17-Mavzu. O‘zbekistondagi g‘oyaviy birlikni ta’minlashda Harakatlar strategiyasining ahamiyati. Reja


“Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan



Yüklə 148 Kb.
səhifə2/3
tarix02.12.2023
ölçüsü148 Kb.
#137278
1   2   3
17-mavzu - maruza matni (2)

“Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”8.
Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: “Imonning afzali sabr va bag‘rikenglikdir”.
Chindan ham, dinimiz ta’limotiga ko‘ra, bag‘rikeng bo‘lish imon belgisidir9.
Davra suhbatida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida keltirib o‘tilgan xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga qaratilgan yo‘nalishning mazmun-mohiyati xususida ham so‘z yuritilib, o‘rta maxsus ta’lim tizimi o‘quvchilari hamda uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash, muqaddas dinimiz sofligini asrash, o‘quvchi-yoshlarni turli diniy oqimlar ta’siridan himoya qilish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Bilamizki, dunyo yaralgandan beri insonlar hamisha bir-biriga intilib yashaganlar. Hayot taqozosi bilan kimdir kimningdir yordamiga muhtojlikdan, kimdir ruhiy madad olish uchun, kimdir ilm o‘rganish uchun hamkorlik qilib keladilar.
Ammo atrofimizda yaxshilik va yomonlik, yovuzlik va ezgulik, jaholat va ma’rifat hamisha bir-biri bilan to‘qnashgan, bir-biri bilan kurashib keladi.
Birodarlik, diniy bag‘rikenglik, do‘stlik va hamkorlik insoniylik fazilatlardan biri sifatida, ajdodlarimizdan bizlarga juda katta ma’naviy meros bo‘lib qolgan. Prezidentimiz shu yilning yanvar oyida Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida “Biz jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlarni izchil davom ettiramiz. Bu borada 30 iyul – “Xalqaro do‘stlik kuni” munosabati bilan yurtimizda birinchi marta “Do‘stlik haftaligi”ni va “Do‘stlik” xalqaro forum-festivalini o‘tkazishni taklif etaman10.
Mamlakatimizda “jaholatga qarshi – ma’rifat” degan ezgu g‘oya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish kun tartibimizdagi doimiy masalalardan biri bo‘lib qoladi.
Joriy yilda hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiyning hayoti, ilmiy merosiga bag‘ishlangan hamda diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi”, deb ta’kidlab o‘tgan edilar.
Bugungi kunda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mamlakatimiz azal-azaldan turli milliy va elat vakillari turli dinlarga e’tiqod qilib, do‘stona, birodarlikda, tinchlik-totuvlikda yashagan o‘lka bo‘lib hisoblanadi. Tarixdan ma’lumki ajdodlarimiz yurtimizdagi boshqa din vakillariga hamisha hurmat va ehtiromda munosabatda bo‘lganlar. Vatanimizning rivojlanish bosqichlarida, uning har bir yutug‘i, ijtimoiy iqtisodiy jihatdan ravnaq topishida ham ular halol mehnatlari bilan bir-biriga yelkadosh bo‘lib xizmat qilganliklari ko‘pgina tarixiy manbalarda qayd qilib o‘tilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 34 milliondan oshib ketdi. Ular orasida esa 130dan ortiq turli millat vakillari bor. Yurtimiz fuqarolarning 94 foizdan ko‘prog‘i Islom diniga e’tiqod qiladi. 3,5 foiz aholimiz esa pravoslav diniga mansubdir. Aholining qolgan qismi boshqa diniy konfessiyaga mansub hisoblanadi. Yurtimizda ko‘plab diniy tashkilotlar ham faoliyat olib borayotganligi ozod va obod hayotda yashayotgan xalqimiz bag‘rikengligining amaliy ifodasi bo‘lib hisoblanadi.
Ayniqsa keyingi, uch yilda yurtimizda do‘stona amaliy hamkorlik, o‘zaro birodarlik barqaror rivojlanishimiz kafolati bo‘layotganligi ayni haqiqatdir.
Jumladan Prezidentimiz Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashining beshinchi Sammitida so‘zlagan nutqida “Eng muhimi, bugungi kunda jahon ishonch inqiroziga yuz tutmoqda. Zero, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonch xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim shartidir.
Nazarimizda, ishonch inqirozini bartaraf etish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida, birinchi navbatda, inson kapitalini rivojlantirish uchun kulay sharoitlar yaratish zarur”, deb alohida ko‘rsatib berdilar.
Biz “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat Dasturida xuddi shu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar belgilanib, amalga oshirilayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz.
Ayniqsa kambag‘alchilikka qarshi kurashish–har bir nochor oila a’zolarining bilim olishini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish uchun malakasini oshirish, ishsizlikni bartaraf qilish, yosh qizlarimizni turmushga tayyorlash, ularning oliy ma’lumot olishini ta’minlash, hunarmandchilikni rivojlantirish,har bir oilaning o‘z tomorqasidan unumli foydalanishiga erishish singari omillar orqali–inson kapitalini rivojlantirish, xavfsizligini ta’minlash yo‘lida qulay sharoitlar yaratish bugungi davr talabiga aylanmoqda.
Bugungi kunda bunday faoliyatning o‘ziga xos shakllari vujudga kelmoqda. Oilasi kambag‘al deb hisobga olingan fuqaro jamoatchilik tomonidan otaliqqa olinsa, mazkur fuqaroga ijobiy ta’sir ko‘rsatish davlat va jamoat tashkiloti vakillari yordamida amalga oshiriladi11.
