HAMID OLIMJON (1909-1944) Atoqli o'zbek shoiri Hamid Olimjon 1909-yil 12-dekabrda Jizzax shahrida tug'ildi. Bo'lajak shoir otasi Olimjondan go'dak ekanida ajraladi. Bobosi Azimbobo so'zni chuqur his etadigan, baxshi va aytimchilar bilan do'stlik saqlagan kishi edi. Shoirning onasi Komila aya ko'plab ertag-u qo'shiqlarni biladigan hamda qiziqarli qilib ayta oladigan ayol edi. 1916- yilda rus bosqinchilari zulmiga qarshi ko'tarilgan Jizzax qo'zg'oloni va uning shafqatsizlik bilan bostirilishi, shaharning to'pga tutilib, odamlarning Qili cho'liga haydalishi bo'lajak shoir xotirasida bir umrga qoldi. Onasining sehrli ertaklari, buyuk oqin Fozil Yo'ldosh o'g'lining o'qtin-o'qtin Jizzaxga kelib, ular xonadonida doston aytishlari Abdulhamidda badiiy so'zga bo'lgan havasni kuchaytirdi. Abdulhamid Jizzax shahridagi maktabni tugatib, Samarqandga o'qishga boradi. Dastlab pedagogika bilim yurtida (1923-1926-yillar), so'ng Pedagogika akademiyasida (19261931-Yillar) o'qiydi. O'sha yillarda she'rlar yoza boshlagan. Uning «Ko'klam» nomli birinchi she'rlar to'plami 1929-yilda chop etiladi. O'sha yillari Samarqand O'zbekiston Respublikasining poytaxti - boshkenti edi. 1932-yilda poytaxt Toshkent shahriga ko'chiriladi. Hamid Olimjon ham shu yili Toshkentga kelib adabiy jurnallarning tahririyatlarida, Madaniy qurilish (hozirgi Til va adabiyot) institutida xizmat qiladi. 1938-1939-yillarda esa O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mas'ul kotib bo'lib ishlaydi. Barcha turkiy xalqlarning buyuk o'zbek shoiri Alisher Navoiy hazratlarining 500 yilligi munosabati bilan tuzilgan Navoiy qo'mitasiga ilmiy kotib etib tayinlanadi. Hamid Olimjonning she'rlari musiqiyligi, o'ynoqiligi, ravonligi bilan ajralib turadi. Uning «O'zbekiston», «O'rik gullaganda», «Holbuki tun», «Kuygay», «Sevgi» singari o'nlab she'rlari, «Zaynab va Omon» dostoni, «Oygul bilan Baxtiyor», «Semurg'» ertagi badiiy latofati bilan o'quvchilarning mehrini qozongan. Hamid Olimjon 1939-yildan to 1944-yilning 3-iyuligacha, ya'ni umrining oxirigacha O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi.