III.2. Umumiy o‘rta ta’lim maktabining milliy tarbiyaviy imkoniyatlari va ulardan foydalanishning holati
Umumta’lim maktabi va uning milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini o‘rganish jarayonida biz tadqiqotning ikki - o‘zaro bog‘liq va nisbatan mustaqil tizimlar; a) ta’limning milliy tarbiyaviy imkoniyatlari; b) mavjud tarbiyaviy tizimning milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini alohida hisobga olish zaruratidan kelib chiqdik.
Ta’limning tarbiyaviy imkoniyatlari masalasi keyingi yillarda ayrim rusiyalik olimlar tomonidan “og‘zaki tarbiya” deya ayrim olimlar tomonidan tanqid qilinayotgan bo‘lsa-da1, mualliflar keltirayotgan misollar ta’limning tarbiyaviy imkoniyatini ochib berishning salbiy namunalariga tayanganligini ko‘rish mumkin. Biz ta’limning tarbiyaviy nuqtai-nazardan qator imkoniyatlari mavjudligi(ayniqsa milliy tarbiyalanganlikning birinchi - ratsional tarkibiy qismi - fazilatlar mazmuni haqidagi bilimlar berishi)ni qat’iy e’tirof etamiz.
Ta’limning milliy tarbiyaviy imkoniyatlari uning mazmunida keng ko‘lamda ochiladi. Milliy mustaqillik o‘zbek maktablaridagi ta’lim mazmunini isloh qilib, uning istiqloliy o‘zgarishlariga ma’rifiy va mafkuraviy zamin yaratdi. O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan barcha darsliklarni tub milliy manfaatlari asosida isloh qilish harakati boshlandi2. Bu harakatning ilk natijalari o‘zbek maktabining gumanitar fanlari darsliklarida namoyon bo‘ldi. Bu tabiiy, qonuni zarurat edi. CHunki, milliy istiqlolga intiluvchi, “o‘zbek davlatchiligi an’analari”ga asoslanuvchi davlat (O‘zbekiston Konstitutsiyasi)ning maorif siyosatining poydevori qurilmoqda edi.
Prezident I.A.Karimovning ma’naviy, madaniy mustaqillikka har bir O‘zbekiston fuqarosining o‘z ona tabiatiga, ona tiliga, madaniyatiga, milliy tarixiga, Vataniga muhabbatsiz etishib bo‘lmasligi haqidagi g‘oyalari haqida Qonun, milliy istiqlol mafkurasi, O‘zbekiston vatanparvarligiga qilingan urg‘u ham millatni, mustaqil davlatimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarishi lozim bo‘lgan omillarga aylandi. Galdagi vazifa - yana shu tarixiy, ma’rifiy, ilmiy-pedagogik o‘zgarishni ilmiy anglash va milliy tarbiya mazmuni bilan uyg‘unlashtirish, muvofiqlashtirish edi.
O‘zbek maktablarida ta’lim va tarbiya mazmunini milliy asosga qurish g‘oyasi 1992 yilning boshlaridan yo‘riqnoma darajasida amalga oshirila boshlandi. Bu borada T.N.Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tashabbus ko‘rsatdilar. “Milliy maktab muammolari” jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatuvchi jumhurlik ilmiy pedagogik Markazining faoliyati ham ana shu institutda boshlandi. Institut “Boshlang‘ich maktab” bo‘limi tomonidan “Milliy boshlang‘ich maktab qanday bo‘lishi kerak?”, “Mustaqil O‘zbekiston boshlang‘ich maktabi ta’lim-tarbiya tizimida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi?” kabi savollar ustida mashaqqatli mehnat “To‘rt yillik boshlang‘ich maktab yo‘riqnomasi”da o‘z samarasini ko‘rsatadi.
Milliy tarbiyaning ta’limiy asosini ta’minlashda o‘zbek maktablariga Odobnoma darslarining joriy qilinishi katta turtki bo‘ldi. Dastlab, 1992 yilda 10 sinflar uchun “Odobnoma darslari rejasi va dasturi”, “Odobnoma” qo‘llanmasi (T.Qurbonov), 1993 yilda 10-11 sinflar uchun “Hayot va turmush odobi” dasturi yaratilib, chop qilindi. 1-4 sinflar uchun “Odobnoma” dasturi yaratildi. SHu bois respublika maktablarida yangi gumanitar fan bo‘lmish Odobnomaning milliy tarbiyaviiy samaradorligini ta’minlashda O.To‘raeva, O.Hasanboeva, S.Nishonova, O.Musurmonova, T.Qurbonov kabi olimlarning, K.Abduraimova, B.Mamarahimova, N.Eshquvvatov, F.Mirzahmedova, M.Usmonov kabi ilg‘or xalq ta’limi xodimlarining hissalari katta bo‘ldi.
