Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Karimov I.A. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari. -T: «O‘zbekiston», 2009
2. Karimov I.A. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida. -T. «O‘zbekiston», 1995
3. Хodiyev B.Yu., Bekmurodov A.Sh., G‘ofurov U.V., To‘хliyev B.K. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari» nomli asarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv qo‘llanma. -T.: Iqtisodiyot, 2009
4. Nurmatov N.J. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida mamlakatimiz qishloq infratuzilmasining rivojlantirilishi. Toshkent, «Meriyus», 2010
5. Salimov B.T., O‘raqov N.I. Qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi iqtisodiyoti. -T. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2004
12-Mavzu: Bozor infratuzilmasida marketing faoliyati.
Reja:
1. Marketingning mohiyati va ahamiyati.
2. Korxona marketing xizmati va uning tashkil qilinishi.
3. Reklamaning ahamiyati va turlari.
1. Marketingning mohiyati va ahamiyati.
Korxonalar bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobat muhitiga duch keladilar. Bunda boshqaruvning samarali usullarini, shu jumladan marketingni qo‘llab muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi mumkin. Marketing deganda ma’lum darajada foyda olishni ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan korxonaning ichki tizimi bo‘lib, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish faoliyatini yo‘naltirish uchun bozordagi holatni va iste’molchilarning mahsulotga qo‘yadigan talablarini o‘rganish hamda hisobga olishga qaratilgan faoliyatdir. Qisqa qilib aytganda, marketing – bozorni o‘rganish va ishlab chiqarish jarayonini unga moslashtirish bilan bog‘liq faoliyatdir. Marketing so‘zi inglizcha «market» so‘zidan olingan bo‘lib, bozor degan ma’noni anglatadi. Marketingning ahamiyati shundaki, korxonaning butun faoliyati xaridorlar talabining hozirgo holati va uning kelgusidagi o‘zgarish tendensiyasiga qaratilgan bo‘ladi.
Marketingning negizi – bozorni tadqiq qilish bo‘lib, unda tovarni muvaffaqiyatli sotishning barcha shart-sharoitlari tahlili amalga oshiriladi. Bozorni tadqiq qilishning quyidagi tarkibiy qismlari mavjud:
a) talabni o‘rganish. Talabni o‘rganishda quyidagilarga e’tibor beriladi:
- bozor sig‘imini o‘rganish;
- xaridorlarning tovarga qo‘yadigan talablari;
- xaridorlarning sotib olish quvvati;
- bozor talabining rivojlanish istiqbolini o‘rganish.
b) taklifni o‘rganish. Taklifni o‘rganishda quyidagilarga e’tibor beriladi:
- bozordagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni o‘rganish;
- import hisobidan taklifning o‘sish o‘sish imkoniyatlarini o‘rganish;
- ishlab chiqarishning rivojlanish imkoniyatlarini o‘rganish;
- bozordagi raqobatchi korxonalar faoliyatini o‘rganish.
d) bozorda faoliyat yuritish shart-sharoitlarini o‘rganish. Bunda quyidagilarga e’tibor beriladi:
- savdo faoliyatini tashkil etishning shakl va usullarini o‘rganish;
- tovar harakati sharoitlarini o‘rganish;
- tovarni taqsimlash mumkin bo‘lgan kanallarni o‘rganish;
- bozordagi huquqiy shart-sharoitlarni o‘rganish.
e) korxonaning potensial imkoniyatlarini o‘rganish. Bunda quyidagilarga e’tibor beriladi:
- korxonaning xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish;
- mahsulotning raqobatbardoshliligini tahlil qilish;
- korxonaning raqobatbardoshliligini tahlil qilish.
