XI guruhchani mis, kumush va oltin elementlari tashkil etib, mis guruhchasi nomi bilan ataladi. Bu elementlar atomlarining sirtqi elektron qavatida bittadan elektron bo’ladi, ammo xossalari jihatidan ishqoriy metallardan katta farq qiladi. Mis guruhchasi metallari atomining elektron tuzilish konfigurasiyasi quyidagicha:
Cu[Ar] – 3d104s1, Ag[Kr] – 4d105s1, Au[Xe] – 4f145d106s1.
Mis guruhchasi elementlaridan mis + 1, +2, oltin esa +1, +2, +3, oksidlanish darajasiga ega bo’lib, metallarning elektrokimyoviy faollik qatorida vodoroddan keyin turadi. Bu elementlar atomlarining radiuslari asosiy guruhcha (ishqoriy metallar) element atomlarnikidan kichik bo’lgani uchun tashqi qavatdagi elektron atomdan juda qiyin ajraladi.
Bu elementlar passiv, qiyin oksidlanadi, ionlari esa oson qaytariladi, suvni parchalay olmaydi (isitganda ham). Ularning gidroksidlari suvda erimaydigan kuchsiz asoslardir.
Misning atom massasi 63,54 (Z-29) ga teng, uning tabiatda 2 ta izotopi tarqalgan – 63Cu (69%), 65Cu (31%). Misning yana 9 ta radioaktiv izotopi olingan. Mis asosan birikmalar holida, shuningdek, erkin holda ham uchrab turadi. Uning eng muhim rudalari: xalkozin (mis yaltirog’i) Cu2S, xalkopirit (mis kolchedani) CuFeS2, malaxit Cu2(OH)2CO3. Metallurgiyada suyuqlantirib olinadigan hamma misning 80% i sulfidli rudalaridan olinadi.
4CuFeS2 + 13O2 = 4CuO + 2Fe2O3 + 8SO2 2CuO + FeS + C + SiO2 = Cu2S + FeSiO3 + CO
yoki
CuO + FeO + CuS + C + SiO2 = Cu2S + FeSiO3 + CO
2Cu2S + 3O2 = 2Cu2O + 2SO2 2 Cu2O + Cu2S = 6Cu + SO2 Mis issiqlik va elektrni (kumushdan keyin) yaxshi o’tkazish xususiyatiga ega, qizil tusli metall, sovuq holatda ham yaxshi cho’ziladigan va yassilanadigan plastik va yumshoq metaldir.
Mis quruq havoda asta-sekin oksidlanib, zich oksid parda hosil qiladi, lekin nam havoda CuCO3·Cu(OH)2 bilan qoplanib ko’karadi. Mis xlor bilan odatdagi haroratda, qizdirilganda kislorod bilan (CuO; Cu2O) birikadi. Suyultirilgan HCl va H2SO4 misga ta’sir etmaydi, unga kontsentrlangan H2SO4 ta’sir etib, CuSO4 va SO2 ni hosil qiladi. Misga HNO3 ta’sir ettirilsa, kislotaning kontsentratsiyasiga qarab Cu(NO3)2 va azot oksidlari hosil bo’ladi. Barcha reaksiyalarga mis +2 oksidlanish darajasiga ega, misning +1 oksidlanish darajasiga ega bo’lgan birikmalarini olish ancha murakkabdir.
Mis boshqa metallar bilan birga oson suyuqlanib, ko’pgina qotishmalarni hosil qiladi. Uning mashinasozlik va elektrotexnikada ko’p ishlatiladigan bronza (misning qalay bilan qotishmasi) va latun (misning rux bilan qotishmasi), ko’rinishi kumushga o’xshagan neyzilber (65%Cu, 20%Zn, 15%Ni), melxior (80%Cu, 20%Ni) va termoelementlarda ishlatiladigan konstantin (60%Cu, 40%Ni) va boshqa ko’pgina qotishmalari olingan. Misning ko’pgina miqdori (40% i) elektr simlari va kabellarni tayyorlashda ishlatiladi. Ro’zg’orda ishlatiladigan mis asboblarni zanglashdan saqlash uchun ularga qalay yugurtiriladi, bu esa odamni zaharlanishidan saqlaydi, chunki mis birikmalari zaharlidir.