Milliy darsliklarning o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi bolalarning milliy o‘zliklarini anglashlarida katta ahamiyatga ega. Ana shu borada Vatan tuyg‘usi va uni idrok etilishi haqida to‘xtalmoq kerak. Vatan tuyg‘usini talqin qilishda dasliklarda keskin o‘zgarish ro‘y berdi. YA’ni, ilgari “Mening Vatanim - SSSR” tushunchasini singdirish bosh vazifa bo‘lgan bo‘lsa, endilikda “Mening Vatanim - O‘zbekiston” tushunchasini o‘zbekistonlik o‘quvchilar e’tiqodiga aylantirish dolzarb vazifaga aylandi. Boshlang‘ich sinflar gumanitar fanlar darsliklarida qadrdon o‘lka, ona xalq, millat, ona tilining makoni - O‘zbekiston ekanligini muntazam, izchil uqtira borish imkoni yaratildi.
Biroq, gumanitar fanlar o‘qituvchilarining dars konspektlarini o‘rganish, darslarini tahlil qilish natijasida o‘qituvchilar darsning maqsadini milliy tarbiyaviy vazifalarni bajarishga yo‘naltirishni zaruriy ko‘nikma va malakalariga ega emasliklari ma’lum bo‘ldi. Kuzatilgan darslarning 11 foizidagina darsning tarbiyaviy maqsadi milliy istiqlol vazifalariga bog‘langanligi qayd qilindi.
Respublikamizning ilg‘or ish tajriba maktablarida ta’lim mazmunini tarbiyaviy talqin qilish va tarbiyaviy ishlarni milliylashtirish borasida ijobiy natijalarga erishildi. Toshkent viloyati Zangiota tumani Y.Ohunboboev nomidagi 8-o‘rta maktab pedagogik jamoasi gumanitar ta’lim mazmunini milliylashtirish, uni tarbiyaviy ishlar bilan uyg‘unlashtirish masalasiga kompleks yondashdilar. Darsda va sinfdan tashqarida tarbiyaviy ishlarni tashkil qilishda milliy kasblar: ganch o‘ymakorligi, yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik, kulolchilik, tikuvchilik va hatto novvoylik kasblarini o‘rgatishni boshladilar. Har bir o‘qituvchi o‘z darsida o‘zbek allomalari bisotidan namunalar berishga harakat qilishdi. “Hadis” namunalaridan foydalanish; “Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur” fakultativ kursini tashkil qilish; o‘zbek maqollari aytishuvini tashkil qilish; tarix darslarida O‘zbeksiton va islom tarixini o‘rganish; ashula va musiqa darslarida folklor, etnografik va nasihat ashulalarini eshittirish; rasm-chizmachilik darslarida naqsh chizish, ganch va yog‘och o‘ymakorligi nusxalari bilan tanishuv; mehnat darslarida o‘g‘il bolalarni naqsh, ganch, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, dehqonchilik bilan; qizlar: tikuvchilik, do‘ppichilik, yigiruvchilik va novvoylik kabi kasblarini egallashlari; “Odobnoma” darslarining ayrim saotlarida qizlar va o‘g‘il bolalarni alohida o‘qitish, gumanitar fanlar darslarida urf-odatlarimizning insonparvarona mohiyati bayon qilinishi; sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlarda atama va nomlar (kishilar ismi) mazmunining o‘rganilishi; Al Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Abu Nasr Forobiy, Al Xorazmiy haqida fanniy sahnalarning namoyish qilinishi; ashula darslari, to‘garaklarida milliy o‘yinlarni o‘rganish, iste’dodli o‘quvchilardan etnografik dastalar tashkil qilish natijasida erishilgan milliy tarbiyaviy natijalar ushbu maktabni tumanning “Yil maktabi- 91” ko‘rik-tanlovi g‘olibligiga ko‘tardi.
