarib jo‘natadilar.
1578-yil Abdullaxon va Bobo Sulton o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang Turkistonda markazlashgan kuchli davlatni saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega. Biroq u Jizzax vohasi uchun juda og‘ir oqibatli bo‘ldi. Chunki har ikki tomon qo‘shini obod dehqonchilik vohalarini oyoq osti qildi. Jang harakati ayni yig‘im-terim vaqtiga to‘g‘ri kelgandi. Ustiga ustak aholining qo‘shin xizmatga jalb qilinishi, qo‘shinni boqish uchun qo‘shimcha oziq-ovqat yig‘ilishi xalq ahvolini og‘ir- lashtirib yuborgan. E’tiborlisi Zomin jangidan so‘ng to‘liq o‘zini o‘nglab olishga ulgurmay yana jang maydoniga aylanadi.
Xulosa qilib aytganda, Abdullaxon hukmronlik davrida Toshkent viloyati hokimi Bobo sulton bilan olib borilgan tinimsiz urushlar bir tomondan Jizzax vohasi manzillarining stretegik ahamiyatini oshirsa, ikkinchi tomondan ushbu manzillar aholisining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir qiladi.
Dostları ilə paylaş: |