Strategik rejalashtirish. Taʼlim muassasasining maqsadlaridan kelib chiqib amalga oshirish zarur boʻlgan vazifalarni belgilash, mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun boshqaruv funksiyalari, metodlari hamda maqsadlarini aniqlash va amalga oshirish yuzasidan strategik rejalar ishlab chiqish jarayoni boʻlib, bunda maqsad va vazifalarning ilmiy asoslanganligi, belgilangan muddatlarning aniqligi va obyektivligi, ijrochilarning bilimi va kasb mahorati, tashqi muhit taʼsiri, fan-texnika va texnologiyalarning rivojlanishi, muassasa imkoniyatlari, shuningdek, boshqaruv strategiyasi, yaʼni strategiyani amalga oshirishni boshqarish yoʻnalishlari oʻrganilib tahlil qilinadi.
Boshqaruv strategiyasi - Koʻzlangan maqsadlarga erishishda taʼlim muassasasi faoliyatini takomillashtirish pedagog xodimlar faoliyatini muvofiqlashtirish, strategik reja asosida faoliyatni tashkil etish va boshqarish yoʻnalishida asosan boshqaruvning ikki xil guruhini nazarda tutadi: strategik boshqaruv, konyunkturaviy boshqaruv. Amaliy faoliyatda u yoki bu boshqaruv yoʻnalishining ustunligi tashkiliy tizimning yangilik darajasi koʻrsatkichlari bilan belgilanadi.
Strategik boshqaruv - bu taʼlim muassasasining strategik maqsadi yoʻnalishida muassasa imkoniyatlarini pedagog xodimlarning umumiy manfaatlari bilan muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi uzoq muddatga tuzilgan dastur, reja va loyihalar asosida boshqarishdir. Strategik boshqaruv odatda mazkur tizimni boshqaruv madaniyatinnng yuqori darajasini belgilovchi keng innovatsion dasturlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi. Yaxshi strategiya va strategiyani aʼlo darajada amalga oshirish yaxshi boshqaruvning eng ishonchli belgisi hisoblanadi. Boshqaruv strategiyasi beshta bir-biriga bogʻliq masalani hal etishga asoslanadi:
1. Taʼlim muassasasi bajarishi lozim boʻlgan vazifalarni strategik koʻra bilishni, harakatlarning uzoq muddatli yoʻnalishini va aniq vazifani shakllantirish
2. Strategik koʻra bilish va zimmadagi vazifani aniq maqsad va topshiriqqa aylantirish
3. Maqsadlar va vazifalarga erishish strategiyasini ishlab chiqish
4. Qabul qilingan strategiyani malakali hamda samarali tatbiq etish va amalga oshirish
5. Ish natijalarini baholash, yangi yoʻnalishlarni oʻrganish va rivojlanishning uzoq muddatli yoʻnalishi, strategiya maqsadlari yoki amaldagi tajribaga asosan uni amalga oshirish usullari, oʻzgaruvchan sharoitlar, yangi gʻoyalar va imkoniyatlarga nisbatan toʻgʻrilovchi xatti-harakatlarni amalga oshirish.
Muassasaning stratetik koʻra bilishi va zimmasidagi vazifasini shakllantirish. Bu vazifani bajarishda quyi tashkilotlarning rahbarlari quyidagi savolga javob berishi lozim: biz nima qilmoqchimiz va nimaga erishamiz? Zimmadagi vazifa bayon qilinganda muassasa faoliyatining tavsifi aniqlashadi va kelajakda nima qilishi kerakligi belgilanadi. Oʻz xodimlarida "maqsad tuygʻusi"ni yuzaga keltirish uchun, rahbar ularni tashkilotning strategik moʻljali va zimmadagi vazifa toʻgʻrisida xabardor qilishi lozim.
Yaxshi oʻylangan strategik moʻljal tashkilotlarni istiqbolga tayyorlaydi, rivojlanishning uzoq muddatli yoʻnalishini belgilashga yordam beradi. Maqsadlarni belgilash. Zimmadagi vazifa va rivojlanishning yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi rahbariyatning bayonini oʻzgartirish natijasi boʻlib tashkilot ishining aniq maqsad va vazifalari hisoblanadi. Ular tigʻiz, ammo erishsa boʻladigan boʻlishi lozim. Mitchell Leybovis (Pep Boys-Manny, Moe and Jack kompaniyasining direktor-farmoyishchisi) shunday degan edi: "Agar siz, oʻrtacha natijaga erishmoqchi boʻlsangiz, unda oʻz oldingizga oʻrtacha maqsadlarni qoʻying". Maqsadlar – taʼlim muassasasi ish sifati va taraqqiyotini koʻrsatuvchi uning faoliyatini rejalashtiruvchi moʻljal hisoblanadi.