Marketing xizmati vazifalarining asosiy maqsadi korxona to‘la xo‘jalik, sport va tijorat faoliyatini rivojlanish qonunlariga bo‘ysunishdir. Bundan ishlab chiqaruvchilar ham, mahsulot iste’molchilar ham manfaatdordirlar. Marketing xizmati bo‘limlari o‘zaro jips bog‘langan. Ularning har biri o‘z masalalarini yechadi, bu esa bozor so‘rovini aniqlashdan iste’molchilar talablarini qoniqtirish, sotishni ta’minlash, servis xizmatini yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
Hozirgi davr marketing konsepsiyasi iste’molchini talabini o‘rganishga yo‘naltirilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar assortimentini belgilash ma’lum maqsadni bozor va raqobatchilar faoliyatini o‘rgangandan so‘ng belgilash mumkin. Yuqoridagi shuni ko‘rsatadiki, marketing konsepsiyasi faqat bozor xususiyatinigina emas, balki mahsulotlar yangi bozorini tashkil etish va xizmatini aniqlash, hosil qilish va talabini boshqarishdan iborat.
Marketing hozirgi davr konsepsiyasi yordamida mutaxassisning ijodiy faoliyatining boshlanishini birlashtiradi. O‘z navbatida marketing ishlab chiqarish imkoniyatlarini mahsulotlarni sotish va xizmat qilishni birlashtiradi, to‘la ishni rejalashtirishga asoslanib xaridorlar foydasini ham e’tiborga oladi, mahsulotni tez harakatiga va xizmat qilishni o‘z o‘rniga qo‘yadi, buning natijasida narxning o‘sishini ta’minlaydi. Agar ishlab chiqarish jarayoni o‘z vaqtida mahsulotni taklif etsa nafaqat talab etilgan joyga yetkazishini ta’minlaydi, balki iste’molchining olgan mahsulotini foydaliligini belgilaydi. Shunday qilib marketing hozirgi davr konsepsiyasida zamonaviy turmushga mos iste’molni hosil qilishdir.
Marketingni boshqarish - marketing hamma elementlariga ta’sir etish jarayonidir, bu o‘z navbatida xaridorlar bilan o‘zaro bog‘liq aloqalar o‘rnatish va mustahkamlashdan iboratdir.
Marketing faoliyatida samarali natijalarni ro‘yobga chiqarish, asosan, mahsulot, uning narxi va bozorda qay darajada siljishi hamda joylashishidan iborat. Marketing boshqaruvi tashkiliy tizimi - butun organlar tizimi xo‘jalik subyekti oldiga qo‘ygan maqsadga erishishdagi unumli ishidan iborat. Marketingni boshqarish tashkiliy tizimi, ma’lum faoliyat turini alohida ishbilarmon menejer yoki alohida tizimli qismlar orasida taqsimlashni belgilaydi. Marketingni boshqarish funktsional tashkiliy tizimi tizim bo‘g‘inlarining mas’uliyatini ta’minlashni belgilaydi va ularni marketing funksiyasiga bog‘liq ravishda ixtisoslaydi: assortimentni rejalash va yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, sport sohasida yutuqlarga erishish, marketing izlanishi, mahsulotning bozordagi harakati, reklama va sotishni rag‘batlantirish, savdo xizmatini tashkil qilish va xizmat ko‘rsatish. Marketingning asosiy maqsadi - bozorni har tomonlama o‘rganish, tahlil qilish va konyunktura o‘zgarishini oldindan bilish asosida yuqori foyda olishdir. Marketing - bu xaridorning mahsulot yoki xizmatga bo‘lgan talabini aniqlash va uni so‘nggi iste’molchiga daromad olish maqsadida sotishni izohlash va tarqatish jarayonidir. Marketing bu sotish bozorlarini yoki talabni bunyod etishdir.
2. Korxona marketing xizmati va uning tashkil qilinishi.
Marketingni tashkil qilish deganda uning vazifalarini bajaruvchi tarkibiy bo‘limlarning tuzilishi va ularning o‘zaro mas’uliyatlarini hamda bog‘liqliklarini ifodalovchi tizimni yaratish tushuniladi. Bunday tizim, oddiy firma (korxona) dan tortib bozorda ishtirok etayotgan barcha subyektlar, davlat yoki nodavlat, tijorat yoki notijorat, tuman, shahar, viloyat va respublika miqiyosida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar va sport muassasalarida tuzilgan marketing xizmatlarini o‘z ichiga oladi.
Marketingning tashkil etilishi quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:
- marketing xizmatining maxsus vazifalari - bozorni o‘rganish, tovar harakati, baho, talabning shakllanishi, sotishni rag‘batlantirish va boshqalarning bajarilishini uyushtirish shaklida;
- marketing vazifalarini firma (korxona) tovarlari yoki guruhlari bo‘yicha bajarish tarzida;
- marketing vazifalarini bozorlar (mahalliy, mintaqaviy, tashqi) bo‘yicha ijro etish shaklida.
Kompaniyalar ushbu marketing xizmatlari shaklini bir-biriga qo‘shib yoki moslab tashkil etishlari mumkin. Ammo marketing tarkibini tanlash har bir firma (korxona, sport muassasalari) ning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga bog‘liq.
Mahsulot ishlab chiqaruvchi va sotuvchi korxonalar marketingga har bir ma’lum bozor segmentlari bo‘yicha muayyan bir davrga belgilangan, eng yuksak iqtisodiy samaraga yo‘nalgan maqsadlarga erishish vositasi sifatida qaraydi. Bunday sharoitda marketing korxona ishlab chiqarish tijorat faoliyatini uzoq muddatli va operativ rejalashtirish uchun, ishlab chiqarishning eksport dasturini tuzish, korxona jamoasining ilmiy-texnikaviy, texnologik, investitsiya va ishlab chiqarish-sotish ishlari uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Marketingni boshqarish esa korxona boshqarish tizimining muhim elementi bo‘ladi.
Marketingni tashkil etishda ikki jihat muhim: maqsadlar va marketing xizmati maqomi e’tiborga olinadi. Marketingi tashkil etishga kirishgan korxonaning maqsadlari qanday bo‘lishi kerak? Marketingning tan olingan peshqadamlari bo‘lmish yaponlar tajribasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, asosiy maqsadlar (afzalligi tartibiga qarab) quyidagilardan iborat:
- sotish hajmi;
- o‘sish sur’atlari (sotuv yoki foyda hajmi);
- bozordagi hissasi;
- rejalangan foyda, bu foydaning hajmi, foydaning sotuv hajmiga nisbati, barcha sarmoyadagi foyda me’yori, foydaning hissadorlar sarmoyasiga nisbati va boshqalarda aks etishi mumkin;
- sarmoyaning tarkibi, ya’ni faollarning umumiy summasiga yordam shaklidagi sarmoyaning nisbati.
Bu ro‘yxatni boshqa turlicha maqsadlar bilan ham to‘ldirish mumkin. Masalan, mahsulot sifatini oshirish, harajatlarni kamaytirish va shu kabilar. Maqsadlarni ishlab chiqishda ular korxona xodimlarining niyatlarini aks ettirishi zarurligiga alohida e’tibor berish kerak. Aks holda ishlovchilarning ishlab chiqarish jarayonidan «ichki uzilishi» ro‘y beradi. Shuni anglash muhimki, korxonada marketingning chinakamiga joriy qilinishi uchun unda tegishli xizmatni tuzishning o‘zi yetarli emas. Gap ana shu xizmatga qanday maqom berilganida. Marketing bo‘limi diqqat markaziga mahsulotning pirovard iste’molchilari bilan bog‘liq barcha muammolar tushadi, bu paytda boshqa bo‘linmalar o‘z e’tiborini turli juz’iy vazifalarga qaratgan bo‘ladi. Shuning uchun ham marketing bo‘limi butun faoliyatni muvofiqlashtirib turishini tan olish mutloqo tabiiydir. U ishlab chiqarish jarayonida yetakchi bo‘lishi uchun uning maqomini boshqa bo‘linmalar ichida eng yuqori qilib belgilash lozim. Korxonaning aniq marketing mo‘ljalining garovi ham ana shunda!
