– 191 –
11-MAVZU. LIRIK QO‘SHIQLAR
Reja:
1. Qo‘shiq – lirik janr.
2. Lirik qo‘shiqlarining badiiy xususiyatlari.
3. Tarixiy qo‘shiqlar.
1. Qo‘shiq – lirik janr.
Lirik qo‘shiqlar, asosan, to‘rtliklar
sifatida shakllangan bo‘lib, ma’lum ohang yo‘llari ularni
ijro jarayonida so‘zlar birlashtirib turadi. Lirik qo‘shiqda
vazn, ohang,
kuylovchi kechinmalarini, o‘y-xayollarini,
hissiyotlarni ifodalovchi turli badiiy ko‘chimlar qo‘llanilib,
so‘z, ohang, kuylovchi va tinglovchida tug‘iluvchi xayolot
qo‘shiqni so‘z san’atining mo‘jizasiga aylantiradi.
Xalq qo‘shiqlarining boshqa janrlari kabi lirik qo‘shiqlar
ham tarixan, magik-ritual ahamiyatga ega bo‘lib,
maishiy-
etnografik hodisadan badiiy-estetik
hodisaga aylanguncha
uzoq tadrijiy yo‘lni bosib o‘tgan. Ammo lirik qo‘shiqlarning
bu kungi holati hayotda yashayotgan insonning quvonchu
g‘ami, turmush achchiq-chuchuklarini totib ko‘nglidan
kechirayotgan ruhiy iztiroblari va hayajonlarining kuylanuvchi
in’ikosi deb aytish mumkin .
Lirik qo‘shiqlar ham folklorning
barcha janrlariga tegishli
bo‘lgan og‘zakilik, jamoaviylik, an’anaviylik, variantlilik
qonuniyatlari asosida
rivojlanadi, kuylanadi,
keng omma
orasiga yoyiladi, avloddan avlodga o‘tib an’analashadi. Har
qanday iste’dodli qo‘shiq – jamoaviy ijod mahsuli. Ammo
bu holat el orasida mashhur iste’dodli, professional qo‘shiq
ijrochilari bo‘lganligini, ularning ijro mahorati, iqtidori
sabab qo‘shiqlar go‘zal shaklda bizgacha yetib kelganligini
inkor qilmaydi. Xalq qo‘shiqchilari qanchalik iste’dodli,
badihago‘y bo‘lmasin, an’ana qonuniyatlariga bo‘ysunganlar.