8-bob. Yakunlovchi qoidalar 54-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘yiladigan asosiy talablar Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan asosiy talablar ushbu Qonunning ilovasiga muvofiq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi Qonunlar loyihalarini tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining hamda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining prinsiplari va normalari hisobga olinadi. Qonunlar loyihalari qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak. LexUZ sharhi Qonunchilik texnikasining eng muhim talablaridan biri bu — har bir yaratilgan qonun, eng avvalo mantiqiy muntazamlikka asoslangan holda, bir-biriga bog‘liq va har biri oldingi normaning mazmunidan kelib chiqadigan normalar tizimidan iborat bo‘lishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, har bir norma yaxlit bir tizimning mustaqil, biroq o‘zigacha va o‘zidan keyingi normalarga mazmunan bog‘liq birligi sifatida joylashtirilishi lozim. 55-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilgan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharhni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga rasmiy sharhni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli palatalari beradi.
Qonunosti hujjatlari normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan organlar beradi.
Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.