Rahbariyat tomonidan belgilanadigan maqsadlar qisqa va uzoq muddatliga ajratiladi. Qisqa muddatli maqsadlar rahbariyat yaqin vaqt ichida ega boʻlishi lozim boʻlganlarni belgilasa, uzoq muddatliligi ancha uzoq vaqt mobaynidagisini belgilaydi. Qisqa va uzoq muddatli maqsadlarni uygʻunlashtirish kerak boʻlgan hollarda keyingisi ustuvor hisoblanadi. Maqsadlarni belgilashda barcha rahbarlar ishtirok etishi lozim. Muassasa barcha xodimlari oldiga aniq vazifalar qoʻyiladi, bularni hal etish umumiy maqsadga erishilishiga muayyan hissa boʻlib qoʻshiladi. Mazkur holda tizimli yondashishdan foydalaniladi: xodimlar vazifasi muassasa umumiy maqsadlarning uzviy qismi hisoblanadi. Agar barcha darajadagi rahbar tegishli maqsad va vazifalarning bajarishi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olsa, bunda tashkilotda ishchanlik muhiti qaror topadi, bu ishda yuqori natijalarga erishishga yoʻnaltirilgan boʻladi. Maqsadga erishish strategiyasini ishlab chiqish. Strategiyani ishlab chiqishda asosiy boshqaruv muammosi, yaʼni tashkilot axloqini hisobga olgan holda samarali natijalarga va uning istiqboliga qanday erishish belgilanadi. Strategiya natijalarga erishish vositasi hisoblanadi. Bunday harakat tarziga tashkilot, maqsad vavazifalarga erishish uchun rahbarlar amal qilishi shart. Taʼlim muassasasi strategiyasi asosiy boshqaruv vazifasini hal etishga yoʻnaltirilgan oʻzaro bogʻliq harakatlar va ishga yondashuvlar majmuidan iboratdir.
Konyunkturaviy boshqaruv - maʼlum bir davrda taʼlim muassasasining iqtisodiy holatini tavsiflovchi belgilar majmuasi bilan bogʻliq boʻladi. Pedagogika kolleji faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirib borishda, eng avvalo koʻzlangan maqsadlarga erishishda faoliyatning strategik rejasini tuzish va mazkur reja asosida muassasaning istiqbol maqsadi va imkoniyatlarini xodimlar manfaati bilan uygʻunlashtirishnn hamda kollejning faoliyatini zamonaviy oʻzgarishlarga moslashtirib borish, taʼlim innovatsiyalarini joriy etishni nazarda tutuvchi uzoq muddatli boshqaruv usullarnni boshqaruv jarayoniga tadbiq etish zarur. Bu oʻz navbatida istiqbolni tadqiq qilish va maqsadlarga erishishda rivojlanishga taʼsir etuvchi omillarni oldindan tahlil qilishda zaruriy bilim, rivojlantiruvchi bunyodkor gʻoyalar va ularni amalga oshirish sanʼati zaruriyatini belgilaydi.
Pedagogika kollejlarida innovatsion boshqaruv jarayonida muassasaning istiqbol maqsadi va imkoniyatini pedagog xodimlarning manfaatlari bilan uygʻunlashtiruvchi uzoq muddatli boshqaruv usullari - strategik boshqaruvning amaliyotga qoʻllanishi taʼlim samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqaruv jarayonini takomillashtirish hamda taʼlim muassasasi oldidagi vazifalarni zamonaviy talablar darajasida bajarishda maxsus, funksional, mujassamlashtirilgan va diverenfikatsiyalashgan strategiyalarni qoʻllash orqali taʼlim samaradorligini oshirish mumkin.
Maxsus strategiya - taʼlim muassasasida taʼlim jarayoni samaradorligining pasayib ketishini, bolalar rivojlanish darajasining davlat talablari darajasidan tushib ketmasligini, shuningdek, tajribali, bilimli, oʻz kasbining fidoyilari boʻlgan pedagoglarning taʼlim muassasasidan ketib qolishlarining oldini olish maqsadila uzoq muddatta tuziladi.
Funksional strategiya - taʼlim muassasasining taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari, boʻlimlari, jamoaviy boshqaruv organlari va maʼmuriyat hamda jamoatchilik tashkilotlari oldidagi vazifalarni amalga oshirish usullarini oʻz ichiga olgan ishchi strategiya hisoblanadi.
Mujassamlashtirilgan strategiya - taʼlim jarayonini ilmiy asosda tashkil etishning barcha yoʻnalishlarinn qamrab olgan hamda taʼlim muassasasining yaxlit faoliyatini oʻzida jamlagan moʻljaldir.
Diversifikatsiyalashgan strategiya taʼlim jarayonini ilmiy asosda tashkil etish, iqtidorli bolalarni aniqlash va ularga taʼlim jarayonida tabaqalashtirilgan yondashuvlarni joriy etish asosida bolalarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini koʻtarish, katta guruh bolalari oʻrtasida raqobatbardosh, har tomonlama yetuk bitiruvchilar sonini koʻpaytirishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish yoʻllarini ifodalaydi.
Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishlar va taʼlim tizimidagi islohotlar jarayonida amalga oshirilayotgan yangiliklarga taʼlim muassasasi faoliyatini muvofiqlashtirib borishda taʼlim muassasasi rahbarlari joriy rejalar bilan cheklanib qolmay, oʻz muassasalari kelajagi va rivojlanishiga taʼsir qiluvchi omillarni (1-shakl) hisobga olgan holda “strategik” uzoq (besh, oʻn yil va undan koʻproq) muddatlarga moʻljallangan istiqbol rejalarini tuzishi hamda ular asosida faoliyat olib borishi zarur.
Taʼlim muassasalarini rivojlantirish hamda boshqaruv jarayonini takomillashtirishda muassasaning rivojlanishiga taʼsir etuvchi omillar, rahbarlik uslublari, funksiya va metodlari, rahbar oʻzining boshqaruv faoliyatida afzal bilgan va asoslangan barcha usullar strategik boshqaruvning taktika va strategiyalaridan tashkil topgan tizim sifatida qaraladi.