Efir moylarning kimyoviy tarkibi Efir moylar organik moddadar aralashmasidan iborat bo‘lib, tarkibiga barcha to‘yingan va to‘yinmagan birikmalar, alifatik, siklik va aromatik uglevodorodlar, terpenlar, spirtlar, yog‘ kislotalar, fenollar, murakkab efirlar, aldegidlar, ketonlar, laktonlar va tarkibida azot hamda oltingugurt bo‘lgan boshqa organik moddalar kiradi.
Tarkibida kislorod bo‘lgan birikmalar va ularning efiri efir moylarga hushbuy hid beradi. Seskviterpenlar efir moylarning yuqori haroratda qaynaydigan fraksiyasini tashkil etadi. Efir moyining kimyoviy tarkibi o‘simlik yoshiga, ekiladigan joyining iqlimiga va o‘sish davriga qarab o‘zgaradi.
Efir moylarining tibbiyotda qo‘llanishi Efir moylari tibbiyotda dori sifatida ichiladi yoki badanga surtiladi va in’eksiya qilinadi,bundan tashqari, ba’zi dorilar aralashmasi tarkibiga kiradi. Efir moyi saqlovchi o‘simliklardan tayyorlangan dori turlari ham tibbiyotda keng qo‘llaniladi. Efir moylari farmatsevtikada boshqa dorilar mazasi va hidini yaxshilash uchun qadimdan ishlatilib kelinmoqda. Ko‘pgina efir moylari bakteritsid xossasiga ega bo‘lganidan tish kasalliklarini davolashda va ingalyasiyada (nafas yo‘llarini dezinfeksiya qilishda) qo‘llaniladi. Xonalar (ko‘pincha kasalxonalar) havosini yaxshilash uchun ham efir moylaridan foydalaniladi. Efir moylari ko‘proq parfyumeriyada, kosmetikada, texnikada va oziq-ovkat sanoatida ishlatiladi.
Efir moylarini saqlash Efir moylari havo kislorodi, yorug‘lik va namlik ta’sirida buziladi. Bunday sharoitda ular oksidlanib, smolaga o‘xshash moddalar hosil qiladi. Natijada efir moylarining ranggi va hidi o‘zgarib, o‘zi quyuqlashadi. Efir moylari ombor va dorixonalarda saqlanganda yuqorida ko‘rsatilgan sharoitlar hisobga olinishi kerak. Efir moylari tegishli MTX da ko‘rsatilgan og‘zi mahkam yopiladigan idishlarda to‘la holda 150S dan yuqori bo‘lmagan haroratda, salqin hamda qorong‘u joyda saqlanadi.
Efir moylarining tasnifi Efir moyi saqlovchi dorivor o‘simliklar va mahsulotlar tarkibidagi moyni asosiy qismining kimyovii tuzilishiga qarab, olti guruhga bo‘linadi:
Tarkibida atsiklik (ochik zanjirli) monoterpenlar bo‘lgan efir moylar va o‘simliklar.
Tarkibida monotsiklik monoterpenlar bo‘lgan efir moylar va o‘simliklar.
Tarkibida bitsiklik monoterpenlar bo‘lgan efir moylar va o‘simliklar.
Tarkibida aromatik monoterpenlar bo‘lgan efir moylar va o‘simliklar.
Tarkibida atsiklik (ochik zanjirli) seskviterpenlar bo‘lgan efir moylar va o‘simliklar.
Tarkibida siklik seskviterpenlar bo‘lgan efir moylar va o‘simliklar.