Qisqa muddatli barqarorlik
1930-yillarda defitsit to‘g‘risida aytish mumkin bo‘lgan eng muhim gap – uning iqtisodiyotni barqarorlashtirishdagi o‘rni haqida bordi. Masgreyv modelida barqarorlashtirish funktsiyasi – defitsitni va uning ortidan qarzni paydo etadigan byudjet siyosatining yagona funktsiyasi deb bekorga ko‘rsatilmagan. Har qanday mamlakat resurslarining katta qismi davlat byudjeti orqali o‘tadi va shu sababli byudjet qarorlari har qanday mamlakatning iqtisodiy hayotiga ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin emas. Bundan tashqari, byudjetdan uzoq muddatli iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘zgarishlari yo‘nalishlarini (trend) yoki iqtisodiy rivojlanish, o‘sish (ishchanlik faolligi) tsikllarini ravonlashtirishda foydalanish mumkin (-rasm). Tsikl fazalari uzoq davom etmagani sababli barqarorlashtirish qisqa muddatli deb ataladi.
-rasm. Iqtisodiy o‘sish (ishchanlik faolligi) tsikli (peak – cho‘qqi; contraction – pasayish, krizis yoki retsessiya; trough – turg‘unlik, depressiya; expansion – ko‘tarilish; recovery – jonlanish;
prosperity – gurkirash, bum)
Ishchanlik faolligi qisqarishi bilan bandlik va kishilarning daromadlari pasayadi, uning kengayishi, aksincha, bandlik va daromadni ko‘paytiradi. Ushbu holda bandlik va daromadlarda kam o‘zgarishlar bilan tsiklni o‘tkazishni ma’qul biladilar. Bandlik va daromadlarning tsiklik variatsiyalarini pasaytirishga yo‘naltirilgan byudjet siyosati antitsiklik deb ataladi. Davlat soliqlar va xarajatlar vositasida turli chora-tadbirlarni ishga solib, pasayishning nomatlub, zararli ta’sirini yumshatish yoki ko‘tarilishni turg‘un holga keltirishga urinadi (iqtisodiyotni “juda qizib ketishi”ga yo‘l qo‘ymaydi). Pasayishga yo‘l qo‘ymaslik uchun soliqlarni kamaytirish va/yoki xarajatlarni ko‘paytirish lozim, soliqlarni oshirish va/yoki xarajatlarni kamaytirish bilan ko‘tarilishni barqarorlashtirish mumkin. Bunday vaziyatda byudjet saldosi o‘zgaradi, u bilan birga qarz ham. Qarz xarajatlarning soliqlarga bosimini va soliqlarning xarajatlarga bosimini kamaytiradigan klapanga aylanadi.
Barqarorlashtirish jihatidan byudjet siyosati tarixini ikki – Keynsga qadar va Keynsdan keyingi davrlarga bo‘lish mumkin. “Byudjet siyosatiga yangicha yondashuvlar Keyns nomi bilan bog‘langan. Shu sababli “keynscha revolyutsiya” to‘g‘risida gapirish adolatlidir... Endi biz byudjetni muvozanatlashning (muddati muhim emas) eski, tor kontseptsiyasidan ozod bo‘lishimiz va butun iqtisodiyotni muvozanatlashning yangi, kengroq kontseptsiyasiga asoslanishimiz mumkin”, – davrlashtirishni shu tarzda asoslagan edi Xyu Dalton41. “Faol byudjet siyosati”, “keynschilik byudjet siyosati”, “barqarorlashtiruvchi byudjet siyosati” atamalari davlat iqtisodiy o‘sish (ishchanlik) tsikli doirasida “jami iqtisodiyotni barqarorlashtirish” maqsadlarida o‘z daromadlari va xarajatlarini bir-biriga uyg‘unlashtiradi degan ma’noni bildiradi. Muvozanat esa – turg‘un turadigan narxlar sharoitida to‘liq bandlikni bildiradi.