O‘zbek maktabi - milliy-madaniy, iqtisodiy taraqqiyotning beshigi, qudratli tarbiyaviy omilidir. Agarda uning imkoniyatlaridan unumli, ilmiy asosda foydalanilsa, o‘quvchiga ko‘rsatilayotgan etakchi tarbiyaviy ta’sirot maktabniki bo‘ladi. Lekin bu omilning qudrati tarbiya maqsadini butun maktab pedagogik jamoasi bir xil, ilmiy, mafkuraviy asosda tushunib, amalga oshirsagina namoyon bo‘ladi. Biz 434 o‘qituvchi orasida ularning pedagogik tafakkuridagi milliy istiqlolning pedagogik talablari haqidagi bilimlarni aniqlash maqsadida qator savollar bilan murojaat qildik, maktablar hujjatlari bilan tanishdik. Jumladan, “Siz hozir o‘z faoliyatingizda (sobiq kommunistik tarbiya o‘rnida) qanday tarbiyani amalga oshirmoqdasiz?” savollariga ular:
-Mustaqil O‘zbekiston farzandi bo‘lib etishish ruhida
Milliy an’analar, ajdodlarga hurmat ruhida
YOsh kadrlarning ilmli, aqlli, kuchli bo‘lish ruhida
Vatanga muhabbatlilik ruhida
To‘g‘rilik, yaxshilik ruhida
Zamon talablari darajasida
Milliy madaniyat ruhida
Mustaqil O‘zbekiston kelajagini o‘ylaydigan irodalilik ruhida
Mustaqillik, milliy urf-odatlarni hurmat qilish va kelajakni o‘ylash ruhida
Odobli, to‘g‘ri so‘z bo‘lish ruhida
Kattalarga hurmat vatanparvarlik ruhida
Hozir bizda olib borilayotgan tarbiya aniq emas
Boshqalarga taqlid qilmay, zamon talablariga mos kishilarni tarbiyalamoqdamiz
Vatanga, xalqqa foyda keltiradigan bolani etishtirmoqdamiz
Har tomonlama rivojlangan O‘zbekiston fuqarosini tarbiyalash ruhida tarbiyalayapmiz” singari javoblar olindi. Bu esa milliy tarbiyaning ayrim vazifalarining empirik darajada amalga oshirilayotganligini ko‘rsatdi. O‘qituvchilarimizning tarbiya maqsadini aynan shunday - milliy mazmunda belgilanayotganliklarining asosi nimada? Asos - O‘zbekistondagi ijtimoiy, ma’naviy, mafkuraviy muhit, milliy istiqlol manfaatlari va buni o‘zida aks ettirayotgan oynoma, ro‘znoma, televidenie, radio - milliylashayotgan hayot edi. O‘zgarayotgan hayot ma’naviyat, maktab tarbiyasini ham milliylashtirmoqda, zamonaviylashtirmoqda edi. Ana shu bois ham “maktabda tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish” uchun nimalar qilish kerak?” degan savolga so‘ralganlarning aksariyati “milliy tarbiya bo‘yicha maxsus qo‘llanmalar, uslubiy tavsiyalar chop qilinsa maktab tarbiyaviy ishlari ancha tartibga tushar edi” degan fikrni aytdilar. Aniqrog‘i, o‘qituvchilarimiz maktabning milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini tiklab, yangilab, rejali, izchil olib borish uchun qo‘yidagilarni bajarish kerak, deb hisoblashadi:
Birinchi sinflardanoq “Odobnoma” kiritilsa, soati ko‘paytirilsa;
Tarbiyaviy soatlar mavzulari yoritilgan kitoblar chop qilinsa;
O‘zida ijobiy va salbiy misollarni mujassam qilgan tavsiyalar kerak;
Bolalar uchun tarbiyaviy kitoblar kerak;
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga tarbiyaviy qo‘llanmalar kerak;
Viloyat, tumandan keluvchi komissiyalar tarbiyaviy soatlarni ham tekshirsa;
Odob, hadisshunoslik bo‘yicha sinflararo musobaqalar tashkil qilinsa;
Tarbiyaviy ishlarning aniq rejasi chop qilinsa;
Boshlang‘ich sinflar uchun yangi nomda yangi jurnal chiqsa;
O‘zbekiston Davlat ramzlariga va boshqa mavzularga bag‘ishlangan adabiy, musiqiy kechalar matni chop qilinsa;
Otaxon-onaxonlar bilan bolalarning uchrashuvlarini tashkil qilish kerak;
Maktabga milliy kiyim va urf-odatlar kiritilishi kerak;
Nafaqat maktab, balki televidenie, o‘quvchi kiyimi, darsliklardagi suratlar va boshqalar ham milliy bo‘lmog‘i kerak, hadislardan ko‘proq kiritish kerak;
Darslarning tarbiyaviy jihatini kuchaytirish kerak;
Ota-onalar uchun ham tarbiyaviy qo‘llanmalar chiqarish kerak;
Sinf rahbarligini tanlab topshirish kerak;
Tarbiyaning yangi metodlari, tadbirlari kerak;
Maktab va oilaning milliy-tarbiyaviy qarashlarini, talablarini birxillashtirish kerak va h.k. Darhaqiqat, o‘zbek maktabining milliy tarbiyaviy imkoniyatlaridan to‘la, samarali foydalanish ko‘p jihatdan o‘qituvchilarimiz qayd qilgan shartlarning ta’minlanishiga ham bog‘liq edi.