Marketingi boshqarish - uni tashkil qilishda firma (korxona, tashkilot, muassasalar) oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishish, tahlil, rejalashtirish, hayotga tadbiq etish va nazorat qilish bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Marketingi boshqarish jarayoni bir-biridan ajralmas uch qismdan iborat:
a) tashkiliy - firma bo‘limlarini kerakli bozor axborotlari bilan ta’minlovchi;
b) izlanishlar olib boruvchi - firma marketing faoliyatidagi - bozor, assortiment, baho, reklama doiralarida uslubiy va tadqiqot ishlarini bajarish;
d) dasturiy - nazorat ishlarini maqsadli dasturlar, strategiya va taktikani shakllantirish va bozor faoliyatini joriy nazoratini olib boradi. Marketingni boshqarish funksiyasi uning maxsus xizmati orqali olib boriladi. Marketing xizmati har bir korxonada bajarilishi ko‘zda tutilgan o‘ziga xos aniq vazifalar, ishchilarning huquq va burchlari, korxonaning boshqa bo‘limlar bilan o‘zaro munosabati va boshqalar Nizom asosida tashkil etiladi. Marketing xizmati vazifalari uning o‘ziga xos tamoyillari asosida kelib chiqadi. Bunga quyidagilar kiradi:
- korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar va bozor haqidagi axborotlarni to‘plash va tahlil qilish;
- korxonaning mahsulot ishlab chiqarish, savdo va xo‘jalik faoliyati, reklama qilish, sport, moliyaviy va boshqa jihatlar bo‘yicha manfaatlariga mos qaror qabul qilish uchun zarur hisob-kitob ko‘rsatkichlarini tayyorlash;
- talab shakllanishini faollashtirish va sotishni tezlashtirish.
Xizmatlar marketingi xususiyatlari - marketing xizmat ko‘rsatish doirasida, o‘z ichiga tovarlar ijarasi, ularning ta’mirlash yoki o‘zgartirish va shaxsiy xizmatlarni oladi. Ba’zida tovarlar va xizmatlar farqlanishi qiyin bo‘ladi. Umuman, xizmatlarning to‘rt xil tavsifi bor: payqay olmaslik; saqlashga qobiliyatsizligi; xizmat ko‘rsatuvchidan ajratib bo‘lmasligi va sifati jihatidan o‘zgaruvchanligi. Xizmatlarni payqay olmasligimiz - ularni namoyish qilish, tashish, saqlash, o‘rash (qadoqlash) yoki sotib olingandan keyin o‘rganishning iloji yo‘qligini bildiradi.
Marketing xizmati korxonada quyidagi funksiyalarni bajaradi:
- korxona mahsulotini sotish, savdo talab va konyunkturasi, raqobatchilar siyosati hamda bahoni, bozor taraqqiyotini oldindan o‘rganish va tadqiq qilish;
- korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatbardoshliligi bahosi, uning assortimentini shakllantirishga oid takliflar berish, kelgusida ishlab chiqariladigan mahsulotlar haqidagi yangi g‘oyalarni topish;
- bozorga chiqarilgan mahsulotlarni tez sotish yo‘llarini belgilash, sotish va saqlashni tashkil etish, turib qolganlik haqidagi shikoyatlarni o‘rganish;
- reklama tadbirini yo‘lga qo‘yish orqali mahsulot sotilishini mahsulot sotilishini tezlashtirish va aholi talabini shakllantirish.
Tashkilotlarda marketing xizmatini yo‘lga qo‘yish. Marketing xizmati korxonalarda iqtisodiy ahvol (foyda, baho va konyunktura) o‘zgarib borayotganda bozordagi iste’molchilarning talabi bilan korxona ishlab chiqarishi, savdo va xo‘jalik faoliyati munosabatlarini muvofiqlashtirish uchun tashkil qilinadi.