Ayniqsa yangidan tashkil qilingan Mahalla va oila instituti masalalari Vazirligi, uning viloyat boshqarmalari, tuman bo‘limlarining yordam ko‘rsatish uslubi eng samarali uslublardan biri bo‘lib, oila a’zolarini ish bilan ta’minlash, ijtimoiy foydali aloqalar o‘rnatish, shu fuqaroning nega kambag‘al bo‘lib qolgani, uning hayotdagi maqsadlarini o‘rganib ularga ko‘mak berishni nazarda tutadi. Yordam berishda kambag‘allikka yuz tutgan oilada xalqimiz urf-odatlari, qadriyatlar qay tarzda shakllanganligini o‘rganish ham katta ahamiyatga ega. Bunda jamoat, diniy tashkilotlar, ijtimoiy reabilitatsiya markazlari va homiylar yordami ham kerak bo‘ladi.
Shu o‘rinda bu fuqaroning hunarga yo‘naltirilishi, tadbirkorlikka o‘qishi, ishga joylashtirilishi ham juda muhimdir.
Shuningdek, hayotda xavfsizlik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, o‘zaro do‘stlik-birodarlikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar ham uchrab turmoqda. Bu ayrim noislomiy diniy konfessiya vakillarining aholi ichida missionerlik bilan bog‘liq noqonuniy faoliyat olib borayotganligida ko‘rinadi.
Missionerlik muayyan din, yoki sekta vakillarining o‘z diniy ta’limotini targ‘ib qilish va tarqatishga qaratilgan faoliyati hisoblanadi. Ular o‘zi e’tiqod qiluvchi diniy ta’limotni o‘zga din vakillari ichida tarqatish bilan shug‘ullanadilar. Ular milliy dinlardan boshqa deyarli barcha dinlarda uchraydi. Ko‘p hollarda xristianlikning katolik va pravoslav yo‘nalishlarida missionerlik bilan ruhoniylar shug‘ullansa, protestant konfessiyalarida missionerlik barcha dindorlarning burchi hisoblanadi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida Markaziy Osiyo mintaqasida ham turli noislomiy diniy konfessiyalar tomonidan o‘z diniy qarashlarini mahalliy aholi ichida keng targ‘ib qilishga qaratilgan faol harakatlar amalga oshirildi. Mintaqa mamlakatlarida tub aholi uchun an’anaviy bo‘lmagan diniy konfessiyalarga mansub tashkilotlar ham rasmiy ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yurita boshladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ayrim noislomiy diniy konfessiyalarning vakillari, shu jumladan norasmiy jamoa a’zolari tomonidan qonunga xilof ravishda diniy saboq berish, noqonuniy yo‘llar bilan diniy adabiyotlarni respublika hududiga olib kirish va tarqatish, xususiy xonadonlarda belgilangan tartiblarga zid ravishda diniy yig‘inlar o‘tkazish, eshikma-eshik yurib diniy qarashlarini targ‘ib qilish, aholi ichida o‘zlarining diniy ekspertizadan o‘tkazilmagan buklet, jurnal, elektron disklarini tarqatish kabi qonunbuzarliklar sodir etilib, ularni bartaraf qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda12.
Ma’lumki, bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to‘qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Mazkur hududlarda go‘yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik, insoniylikka zid vahshiyliklarga asoslangan jamoalar ko‘paydi. Terrorchilik harakatlari nafaqat beqarorlik hukm surayotgan hududlarda, balki Fransiya, Germaniya, Belgiya kabi Yevropa mamlakatlarida, Rossiya singari MHD tarkibidagi davlatlarda ro‘y bermoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoev ta’kidlaganlaridek: “Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G‘arazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim”.
Aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish bilan amalga oshirmoqda.
Ularning bosh maqsadlari islom ta’limotidan mutlaqo bexabar bo‘lgan ota-onalar yoshlarni – “jihod”, “hijrat”, “shahidlik”, “kofir bo‘lish” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali ularni hayot jarayonlaridan, o‘qish yoki ishidan ajratib olib notinch Suriya, Iroq, Afg‘oniston yoki Pokiston kabi mamlakatlarga jo‘natib, ongsiz terrorchilar aylantirishdir.
Shu tariqa diniy ekstremizm shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaatlariga tahdid solmoqda.
Global muammoga aylangan ekstremizmga qarshi kurashish borasida xalqaro miqyosda ham, mamlakatimizda ham qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan.
Jumladan, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni o‘zida jamlagani bilan ahamiyatli bo‘lib hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra ekstremizm – ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, O‘zbekiston Pespublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, hokimiyatni zo‘rlik ishlatib egallashga va uning vakolatlarini o‘zlashtirib olishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlarning ashaddiy shakllari ifodacidir.
Ekstremistik faoliyat esa O‘zbekiston Pespublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzishga, hokimiyat vakolatlarini egallashga yoki o‘zlashtirishga, qonunga xilof qurolli tuzilmalar tuzishga yoki ularda ishtirok etishga, terrorchilik faoliyatini amalga oshirishga, zo‘rlik yoki zo‘rlik ishlatishga oshkora da’vat qilish bilan bog‘liq holda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishga, shuningdek, ekstremistik tashkilotlarning atributlarini yoki ramziy belgilarini tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishga, biror-bir ijtimoiy guruhga nisbatan siyosiy, mafkuraviy, irqiy, milliy, etnik yoki diniy adovat yoxud dushmanlik sababli ommaviy tartibsizliklarni amalga oshirishga, yuqoridagi kabi harakatlarni amalga oshirish uchun oshkora da’vat qilishga qaratilgan harakatlarni rejalashtirishga, tashkil etishga, tayyorlashga yoki sodir etishga doir faoliyatdir13.
