3. Kationlar va anionlar klassifikatsiyasi,
Sifat analizida kation va anionlar aniqlanadi. Kation–musbat zaryadli ion, anion–manfiy zaryadli ion. Kation va anionlarni aniqlash uchun asosan analitik reaksiyalardan foydalaniladi. Analitik reaksiya deb element, ion yoki molekulani ajratib olish, aniqlash va miqdorini aniqlash uchun ishlatiladigan reaksiyaga aytiladi. Analitik reaksiyalar o`z navbatida xususiy reaksiyalar (sezgir reaksiyalar) deb ham nomlanadi. Analitik reaksiyalarni amalga oshirishning quyidagi shartlari mavjud: cho`kma tushishi, gaz ajralib chiqishi, muhit rangi o`zgarishi va h. z. Analitik reaksiyalarni amalga oshirishga yordam beruvchi moddalar reagentlar yoki reaktivlar deb ataladi.
Kimyoviy o`zaro ta`sir xususiyatiga qarab reaksiyalar 4 guruhga bo`linadi: kislota–asosli (protolitik) reaksiyalar, cho`ktirish reaksiyalari, kompleks hosil qilish reaksiyalari, oksidlanish–qaytarilish reaksiyalari. Qo`llanilish sohalariga qarab analitik reaksiyalar 3 guruhga bo`linadi: ajratib olish reaksiyalari, aniqlash reaksiyalari, miqdoriy aniqlash reaksiyalari.
Sifat analizi ikki xil usul bilan amalga oshiriladi: quruq va ho`l usullar. Quruq usulda aniqlanayotgan modda alangada yoqib ko`riladi, alanga rangi bo`yicha solishtirib aniqlanadi. Ho`l asosda modda eritiladi, hosil bo`lgan eritma analitik reaksiya yo`li bilan aniqlanadi.
Eritmalar deb ikki yoki undan ortiq komponent (tarkibiy qismlar) dan tarkib topgan bir jinsli sistemalarga aytiladi. Masalan, H2SO4 ning eritmasida H2O erituvchi, H2SO4 erigan modda, HSO4– va SO42– ionlar esa ionlangan zarralardir.
Agregat holatiga ko`ra eritmalar uch turga bo`linadi:
a) Suyuq eritmalar–ularga moddalarning suvda yoki boshqa suyuqliklarda (spirt, benzol, xloroform, atseton) erigan eritmalari kiradi;
b) Qattiq eritmalar–ularga metallarning qotishmalari misol bo`ladi;
c) Gazsimon eritmalar–ularga havo, aerozollar misol bo`ladi.
Eritmalar erigan moddaning miqdoriga qarab ham uch turga bo`linadi:
a) To`yingan eritmalar–erituvchi va erigan modda miqdorlari o`zaro dinamik muvozanatda bo`lgan eritmalar;
b) To`yinmagan eritmalar–erigan modda miqdori to`yingan eritmada erigan modda miqdoridan kam bo`lgan eritmalar;
c) O`ta to`yingan eritmalar–erigan modda miqdori to`yingan eritmada erigan modda miqdoridan ko`p bo`lgan eritmalar.
Eruvchanlik (moddaning eruvchanligi) deb berilgan haroratda erituvchi yoki eritmaning ma`lum hajmida erigan moddaning maksimal konsentratsiyasi (miqdori) ga aytiladi.
Erituvchilar asosan to`rt turga bo`linadi:
1. Amfiprot erituvchilar, kislotali va asosli xossaga ega, masalan, suv, metanol, yuqori spirtlar;
2. Protogen erituvchilar, kislotali xossaga ega, masalan, ftorid kislota, sulfat kislota, muz sirka kislota;
3. Protofil erituvchilar, asosli xossaga ega, masalan, tetrametilmochevina, aminlar;
4. Aproton erituvchilar, neytral xossaga ega, masalan, atsetonitril, benzol.
Dostları ilə paylaş: |