Maktabning milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini o‘rganish bu ishning muhim bo‘g‘ini -tarbiyalanganlik mezonlari va ularni qayd qilish ilmiy asosga qo‘yilmaganligi, “og‘zaki tarbiya”, tadbirsozlikka berilish kayfiyati hali ham kuchliligini ko‘rsatdi. “O‘quvchilarning tarbiyalanganlik darajasini qanday nimalarga asosan belgilayyapmiz?” degan savolga asosan: “yurish-turishiga”, “o‘zini tutishiga”, baholariga qarab baholash odatga aylanib qolgan edi. Muallimlarning bir qismi “O‘quvchilarni hozirgi sharoitda tarbiyalash mumkin bo‘lmay qoldi”(X.Xoliqulov, tarbiyaviy ishlar tashkilotchisi); “Tarbiyalanganlikni ham o‘lchab, baholab bo‘larkanmi?” deya ranjigandek hayron bo‘ldilar. O‘sha sinf rahbari ularning fikrini “Bolalarning tarbiyalanganligini kelajak ko‘rsatadi. CHunki, o‘qituvchi mehnati meva esmaski, bir yilda bilinsa”,-deya ifodaladi. SHu tariqa bu toifa o‘z tarbiyalanuvchilarining qandayligini, ulardagi milliy g‘urur, vatanparvarlik, mafkuraviy onglilik darajalaridagi o‘zgarishlarni aniqlashga layoqatsizliklarini ko‘rsatdilar. Bunday pedagogik havaskorlik, layoqatsizlikning jamiyat uchun xavfi, zarari shundaki, bu o‘nlab, yuzlab, minglab, millionlab o‘quvchilar - ertangi O‘zbekiston jamiyati, millatning o‘zligini yo‘qotishiga, milliy mafkuraviy, ma’naviy bo‘shliq yaralishiga sabab bo‘ldilar. O‘quvchilarimizning tarbiyalanganlik darajalarini o‘rganish “tarbiyalanganlikni ham o‘lchab bo‘larkanmi?”ning negizi pedagogika institutlari va universitetlar pedagogika ta’lim tizimiga borib taqalishini ko‘rsatadi.
O‘quvchilarning milliy mafkuraviy onglilik darajalari o‘rganishda proektiv vaziyatlar hosil qilish usulidan foydalanildi. Ana shu uslubni qo‘llab, yuqori sinf o‘quvchilariga “Agarda O‘zbekiston Prezidenti bo‘lib qolsalar, maktab o‘quvchilariga qanday tilaklar bildirishlarini so‘radik. O‘quvchilarning 21 foizining qarashlarida Prezidentimizning yoshlardan kutayotgan umidlari aks etdi. YA’ni, ular agarda Prezident bo‘lsalar: “bolalar odobli, inoq bo‘lishga, milliy g‘ururli, vatanparvar bo‘lishiga, institutlarga o‘z kuchlari bilan kirishga” chaqirishlarini bildirdilar. O‘quvchilarning 16 foizi avvalo arzonchilikkae rishishga, poraho‘rlikka qarshi kurashishga, poraho‘rlikni man qilish”ga kirishishlarini bildirdilar. Lekin so‘ralgan o‘quvchilarning 63 foizi milliy mafkuraviy ongining shakllanmaganligini ko‘rsatishdi. Bu toifaning aksariyati bergan javoblarida maishiy, sayoz niyatlar ham uchradi. Aslida bu o‘quvchilarning emas, balki maktab, sinfda milliy mafkuraviy tarbiyaning qanday darajada olib borilayotganligining, sinf rahbari ishining ko‘rsatkichi edi.
Darhaqiqat, o‘quvchilar “yaxshi xulq” deganda ishchanlik, hushmuomalalik, hushchaqchaqlik, yaxshi o‘qish kabi axloqiy tushunchalar bilan cheklanib qolmoqdalar. Bu o‘qituvchilarning ulardan tarbiyachi sifatida nimani talab qilayotganligining in’ikosidir. Ko‘rinib turganidek, O‘quvchilar vatanparvarlik, milliy g‘ururlik, millatlararo muloqot madaniyati, vijdoniylik kabi tushunchalarni ishlatmaydilar. Bu esa ushbu tushunchalar haqida ularda aniq tasavvurlar yo‘qligini, ushbu fazilatlar ulardan talab qilinmayotganligini - tarbiyalanmayotganligini ko‘rsatib turar edi. Salbiy sifatlar haqida ham ushbu xulosani keltirish mumkin. Bundan, maktab milliy tarbiyaviy ishlar tashkilotchilari, sinf rahbarlari, fanlar o‘qituvchilarining saviyalari, layoqatlari, munosabatlarni o‘rganish lozimligi ayon bo‘ladi.
