Ko‘p nuqtaning qo‘llanish o‘rinlari 1. Fikrning tugallanmaganligi, davomi mavjud ekanligini aks ettiruvchi gaplar oxirida ko‘p nuqta qo‘llanadi. Masalan: Biz bu haqda juda ko‘p o‘ylaymiz... (O‘.U.)
2. So‘zlovchining turli his-hayajoni bilan bog‘liq to‘xtamlarni, nutqdagi cho‘ziqlikni, harakatlarni ifodalashda ko‘p nuqta qo‘yiladi. Masalan: Ha... bundoq deng… Mayli, mayli, xolajon, men o‘zimizning eshikdan chiqa qolay. (A.Q.)
3. Muallifning yozma nutqda berilishi mumkin bo‘lmagan ayrim so‘z yoki iboralari, ism, haqoratli so‘zlari o‘rnida ko‘p nuqta qo‘llanadi. Masalan: He, enangni..! (So‘zl.) O‘lgiday zeriktirsa ham, tinchgina gaplashib o‘tirardi. Siz bo‘lsangiz... (As. M.)
4. Tilshunoslikka oid grammatik topshiriqlarda tushirib qoldirilgan va o‘quvchi tomonidan qayta tiklanishi lozim bo‘lgan so‘z, qo‘shimchalar o‘rniga ko‘p nutqda qo‘yiladi. Masalan: Berilgan gapdan tushirib qoldirilgan bog‘lovchini aniqlang. Gapirmoqchi edi, ... tili og‘ziga tiqilib qoldi. («Yoshlik».)
5. Tutilib aytilgan so‘z va iboralarni aks ettirish uchun yozma nutqda ko‘p nuqta qo‘yiladi. Masalan: - Xurshida bonu?... Siz ... Sizmu? (O.Y.)
Qavsning qo‘llanish o‘rinlari 1. Kiritmalar (kirish so‘z, kirish birikma va kiritma gaplar) qavsga olinadi. Masalan: Joyni yana chorpoyaga (supaga) qildilaringmi? (S.Ah.)
2. P’yesalarda muallifning izohi, ya’ni remarkalar qavsga olinadi: Farmon. Kelinlar-u.. Chiq hammang. (Kelinlar chiqishadi.)
3. Fikrning manbai, uni aytgan muallifning ismi sharifi, manba haqidagi ma’lumotlar qavs ichida beriladi. Masalan: «Til − reallashgan ongdir». (Fitrat) Bu maqolada («O‘zbek tili va adabiyoti», 2004. №5.) tilda shakl va mazmun munosabati masalasi tahlil etilgan.
4. Gazeta va jurnallardagi davomi bor, boshi o‘tgan sonda, boshi jurnalning 2-sonida kabilar qavsga olinadi.
5. Fikrning noaniqligi, so‘z yoki iboraning tushunarsizligi, so‘zlovchining taajjubini aks ettiruvchi so‘roq, undov belgilari qavsga olinadi. Masalan: Qiz ko‘zlarining oromliligi (?) bilan meni hayratga soldi. (So‘zl.)
6. Ayrim so‘z yoki gapga aniqlik kiritish maqsadida qo‘llangan izohlar qavsga olinadi. Masalan: Fitrat turk tilining (o‘zbek tili) boyligini, asosan, arab tiliga solishtirmoqchi bo‘ldi. (M.M.)