Marketing xizmati - bu bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida korxona boshqaruvi uchun etishmay turgan shunday bir faoliyat turiki, u ishlab chiqarish, moliya, savdo-xo‘jalik, texnologik, kadrlar masalasi va boshqa sohalarda bozor zahiralarini qondirish va foyda olishga asoslangan yo‘nalishlar jarayonini yaratadi. Marketing xizmati rahbari korxonada marketing tadqiqotlari tashkil etish, reja va takliflarni ishlab chiqish, belgilangan maqsadga erishish uchun nazorat va rejalarning bajarilishi uchun mas’uldir. Barcha vazifa va majburiyatlar barcha bo‘lim xodimlari o‘rtasida qamrab olinishi kerak. Marketing xizmati bo‘limi guruhi tarkibiga bozor munosabatlarini o‘rganuvchi mahsulot turlarini shakllantiruvchi, baho beruvchi, savdo va reklama sohalarining mutaxassislari kiritilishi kerak. Shuning bilan birga tashkiliy tartib boshqaruvni yengillashtiradigan, yuqori natijalarga yetkazadigan qonun-qoidalar mavjud. Ular quyidagilardan iborat:
- boshqaruvning tashkiliy shakli oxirigacha oddiy bo‘lishi kerak;
- boshqaruv tashkiliy strukturasining tarxi oddiy, tushunarli bo‘lishi kerak;
- har bir ishchiga yozma ish instruktsiyasi berilgan bo‘lishi kerak. Instruktsiyalar yangilanib turish maqsadida bir yilda ikki martadan tekshirib turilishi zarur;
- aloqalar tizimi samarali bo‘lishini va aniq axborotlar almashinuvini ta’minlash;
- ijrochilik va mas’ullik chegarasi aniq, ko‘zga tashlanib turadigan bo‘lishini ta’minlash.
3. Reklamaning ahamiyati va turlari.
Keyingi vaqtda ishlab chiqaruvchilar tomonidan reklama faoliyatiga alohida e’tibor berilmoqda. Bozor munosabatlarining paydo bo‘lishi korxonalardan jamoatchilik diqqatini o‘ziga jalb etishning yangi usullarini izlab topishni talab etadi. Yaxshi tashkil etilgan reklama ishlab chiqaruvchi va iste’molchi o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etishga yordam beradi. Aksincha, sifatli, yuqori did bilan tashkil etilmagan reklama iste’molchilarning ishlab chiqaruvchilarga bo‘lgan ishonchini yo‘qotishi mumkin. Shu sababli reklamaga korxonalar jiddiy munosabatda bo‘lishlari lozim. Reklama ma’lum bozor tadqiqotlariga asoslanishi lozim. Bunda reklama qaysi ijtimoiy qatlamga yo‘naltirilganligi aniq bo‘lishi lozim.
Korxonalar tomonidan berilayotgan reklamada o‘ziga xoslik (firma stili) bo‘lishi lozim. Ushbu o‘ziga xoslik nomlanish, tovar belgisi va slogan (shior) dan tashkil topadi. Tovar belgisi – bu korxonaning chizma ramzidir. Mazkur ramz original bo‘lishi va o‘ta murakkab bo‘lmasligi lozim. Masalan, «Mercedes Benz», «Adidas» firmalarining tovar belgilari o‘zining originalligi bilan ajralib turadi va tovarlarining reklamasida muhim ahamiyatga ega. Slogan – qabul qilingan shior bo‘lib, korxona faoliyatining mazmunini qisqacha aks ettiruvchi jumladir. Masalan, «Johnson and Johnson» firmasining shiori – «Biz Siz haqingizda va sog‘ligingiz haqida qayg‘uramiz»dir. Ushbu shior korxona tovarining reklamasida berib boriladi va u mazkur tovarning omma o‘rtasida mashhur bo‘lishida ahamiyatga ega. Bundan tashqari korxonaning o‘ziga xosligi (firma stili) xodimlarining o‘ziga xos bo‘lgan bir xilda kiyinishi, korxonada ishlatiladigan idora jihozlari va boshqalarning bir xilda va korxona tovarini targ‘ibot qiluvchi shaklda bo‘lishi va boshqa shu kabilarda ham namoyon bo‘ladi. Mazkur holat ham korxona mahsulotlari reklamasida, xalq orasida tanilishida muhim ahamiyatga ega.