1930-yillarga qadar, Keynsgacha bo‘lgan davrda davlat xarajatlari bo‘yicha munozaralar “sog‘lom moliya” nuqtai nazaridan olib borilgan. “Sog‘lom moliya” asosida iqtisodiyot emas, siyosat turgan. Klassik liberal an’analarning davlatga shubhali qarashlari, tinchlik davrida byudjet xarajatlari hisobiga uni kuchayishga olib keladigan har qanday siyosatni tanqid qilish kabilarning ham ta’siri bo‘lgan. Qisqasini aytganda, klassik an’analar byudjetni barqarorlashtirish funktsiyasidan mahrum etgan. Ikkinchi tomondan, jamiyatning barcha xarajatlariga nisbatan olganda, byudjet xarajatlari u qadar katta bo‘lmagan, shu sababli undan muhim barqarorlashtirish samarasini kutishga o‘rin bo‘lmagan.
“Sog‘lom moliya” xarajatlarning o‘sishiga yo‘l qo‘ymay, davlatni xarajattalab qarorlarda xarajatlar va ulardan olinadigan naflarni solishtirishga majbur etar edi. Iqtisodchilar xarajatlarning rag‘batlantiruvchilik rolini va onda-sonda bo‘lib turadigan defitsitning maqsadga muvofiqligini e’tirof etar edilar. Ammo ular bir narsada shoshildilar: ularning fikriga ko‘ra asosiy narsa – tinchlik paytida davlatning fiskal bir butunligidir. Tinchlik paytida davlatning byudjet defitsitiga yo‘l qo‘yishiga ruxsat berish kredit kartochkasini pulni sovuruvchi, pulxo‘r qo‘liga topshirish bilan barobar.
1930-yillarda jahon iqtisodiy falajlikka yo‘liqdi, sog‘ayishning hech bir yo‘li yo‘qdek tuyular edi. Keyns va Artur Sesile Pigu boshchiligida iqtisodchilar iqtisodiy ravnaq uchun vaqtinchalik bo‘lsa ham “sog‘lom moliya”dan voz kechishga qaror qildilar. Ular falajlikdan chiqish yo‘lini faol byudjet siyosatida ko‘rdilar. Etuk kapitalistik iqtisodiyotda taklif va talab muvozanatiga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi va bunda taklif emas, talab “aybdor”. Demak jami talab majmuini rag‘batlantirish, ya’ni iste’mol yo‘nalishida ham, jamg‘arish yo‘nalishida ham talabni rag‘batlantirish lozim deb hisobladilar.
Jami talabni rag‘batlantirish uchun davlat javob berishi kerak, iqtisodiyot fani esa bu rag‘bat yuzaga kelishi uchun qaysi dastaklarni ishga solishni davlatga aytishi lozim. “Bizning pirovard maqsadimiz, – deb yozgan edi Keyns, – biz yashab turgan real tizimda markaziy hokimiyatning ongli nazoratida va boshqaruvida bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘zgaruvchan miqdorlarni tanlashdan iboratdir”. Shunday dastaklarga (markaziy hukumat tomonidan makroiqtisodiy nazorat vositalari) – byudjet siyosati va pul siyosati kiradi.
Keynschilar byudjet xarajatlarini jami talablar majmuiga ta’sir ko‘rsatishining eng qulay va ta’sirchan vositasi deb qaraganlar. Xarajatlarning o‘sishi bilan birga soliqlarni pasaytirish masalasiga ham katta e’tibor berilgan. Yangi talabni byudjet xarajatlari va past soliqlar orqali oshirish tarafdorlari bo‘lgan keynschilar bunday holat “sog‘lom moliya”ning 1-qoidasi va qarz yuki to‘g‘risidagi g‘oyalar bilan qanday moslashuvini izohlab berishlari lozim edi. Axir soliqlar pasaygan hollarda xarajatlarning o‘sishi yoki o‘sgan xarajatlar sharoitida soliqlarni pasaytirish surunkali defitsitga olib keladi-ku. Keynschilar xususiy shaxslar xatti-harakatlari nazorat qilib turadigan 1-qoidani davlatga tatbiq etish xavfli yanglishuv bo‘lib qolishi mumkinligini payqab, bu qoidani bir qadar “yumshatdilar”: Ishchanlik (o‘sish) tsikli doirasida xarajatlarni daromadlar bilan muvozanatlash uchun davlat etarli darajada fiskal intizomiga bo‘ysungan paytda muvozanatlangan byudjetga erishiladi. Defitsit past iqtisodiy faollik vaqtida ham maqbul, ammo u yuqori ishchanlik faolligi vaqtida profitsit bilan muvozanatlanishi lozim. Keyns ham ikki yoqlama byudjetni yoqlagan, iqtisodiy faollik davomida bo‘linmagan byudjetga qaraganda uni boshqarish osonroq bo‘lishini ta’kidlagan.