Qonunda ko‘rsatilganidek, mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash, oshkoralik muhitini yaratish, javobgarlikning muqarrarligini anglatish ekstremizmga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari hisoblanadi. Undan tashqari, ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda bu bo‘yicha aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish kabilar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Pespublikasi hududida ekstremistik faoliyatning har qanday ko‘rinishlari, yuridik shaxslar tashkil etilganda ularni ekstremistik tashkilotlarning nomi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki o‘xshash bo‘lgan belgilarni o‘z ichiga olgan nomlardan foydalanish ta’qiqlanadi.
Shu bilan birga aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida rasmiy ogohlantirish chiqarish, yuridik shaxs tomonidan ekstremistik faoliyat amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida taqdimnoma kiritish, ekstremistik materiallarni olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etishni taqiqlash, ekstremizmni moliyalashtirishni taqiqlash, yuridik shaxsning faoliyatini to‘xtatib turish, tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish kabi ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tilgan.
Qonunda O‘zbekiston Pespublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi, deyilgan. Agar shaxs ekstremistik faoliyatda ishtirok etishni o‘z ixtiyori bilan rad etib, tegishli davlat organlariga xabar bersa, og‘ir oqibatlarning va ekstremistlarning maqsadlari amalga oshishining oldini olishga faol ko‘maklashsa, qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod etilishi ham qonunda belgilangan.
Qonundagi talablarni bajarish va ekstremizmga qarshi kurashish, ekstremistlarning qora niyatlari amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaslik har birimizning vazifamiz hisoblanadi.
Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Afsuski, hayotimizda sodir bo‘layotgan noqonuniy xatti-harakatlarni ko‘rib ko‘rmaslikka oladigan, tinchlikni saqlash faqat davlatning ishi deb o‘ylaydiganlar, farzandlarining tarbiyasi bilan qiziqmaydigan ota-onalar ham borligini qayd etish lozim.
Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo‘lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat, mamlakatda osoyishtalik bo‘ladi, yurt ravnaq topadi. Farzandlarimizning ilmiy salohiyati, kasbu hunarlari bilan axloqiy fazilatlarini ham o‘stirib borishimiz kerak. Yosh avlodning turli yot oqimlar ta’siriga tushib qolishini oldini olish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik nafaqat davlatimiz yoki ta’lim muassasalarining vazifasi, balki har bir ota-onaning ham muqaddas burchidir.
Bugungi kunda Prezidentimiz diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, konfessiyalar va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli istiqbolli rejalarni belgilab berganlar.
Aholi, xotin-qizlar va yoshlarni diniy ekstremizm, terrorizm singari buzg‘unchi va yot g‘oyalar ta’siridan saqlash maqsadida yurtimizdagi barcha o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida “Diniy ekstremizm va terrorizm – yoshlar kelajagiga tahdid”, “Ma’rifiy islom aqidaparastlikni qoralaydi”, “Missionerlik va prozelitizmning salbiy oqibatlari” mavzularida uchrashuv va seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.
Bilamizki, tahdidlarga qarshi tura oladigan, o‘z ma’naviy salohiyatini isbotlashga qodir avlod tasodifan, o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Bunga yillar davomida muntazam va uzluksiz olib boriladigan ma’naviy tarbiya bilangina erishish mumkin. Xalqimiz tabiatiga xos mehr-oqibat, ahillik, o‘zaro totuvlik singari fazilatlarni yosh avlod ongi va qalbiga chuqur singdirish ertangi kunimiz yanada charog‘on bo‘lishining, ezgu maqsadlarimiz ro‘yobga chiqishining muhim mezonidir. Ana shu mezonlardan biri yuqorida ham ta’kidlab o‘tilganidek jamoat tashkilotlarining bu borada hamkorlikda faoliyat olib borishidir.
Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik albatta turli millat vakillari va xalqlarimizning o‘zaro do‘stlik va birodarlik fazilatlariga asoslangan. Prezidentimiz bu borada: “O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida o‘z an’analariga doimo sodiq bo‘lib, bu yo‘ldan hech qachon og‘ishmasdan ilgari boradi.
Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e’tibor qaratiladi.
Bu–bizning eng katta boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir” deb ko‘rsatar ekan, biz bu boylikni yanada mustahkamlash zarurligini, bu borada olib borayotgan madaniy–ma’rifiy ishlar samaradorligi shu kun talabi ekanligini anglagan holda bu ishlar deputatlik, Senatorlik faoliyatimizning asosi deb bilib, ish olib borishimiz lozim.
Xavfsizlik, tinchlik, totuvlik xalqimiz boyligi, uni albatta ko‘z qorachig‘idek asraymiz.