Reklamani amalga oshirish usullari quyidagilar:
a) matbuot orqali reklama. Bunda reklama gazeta va jurnallar orqali amalga oshiriladi. Ushbu reklama turiga quyidagi talablar qo‘yiladi:
- diqqatni tortish maqsadida rasmlar ko‘zga tashlanuvchi, yorqin ranglarda, boshqa materiallardan ajralib turuvchi bo‘lishi lozim;
- reklama matni qisqa va aniq bo‘lishi lozim;
- reklama matnida iste’molchilarning diqqatini tortuvchi so‘zlar, masalan, «yangi», «bepul» kabi so‘zlardan foydalanish lozim.
b) radio orqali reklama. Ushbu reklamaning auditoriyasi matbuot orqali reklamaga nisbatan kengroq bo‘lib, unda quyidagilarga e’tibor berish lozim:
- tinglovchilarning e’tiborini tortishi uchun reklama uzog‘I bilan 40-45 soniya davom etishi lozim, agar reklama uzoqroq davom etsa tinglovchilarning qiziqishi susayadi;
- reklama nima, qayerda, qachon kabi savollarga aniq javob berishi lozim;
- reklama yoqimli musiqa sadolari hamrohligida, mashhur kishilar (aktyorlar, sportchilar va hokazo) ovozlari orqali amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
d) televideniye orqali reklama. Mazkur reklama turining imkoniyatlari ancha keng. Televideniye orqali reklamada quyidagilarga e’tibor berish lozim:
- tovarning biror xususiyatidan bahra olayotgan insonlarni ko‘proq tasvirlash lozim;
- reklamada albatta tovar belgisini ko‘rsatish lozim;
- o‘ylab topilgan narsalar emas, balki hayotiy tasvirlardan foydalanish lozim;
- bajarish mumkin bo‘lgan narsalarni va’da berish lozim.
Ayrim reklama beruvchilar oxirgi ikkita talabga ko‘pincha e’tibor bermaydilar, bu esa pirovard natijada ularning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
e) tashqi reklama. Bu aholi gavjum joylarda, chorrahalarda, ko‘chalarda, jamoat joylarida, turli muassasalar binolarida, jamoat transportining tashqi va ichki tomonida afishalar, vitrinalar, stendlar va shu kabilar orqali amalga oshiriladigan reklamadir. Ushbu reklama keng qamrovli, lekin aniq yo‘naltirilganligi past darajada bo‘ladi.
f) to‘g‘ridan-to‘g‘ri pochta orqali reklama (direkt meyl – direct mail). Bunda ishlab chiqaruvchi o‘zining potensial xaridorlariga pochta orqali o‘z tovari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni reklama sifatida yuboradi. Mazkur reklama aniq yo‘naltirilgan, lekin boshqa reklama turlariga nisbatan ko‘p mablag‘ va vaqt talab etadi.
g) reklamaning boshqa turlari. Bunga sotish jarayonida korxona tovarlarini reklama qiluvchi narsalarni qo‘shib berish, sayyor agentlar orqali reklama qilish, ko‘rgazmalar tashkil etish orqali reklama qilish va boshqa shu kabilar kiradi.
Korxonalar reklamani tashkil etishda uning samaradorligiga alohida e’tibor berishlari lozim.
Reklama - bu biror korxona, mahsulot, xizmat turi, ijtimoiy faoliyatning biror turini ommalashtirish maqsadida amalga oshiriladigan jarayondir. Shu maqsadda reklama o‘sha korxona yoki ijtimoiy faoliyatining biror-bir mahsulotiga yoki xizmat turiga keng jamoatchilikniing e’tiborini jalb etadi. Yaxshi tashkil etilgan reklama bozor talabini oldindan ko‘ra bilish va bozor sharoitidan xaridorlar oqimini boshqara olish imkonini beradi. Reklamaning tarixi uzoqdir. U uzoq yillar davomida vujudga kelgan mahsulotning xaridorga etib borishning sinovdan o‘tkazilgan usullarini qo‘llaydi. "Reklama - savdoni harakatga keltiruvchi kuchdir" - degan iboraning qo‘llanilishi tasodif emas.
