4. Burun bo`shlig`i. 5. Markaziy nerv sistemasi.
Nutq a’zolarining jami nutq apparati deyiladi. Endi har bir nutq a’zosining vazifasi xususida to`xtalib o`tamiz.
O`pka inson organizmini kislorod bilan ta’minlovchi a’zo ekanligi hammaga ma’lum. Nutq a’zosi sifatida esa o`pka nutq tovushlarining hosil bo`lishi uchun zarur bo`lgan havo oqimini etkazib beradi, ya’ni inson nafas olganida o`pka va undagi bronxlar havoga to`ladi va bu havo oqimi tashqariga qaytib chiqish jarayonida tovush hosil qiluvchilik vazifasini ham bajaradi. Havo oqimi nafas yo`li orqali bo`g`izga tomon harakatlanadi. Bo`g`izdagi cho`michsimon, uzuksimon, shoxsimon, xalqasimon, piramidasimon, qalqonsimon tog`aylar un paychalarini ushlab turuvchi a’zolardir. Un paychalariesa ovoz manbai hisoblanadi, chunki ular dutor yoki soz torlariga o`xshab havo urilishi natijasida ovoz chiqaradi (simyog`ochga tortilgan simlarning shamol kelib urilishi natijasida chiyillab ovoz chiqarishini ko`z oldingizga keltiring). Og`iz bo`shlig`itovushni kuchaytirib berishga yordam beradigan a’zodir. Til juda ko`p tovushlarni hosil qilishda ishtirok etadigan a’zodir. Tilning turlicha harakati va holati natijasida unli va undosh tovushlar hosil bo`ladi. Kichik til ham ayrim tovushlarning (q, g`, x) hosil bo`lishida qatnashadi. Lablarning keng ochilishi, cho`chchayishi, jipslashishi yoki pastki labning ustki tishlarga tegishi natijasida turli tovushlar hosil bo`ladi. Ayrim tovushlar havo oqimining tishlar orasidan sirg`alib chiqishi natijasida hosil bo`ladi. M, n, ng tovushlari hosil bo`lishida havo oqimining bir qismi burun bo`shlig`i orqali o`tib, tashqariga chiqadi. Markaziy nerv sistemasi nutq a’zolari harakatini yuzaga keltiradi, bu harakatni bevosita boshqarib turadi. Ana shu tariqa har bir nutq a’zosining tovushlarni hosil qilishda o`z vazifasi bor.
O`zbek tilining fonetik vositalari So`z ma’nolarini ajratish, chegaralash uchun xizmat qiladigan vositalar fonetik vositalar sanaladi. Bunday vositalar qatoriga nutq tovushlari, urg`u, ohang (intonatsiya) kiradi. So`z ma’nolarini farqlashga xizmat qiladigan fonemalar xususida yuqorida fikr yuritildi. Lug`at tarkibidagi barcha so`zlar, grammatik shakllar ana shu fonemalarining ma’lum tartibda ketma-ket joylashishi orqali shakllanadi. Ayrim hollarda o`xshash bo`lgan (omonim) so`zlarning ma’no va grammatik shakllarini farqlashda urg`u (leksik urg`u) fonetik vosita bo`lishi mumkin. Masalan: olma (predmet, mevaning bir turi), olma (harakat, olmoq fe’lining bo`lishsiz shakli, -ma qo`shimchasini ajratish mumkin); akademik (predmet, ot), akademik (belgi, sifat); gullar (ot, “ko`p gul” ma’nosida), gullar ( fe’l, “gullamoq”).
Gapning maqsadga ko`ra turini ajratishda esa intonatsiya (ohang) fonetik vosita bo`lishi mumkin. Masalan: Dars boshlandi. (darak gap) Dars boshlandi? (so`roq gap).