2. Ming shukrki, yurtimiz tinch va xotirjam. Xalqimiz osoyishta umrguzaronlik qilmoqda. Bularning barchasi el orasidagi ahillik va totuvlikning omillaridan biri bag‘rikenglik tamoyilidir.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda qayd etilganidek, Respublikamizda barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega, ular jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar qonun oldida tengdirlar, hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Shu bilan birga, Respublikamizdagi diniy tashkilotlar mustaqil huquqiy shaxs sifatida yer maydoni va uy-joyiga ega bo‘lish, diniy adabiyotlarni nashr etish, diniy mutaxassislar tayyorlash, turli tadbirlar o‘tkazish, muqaddas joylarga ziyoratlar tashkil etishlari uchun barcha imkoniyatlarga egadirlar.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan olib borilgan odilona siyosatning samarasi, shuningdek, azaliy xalqimizning yuksak fazilatlari sabab bugun barcha millat va din vakillari yurtimizda tinch va ahil yashab, hayot kechirmoqdalar. Ayniqsa, Prezidentimizning 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini tasdiqlagani va bu yo‘nalishning beshinchi bandida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash kabi masalalarning ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanishi ham davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bu esa, o‘z navbatida, Yurt tinchligi va taraqqiyotiga, umuminsoniy madaniyat va ma’naviyat rivojiga xizmat qiladi. Respublikamizda islom bilan bir qatorda 16 diniy konfessiya emin-erkin faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi prezidenti Islom Karimovning: “Shu aziz vatan – hammamizniki. Bizdan ozod va obod vatan qolsin”, degan so‘zlari shiorga aylangan.
Mumtahana surasining 8-oyatida Alloh taolo shunday deydi: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”.
Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: “Imonning afzali sabr va bag‘rikenglikdir”.
Chindan ham, dinimiz ta’limotiga ko‘ra, bag‘rikeng bo‘lish imon belgisidir14.
Abdulla Avloniy bag‘rikenglik bo‘lmasa, qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida gapirar ekan, jumladan shunday deydi: “Qaysi bir millatning orasida birlik ko‘tarilub, nifoq va adovat hukm surgan bo‘lsa ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlanganligi tarix sahifalaridan ma’lumdir”.
Hazrat Alisher Navoiy shoh baytida dunyo aholisiga shunday murojaat qiladi:
“Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish…”
Bobokalonimiz “Olam ahli…” deya millatu irq, dinu mazhab kabi tafovutlardan qat’i nazar jumlai olamga xitob etib, barcha insoniyatni tinchlikka, totuvlikka, o‘zaro hamjihatlikka chorlagan15.
Bag‘rikeng yurtda o‘bekmi, rusmi, qozoqmi yoki boshqa millatga mansub bo‘lsa ham, barcha bir yurtning farzandlaridir. Shu yurtda tug‘ilib o‘sgan har bir inson ota-bobolari, buvilari ahil, birdam yashash naqadar ulug‘ fazilat ekanligini ongiga bolalikdanoq singdirib ulg‘aytirganlar. Shunday ekan, yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlikni asrab-avaylashga biz ham o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz darkor.
Yurtimizni turli millatlar o‘zida jam bo‘lgan katta bir oilaga qiyos qilsak, mustaqillikka erishgan mamlakatimizning millatlararo totuvlik borasida amalga oshirayotgan chora-tadbirlari va qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini hisobga olsak, bu har birimiz uchun ham quvonarli jarayondir. Ota-bobolarimizning ahillik, tinch-totuv va farovon hayot uchun qilayotgan sa’y-harakatlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ularning bu ezgu ishlarini davom ettirsak – Ona yurtimiz uchun munosib hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
YuNESKO Bosh konferensiyasining 1995 yil 16 noyabrda o‘tkazilgan 28-sessiyasida qabul qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” dunyoda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlash, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. 
Mazkur hujjat qabul qilingan sana — 16 noyabr butun dunyoda Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida belgilangan.
Poytaxtimizda ayni sana munosabati bilan “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekistondagi islom sivilizitsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Milliy madaniy markazlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ekspertlar, mamlakatimizdagi diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar rahbarlari va jurnalistlar qatnashdi16.
​Seminarda alohida qayd etilganidek, bag‘rikenglik o‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Yurtimizda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar, balki zaminimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida e’tibor qaratib kelinadi.
Bu, ayni paytda O‘zbekistonning barcha sohadagi islohotlarida ham o‘z aksini topgan. Xususan, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yo‘nalishi aynan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasiga bag‘ishlangani mamlakat Prezidenti va hukumatining xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy vazifalarga qaratayotgani yuksak e’tiborining namunasi hamdir.
Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortgan edi. Mazkur hujjat barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashish, eng muhimi, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlashga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.
Seminarda O‘zbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yo‘lida olib borilayotgan oqilona islohotlar, amaliy chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
Anjuman ishtirokchilaridan biri — Toshkent va O‘zbekiston Yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiyning ta’kidlashicha, O‘zbekiston rahbariyatining sa’y-harakatlari bilan biz tinchlik, do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikda hayot kechirmoqdamiz. Mamlakatda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillarining yaratuvchanlik kayfiyatida yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
-Bugungi kunda bag‘rikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biridir. Bundan keyingi taraqqiyot uchun ham u muhim omillardan bo‘lib qolaveradi. O‘zbekistonda turli konfessiya vakillari o‘rtasida mustahkam do‘stlik, bag‘rikenglik muhiti ta’minlangan, -deydi O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yeje Masulevich.
Ilmiy-amaliy seminarda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar faoliyati, ularning o‘z ona tili, millati tarixi, qadriyatlari va madaniyatini o‘rganish borasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida kelajak avlod egalari – yoshlarga ma’lumot berildi.
Anjuman doirasida diniy tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini o‘zida aks ettirgan videolavhalar, bosma nashrlar, suratlar, turli xalqlarning amaliy san’ati durdonalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Bugun yurtimizda hukm surayotgan millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlik o‘z-o‘zidan vujudga kelgan voqelik emas, balki davlatimiz milliy siyosatining hosilasidir. Chunki bu siyosatning eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biri barcha millatlarning ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratishdan, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirishdan iborat.
Bugun mamlakatimizda 130 tadan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandlaridek yashab, taraqqiyotimizga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Mustaqillik arafasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun siyosiy, iqtisodiy vaziyatni izga solish bilan birga millatlararo munosabatlarning barqaror tizimini yaratish, odamlarda ertangi kunga ishonch, bir-biriga nisbatan ahil-inoqlik, oqibat tuyg‘usini uyg‘otish zarur edi. Bu borada, birinchi navbatda, Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va birdamlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Milliy siyosatni bevosita hayotga tatbiq etayotgan tashkilotlardan biri Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur yo‘nalishdagi islohotlar butunlay yangicha ma’no-mazmun kasb etib borayotir. Chunonchi, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlaridan biri Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat etib belgilangan. Bugun shu asosda aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millatlar vakillari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni, yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ezgu ishlar olib borilmoqda.
Mamlakatimizdagi millatlarni yagona Vatan tuyg‘usi birlashtiradi. Zero, barcha qonunlarimizda, xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasida fuqarolarning teng huquqliligi belgilab qo‘yilgan.
“O‘zbekiston xalqi” tushunchasi esa yurtimizda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik uchun ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Ana shunday oqilona siyosat natijasida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millatlarga mansub fuqarolar O‘zbekistonni o‘z Vatani, taqdirlarini O‘zbekiston taqdiri bilan tutash, milliy madaniyatlari rivojini O‘zbekiston taraqqiyotining uzviy qismi, deb bilmoqdalar.
Yurtimizda yashayotgan barcha millat vakillari, turli bayramlarni, jumladan, Navro‘zni ham har yili keng nishonlaydi. Bu bejiz emas. Zero, Navro‘zda ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining qalblarida o‘z ifodasini topgan do‘stlik, hamjihatlik, ma’naviy komillik, an’analarga sodiqlik singari umuminsoniy qadriyatlar mujassam.
Shuningdek, ruslarning Maslenitsa, bolgarlarning Martinitsa, armanlarning Vardavar, polyaklarning Dojinki, koreyslarning Chxusok, tatar va boshqirdlarning Sabantuy, greklarning Oxi singari bayramlari barcha millat vakillari ishtirokida keng nishonlanib kelinadi.