Tadqiqot jarayonida maktablar ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etuvchi rahbarlar – maktab ilmiy bo‘lim mudirlarining milliy tarbiyaviy tasavvurlarini o‘rgandik. So‘ralgan 223 ilmiy bo‘lim mudirining bir qismi (43,6%) milliy tarbiyaning mohiyatini to‘g‘ri tushunishlarini namoyon qilishdi. Lekin aksariyat (52,1%) qismi milliy tarbiyani asosan tor, qadimiychasiga talqin qildilar. Masalan, “O‘quvchilarimizni milliy qadriyatlarimizning boy jihatlari, namunalari asosida o‘tmishdagidek tarbiyalash”(D.Hursandov, Ishtihon); bu talqinda milliy tarbiyaning kechagi holati va darajasiga urg‘u berish bilan cheklanib qolingan. Vaholanki, milliy tarbiya bugun ham amalga oshmoqda va istiqlol, istiqbolga xizmat qilishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Agar shu nuqtai nazardan Z.Bo‘rievaning “milliy tarbiya menimcha bu o‘tmish ajdodlarimizning an’analarini davom ettira, udumlarga hurmat bilan qaragan holda, madaniy saviyamizni tobora oshira borish, kelajak avlodlarini Navoiy, Bobur, Ulug‘beklar orzu qilganidek kishilar bo‘lib etishishga qaratilgan tarbiyadir” (Jizzax) fikri - to‘g‘ri talqinning namunasidir. So‘ralganlarning 2.3 %i milliy tarbiya menimcha mavxum tushuncha, baynalmilalchilik-bosh shiorimiz, deya milliylikni umuminsoniylikka qarshi qo‘yadilar. Respondentlarning 2%i bu savolga javob bermadi.
Har bir ishning samarasi, biror natija berish-bermasligi uning aniq hisob-kitob, maqsad sari yo‘naltirilganligi yoki yo‘naltirilmaganligiga bog‘liq. Maktablarda amalga oshirilayotgan tarbiya jarayoni aniq mezonlarga asosan qayd qilinib, hisob- kitob qilib borilishininga ahvoli quyidagicha edi. YA’ni, so‘ralgan ilmiy bo‘lim mudirlarining 17.9% i tarbiyalanganlik mezonlari haqida to‘g‘ri, 22% i qisman to‘g‘ri, 52% i esa noto‘g‘ri tasavvurga ega. Bu haqda ilmiy bo‘lim mudirlarining 8.1% i tashvish bilan “O‘quvchilarning tarbiyalanganligi to‘g‘ri baholanmayapti; fanlardan olgan bahosiga qarab baholanayapti; umuman baholanmayapti, deya munosabat bildirdilar. Olingan javoblarni umumlashtirish shuni ko‘rsatdiki, o‘qituvchi tarbiyachilar o‘quvchining xulqini baholashda ularning ko‘rinib turgan jihatlariga (asosan “tinch yurishiga”) asoslanishar ekan (69.5%). Hatto yaxshi hulqning ortida nima turganligi uni harakatga keltiruvchi kuchlarni “ko‘rishga”, qayd qilishga sinf rahbarlarining aksariyati ojizdirlar. Maktab tarbiyasining buyuk imkoniyatlarini bo‘g‘ib turgan bosh kulfatlaridan biri shunda deb bilmoq kerak,
Lekin shunday bo‘lsa-da, (milliy tarbiyaning maqsad, vazifalarini to‘g‘ri talqin qila olmasalar- da; tarbiya mezonlari va ularni qayd qilishni o‘zlashtirmagan bo‘lsalar-da) sinf rahbarlarining 73.8% i tarbiyaviy ish rejalarida milliy tarbiya vazifalarni rejalashtirmoqdalar, “amalga oshirmoqdalar”. CHunki, “hozir shuni talab qilishmoqda”(SH.Davlatov Navoiy shahri). Xo‘sh, (maqsad, vazifalarini, uslublarini, tarbiyalanganlik mezonlarini qayd qilishni yaxshi o‘zlashtirmagan bo‘lsalar-da, bari-bir rejalashtirayotgan) milliy tarbiyani amalga oshirishda qanday uslubiy adabiyotlardan foydalanmoqda? Maktabning milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini o‘rganish jihatidan bunga javob berishning ahamiyati katta. Olingan ma’lumotlar quyidagilarni ko‘rsatdi: (ahamiyatliligining kamaya borishi bo‘yicha):