Mahsulotning xaridorga yetib borishi har gal ham avtomatik ravishda amalga oshmaydi. Faqat mahsulot taqchilligi sharoitidagina bozor to‘g‘ri kelgan mahsulotni "yutib" yuborishi mumkin. Bunday holda bozor talabni vujudga keltiruvchi sifat, baho, mavsumiylik kabi mahsulotning muhim omillarini hisobga olmaydi. Shuni ta’kidlash zarurki, mahsulot taqchilliligi paytida ularga va xizmat turlariga bo‘lgan talab qondirilmay qolaveradi. Normal rivojlanayotgan bozor sharoitida esa ko‘pgina mahsulotlar, ularni xaridorlar sotib olishi uchun ma’lum faol tijorat targ‘iboti tayyorgarligidan o‘tish kerak. Mana shunga reklama juda kerak bo‘ladi. U o‘ziga ajratilgan muhim rolni o‘ynaydi, ya’ni reklama eski talablarni sindirib, xaridorlarning qiziqishlari va manfaatlariga ta’sir qilish orqali yangi talablarni vujudga keltiradi. Mana shu tariqa reklama talabni paydo qiladi.
Reklamaning asosiy vazifasi - maxsus axborotlardan foydalanib mahsulot, xizmat turlari va ularning xarid qilish joyi haqida axborot berishdir. Lekin reklamaning vazifasi faqat bu bilan chegaralanib qolmaydi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, reklama axbarotni targ‘ibot va tashviqot bilan birga olib boradi. Shunday qilib, faol reklama axborot beruvchi va ayni vaqtda ishontiruvchi, ma’lum maqsadga yo‘naltiruvchi bo‘lishi lozim. Shu turdagi reklama talabni ma’lum yo‘nalishga soladi, uni bir turdagi xizmat va mahsulotdan boshqasiga ko‘chiradi, talablarni ochadi va xaridorning niyatlariga ta’sir qiladi. Reklama ishlab chiqaruvchi, savdo va xaridor o‘rtasida tijorat axborot almashishiga imkon beradi. Reklama - bu mahsulot va xizmat turining ishlab chiqarishdan savdo va xaridorgacha bo‘lgan yo‘li haqidagi xilma-xil axborotlar oqimidir. Reklamaning oxirgi maqsadi - bozorda taklif qilingan mahsulotlarning xaridor tomonidan qabul qilinishi ehtimolini oshirishdir. Reklama qilinayotgan mahsulotlarning sotilishi, ularning oldindan rejalashtirilgan realizatsiya miqdori bilan hamohang o‘sib bormog‘i kerak. Bu shuning uchun ham muhimki, mahsulotlarga bo‘lgan talabni hisobga olmay reklama qilish talab va taklifning bir-biriga mos kelmasligicha olib kelishi mumkin. Bu maqsad bosqichma bosqich amalga oshiriladi. Har bir bosqichda har xil vazifa qo‘yiladi: xaridorlar diqqatini mahsulotga jalb etish, ularda qiziqish o‘yg‘otish, talablarni shakllantirish, xarid imkoniyatini korxonaning xaridor talabini bajara olish imkoniga yo‘naltirish. Biroq reklama yana psixologik omil hamdir. Uning ta’sir kuchi katta. Masalan, ko‘p xaridorlar bahoga mahsulotning obro‘si sifati deb kurashadi. Odamlar qimmatroq to‘lashga tayyorlar, oxir mahsulot alohida xususiyatini taklif qilayaptiku. Reklama sanoat va savdo korxonalari manfaatlarining mos tushishi, aholi talablari va xaridning amalga oshishi, tijorat siyosatining tez amalga oshishiga imkon beradi. Ammo, faqat reklama u yoki bu mahsulotning ko‘payishiga xizmat qilar ekan deb o‘ylash noto‘g‘ri bo‘ladi. Xaridorning qarori sifat, baho, uning joylashtirilishi, hamda sotilgandan keyingi ahvolidan kelib chiqadi.