Hozir yurtimizda 139 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatyapti. Ular mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millatlar qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va an’analari bardavomligini ta’minlash barobarida yoshlarimizni o‘zga elatlar madaniyatini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Respublikamizda ta’lim 7 tilda – o‘zbek va qoraqalpoq tillaridan tashqari rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida ham olib boriladi. Ana shu tillarda ham o‘rta, ham oliy ta’lim olish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, ko‘pgina madaniyat markazlarida yakshanba maktablari ochilgan. Ularda yoshlarga ona tili va davlat tili, urf-odat va an’analar, madaniyat va san’at o‘rganiladi. Bunday mashg‘ulotlar xalq ta’limi bo‘limlari bilan kelishgan holda umumta’lim maktablarida yoki markazlarning o‘zida yakshanba kunlari tashkil qilinadi. Bugungi kunda Koreys madaniyat markazlari uyushmasi, rus, arman, yahudiy, polyak, grek, gruzin, xitoy, tatar va boshqa markazlarda ana shunday maktablar muvaffaqiyatli ishlamoqda17.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan milliy madaniy markazlarning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilash orqali ular tomonidan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning sifat va samaradorligini oshirish, markazlar faoliyatiga keng jamoatchilik vakillarini, ayniqsa, yoshlarni jalb qilishga doimiy tarzda amaliy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.
Jumladan, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grand mablag‘larini qo‘lga kiritish hamda ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usi muhitini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ishlariga uslubiy yordam berilmoqda.
Buning natijasida 2019 yil davomida grand tanlovlarida g‘olib bo‘lgan hamda ijtimoiy foydali loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan milliy madaniy markazlar soni 20 taga yetdi. 2018 yilda ular soni atigi 6 ta edi.
Xalqaro huquqda “milliy ozchilik” tushunchasi bor. Lekin O‘zbekistonda bu ibora ishlatilmaydi. Chunki bu tushunchada baribir xalqni ko‘pchilik va ozchilikka bo‘lish mazmuni bor. Bizda esa O‘zbekiston fuqarolarining teng huquqliligi davlat tomonidan kafolatlangan. Bu mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikning, pirovardida taraqqiyotning garovidir18.
Agar jamiyatda turli millatga mansub kishilarning tengligi ta’minlanmasa, haq-huquqlari e’tirof etilmasa, tili, urf-odatlari kamsitilsa, millatlararo nizolar kelib chiqishi mumkin. Yevropada ham, Osiyo mamlakatlarida ham bunga misollar ko‘p.
Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim muassasalarida o‘qish 7 ta tilda olib borilmoqda. Teleradioko‘rsatuv va eshittirishlar 12 ta tilda efirga uzatilmoqda, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilmoqda
Respublikada 36 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda, yana 2 ta shunday jamiyat tuzish rejalashtirilgan. Yaqin va uzoq xorijiy davlatlardagi o‘zbek madaniy markazlari bilan doimiy muloqotlar o‘rnatilgan.
Qo‘mita O‘zbekistonda yashayotgan turli millat farzandlarining uchrashuv joyi, o‘ziga xos “Do‘stlik saroyi”ga aylangan. Bu yerda muntazam ravishda milliy xalq bayramlari, festivallar, konsertlar, uchrashuvlar, taniqli madaniyat arboblarining chiqishlari, seminarlar va konferensiyalar o‘tkazib turiladi.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishiga alohida to‘xtalib, joriy yil 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan yurtimizda birinchi marta “Do‘stlik haftaligi”ni va “Do‘stlik” xalqaro forum-festivalini o‘tkazishni taklif etdi. Aytish lozimki, davlatimiz rahbarining ushbu taklifini shu aziz tuproqni Vatan tutgan 130 tadan ortiq millat va elat vakillari katta xursandchilik bilan qarshi oldi.
Ayni paytda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan mazkur haftalik va xalqaro forum-festivalga jiddiy hozirlik ko‘rilmoqda. Rejaga ko‘ra, haftalik doirasida turli madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, anjumanlar tashkil qilinadi.
Bir so‘z bilan aytganda, haftalik doirasida o‘tkaziladigan qiziqarli tadbirlar mamlakatimizda millat va elatlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, hurmat, ishonch, mehr va saxovat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, millatlararo totuvlikni ta’minlashga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatli bo‘ladi19.
O‘z millatini, xalqini sevgan odam boshqa millat vakillariga ham hurmat ko‘zi bilan qaraydi. Bugungi kunda milliy madaniy markazlar jamoat birlashmalari sifatida turli millatlarning o‘ziga xos madaniyatlarini muvaffaqiyatli rivojlantirish va targ‘ib qilish bilan birga yoshlar o‘rtasida tarbiyaviy ishlarni ham olib bormoqdalar, ularda boshqa xalqlarning madaniyati va urf-odatlariga hurmat tuyg‘usini uyg‘otmoqdalar.
Mamlakatimiz erishgan barcha yutuqlarning poydevori ham ana shu ahillik va hamjihatlik, tinchlik va barqarorlikdir.
Yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va hamjihatlik abadiy bo‘lsin!