Qur’oni Karim, Hadis
Gazeta, jurnallar
Mutaffakirlar, allomalar bildirgan fikrlar
Mahalliy urf-odatlar, misollar
Maqollar
SHaxsiy namuna
Uslubiy tavsiyalar
Ushbu ro‘yxat har bir pedagog olimni ham o‘ylatib qo‘yadi. Islom dinining bebaho tarbiyaviy manba, xazinaliligiga, undan axloqiy maqsadda foydalanish zaruratiga shubha keltirmagan holda shuni aytish kerakki, Qur’oni Karim, Hadisga o‘ylab, bilib, tushunib murojaat qilish kerak. YA’ni, qaysi g‘oyani, nima uchun, qay me’yorda, kimga, qaysi vaziyatda, qay maqsadda ishlatish ilmiy pedagogik asosga qo‘yilgan emas. Biroq sinf rahbarlarimiz maqsad va vazifalarini, tarbiyalanganlik mezonlarini qayd qilishni yaxshi o‘zlashtirmasdan rejalashtirayotgan, amalga oshirilayotgan milliy tarbiyani qadimiychasiga tushunib, Qur’oni Karim va Hadisdek manbalardan foydalanilmoqda. Natijada bir tomondan, o‘zlari eplay olmayotgan ishlar milliy tarbiyaga Qur’oni Karimni ham sherik qilib, o‘quvchilar nazarida uni ham nazardan tushirayotganliklarini sezmayaptilar; ikkinchidan, ularning bu faoliyatlarining Konstitutsiyaviylik darajasi noma’lum. Bu savollarga javob berib, muammolarni echuvchi uslubiy tavsiyalar etishmasligi esa yuqoridagi misol - uslubiy tavsiyalardan foydalanishning 7-raqamga tushib qolganligidan ham ayon. Uslubiy–tarbiyaviy “ochlik” o‘qituvchi tarbiyachilarimizning milliy tarbiyaviy ehtiyojlarida o‘z ifodasini topdi. Ilmiy bo‘lim mudirlarining tilak-istaklarini shu bobda keltirganligimiz tufayli ularni maxsus keltirib o‘tirmaymiz. SHuningdek, “o‘g‘il va qiz bolalar ajratib o‘qitilishi kerak” taklifi milliy tarbiyaning “hayot va tarbiya birligi” tamoyiliga zidligi; “yaxshi ishlash kerak”, “intilish kerak” kabilarning chaqiriqligi; “fan o‘qituvchilari stavkalarini oshirish”, “5-11 sinflar darsliklar sifatini yaxshilash kerak”, “Din tarixini fan sifatida kiritish kerak” kabi takliflarning milliy tarbiyaning bevosita kirmasligi tufayli ulardan foydalanmadik.
O‘zbek maktabi milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini kengaytiruvchi omillardan biri - maktab o‘quvchilar tashkilotidir. Sobiq sovet maktabiga xos bo‘lgan oktyabryat, pioner, komsomol tashkilotlari o‘rnida qolgan bo‘shliqni to‘ldirish, maktab tarbiyaviy tizimining ushbu samarali bo‘g‘inini qanday g‘oya, mazmun bilan to‘ldirish, o‘zbek maktabining tarbiyaviy imkoniyatlarini oshirish muammosi hal qilinmoqda. Mazkur zaruratni hal qilish, izlanishning tashabbuskorlari safida CHirchiq shahar xalq ta’limi bo‘limi ham bor edi. SHaharning 12-son maktabi direktorining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari M.E.Usmanova “Nihol” dasturini ishlab chiqdi. Dastur o‘quvchilarni O‘zbekiston xalqlari tarixi, madaniyati, an’analari, urf-odatlari bilan tanishtirishni maqsad qilib qo‘ygan. “Nihol” dasturi quyi va o‘rta bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Uning o‘z ramzi, tuzilishi bor. Dasturni amalga oshirishda ko‘zda tutilgan tadbirlar, tarbiyaviy ishlar shakllari rang-barang va albatta milliy xususiyat, an’analarga asoslanilgan. “Nihol” dasturini amalga oshirishga ota-onalar faol qatnashmoqda. Bu dastur o‘quvchilar tashkiloti faoliyatini milliy tarbiyaviy vazifalar asosiga qurishning ilg‘or namunalaridan bir bo‘ldi.