Keynschilar qarz yuki to‘g‘risidagi g‘oyani rad etganlar. Qarzlar kelajak avlodga o‘tmishdagi ajdodlar davlatga kredit berganlari sababli o‘zlari to‘layotgan qo‘shimcha soliqlarga teng naf keltirishini ko‘rsatib berdilar. Shu sababli defitsit vahima uyg‘otmasligi kerak. Defitsitli moliyalashtirish va uning hosilasi bo‘lgan qarz o‘sishi hozirgi zamon ijtimoiy (jamoat) iqtisodiyotining o‘zgarmas va zaruriy xususiyati hisoblanadi.
Defitsitli moliyalashtirishni himoya qilish murakkab nazariy modellarga emas, balki sog‘lom aqlga tayangan edi. Axir, agar davlt “ishlab topganiga” qaraganda ko‘proq sarf-harajat qilsa, unda milliy daromad ko‘payadi va uni oluvchilar iqtisodiy o‘sishning “noilojlik halqasini” kengaytirib, ko‘proq sarf-xarajat qilishni boshlamaydilarmi deb hisoblash oqillik emasmi? Defitsit va qarz miqdoriga oid masalalar ochiq qoldi, lekin byudjet siyosati to‘g‘risidagi umumiy qarashlar ijobiy edi: byudjet siyosatidan iqtisodiyotni depressiyadan olib chiqish va mahsulot chiqarishdagi nomaqbul tsiklik tebranishlarni daf qilishda foydalanish mumkin.
Faol byudjet siyosatini biznes ahli ham qo‘llab-quvvatladi. Ularning fikricha, agar depressiya bartaraf etilmasa kapitalizmning omon qolishi qiyin. Ular maqbul variantlarni tanlab olib, defitsitli moliyalashtirish biznes uchun juda oz zarar bilan o‘z mahsulotlariga talabni oshirishini hisob-kitob qilib chiqdilar. Ular defitsitli moliyalashtirish eng kam davlat aralashuvi bilan kapitalizmni saqlab qolishga yo‘l ochishni anglab etdilar. Liberal siyosatchilar ham “qo‘shilganlar” safida edi. Defitsitli moliyalashtirish, ularning nazarida, pensiya ta’minoti, tibbiyot sug‘urtasi, ishsizlarga yordam kabi davlat dasturlarini amalga oshirishni osonlashtirishi mumkin. Ular o‘z maqsadlarini olg‘a siljitgan keynschilikning byudjet-siyosiy talqinlarini osongina qabul qildilar.
Umuman olganda, biznes va siyosat namoyandalari shuning uchun ham keynscha byudjet siyosatini qabul qildiki, bu siyosat davlat aralashuvini cheklar edi, Keynsning investitsiyalarni “ijtimoiylashtirish” haqidagi takliflariga qiyoslaganda konservativ siyosat edi. Ikkinchi jahon urushidan keyin va 1970-yillarning o‘rtalarigacha bu siyosat prezidentlar, bosh vazirlar, ularning iqtisodiy maslahatchilari, kasaba uyushmalari korchalonlari orasidan ko‘pdan-ko‘p tarafdorlar topdi. Byudjet xarajatlari, birinchi navbatda ijtimoiy xarajatlar to‘xtovsiz o‘sib bordi. Iqtisodiyot ham yuksaldi, inflyatsiya esa “sudralma” (ko‘pi bilan yiliga 5%) xususiyatga ega bo‘ldi. Bu aholining keng qatlamlari manfaatlariga javob berar edi.
