-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda qonunchilikning holatini, qo‘llanilish amaliyotini, jamoatchilik fikrini va xalqaro tajribani o‘rganish
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘G‘risida-fayllar.org
23-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda qonunchilikning holatini, qo‘llanilish amaliyotini, jamoatchilik fikrini va xalqaro tajribani o‘rganish Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda ishlab chiquvchi:
qonunchilikning holatini, normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmeti bo‘yicha qo‘llanilish amaliyotini o‘rganadi;
ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘shliqlar va ziddiyatlarni, shuningdek huquqiy jihatdan tartibga solishga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni, qonunchilikning samaradorligiga ta’sir etuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlaydi;
ijtimoiy munosabatlarning tegishli sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni aniqlash nuqtai nazaridan qonunchilikni xatlovdan o‘tkazadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek ayrim fuqarolarning takliflarini, ommaviy axborot vositalarining materiallarini, ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar hamda mutaxassislarning maslahatlari va tavsiyalarini, jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalari ma’lumotlarini umumlashtiradi hamda ulardan foydalanadi;
xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini hisobga oladi, shuningdek boshqa davlatlardagi huquqiy jihatdan tartibga solish borasidagi tajribani o‘rganadi;
normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmetiga taalluqli ilmiy tadqiqotlar natijalarini, ommaviy axborot vositalaridagi, Internet jahon axborot tarmog‘idagi maqolalarni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganadi;
normativ-huquqiy hujjatni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan moliyaviy-iqtisodiy xarajatlarga bo‘lgan ehtiyojni, ularning o‘rnini qoplash miqdorlari va manbalarini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasiga olib chiqiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi manfaatdor davlat organlarining, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, o‘zga tashkilotlarning vakillari, olimlar, mutaxassislar va fuqarolar ishtirokida o‘tkaziladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining mutaxassislar muhokamasi tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarining, tarmoqlarning vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasining jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasi ishtirokchilari ishlab chiquvchi tomonidan loyihaning matni bilan oldindan tanishtirilishi kerak.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi jarayonida bildirilgan takliflar va fikr-mulohazalar tavsiya xususiyatiga ega hamda ishlab chiquvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi materiallari normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga ko‘rib chiqish uchun normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish bilan bir vaqtda kiritiladi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 14, 15 va 16-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamenti”ning 4-bobi (“Qonun loyihalarining jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasi”).