Mil. avv. 1- ming yillikda O‘rta Osiyoda zardushtiylik deb atalgan din keng tarqaladi. Bu din hali odamlar tabiatni ilohiylashtirgan kezlarda kurtak yoza boshlagan edi. Zardushtiylar olov, tuproq, suv va yulduzlarga sig‘inishgan, ularni muqaddas hisoblashgan. «Zardushtiylik» so‘zi ham Zardusht (turli tillarda Zaratushtra, Zoroastr) ismidan kelib chiqqan. U mil. avv. 1-ming yillikning birinchi yarmida yashab o‘tgan tarixiy shaxs. Zardushtning vafotidan keyin bir necha asrlar o‘tgach, barcha diniy marosimlar, madhiyalar va duolar zardushtiylar uchun muqaddas bo‘lgan bir kitobga jamlandi. Bu kitobning nomi «Avesto» bo‘lib, «qat’iy belgilangan qonun-qoidalar» degan ma’noni anglatadi. «Avesto»ning ilk qismi mil. avv. IX – VIII asrlarda paydo bo‘lgan. Zardusht va’zlari matnlarining hammasi mil avv. III asrda 21 ta kitobda jamlangan, bu kitoblar «Avesto» asosini tashkil etgan edi. «Avesto» matnlariga sharh esa «Zand» deb yuritiladi.