CHirchiq shahar 16-son o‘rta maktabida izlanuvchi o‘quvchilar tashabbusi bilan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining “Vatan” respublikasi faoliyati boshlandi. Bu “respublika”ning ish uslublaridagi o‘ziga xoslik-klublardir. Uning shiori - “Vatan-yaxshilik va adolat uchun”, bo‘lib, bu shiorni amalga oshirish o‘quvchilarning “Oliy majlis”i, “Mehnat vazirligi”, “Ta’lim vazirligi”, “Sog‘liqni saqlash vazirligi” va “Adliya vazirligi” orqali kechmoqda.
SHaharning 5-son maktabida faoliyat ko‘rsatayotgan “Lochin” maktab tashkiloti 10-13 yoshli o‘quvchilarni birlashtiradi. Tashkilot uch bosqichdan: 1-(4-5 sinflar); 2-(6) sinflar; 3-(7) sinflar o‘quvchilaridan iborat. Tashkilotga sobiq pioner tashkilotiga kabi yoppasiga, sinf bilan emas, ixtiyoriy qabul qilinadi. Ixtiyoriylik ham kamlik qiladi. YA’ni, “lochin”ga a’zo bo‘lish uchun avval o‘quvchi qandaydir bir oliyjanob, savob, muhim ish qilishi kerak va h.k.
O‘zbek maktabining milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini bevosita o‘rganish, ularning maktab ma’muriyati tomonidan tasdiqlangan, harakatdagi ish rejalarni o‘rganish quyidagi xulosalarga asos bo‘ldi:
Barcha sinf rahbarlarining ish rejalarida milliy tarbiyaviy vazifalar uchraydi. (Bizning qishlog‘imiz. Vatanimiz siyosati to‘g‘risida suhbat. 1-sentyabr – O‘zbekistonning mustaqillik kuni va h.k.). Lekin milliy tarbiya nazariyasi nuqtai-nazaridan chuqur anglanmaganligi, vazifalarni ifodalash, belgilash va amalga oshirishda sistemalilik, izchillik yo‘qligi tufayli samaradorligi noma’lum qolmoqda.
Milliy tarbiya vazifalarini belgilash (demak, amalga oshirishda ham) o‘quvchilarning yosh, shaxsiy, jinsiy xususiyatlari hisobga olinmayapti(o‘g‘il bolalar va qiz bolalarni bir xil tarbiyalash davom etmoqda). Ayrim hollardagina “qizlar bilan ishlash” bo‘limi uchraydi. O‘g‘il bolalar – bo‘lajak yigitlar tarbiyasi hali maxsus faoliyat, tarbiya vazifasiga
Ayrim sinf rahbarlarining tarbiyaviy ish rejalarida ijodiylik shiori ostida boshboshdoqlik, sistemasizlik uchraydi. “Hozir shuni talab qilishyapti” tamoyilidan kelib chiqib, o‘zlari hali yaxshi bilmaydigan milliy tarbiya jarayoniga “ijodiy” yondashib, ilmiy asosga qurilishi shart bo‘lgan.
Tarbiyaviy soatlar mavzularida tarbiyaviy muammo kam uchraydi. Ularning aksariyati – chaqiriqlar (Hayvonlar bizning do‘stimiz! Sport sog‘lik garovi! Tabiatni asrang! Gulla, yashna jon O‘zbekiston! va h.k.) asosiga qurilgan. Bu tarbiyaviy ishlarga rasmiy yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi.
Sinf rahbarlarining ish rejasidagi “Ota-onalar bilan suhbat” bo‘limining 92 % ining mavzusi “yomon o‘qishga”, 8 %i esa, “yomon xulq” muhokamasiga bag‘ishlangan. Bu hol sinf rahbarlar faoliyatini baholash sinfning tarbiyalanganlik darajasiga qarab emas, balki o‘qishdagi ko‘rsatkichlarga – tabeldagi baholarga, o‘quvchilarning “tinch yurishi”ga xarab baholash mavjudligini ko‘rsatadi.
Sinf jamoasi tavsifnomalarining aksariyati o‘quvchilar soni; o‘qil-qizlar soni, yaxshi, yomon, a’lo o‘quvchilar soni; ko‘pmillatli maktablarda – bolalarning millati” belgilanadi. Sinf jamoasining tarbiyalanganligi haqida “o‘quvchilar bir-birlariga mehribon-ahil”, “hamma o‘quvchilar jamoat ishida aktiv”, “sinf jamoasi fizkultura va sport ishlarida aktiv” singari belgilanishi tarbiyaviy ishlarning a) ilmiy asosga qo‘yilmaganligi; b) sinf rahbarlari pedagogik tafakkuri milliy-istiqloliy tarbiya g‘oyasi bilan isloh qilinmaganligini ko‘rsatib turadi.
