Inflyasiyaning oqibatlari, uning aholi turmush darajasiga, iqtisodiyotga va bank tizimiga ta’siri
Inflyasiya iqtisodiyotni izdan chiqaradi va turli salbiy oqibatlarga olib keladi.
Inflyasiya kishilarda qo‘rquv va sarosima o‘yg‘otadi. Ishlab chiqarishga pul sarflash xatarli ishga aylanadi, negaki sarflangan pul egasiga qaytib kelgunicha o‘z qadrini yo‘qotib qo‘yadi.
Inflyasiya sharoitida qarz bergan yutqazadi, qarz olgan esa yutadi. Bu ishlab chiqarishga qo‘yish uchun pul topishni qiyinlashtiradi, chunki qarz berib
yutqazgandan ko‘ra, uni boshqa yo‘lda ishlatish ma’qul ko‘riladi.
Inflyasiya natijasida pul jamg‘armalari keskin qadrsizlanadi, pulga tenglashtirilgan qiymatli qog‘ozlar - sug‘urta polislari, aksiyalar, obligatsiyalar, cheklar, sertifikatlar va boshqalarning real qiymati ham pasayib ketadi.
Qat’iy daromadga, ya’ni pensiya, stipendiya, nafaqa va belgilangan ish xaqiga yashovchilar turmushi yomonlashadi, hatto ular qashshoqlashib boradi. Narx osha borgan holda pul daromadlarining oshmasligi yoki narxga nisbatan sekinroq oshib borishi, tovarlarni oldingidan ozroq iste’mol etilishiga olib keladi.
Iqtisodiyotda ishlab chiqarishning stixiyaliligi kuchayadi, tarmoqlar o‘rtasida mutanosiblik buziladi. Pul mablag‘lari ishlab chiqarish sohasidan muomala (savdo) sohasiga oqib o‘tadi.
Savdo-sotiq ham izdan chiqadi, sababi turli hududlarda baholarning turlicha bo‘lishi tovarlar normal harakatini buzadi. Ularning bozordan bozorga ko‘chib yurishiga olib keladi. Olib-sotarlikka keng yo‘l ochiladi. Baholarning o‘sib borishi tufayli tovarlarni ko‘plab sotib olib, saklab, so‘ng qimmatga sotish avj oladi.
Pul egalari qadrsizlanayotgan puldan qutilish maqsadida o‘zlariga kerak bo‘lgan va kerak bo‘lmagan, to‘g‘ri kelgan tovarlarni sotib ola boshlaydilar. Tovarlar taqchilligipaydo bo‘ladi. Pulga o‘z qadrini yo‘qotmaydigan mol- mulk (er,uy, inshootlar), kelajakda yaxshi mulk bo‘lib qoladigan osori-atiqa(antikvar)lar va noyob buyumlar (qadimiy san’at asarlari, kitoblar, qo‘l yozmalar), nodir metallar va qimmatbaho toshlar, shuningdek, barqaror valyutalar (AQSH dollari, EVRO va boshqalarni) sotib olish ommaviy tus oladi.
Inflyasiya bank tizimini ham chetlab o‘tmaydi. Bank imkoniyatlari qadrsizlanadi. Uzoq muddatli qarz berishga barham beriladi, chunki qadrli pullarda berilgan kreditlar ma’lum muddatlardan so‘ng qadrsizlangan pullarda qaytariladi. Bank krediti uchun to‘lanadigan foizlar o‘sib boradi. Aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi va bankka o‘z jamg‘armalarini omonatlar sifatida qo‘yish deyarli to‘xtaydi. Ho‘jaliklar o‘rtasidagi hisob - kitoblar ham ma’lum darajada chigallashadi.