3. Puxta o‘ylangan siyosat. "O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab puxta o‘ylangan tashqi siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda", dedi Shavkat Mirziyoev. "Uning zamirida xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlari, ezgu orzu-intilish va manfaatlari mujassamdir.


O‘zbekistonning tashqi siyosati Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida mustahkamlab qo‘yilgan asosiy huquqiy tamoyillarga va Konstitutsiyamizga, mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga to‘liq mos holda amalga oshirilmoqda".
Tashqi siyosat sohasidagi barcha hamkorlarimizga nisbatan ochiqlik va xayrixohlik ruhida, pragmatik siyosat olib boramiz, deb ta’kidladi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan samarali munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Buning mustahkam huquqiy negizini Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tashkil etadi. Ushbu hujjat asosida ko‘p qirrali munosabatlarning ta’sirchan mexanizmlari – Hamkorlik kengashi va qo‘mitasi, Parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasi va boshqa tuzilmalar faoliyat ko‘rsatmoqda.


"Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" formatidagi vazirlarning navbatdagi uchrashuvi shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga yordam beradi.
O‘tgan yili "To‘qimachilik bitimi"ning Yevropa parlamenti tomonidan tasdiqlangani savdo-iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun yangi istiqbollar ochmoqda20.
Mamlakat O‘zbekiston – Yevropa sherikligining keng ko‘lamli investitsiya dasturi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Yon qo‘shni — jon qo‘shni. O‘zbekiston dunyodagi barcha davlatlar, avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.