Reklama, uning samaradorligini oshirish talablariga javob berishi kerak, ya’ni aniq va haqqoniy, ma’noli va ilmiy asoslangan, ko‘proq axborotni o‘z ichiga olgan va didli, foydali bo‘lmog‘i lozim. Reklamani ishlab chiqaruvchi ham, sotuvchi ham amalga oshirishi mumkin. Bu holda ishlab chiqaruvchi o‘z reklamasini har tomonlama oluvchiga qaratadi.
Savdo xodimlari o‘zlari sotayotgan mahsulotlarni yaxshi bilmog‘i kerak. SHuning uchun ishlab chiqaruvchining reklamasi xaridorlarda kamroq hissiyot o‘yg‘otadi, lekin ko‘proq axborot etkazadi. Savdo reklamasi esa xaridorlarga atalgan bo‘lib, mahsulot haqidagi axborot bilan birga savdo madaniyati va estetikasini oshirishga ko‘maklashishi lozim. Rejalashtirish, tashkil qilish va umuman reklama faoliyati, ayniqsa aniq mahsulotlar reklamasi faqat bozor va talabni o‘rganish sharoitidagina samaralidir. Talab tez o‘zgaradigan yoki hali talab shakllanmagan mahsulotlarga boshqa reklama kerak. Reklama faoliyatining axborot ko‘lami: umuman va alohida mahsulotga bo‘lgan talab haqidagi ma’lumotlardan (miqdor, struktura, shakllanish xususiyatlaridan), umumiy iqtisodiy axborotlardan, ishlab chiqarish va iste’mol to‘g‘risidagi, savdo kon’yukturasidagi o‘zgarishlar va savdo xizmati ko‘rsatkichining joyi haqidagi xabardan iborat.
Talab haqidagi turli axborotlar reklama faoliyatida quyidagilar uchun foydalaniladi:
-
reklama qilishga tavsiya etilgan mahsulotning tanlovi, mahsulot reklamasining iqtisodiy asoslanganligi va reklama qilishga rejalashtirilganligi;
-
reklama tadbirlarini o‘tkazish va tashkil qilish;
-
reklama vositalarining manzilini ishlab chiqish, reklamaning xaridorlar ahvolidan kelib chiqib isbotiyligini ko‘rsatish, reklamani joylashtirish va berish kanallarini aniqlash;
-
reklama qilish vaqti va oralig‘ini aniqlash;
-
reklamaning psixologik va iqtisodiy ta’sirini baholash.
Shuningdek, reklamaning vazifasini, uning ijodiy yo‘nalishini (strategiyasini) ham aniqlab olishimiz zarur. Yo‘nalishni asoslashda avvalambor mahsulotni ishlab chiqarishda etarliligini hisobga olish, mahsulot zahiralari, uzluksiz ta’minlab tura olish imkoniyatlarini ham hisobga olish kerak. Shuningdek, boshqa ma’lumotlar ham muhimdir, mahsulot bozorining ko‘lami; uning miqdordagidan oshiq zahiralari, mahsulotning kelajagi va hokazolar.
Tayanch iboralar:
Marketing, talab, taklif, shartnoma, bitim, resurs, mahsulot, tovar, ish kuchi, reklama, istiqbol reja, konyunktura, bozor, savdo, ishlab chiqarish.
Nazorat savollari:
1. Marketing faoliyatining mohiyati va ahamiyati nimadan iborat?
2. Korxonada marketing xizmati qanday maqsadda tashkil qilinadi?
3. Reklamaning mohiyati nimadan iborat?
4. Reklamaning qanday turlari mavjud?
Dostları ilə paylaş: |