To’ldiruvchining belgili va belgisiz qo’llanishi To’ldiruvchining belgili va belgisiz qo’llanishi deganda ularning qo’shimchali va qo’shimchasiz kelishi nazarda tutiladi. Lekin bu to’ldiruvchining barcha ko’rinishlariga xos emas. O’zbek tilida odatda vositasiz to’ldiruvchi belgili, belgisiz qo’llanadi. Masalan: Dadamga bir yashik oziq-ovqat yubordik. Otabekka yuborilgan oziq-ovqatni egasiga topshirdilaringmi? Vositasiz to’ldiruvchining bunday ikki xil qo’llanilishi bejiz bo’lmay, mazmun va grammatik holatga asoslanadi: vositasiz to’ldiruvchi tinglovchiga avvaldan ma’lum bo’lgan predmetni ifodalaganda, tushum kelishigi affiksi qatnashadi. Shu turdagi predmet umuman ifodalanganda, tushum kelishigi affiksi qatnashmaydi. «O’yinchoqni olib keldi» (avvaldan mo’ljallangan, kutilgan, tinglovchiga ma’lum bo’lgan o’yinchoq) «O’yinchoq keltirdi» (umuman qandaydir «o’yinchoq»).
Vositasiz to’ldiruvchilar quyidagi holatlarda belgili qo’llanadi: 1)Vositasiz to’ldiruvchi atoqli ot yoki kishilik olmoshi bilan ifodalanganda: U ko’pni ko’rgan, katta davralarda bo’lgan. O.Qurbonovni darhol tanidi. Meni olib keting o’z uyimga. 2)Vositasiz to’ldiruvchi ko’rsatish olmoshi yo payt, o’rin bildiruvchi so’zlar bilan ifodalangan aniqlovchiga ega bo’lganda. Kechagi eshittirishni ko’rdingizmi? Qishloqdagi tengdoshlarimni juda-juda sog’indim. 3)To’ldiruvchi bilan to’ldirilmish orasida so’z yo so’zlar bo’lganda. Qiyoslang: U baxtsizlik keltirdi- Baxtsizlikni u keltirdi.
4) Otlashgan vositasiz to’ldiruvchilar ham odatda belgili qo’llanadi: Ayrilganni ayiq er, bo’linganni bo’ri er. 5)Sifatdosh vositasiz to’ldiruvchining aniqlovchisi bo’lib kelganda: Yuborgan kitobingizni oldim. 6)Vositasiz to’ldiruvchi egalik affiksini olganda (ayniqsa, 3-shaxsda) Uning so’zlarini hech kim eshitmadi. 7)Vositasiz to’ldiruvchi fikr markazidagi predmetni ifodalaganda: Mana shu o’g’limni yaxshi ko’raman-da.
8)Vositasiz tuldiruvchi payt ma’nosidagi so’z bilan ifodalanganda: Bugun erta turib tongni ko’rdim. Yozni o’ynab utkazsang, qishni yig’lab o’tkazasan.