Keyns o‘zining bosh asarida byudjet siyosatini tadqiq qilmagani sababli dastlab bahslar Lernerning “funktsional moliya”si bo‘yicha boshlandi. Lerner jamoatchilik fikrini “funktsional moliya” tomoniga og‘dirish uchun o‘zining “metin” mantiqi va pedagoglik talantidan foydalandi. Uning fikricha, bu moliya butun jamiyatga kerak, chunki bu jamiyatda davlatning soliq va xarajat sohalaridagi qarorlari barcha fuqarolarning iqtisodiy faolligiga ta’sir ko‘rsatadi. Siyosatchilar va ommaning davlat moliyatirishi oqibatlarini umumiy qabul qilingan, ammo “sog‘lom moliya”da kamdan-kam munozaraga tortilgan asoslarda baholashi Lernerga yoqmaydi. O‘z pozitsiyasini dalillash uchun Lerner byudjet siyosatini avtomobilning rul chambaragiga o‘xshatadi. “Funktsional moliya” iqtisodiyot mashinasini shunday boshqaradiki, mashina yo‘l-transport hodisasiga uchramaydi. “Sog‘lom moliya” esa faqat bu mashinani yo‘l-transport hodisasiga yo‘liqtirish harakatida.
Lerner fikricha, davlat retsessiya vaqtida soliqlarni qisqartirish va/yoki xarajatlarni oshirishi lozim va shu tadbir bilan byudjetni defitsitga olib kelishi kerak. Qarzlar jami talabni va bandlikni ko‘paytiradi. Rejali jamg‘armalarning rejali investitsiyalardan ortiq bo‘lishi ishsizlikni keltirib chiqaradi. Davlat bu muammoni ortiqcha jamg‘armalarni byudjet defitsitiga aylantirib, hal qilishi mumkin. Uning pirovard natijasi – o‘sgan qarz. Lekin Lerner bu muammoni hal qilishning oson yo‘lini taklif etadi. Iqtisodiyot tiklanganidan keyin davlat soliqlarni oshirishi va xarajatlarni cheklashi kerak. Bu profitsitli byudjetga olib keladi, demak, qarzni qisqartirishga mablag‘lar paydo bo‘ladi. Shunday qilib, davlat byudjetni iqtisodiy o‘sish tsikli doirasida muvozanatga keltirishi mumkin.
Defitsitning foiz stavkalariga ta’siri defitsit maqsadlariga bog‘liq. Agar defitsit, Lerner qarashlaridagi kabi, yuqori darajadagi ishlab chiqarish faolligini xususiy ortiqcha jamg‘armalarni ishga solib ta’minlagan hollarda foiz stavkalariga oshiruvchi bosim ko‘rsatmaydi. Stavkalar ko‘tarilmaganidan keyin xususiy investitsiyalar defitsitgacha bo‘lgan darajadan kam bo‘lmaydi. Barqarorlashtiruvchi byudjet siyosati fiskal siqib chiqarishga aylanib ketmaydi.
“Funktsional moliya” o‘zining dastlabki ko‘rinishida davlatning inflyatsiya va bandlik sohalaridagi maqsadlari ayni bir paytda amalga oshishi kerak degan talabni qo‘ygan edi. Ammo 1970-yillarda inflyatsiya ham, ishsizlik ham, davlat xarajatlari ham, foiz stavkalari ham ayni bir vaqtda o‘sdi, biznesda stagnatsiya boshlandi va u stagflyatsiyaga aylandi. Lernerda stagflyatsiyaga qarshi retsept yo‘q edi. Buning ustiga iqtisodiyotni iqtisodchilar emas, siyosatchilar boshqarar edilar. Siyosatchilarning maqsadi – iqtisodiyot mashinasini yo‘l-ransport hodisalaridan qutqarish emas, balki hokimiyatda qolish. Shunday ekan ularning qo‘lida bo‘lgan fiskal dastaklari barqarorlashtirishning ishonchsiz vositalariga aylanib qoladi.
Pirovardida davlat Lerner retsepti bo‘yicha byudjet siyosati orqali iqtisodiyotga ta’sir o‘tkazishda katta qiyinchiliklarga duch keldi. 1970-yillarda “funktsional moliya” “sog‘lom moliya” taqdirini takrorladi: o‘z davrida “sog‘lom moliya” Buyuk depressiya va “keynscha revolyutsiya”dan qanchalik jafo chekkan bo‘lsa, “funktsional moliya” ham stagflyatsiya va yangi klassik iqtisodiyot ravnaqidan shunday azoblarga uchradi.
Dostları ilə paylaş: |