Sinf rahbarlari tarbiyaviy ish rejalaridagi “Tashkiliy masala” bo‘limida rejalashtirilgan masalalarning 75 %ini tashkiliy-didaktik (darslik bilan ta’minlash; obunani tashkil qilish va h.k.), 25 %ini tarbiyaviy (o‘quvchilar intizomini va o‘zlashtirishini ko‘tarish; maktab jamoa ishlarida aktiv qatnashish) mazmunidagi rejasi, muddati, ko‘lami, mexanizmi yo‘q ishlar tashkil qiladi.
“Maktab va oila hamkorligi”da aksariyat hollarda – suhbat bilan cheklanib qolinmoqda.
Tarbiyaviy ishlar rejasida siyosiy-g‘oyaviy tarbiya, mehnat tarbiyasi, estetik tarbiya, jismoniy tarbiya, iqtisodiy tarbiya, milliy tarbiya orasida uyg‘unlikka erishilmagan.
Sinf rahbarlarining o‘quvchilar bilan olib borgan suhbatlarining eng ko‘p uchrovchi, bosh mavzulari 1) bezorilik qilganligi; 2) dars qoldirganligi; 3) uy vazifalarini bajarmaganligidir. Xullas, sinf rahbarlari bilan o‘quvchining suhbati aksariyat hollarda jazolash va jazolanish marosimiga aylanib qolgan. (Sinf rahbarlari tarbiyaviy uslublar, shakllar rahbarlari tarbiyaviy uslublar, shakllar ichidan eng ko‘p qo‘llanuvchi shakl sifatida suhbatni bejiz belgilashmagan ekanlar). O‘quvchilarning yaxshi fazilatlari qariyb rag‘batsiz qoldirilmoqda.
Ish rejalarida o‘tgan yili tarbiyaviy ish natijalaridan kelib chiquvchi, yangi o‘quv yilida erishilishi kerak bo‘lgan tarbiyaviy maqsad aniq emas. Bu – tarbiyada yo‘qligini, maqsad yo‘qligi, hisob-kitob yo‘qligini ko‘rsatadi.
Maktablarda ta’lim va tarbiya birligi tamoyiliga to‘liq amal qilinmayapti. Bu gumanitar fanlarni o‘qitishda maqsadning mavhum qo‘yilayotganligida, yoki umuman qo‘yilmayotganligida namoyon bo‘lmoqda.
Darslar mazmuni O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi tomonidan tobora milliylashtirilmoqda va o‘zbek maktablarida keng joriy qilinmoqda.
O‘quvchilar, sinf rahbarlari, tarbiyaviy ishlar tashkilotchilarining pedagogik tafakkuri milliy – istiqloliy g‘oya, mazmun bilan isloh qilinmoqda. Lekin buning sur’ati va sifati takomillashtirilishi kerak.
Maktabning oila bilan hamkorligi asosan ikki sabab - ota-onalar yig‘ilishi va ota-onani farzandlari tomonidan sodir qilingan biror korihol sababli chaqirtirish orqali amalga oshmoqda edi. Vaziyat maktabning ota-onalarga o‘z huquq va majburiyatlarini uqtirib, ixtiyoriy, manfaatli hamkorlikga chorlashini, sistemalashtirishni talab qilmoqda edi.
Mahalla, qishloq, jamoatchilik bilan tarbiyaviy hamkorlik amalga oshmoqda, lekin bu hamkorlik milliy tarbiyaviy - sifat o‘zgarishiga ko‘tarilishi kerak. Buni quyidagi tashvishli rasmiy xabarlardan ham ko‘rish mumkin: “O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi hay’atining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tarbiya tizimidagi salbiy holatlar to‘g‘risida matbuotda bong urish zarurligi, joylarda bir oy muddatda joriy o‘quv yilining yakunlarini chuqur tahlil etish, shuningdek e’tiborini tarbiyaviy ishlarning natijalariga qaratish zarurligi alohida qayd etildi(341). Mavjud holat Mustaqil O‘zbekiston hukumati, Prezidenti milliy istiqlolning umumta’lim maktablariga qo‘yayotgan tarbiyaviy talablariga javob bera olmas edi. Biz ana shu tafovutni bartaraf qilish vazifalaridan biri – maktabning milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini takomillashtirishga kirishdik.
Dostları ilə paylaş: |