O‘zbek xalqida "Yon qo‘shni – jon qo‘shni", "Qo‘shning tinch – sen tinch" degan maqollar bor. Bular tarix tajribasidan kelib chiqib, necha ming yillik yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini inobatga olib aytilgan buyuk hikmatli so‘zlardir.
O‘zbekiston Respublikasi Qirg‘iziston Respublikasi bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishni muhim vazifa deb biladi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi zamonlar sinovidan o‘tgan qardoshlik rishtalari o‘zaro hurmat va do‘stlik munosabatlari, mushtarak madaniy qadriyatlar orqali uzviy bog‘lanib ketgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboevning Samarqand shahrida o‘tkazgan muzokaralari ikki tomonlama hamkorlik sohasida yangi sahifa ochdi. Mamlakatimiz Qirg‘iziston bilan o‘zaro hurmat, bir-birining manfaatlarini tan olish asosida va xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq tarzda yanada samarali hamkorlik qilishga tayyor.

O‘zbekiston va Fransiya. O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi sifatida Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan.


Davlatlar o‘rtasida faol siyosiy muloqot olib borilmoqda. Shu yil mart oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Parijga, aprel oyida esa Fransiya tashqi ishlar vaziri Toshkentga tashrif buyurdi21.
Fransiya kompaniyalarining mamlakat iqtisodiyotidagi ishtirokini, ikki tomonlama savdo hajmi o‘sib borayotganini alohida qayd etish zarur. O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligining tuzilmasi ish boshladi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik o‘zaro aloqalarning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Yoshlarimizning fransuz tilini puxta o‘rganishi uchun "Fransuz alyansi"ning O‘zbekistondagi faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekiston va Italiya. O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat parlamentlari orasida yaqin va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.


Savdo, iqtisodiyot va sanoat sohasidagi hamkorlik hamda eksport kreditlari bo‘yicha O‘zbekiston – Italiya hukumatlararo ishchi guruhining shu yil Rim shahridagi navbatdagi yig‘ilishi ikki tomonlama savdo-sotiq hajmining o‘sishi, O‘zbekiston iqtisodiyotiga Italiya sarmoyalari ortishi uchun qulay shart-sharoit yaratadi22.

O‘zbekiston va Chexiya. 2009 yilda Toshkent shahrida ochilgan Turin politexnika universiteti O‘zbekiston yoshlari havas bilan intiladigan oliy o‘quv yurtlaridan biridir. Iqtisodiyotning real sektoridagi talabni inobatga olgan holda, joriy yilda mazkur universitet uchun qabul kvotalarini oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.


O‘zbekiston Respublikasi bilan Chexiya Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar mustahkamlanmoqda. 2015 yilda Chexiya Senati raisi M.Shtex, joriy yil fevral oyida Deputatlar palatasi raisi Ya.Gamachek boshchiligidagi delegatsiyalar mamlakatda bo‘ldi. Tomonlar turli darajadagi, jumladan, oliy maqomdagi tashriflarni amalga oshirishdan manfaatdor.
Savdo, investitsiya va turizm sohalarida hali ishga solinmagan katta imkoniyatlardan kelgusida O‘zbekiston va Chexiya ravnaqi, xalqlar farovonligi yo‘lida keng foydalanish mumkin.

O‘zbekiston va Yaponiya. Yaponiya O‘zbekistonning tashqi siyosatida alohida o‘rin tutadigan strategik hamkoridir. Yaponiya nafaqat iqtisodiy rivojlangan, balki global muammolarni hal etishda tobora sezilarli rol o‘ynayotgan qudratli davlatdir.


Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening 2015 yil oktyabrda O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ko‘p qirrali hamkorligimizni strategik sheriklik ruhida rivojlantirish yo‘lida yangi qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston Yaponiya bilan investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirish, yuqori texnologiyalar, transport infratuzilmasi, kommunikatsiya, mashinasozlik kabi istiqbolli tarmoqlar bo‘yicha loyiha va dasturlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti qoshida tashkil etiladigan O‘zbekiston – Yaponiya yoshlar innovatsiya markazining ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda. Mazkur markaz sanoat tarmoqlariga eng ilg‘or innovatsion g‘oya va texnologiyalarni keng tatbiq etish, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston va Misr O‘zbekiston va Misr xalqlarini ko‘p asrlik rishtalar, mushtarak madaniy qadriyatlar bog‘lab turadi. Nil daryosida suv hajmini o‘lchaydigan noyob qurilma – nilomer uskunasini yaratgan buyuk o‘zbek ulamosi Ahmad Farg‘oniyning boy ilmiy merosi bilan xalqlarimiz birdek faxrlanadi.


Allomaning Qohira shahrida barpo etilgan muazzam haykali timsolida Misr xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromi ifodasidir.
O‘zbekiston nafaqat mintaqada, balki arab va musulmon olamida katta obro‘-e’tiborga ega Misr Arab Respublikasi bilan an’anaviy do‘stona hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishdan manfaatdor. O‘zbekiston va Turkiya. Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning Samarqandda o‘tgan muzokaralari davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish jarayonini boshlab berdi.
O‘zbekiston ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha barcha sohalarni qamrab olgan Amaliy harakatlar rejasini, ya’ni o‘ziga xos "yo‘l xaritasi"ni qabul qildi. O‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish va istiqbolli investitsiya loyihalarni amalga oshirishda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi chog‘ida savdo va sarmoyaviy, turizm, transport kommunikatsiyalari, logistika va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Turkiya tashqi ishlar vazirining yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi doirasida ana shu masalalar muhokama qilindi23.

Yüklə 148 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin